– Assalomu alaykum. Savolni dangal qoʻyamiz: nega aynan oʻzbek tili, tasodifmi?

– Va alaykum assalom. Avvalambor barcha oʻzbekistonlik qardoshlarimizni oʻzbek tili bayrami bilan tabriklayman. Menga ushbu mavzu boʻyicha oʻz his-tuygʻularim va fikrlarimni bildirish imkoniyatini berganini uchun Oyina.uz portaliga tashakkur aytaman.

Turkiyaning eng yirik universitetlardan biri, Erzurum shahrida joylashgan Otaturk universitetining turk tili va adabiyoti fakultetida 1994-yili bakalavr darajasini oldim. Biz oʻqishni tamomlagan yillari turkiy respublikalar endigina mustaqillikka erishgan edi. Oʻsha paytda Turkiyada qardosh xalqlar tili va adabiyotini yaxshi biladiganlar juda kam boʻlgan. Hukumat universitetlarda shu yoʻnalishdagi kafedralar ochishga qaror qildi. “Hozirgi zamon turkiy tillar va adabiyotlar kafedrasi” deb nomlangan boʻlimni yurtimizdagi istalgan universitet ochishi mumkin edi. 1995-yili men bitirgan Otaturk universitetida ham shunday kafedra tashkil etilgan. Lekin oʻqituvchilar yoʻq edi. Oʻsha yili Turk tili va adabiyoti boʻlimining folklor yoʻnalishi boʻyicha magistraturaga oʻqishga kirdik.

Ilmiy rahbarimiz bizni chaqirib, “Turkiy xalqlar folkloriga ixtisoslashmoqchimisiz?” deb soʻradi. Biz: “Albatta, xohlaymiz”, dedik. Keyin yana bir kuni domla meni yoniga chorladi. Uning stolida ikki kitob bor edi. Biri “Turkman ertaklari”, ikkinchisi esa oʻzbek tilida “Rustamxon” dostoni”. Ozarboyjondan kimdir bu kitoblarni ustozimizga yuboribdi. “Endi shulardan birini tanlang”, dedi u menga. “Qaysi birini tanlasangiz, magistrlik dissertatsiyasi mavzusi shu boʻladi”, deya qoʻshimcha qildi. Birdan xayolimga Temuriylar davlati, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy keldi. Hech ikkilanmay, “Oʻzbekcha kitobni tanlayman”, dedim. Oʻsha kuni oʻsha kitobni tanlash bilan oʻz sohamni ham tanladim.

Xoʻsh, men bundan afsuslanamanmi? Boʻlishi mumkin emas. Agar uzoq oʻylash imkoniyati boʻlganida, yana oʻzbek sohasini tanlagan boʻlardim. Men bunga aminman. Chunki Turkiya turklari gʻarbda Usmonlilar saltanatiga asos solgan boʻlsa, oʻzbeklar esa sharqda Temuriylar saltanatini qurgan xalqdir. Boshqacha aytganda, har ikkisi ham boy til, adabiyot va madaniyatga ega. Shu yoʻnalishda ishlayotganimdan mamnunman.

– “Rustamxon” dostonini Turkiyada birinchi marta tarjima va tahlil qilib, 1998-yili magistrlik dissertatsiyasi oʻlaroq himoya qilgansiz. 2004-yili “Oʻzbek xalq ertaklari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlab, doktorlik ilmiy darajasini oldingiz. 2012-yili “Oʻzbek afsonalari” kitobingiz nashr etildi. 2013-yili “Oʻzbek xalq ertaklari” kitobingiz Anqaradagi Atatürk Kültür Merkezi tomonidan chop qilindi. Oʻzbek folklori tadqiqotchisi sifatida chiqargan asosiy xulosalaringiz bilan boʻlishsangiz?

