Bu yil Oʻzbekiston mustaqil respublikaga aylanganiga 35 yil toʻladi. Ushbu 35 yillik yoʻlni yengil deyish qiyin, chunki bu vaqti ichida oʻzbek xalqi taqchillikni, suiqasdlarni, teraktlarni, iqtisodiy oʻsish va tushishlarni hamda dunyodan yopilib olish siyosatini koʻrdi. Oyina.uz Oʻzbekiston kelajagiga taʼsir koʻrsatgan, xalq xotirasida muhrlanib qolgan hodisalarni yillar kesimida esga oladi.
1991-yil. Mustaqillik
Shubhasiz, 1991-yil Oʻzbekiston tarixidagi eng muhim yillardan biridir. Aynan shu yili oʻzbek xalqi bir asrdan koʻproq davom etgan mustamlaka istibdodidan xalos boʻldi. Rossiya imperiyasining Qoʻqon xonligiga tegishli Oqmasjid qoʻrgʻonini bosib olishidan, yaʼni 1853-yildan boshlangan qaramlik 1991-yilga qadar davom etdi.
Bu vaqt oraligʻida oʻzbek xalqi bir necha bor qirgʻin qilindi (Qoʻqondagi 1917-yil va Buxorodagi 1920-yildagi qirgʻinlar, quloqlashtirish, 1937-1938-yillardagi qatagʻonlar, “paxta ishi”), mardikorlikka majburlandi, bir necha marta ochlikka, yoʻqchilikka mahkum qilindi, unga taalluqli boʻlmagan urushlarga jalb etildi (Afgʻoniston urushi, Birinchi va Ikkinchi jahon urushi).
Oʻzbekiston Oliy Soveti. 1991-yil
Uzoq kutilgan erkinlik birdaniga amalga oshmadi. SSSR 1988-yildanoq chok-chokidan soʻkilishni boshlagandi. Boltiqboʻyi davlatlaridan keyin butun ittifoq respublikalari mustaqillik haqida jiddiy oʻylay boshladi. Xususan, 1990-yil 20-iyun kuni Oʻzbekiston parlamenti Mustaqillik deklaratsiyasini qabul qildi, Oʻzbekiston Prezidenti lavozimini joriy etdi.
1991-yil boshidan mustaqillik mavzusi Oʻzbekiston yuqori doiralarida kun tartibiga chiqdi. Koʻplab faollar va deputatlar tezroq mustaqillik eʼlon qilish kerakligini taʼkidlay boshladi. Biroq baʼzi siyosatchilar “shoshmaslik lozim” degan pozitsiyada qoldi.
Nihoyat, 1991-yil 21-avgustda GKCHP (Favqulodda holat boʻyicha davlat qoʻmitasi) qulagach, respublika rahbariyati mustaqillik eʼlon qilish boʻyicha yakdil qarorga keldi. 31-avgust kuni Prezident Islom Karimov Oʻzbekiston davlati mustaqilligini eʼlon qildi.