Viloyatlarni bilmadim-u, Toshkentda farzandlari bilan rus tilida gaplashishga odatlangan, ularni rusiyzabon maktab va sinflarga berishga intiladiganlar talaygina. Eng qizigʻi, oʻzlari rus tilini mukammal bilmaydigan, oilada oʻzbekcha gaplashadigan ota-onalar ham shunga harakat qilishadi. Ularning fikricha, bu qaror kelajakda bolaning oliy oʻquv yurtiga kirish va ish topish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bir kuni ota-onalar majlisida qizi rus tilida oʻqishga qinalayotganidan kuyunib gapirgan onadan: “Nega oʻzbek sinfiga bermagansiz?” deb soʻrasam, “Oʻzim rus tilini bilmaganim uchun rosa qiynalganman”, deya javob bergandi.
Aslida bu oddiygina tanlov emas. Mazkur jarayonga ilmiy nuqtayi nazardan qarasak, uning aniq sotsiolingvistik qonuniyatlarga boʻysunishini koʻramiz.
Amerikalik sotsiolingvist Joshua Fishman maʼlum bir jamoatning boshqa nufuzliroq, ustuvor til foydasiga oʻz ona tilidan asta-sekin voz kechish jarayonini “til koʻchishi” (Language Shift) deb ataydi. Olimning taʼkidlashicha, har qanday tilning yashovchanligi va barqarorligini belgilovchi hal qiluvchi omil – bu uning eng avvalo oila va kundalik jamoatchilik doirasida uzluksiz qoʻllanilishidir.
Oʻz tilini unutayotgan bolalar
Kuzatuvlarimga koʻra, Toshkentdagi rus sinflari oʻquvchilarining 90 foizini oʻzbek bolalari tashkil etadi. Masalaning eng ogʻriqli tomoni shundaki, maktab taʼlimini rus tilida olgan va uyda ham shu tilda muloqot qiladigan bolalarning aksariyati 5-6-sinfga borib, oʻzbek tilidagi oddiy kundalik soʻzlashuv layoqatidan ham mahrum boʻlib qolishmoqda. Yaqinda oʻgʻlimning sinfdoshi uyimizga mehmon boʻlib keldi. Men ish bilan tashqariga chiqib, qaytib kirganimda oʻgʻlim “Assalomu alaykum” deb qarshimga chiqdi. Shunda oʻrtogʻi ham kutilmaganda “Assalomu alaykum” dedi. Oʻgʻlim hayratini yashirolmay, “Oʻzbekcha salomlashganingni birinchi marta eshitishim”, deya jilmaydi. Vaholanki, u bola oʻzbek.
– Boshqa tilli maktablarda oʻzbek tilini oʻqitish masalasi, avvalo, bogʻchadan boshlanishi kerak, – deydi filologiya fanlari doktori Hulkar Hamroyeva. – Oʻzbekistondagi bogʻchalarning aksariyatida ustuvorlik rus tiliga berilgan: sheʼrlar, qoʻshiqlar, tadbirlar ham asosan shu tilda. Tabiiyki, bolada dastlabki tushunchalar va borliq haqidagi tasavvur rus tilida shakllanadi. Lekin koʻp hollarda oʻsha tilning oʻzi ham puxta oʻrgatilmaydi. Oqibatda bola na rus, na oʻzbek tilida erkin muloqot qila oladi – aralash-quralash nutq yuzaga keladi. Fikrimcha, bogʻcha tarbiyachilari uchun ham oʻzbek tilini bilish darajasini aniqlovchi sertifikat joriy etish kerak. Negaki bog‘cha – davlat tiliga hurmat, buyuk ajdodlarimiz va milliy qadriyatlarimiz haqidagi ilk tasavvur uygʻonadigan muqaddas maskandir.
Yana bir xavotirli jihat – til orqali millatga begona boʻlgan qarashlarning kirib kelishi. Masalan, ayrim maktablarda hamon saqlanib qolgan vals tushish anʼanasini olib koʻraylik. Oʻzbeklar qachon vals tushgan? Bu milliy qadriyatlarimizga mutlaqo yot holat. Taʼlim dargohini bitirishga “muhabbat” raqsining nima aloqasi bor? Bugungi oʻquvchilarning oʻzbek tiliga qiziqishi keskin pasaygan. Navoiy gʻazallari-yu Abdulla Qahhor hikoyalari u yoqda tursin, ularning aksariyati oddiy soʻzlashuv tilini ham bilmaydi. Bunga nafaqat maktabdagi taʼlim, balki oiladagi eʼtiborsizlik, blogerlarning tilni buzib gapirishi va bolalarning kitob oʻqimay qoʻygani sabab deb oʻylayman.