– Ha, “Rustamxon” dostonini turk tiliga birinchi boʻlib tarjima qilganman, asosiy motivlarini tadqiq qilganman. Tarjima ishi taxminan bir yil davom etdi. Chunki oʻshanda men oʻzbek tilini endigina oʻrganayotgan edim. Oʻzbekcha-turkcha katta lugʻatim yoʻq edi. Soʻzlarning hammasini lugʻatdan topa olmasdim. Maʼnosini tushunmagan jumlalarni qogʻozga yozib, boshqa shaharlardagi oʻqituvchilardan soʻrab oʻrganishga harakat qilardim. Tarjima tugallangach, matnni ustozimga olib bordim. Dostondagi motivlar ustida ishlashimni ustoz soʻradi. Men esa boshqa mavzu haqida oʻylardim. Ammo ilmiy rahbarim qatʼiy turib olgach, qabul qilishga majbur qoldim. Keyinroq maʼlum boʻlishicha, oʻqituvchim meni yanada yirikroq tadqiqotga tayyorlash uchun shu usulni tanlagan ekan.

Oʻzbek fantastik ertaklaridan 70 tasini turk tiliga tarjima qilib, motivlarini tadqiq etib, doktorlik dissertatsiyasini tayyorladim. Oʻsha yillari ustozimizning barcha shogirdlari motivlar ustida ishlar edi. Universitetimizda oʻzbeklardan tashqari qozoq, qirgʻiz, turkman, tatar, boshqird, oltoy, ozarboyjon va boshqa turk xalqlarining folklor namunalari ustida motif tadqiqotlari olib borilgan. Maʼlumki, biz amalga oshirgan motivshunoslik amerikalik olim Stit Tompsonning “Motif Index of Folk Literature” nomli olti jildlik katalogiga asoslanadi. U jahon xalqlari orasidan tanlab olgan folklor matnlarining motivlarini aniqlab, ularni oʻziga xos tarzda tasniflab, har biriga maxsus raqam bergan.

Biz turkiy xalqlar ogʻzaki ijodidagi Tompson katalogida boʻlgan motivlarni ham, boʻlmagan motivlarni ham aniqlardik. Ustozimda shunday bir fikr bor edi: Turk xalqlari folklor namunalaridagi Tompson katalogida boʻlmagan motivlarni aniqlab, keyin hammasini birlashtirib nashr etish. Haqiqatan ham, foydali loyiha edi. Lekin, afsuski, oʻqituvchim vafotidan keyin loyiha tugallanmagan holda qoldi. Chunki endi hech kim motiv mavzusida ishlashni xohlamaydi.

– Bugun universitetda Zamonaviy turkiy tillar va adabiyotlar kafedrasi mudirisiz, Sizda bizga tashqaridan qarash va boshqalar bilan qiyosiy kuzatish imkoniyati bor. Ayting-chi, oʻzbek tilining oʻziga xosliklari asosan nimada koʻrinadi? Yutuq va kamchiliklari?

– Ha, kafedramizda oʻzbek tilidan tashqari qozoq, qirgʻiz, turkman, tatar, ozarboyjon turk tili fanlari ham oʻqitiladi. Talabalar birinchi yili umumiy turkologiya fanlaridan saboq oladilar. Ikkinchi bosqichdan boshlab turkiy xalqlarning tillari va adabiyotini oʻrganishni boshlaydilar. Dastlab oʻgʻuz guruhiga tegishli fanlar beriladi. Uchinchi kursda asosan oʻzbek sohasi va yonida biroz turkman sohasi fanlari oʻtiladi. Yakuniy bosqichda qipchoq guruhiga oid fanlar oʻqitiladi.

