#munosabat
Oʻzbek xalqi azaldan bolajon xalq. Farzandni ardoqlash, uning boshini silash, koʻnglini avaylash, taʼlim-tarbiyasiga eʼtibor qaratish xalqimizning azaliy qadriyatlaridan. Xonadonlarimiz fayzi — bolalar kulgusi, mahallalarimiz koʻrki — begʻubor bolalik, kelajagimiz umidi esa farzandlarimizdir.
Ammo bolani sevishning oʻzi kifoya emas. Uni har qanday zoʻravonlikdan asrash, shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, xavfsiz muhitda voyaga yetishini taʼminlash ham barchamizning burchimizdir. Zero, bolalik — inson umrining eng nozik, eng masʼuliyatli davri. Bu davrda koʻrilgan mehr uning qalbida ishonchni, zoʻravonlik esa bir umrga tatishi mumkin boʻlgan jarohatni qoldiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni bolalar huquqlarini himoya qilish, ularning xavfsizligi va manfaatlarini taʼminlash yoʻlidagi muhim qadamdir.
Bu huquqiy oʻzgarishlar bizga bir haqiqatni yana bir bor anglatadi: bolani himoya qilish faqat ota-onaning yoki tegishli tashkilotlarning vazifasi emas. Bu — butun jamiyatning masʼuliyati. Oilada, taʼlim muassasasida, mahallada va jamoat joylarida har bir bola oʻzini xavfsiz his qilishi, fikrini erkin ifoda etishi, mehr va hurmat koʻrib ulgʻayishi lozim.
Bolajon xalq ekanmiz, bolalarni nafaqat sevishimiz, balki ularning huquqlarini himoya qilishni ham bilishimiz kerak. Chunki bolani asrash — millat kelajagini asrash, uning qalbiga mehr ekish esa ertangi jamiyatga ezgulik urugʻini qadashdir.
Bolaga ozor yetkazmaslik — insoniylik, uni zoʻravonlikdan himoya qilish — masʼuliyat, sogʻlom va baxtli ulgʻayishi uchun sharoit yaratish esa kelajak oldidagi burchimizdir.
Zero, bolalik himoyada boʻlgan yurtda kelajak ham ishonchli boʻladi.
Otabek Hasanov
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari
Rasmiy sahifalarimiz👇
Veb-sayt |Telegram | Facebook |YouTube | Instagram