Mening farzandlarim ham rus sinfida oʻqishadi. Ammo uyda faqat oʻzbek tilida muloqot qilamiz. Bobosi va buvasi filolog boʻlgani uchun ularga Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur ruboiylarini, Choʻlpon, Hamid Olimjon, Abdulla Oripov sheʼrlarini yodlatib borishadi. Afsuski, hamma oilada ham muhit bunday emas.
Oʻzbek tilini boshqa tilli sinflarga oʻqitish – ona tili oʻqitish degani emas
Maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim muassasalari tilning yashovchanligini taʼminlashda oila bilan bir safda turadi. Biroq boshqa tilli sinflarda oʻzbek tili qanday oʻtilayotganini oʻrganib, muammo oʻylaganimizdan koʻra ancha jiddiyligiga guvoh boʻldim.
– 25 yil malaka oshirish institutida ishlab, minglab oʻqituvchilarga dars berdim, – deydi pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Gulnora Muhammadjonova. – Hozir oʻzbek tilini oʻqitish oʻta ogʻriqli masalaga aylangan. Oʻquvchilar fanga qiziqmayapti, ustozlar ham oʻz ustida yetarli darajada ishlamayapti. Eng achinarlisi – amaldagi darsliklar talabga javob bermaydi.
Hozirgi darsliklarda qanday kamchiliklar bor? Avvalo, ular oʻquvchi yoshiga mos emas, zamon bilan hamnafas ishlanmagan. Darslik oʻquvchida toʻrtta asosiy koʻnikmani – eshitish, gapirish, oʻqish va yozishni shakllantirishi kerak. Shuningdek, undagi mavzularni oʻquvchi mustaqil oʻrgana oshlishi lozim. Ammo 10-sinflarga dars bergan vaqtim mavzularda uzviylik yoʻqligiga, materiallar “bogʻdan-togʻdan” berilganiga guvoh boʻlganman. Grammatik qoidalar tizimli emas. Oʻqituvchi oʻz ustida ishlab, izlanib, mavzuni ochib bera olsa xoʻp-xoʻp, aksi boʻlsa, oʻquvchining oʻzlashtirishida boʻshliqlar yuzaga kelishi muqarrar.
Men kuzatgan yana bir kamchilik, darsliklardagi tarjimalarning baʼzi jumlalari rus tilidan toʻgʻridan-toʻgʻri (kalka) koʻchirilgani yaqqol sezilib turadi.
Masalan, bir darslikda “bakalajonlar, bodringlar” degan soʻzlarni uchratib, muallifga qoʻngʻiroq qilib tushuntirgandim: “Oʻzbek tilida soni yoki miqdori koʻrsatilgan otlarga “lar” qoʻshilmaydi, “bir kilo baklajon” deb aytiladi”. Yoki 3-sinf darsligida 43 soʻzdan iborat bitta gapni koʻrib xunobim oshgan – bunday murakkab gapni boshlangʻich sinf oʻquvchisi tugul, kattalar ham bir oʻqishda tushunmaydi-ku! 2-sinf “Oʻzbek tili” darsligida matn va sheʼrlar berilgan. Hali harf oʻrganayotgan bola qanday qilib bunday matnni oʻqisin? Mualliflarga “Sheʼrni kimga yodlatmoqchisiz, bolagami, uning ota-onasigami?” degingiz keladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Finlandiya va Singapur tajribasini joriy etish haqida gapirganda, bu metodika yillar davomida sinalgani va jamiyat ehtiyojlariga moslashtirilganini alohida taʼkidlagan edi. Singapurda har bir sinfda koʻpi bilan 16 nafargacha bola oʻtiradi. Toshkent maktablarida esa bu koʻrsatkich 50 nafargacha yetadi. Oʻzbek tili darslarida sinf ikki guruhga boʻlingan taqdirda ham, har bir guruhda 20 tadan bola oʻtirsa, haftasiga atigi 3 soat dars davomida ularga til oʻrgatishning imkoni yoʻq.