Tabiiyki, bizning talabalarimiz uchun eng osoni ozarboyjoncha darslardir. Chunki bu til bizga juda yaqin. Suhbatda odamlar bir-birini tushunishi mumkin. Turkiston lahjalari orasida oʻquvchilarimizga eng yoqadigani oʻzbek tilidir. Chunki Usmoniylar davrida bizda juda boy mumtoz adabiyot bor edi. Oʻzbeklarning mumtoz adabiyoti ham juda boy. Mumtoz adabiyotlarimiz tili bir xil. Birini usmonlicha, birini chigʻatoycha deymiz. Alifbo umumiy boʻlgani sababli bu ikki mumtoz adabiyot bir-biriga katta taʼsir koʻrsatdi. Usmonli tilining boyligi hozirgi turk tiliga, chigʻatoy tilining boyligi esa hozirgi oʻzbek tiliga meros boʻlib qolgan. Oʻquvchilarimiz oʻzbekchani koʻproq yoqtirishi sababi, bu tilni boshqa turkiy tillardan koʻra yaxshiroq tushunishlaridir. Bu ikki lahjada arab va fors soʻzlari keng tarqalgani ham tushunchamizni yanada yengillashtiradi.

Savolingizning ikkinchi qismiga kelsak, oʻzingizga maʼlumki, oʻzbek tilida fonetik uygʻunlik vaqt oʻtishi bilan yoʻqolgan (singarmonizm nazarda tutilmoqda – oyina.uz izohi). Turkiy tillar orasida mazkur qonuniyatni buzadigan yagona lahja bugungi oʻzbek adabiy tilidir. Turkiy tillarni jahon tillaridan ajratib turuvchi eng muhim xususiyat unlilar sonining koʻpligi va “ı-i, o-ö, u-ü” kabi qoʻsh unlilarning mavjudligidir. Oʻzbek tilida qoʻsh unlilar ham bir unliga aylangan. Tilning fonetik boyligi nuqtayi nazaridan qaraydigan boʻlsak, oʻzbek tili vaqt oʻtishi bilan boshqa turkiy tillarga nisbatan qashshoqlashgan. Shuni ham taʼkidlash kerakki, ayni jihat tufayli oʻzbek tilini chet elliklarga oʻrgatish osonroq.

– Oʻzbek tilidan tovushlar uygʻunligi hodisasi, yaʼni singarmonizmni siqib chiqarish XX asr boshida rus olimlari tashabbusi bilan yuz bergan. Bu haqda yaqinda “Maʼrifat” gazetasida tilshunos Joʻra Xudoyberdining batafsil tadqiqot-maqolasi eʼlon qilindi. Bizdagi bugungi alifbo islohotlaridan ham, tabiiyki, xabaringiz bor. Singarmonizm, unlilar, ng tovushi, qoʻsh harflar… Munosabatingiz qanday?

– Alifbo islohoti haqida gap ketsa, menga yoqqan jihatlari ham bor, yoqmagan tomonlari ham. Avvalo, masalaning ijobiy tarafini koʻrib chiqaylik. Biz Turkiyada 1928-yili lotin alifbosiga oʻtganmiz. Juda qatʼiy tartibda. Eski imlo, yaʼni arab alifbosi butunlay man etildi. Koʻp minglab savodli odamlar bir kechada savodsizga aylanishdi. Oʻzbekistonda 1993-yildan keyin lotin grafikasi qayta joriy etila boshlaganida biz qilgan xatoga yoʻl qoʻyilmadi. Kirillda savodi chiqqan katta avlodni yangi harflar bilan yozishga majburlamadingiz. Baʼzilar Oʻzbekiston hukumatini lotin alifbosiga oʻtishni kechiktirdi, deb tanqid qiladi. Menimcha, bunday ayblovlar notoʻgʻri. Alifbo islohotida evolyutsion yoʻl tanlanganini toʻgʻri qaror deb oʻylayman. Turkiya qilgan xatoni sizlar qilmadingiz.

