2020-yil yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida jamiyatda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlarga toʻxtalib, 30-iyul sanasini Xalqlar doʻstligi kuni sifatida nishonlashni taklif qilgandi.
2021-yil 5-fevralda Oliy Majlis Senati “Xalqlar doʻstligi kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonunni maʼqulladi. 2021-yil 10-fevral kuni ushbu hujjat Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan imzolandi.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda 130 dan ortiq millat va elat, jumladan, 16 ta diniy konfessiya vakillari istiqomat qiladi. Konstitusiyamizning 4-moddasida belgilab qoʻyilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tili, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratib beradi.
Hozirgi paytda yurtimizda 147 ta milliy madaniy markaz, shuningdek, 38 ta doʻstlik jamiyati faoliyat yuritadi. Respublika davlat taʼlim muassasalarida darslar 7 ta tilda: oʻzbek, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirgʻiz, tojik va turkman tilida olib boriladi. Telekoʻrsatuv va radioeshittirishlar 12 tilda efirga uzatiladi. Gazeta va jurnallar 10 dan ortiq tillarda chop qilinyapti.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 1-iyundagi qarori bilan “Xalqlar doʻstligi” koʻkrak nishoni taʼsis etilgan. Koʻkrak nishoni bilan millatlararo doʻstlik va totuvlik muhitining mustahkamlanishiga munosib hissa qoʻshgan mahalliy va xorijiy davlat organlari xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, tadbirkorlik subʼyektlari, ijtimoiy soha va OAV vakillari hamda chet eldagi vatandoshlar taqdirlanadi. Har yili Xalqlar doʻstligi kunida topshiriladigan mazkur koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlarga BHMning 4 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti toʻlanadi.
Maʼlumot uchun, BMT Bosh Assambleyasi 2011-yili qabul qilgan rezolyusiyada xalqlar, davlatlar, madaniyatlar va insonlar oʻrtasidagi doʻstlik, tinchlikni taʼminlash bilan bogʻliq harakatlarga ilhomlantirish hamda madaniy xilma-xillikni hurmat qiladigan jamiyatlar oʻrtasida koʻpriklar oʻrnatish maqsadida 30-iyul – Xalqaro doʻstlik kuni (International Day of Friendship) sifatida belgilangan.