Qolaversa, bir guruhda bolalarning til bilish darajasi, qabul qilish usullari, xarakteri turlicha boʻladi. Qaysidir bola gapirishni yaxshi koʻrsa, boshqasi tinglashni, yana biri rasm chizishni, ayrimlari esa sinfdoshlari gapirgan gaplarni umumlashtirib xulosa chiqarishni yaxshi uddalaydi. Yaʼni bola darsda oʻz imkoniyatidan kelib chiqib ishlashi kerak.
Unutmasligimiz kerak: boshqa tilli sinflarga oʻzbek tili chet tili sifatida oʻtiladi, shuning uchun uning metodikasi ona tili darslaridan tubdan farq qilishi lozim. Asosiy maqsad – oʻquvchining ogʻzaki va yozma nutqini oʻstirish, ism-familiyasini imlo qoidalariga koʻra toʻgʻri yoza olishi, rasmiy ariza va oddiy kundalik muloqot (masalan, hamkasbini tugʻilgan kuni bilan tabriklash) koʻnikmasini shakllantirishdir.
Afsuski, hozir bu nozik jihatlarga eʼtibor berilmayapti. Oʻzbek boʻla turib ikki ogʻiz gapni toʻgʻri bogʻlay olmaydiganlar yoki shunchaki “yuqoridagi fikrlarga qoʻshilaman” qabilida “kamtarona” tabrik bilan kifoyalanadiganlar koʻpayib ketdi. Ehtimol, bu kitob oʻqishga vaqt ajratmayotganimiz, fikrlamay qoʻyganimiz oqibatidir. Tajribamda kuzatganim, koʻp oʻqituvchilar oʻzbek tili oʻqitish metodikasini gap tahlilidan boshlashadi, vaholanki, fonetik tahlildan boshlash kerak. Yillar davomida ishlab, “notoʻgʻri dars oʻtgan ekanman”, deya iqror boʻlgan oʻqituvchilarni ham koʻrganman.
Oldin qanday boʻlgan?
Oʻquvchining har qanday fanga qiziqishi koʻp jihatdan oʻqituvchining mahoratiga bogʻliq. Gulnora Muhammadjonova boshqa tilli sinflarda oʻzbek tilidan dars beradigan oʻqituvchi nafaqat til qoidalari, balki Oʻzbekiston tarixi va madaniyatini ham yaxshi bilishi kerakligini taʼkidlaydi.
– Men darslarimda “Chinor ostidagi duel” kabi filmlar, “Qirol Lir” singari spektakllardan parchalar qoʻyib eshittirar, mavzuga moslab oʻzbek kino va teatr aktyorlarini birma-bir oʻquvchilarga tanishtirardim. Dars paytida shoʻxlik qilgan yoki uyga vazifani bajarmay kelgan oʻquvchilarimga nisbatan oʻzbek xalq maqollarini eslardim. “Aravani quruq olib qochma”, “Eshakka toʻqim, odamga libos” kabi ibora, maqollarni qoʻllarkanman, oʻquvchilarda oʻz-oʻzidan ularning maʼnosini tushunishga boʻlgan qiziqish ortardi. Oʻtmishdagi buyuk bobolarimiz, mahoratli sportchilarimiz, sanʼat arboblari haqidagi jonli hikoyalarni tinglash bolalarga har doim oʻzgacha zavq bagʻishlagan.
1996-yilda oʻzbek tilini qoʻshiqlar yordamida oʻrgatish metodikasini oʻylab topganman. Darslar davomida oʻzbek tilidagi 32 ta mashhur qoʻshiq eshittirib borib, soʻng soʻzlari tushirib qoldirilgan shu qoʻshiq matnlarini oʻquvchilarga tarqatganmiz. Oʻsha paytda oʻquvchilar barcha qoʻshiqlarni yod olgan va katta ishtiyoq bilan kuylagan. Eng “xit” boʻlgan tarona Abdulla Oripovning “Men nechun sevaman Oʻzbekistonni” sheʼri bilan aytilgan qoʻshiq boʻlgan. Rus tilida taʼlim oladigan bolalarning bu qoʻshiqni joʻr boʻlib aytishini koʻz oldingizga bir keltirib koʻring.