Endi salbiy tomonini koʻrib chiqaylik. Qariyb ming yil davomida barchamiz umumiy alifbodan foydalandik. XX asr boshida koʻpgina turkiy xalqlar lotin grafikasiga oʻtganida ham alifbolarimiz bir-biriga yaqinroq edi. Sovet ittifoqi davrida mustamlaka ostidagi turkiy xalqlarning har biriga kirill imlosi turli xil koʻrinishda joriy etildi. Bu qardoshlar bir-birining yozganini oʻqiy olmasligi uchun atayin qilingan. Qizil imperiya parchalanganidan keyin Ozarboyjon, Oʻzbekiston, Turkmaniston va Qozogʻiston lotin alifbosiga toʻliq yoki qisman oʻtdi. Biz turkiy xalqlarning alifbolari bir-biriga juda yaqin boʻlishini orzu qilar edik. Lekin, afsuski, har bir respublika ilmiy asosga ega boʻlmagan, imkon qadar bir-biridan uzoq va gʻalati alifbolarni qabul qilib oldi. Sovet ittifoqi davridagi boʻlib tashlash siyosatini hozir oʻz qoʻlimiz bilan qilyapmiz. Men bundan juda afsusdaman.

– Hozirgacha 800 ga yaqin talabalarga boshlangʻich saviyada oʻzbek tilini oʻrgatganingizdan xabarimiz bor. 20 ga yaqin shogirdlaringiz Oʻzbekistonga aloqador mavzularda magistrlik dissertatsiyasini yozganini ham bilamiz. Yana koʻplab isteʼdodli yoshlar Sizning rahbarligingizda oʻzbek tilidan badiiy asarlar, ilmiy maqolalar tarjima qilib kelmoqda. Ayting-chi, chet elda oʻzbek tilini oʻrganuvchilar, tadqiqotchi va tarjimonlar asosan nimalardan qiynalishadi?

– Ha, bu yaxshi savol. Yaqin oʻtmishda shaxsan oʻzim boshdan kechirgan baʼzi muammolarni eslatdi. Oʻzbek tilini ilk bor oʻrganganimda Turkiyada oʻzbekcha kitoblarni topishning iloji yoʻq edi. Kafedramizga talaba qabul qilingan dastlabki yillarda oʻzbek tilidagi materiallarni topishda qiynalardik. Bir necha yilda bir marta Oʻzbekistonga borib, qop-qop kitob olib qaytardim. Shu tariqa bir muddat oʻzimning ham, shogirdlarimning ham ehtiyojlarini qondirdim. Internet keng yoyila boshlagach, kitoblarning elektron versiyalaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻldik. Qiyinchiliklar maʼlum darajada kamaydi. Shu munosabat bilan “ziyo.uz” sayti asoschilariga alohida minnatdorlik bildiraman. Bu veb-resurs oʻzbek tilini, oʻzbek adabiyotini, oʻzbek madaniyatini xorijda shunchalik yaxshi targʻib qiladiki, menimcha, butun oʻzbek xalqi minnatdor boʻlishi kerak. Barcha shogirdlarim “ziyo.uz”ni bilishadi va undan keng foydalanishadi. Binobarin, oʻzbek tilini oʻrganayotganlar uchun endi materiallar taqchilligi sezilmaydi, deyishimiz mumkin.

Oʻzbek tilidan tarjima qilayotgan doʻstlar va talabalarning eng katta muammosi toʻliq lugʻat topishda qiynalishayotganidir. Tez orada bu muammo ham hal qilinadi. Oʻzbek tilidan dars beradigan oʻqituvchilar uchun eng katta qiyinchilik – alifbo! Oʻzbekcha matnni men oʻzim baland ovozda oʻqisam, oʻquvchilarimiz oson tushunishadi. Bizdagi lotin harflari bilan yozganimda ham tushunishadi. Oʻzbek lotin alifbosi bilan yozilgan matnni oʻzlari oʻqiganda esa... hech narsani tushunishmaydi. Ularga oʻzbek kirill alifbosini oʻrgatish menga osonroq. Oʻzbek lotin alifbosini oʻrgana boshlagach, dovdirab qolishadi.