Oʻzbek tilini zoʻr oʻtadigan, fidoyi oʻqituvchilar yetarli edi. Bir oʻqituvchini bilaman, oʻquvchilarini taniqli oʻzbek adib va shoirlari qabrini ziyorat qilish uchun Chigʻatoy qabristoniga olib borgan. Yoʻl-yoʻlakay ularga qabristonga kirish va ziyorat qilish odobi haqida aytib bergan.
Toʻgʻrisi, ustozning hikoyalarini eshitib, kelajakka umid uygʻondi, xayolimdan “mana, qilsa boʻlar ekan-ku” degan fikr oʻtdi. Shu kungacha bir necha borgina oʻzbek tilida “toza” gapira oladigan boshqa millat vakillarini uchratganman. Ularning aksariyati tilni maktabda emas, mahallada oʻrganganini aytgan.
Oʻz tiliga sadoqat – vataniy ishdir...
Odamda tilni oʻrganishga ehtiyoj tabiiy boʻlishi kerak. Oʻzbek mahallasida katta boʻlgan rus oʻgʻil-qizlarning aksariyati oʻzbek tilida juda ravon gapiradi. Oʻzbek tili ularga tengqurlar bilan muloqotga kirishish, maʼlum jamoaga mansublikni his qilish, uyda nimadir buzilib qolsa, usta chaqirish kabi ehtiyojlar uchun zarur boʻlgan. Bolaligidan xorijda ishlashga yoki oʻqishga “dasturlanadigan”, rus yoki ingliz tilida kontent koʻradigan, kitob oʻqiydigan, tengdoshlari bilan muloqot qiladigan bola oʻz-oʻzidan oʻzbek tili haqida oʻylamaydi. Va... oʻzbek tilida oʻylamaydi.
Ikkinchisi – oʻzbek tilida oʻylamasligi butunlay boshqa masala. Zero, til bu nafaqat muloqot vositasi, balki avlodlarni bir-biri bilan bogʻlovchi zanjir, milliy oʻzlik belgisi, anʼana va qadriyatlar tajassumi hamdir. Oʻzbekning quvonchi, oʻzbekning qaygʻusi, orzu-umidlari va kundalik tashvishlarini boshqa tilda bor boʻyicha ifodalab boʻladimi? Albatta, yoʻq.
Boshqa tildagi biror ibora yoki jumlani oʻzbek tiliga toʻgʻridan-toʻgʻri tarjima qilsangiz, u toʻmtoq va notabiiy jaranglashi turgan gap. Oʻzbekistonda yashayotgan har bir inson oʻzini shu jamiyatning toʻlaqonli aʼzosidek his qilish uchun oʻzbekcha hazil, muomala madaniyatini, oʻzbekcha munosabat oʻrnatish qoidalarini bilishi kerak.
Yana bir muhim jihat – maktab bitiruvchilarining ishga joylashish masalasi. Agar ular oʻzbek tilini yaxshi bilmasa, mehnat bozoridagi imkoniyatlari, tabiiyki, cheklanadi. Oxirgi paytlar doʻkon sotuvchisi, samolyot bort kuzatuvchilari, dastyor (ofitsiant)lardan oʻzbekcha gapirishni talab qilish holatlari koʻpaydi. Bu tendensiya davom etsa, yoshlarning oʻzida ham oʻzbek tilini oʻrganishga boʻlgan ragʻbat tabiatan kuchayishi aniq. Ammo masalaning ildizi baribir bogʻcha va maktabda oʻzbek tilining oʻqitilish darajasi, tilga qaratilayotgan chinakam eʼtiborga borib taqaladi.
Men maqolamni balandparvoz gaplar bilan yakunlamoqchi emasman. Xulosam qisqa: oʻttiz yildan oshiq vaqt davomida oʻzbek tili haqida gapirdik, ammo kutilgan tub natijaga erisha olganimiz yoʻq. Keling, endi shunchaki OʻZBEK TILIDA gapiramiz. Va farzandlarimizni ham shunga oʻrgatamiz.
Isʼhoqxon toʻra Ibrat aytganidek: “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʻz ona tilini koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”.
Visola QARSHIBOYEVA