– Menimcha, bu kirillni umuman yangi alifbo sifatida qabul qilishlari, oʻzbek lotin grafikasini esa bugungi turk imlosi bilan qiyosan oʻrganishlari bilan bogʻliq... Keyingi yetti yilda Buyuk oʻzbekcha-turkcha lugʻatni tuzishga bosh-qosh boʻldingiz. Esimda, OʻzJOKUdagi anjumanda shu haqda chiqish qilganingizdan soʻng oʻzbek jamoatchiligida oʻziga xos shov-shuv ham kuzatilgandi. Soʻzlikning taqdiri nima boʻldi? U boshqa lugʻatlardan nimasi bilan farq qiladi?

– Ha, ishni taqriban bundan yetti yil avval boshlaganmiz. Bir yarim yil avval tugatib, nashriyotga topshirdik. Nashriyot barcha kitoblarni kamida ikki hakamga yuboradi va faqat ijobiy taqriz olingan taqdirda chop etadi. Bizning lugʻatimiz bu jarayondan muvaffaqiyatli oʻtdi. Umid qilamanki, tez fursatlarda nashr etiladi. Afsuski, nashriyot davlatga qarashli boʻlgani bois ishlar biroz sust ketayapti. Oʻtgan hafta ular bilan yana uchrashdim. Lugʻatni 2024-yilning birinchi yarmida chop etishni moʻljallashmoqda.

Turkiya va Oʻzbekistonda Oʻzbekcha-turkcha lugʻatlar nashr etilgan. Aytishim mumkinki, barchasi chinakam qimmatli asarlardir. Men ham, shogirdlarim ham yillar davomida ulardan bahramand boʻldik. Tanqid qilishim mumkin boʻlgan yagona jihati shundaki, bu manbalarda soʻzlar soni cheklangan. Biz tayyorlagan lugʻat soʻzlar soni boʻyicha eng kattasi. Aytishim mumkinki, har qanday oʻzbekcha matnda tilga olingan soʻzning lugʻatimizda uchratish darajasi yuz foizga yaqin.

– Besh yil ilgari Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Toʻgay Murodning 70 yilligi doirasida Milliy kutubxonada Siz bilan boʻlgan uchrashuvni koʻpgina ziyolilar yaxshi eslaydi. Bir soatdan oshiq maʼruzangizni hamma jon qulogʻi bilan tinglagan edi. Tadbirdan soʻng aksariyat qatnashchilar “Turkchani yaxshi bilar ekanman, tushunish oson ekan”, degani yodimda. Siz ham mendan soʻragan edingiz: “Oʻzbekchani qanday gapirdim?..” Oʻrta turk tili shu emasmi? Umuman, bu gʻoyaga qanday qaraysiz? Amalga oshirsa boʻladimi? Koʻzingiz yetadimi?

– Oʻrta turk tiliga eng yaqini oʻzbek tili ekanini hammamiz bilamiz. Oʻzbek tilida qarluq, qipchoq, oʻgʻuz shevalariga xos xususiyatlar mujassamlashgan. Agar oʻzlaringiz xohlasangiz va harakat qilsangiz, oʻzbek tili kelajakda turkiy xalqlar orasida umumiy yozma tilga aylanishi mumkin. Bilamizki, Ismoil Gaspirali “Tarjimon” gazetasida oʻrta turk tilini qoʻllashga intilgan va muvaffaqiyatga erishgan. Bu natijani yana biroz yaxshilasa boʻladi.

Oʻrta turk tilida oʻrtoq internet gazetalarimiz, oʻrtoq kitoblarimiz, oʻrtoq ensiklopediyalarimiz nashr etilishi kerak. Lekin oʻrta turkiy til soʻzlashuv tili boʻla olmaydi. Istanbulda, Qozonda, Samarqandda, Bokuda, Ufada, Ashxobodda yoki Bishkekda yashayotgan odamning kundalik soʻzlashuv tilini oʻzgartirish imkonsiz. Ammo, agar harakat qilinsa, oʻzbek tili orqali oʻrtoq yozma til rivojlantirilishi mumkin.

Oʻzbek tilidagi yot qoʻshimchalar olib tashlanganida oʻrta turkiy tilga bir qadam yaqinlashamiz. Masalan, turkiy tillardagi “+siz” qoʻshimchasi oʻrniga oʻzbek tilida koʻproq forscha “be+” prefiksi qoʻllaniladi. “Xatosiz” soʻzi “bexato” deb aytiladi. Yoki “quvvatli” maʼnosini anglatuvchi “baquvvat” soʻzida boʻlganidek, “+li” qoʻshimchasi oʻrniga forscha “ba+” prefiksi ishlatiladi. “Xatosiz”, “quvvatli” deyilsa, boshqa turkiy xalqlar ham oʻzbek tilini tushunadi.

Turkiy tillar orasida oʻzbek tili xorijiy qoʻshimchalarning koʻp qoʻllanish darajasi boʻyicha birinchi oʻrinda turadi. Oʻzbek tili bunday yot unsurlardan xalos boʻlmaguncha oʻrta turkiy tilga aylana olmaydi. Biz chetdan soʻz oʻzlashtirishimiz mumkin, bu barcha tillar uchun odatiy hol. Biroq boshqa tillarning gramatikal unsurlarini qabul qilsh bilan tilimizning tabiiy tuzilishini oʻldiramiz. Masalan, “quvvat, quvvatli, quvvatsiz” soʻzlari barcha turkiy xalqlarda tushuniladi. Lekin “bequvvat, baquvvat” desangiz, koʻpchilik fnglamay qoladi.

Oʻrta turk tili yoʻlidagi  eng katta toʻsiqlardan yana biri biz boya eslagan farqli alifbolardir. Oʻrtoq alifbosiz oʻrta turk tili boʻlishi mumkin emas. Turkiy respublikalar oʻrtoq lotin alifbosini qabul qilmas ekan, oʻrta turk tilini rivojlantirish yoʻlimiz yopiqligicha qolaveradi. Ismoil Gaspirali oʻz davrida oʻrtoq alifbo qoʻllangani uchun muvaffaqiyatga erishgan. Yana aytaman, oʻrta turk tiliga eng yaqin nomzod oʻzbek tilidir. Ammo oʻsha yot qoʻshimchalar saqlanar ekan, ustiga ustak, “original” oʻzbek lotin alifbosi qabul qilinar ekan, oʻzbek tili bu imkoniyatni yoʻqotadi.

– Sizning bir xorijlik tadqiqotchi sifatida oʻzbek tili, adabiyoti va folklori yoʻnalishida qilgan ishlaringiz roʻyxatini koʻrib, ochigʻi, hayratda qoldim: maʼruzalar va maqolalardan tortib tarjimalar va kitoblar, Buyuk oʻzbekcha lugʻatgacha. Qolaversa, oʻnlab shogirdlarni ham shu xayrli ishga yoʻnaltirish… Yana qanday maqsad va rejalaringiz bor?

– Mening ikkita katta orzuyim bor edi. Biri “Buyuk oʻzbekcha-turkcha lugʻat” edi. Xudoga shukr, tuzib boʻldik va chop etilishini kutyapmiz. Galdagi maqsadim – “Oʻzbek xalq ogʻzaki ijodi” kitobini yozish. Aslida izlanishni ikkinchisidan boshlagandim. 2013-yili dotsent boʻlishim bilan, bismilloh deb yeng shimardim. Bir necha yil ishladim. Nasriy janrlar tugab, nazmiy janrlarga oʻtish arafasida hamkasblarim va shogirdlarimning bosimiga chiday olmay, kitobni chala qoldirib, lugʻat tuzishga kirishdik. Yana bir-ikki yil ter toʻksam, oʻzbek xalqi bilan bogʻliq ikkinchi yirik ishimni ham bitiraman. Keyin badiiy tarjimaga koʻproq vaqt ajratish niyatidaman. Oʻzbek adabiyotida yaxshi roman, hikoya, pyesa va boshqa janrdagi asarlar koʻp…

Oyina.uz jurnalisti Farrux JABBOROV suhbatlashdi.

Oyina.uzʼni Telegramda kuzating!