Sultonov Iskandarbek Rustambek oʻgʻli 1897-yil 25-mayda Ozarboyjonning Zangazur uyezdi, Hasisamli qishlogʻi, Qosimushogʻa obodida (hozirgi Lochin tumani) tugʻilgan. Iskandarbekning otasi Rustambek Poshabek oʻgʻli 1881–1890-yillar Shusha real maktabida, 1890–1897-yillarda Sankt-Peterburgdagi tyexnologiya institutida tahsil olgan ilk ozarboyjon muhandis-texnologlaridan biri edi. 1918-yilgacha Bokudagi neft magnatlari kompaniyalarida ishlab, 1918–1920-yillarda Ozarboyjon Jumhuriyati hukumat zavodlari rahbari, “Azneft”ning direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Iskandarbek Rustambek oʻgʻli 1909–1916-yillar Boku Tijorat maktabida, 1916–1917-yillarda Moskva Tijorat institutida oʻqigan. Uning hayotida amakisi Xosrovbek Poshabek oʻgʻli Sultonov (1879)ning taʼsiri katta boʻlgan. Xosrovbek avval Ganja gimnaziyasida, keyin Xarkov, Odessa shaharlarida tibbiyot boʻyicha taʼlim olgan. 1904-yildan shifokor sifatida ish boshlagan. 1915–1917-yillarda Boku musulmon xayriya jamiyatining Birinchi jahon urushidan zarar koʻrgan musulmonlarga yordam uchun Usmonli imperiyasiga yuborgan hayʼati rahbari boʻlgan. 1918-yil Qafqoz Islom Armiyasi Ozarboyjon Jumhuriyatining poytaxti Boku shahrini bosqinchilardan ozod qilganidan soʻng Ozarboyjon Jumhuriyatining birinchi harbiy vaziri, keyinroq dehqonchilik va davlat mulki vaziri boʻlib xizmat qilgan. 1919-yil 15-yanvarda Qarabog‘ general-gubernatori etib tayinlangan.
Iskandarbek Sultonov Vatan ozodligi yoʻlida Qafqoz Islom armiyasiga xizmatga kirdi. Janglarda koʻrsatgan jasorati uchun qoʻmondon Nuru posho tomonidan Usmonli imperiyasining “Majidiyya” ordeni bilan taqdirlandi. 1919-yildan Qarabog‘ general-gubernatori boʻlgan amakisi Xosrovbek Sultonovning shaxsiy qoʻriqchisi boʻlib, Qarabog‘ va Zangazur mudofaasi uchun janglarda mardonavor ishtirok etdi. Iskandarbek Sultonov janglardan birida chap koʻzidan ayrilgan.
1919-yil oxirida Ozarboyjon Jumhuriyati tomonidan yetuk kadrlarni yetishtirish maqsadida koʻplab yoshlar xorij oliy taʼlim muassasalariga yuborilgan. Jumladan, 1920-yil 15-yanvarda Germaniyaga taʼlim olishga yuborilgan 80 nafar talabalar safida Iskandarbek Rustambek oʻgʻli ham bor edi. Afsuski, 1920-yil aprelida Ozarboyjon Jumhuriyati bolsheviklar tomonidan mahv etilib, Xosrovbek may oyida Bokuda hibsga olingan.
Iskandarbek Sultonov avval tezkor til oʻrganish kursida oʻqiydi. 1921-1922-yillar ozarboyjonlik talabalar ittifoqi aʼzosi sifatida Vatanida kechayotgan siyosiy jarayonlarni diqqat bilan kuzatib bordi. Tahsilda oʻzining shifokorlik yoʻnalishini oʻzgartirib, muhandislik sohasini tanlaydi. U 1928-yilgacha Berlindagi Sharlottenburg oliy texnika maktabi tog‘-kon yoʻnalishida oʻqiydi. 1928–1932-yillar davomida Berlinda turli idoralarda mutaxassis va tarjimon vazifalarida ish olib bordi. 1932-yil “Yosh kavkazliklar” jamiyatiga kirib, Yevropa zaminida sovetlar davlatida kechayotgan milliy zulm va haqsizliklar haqida bong urdi. Biroq u 1933-yil sovet xufyalari tomonidan Berlindagi sovet konsulligi orqali vatanga qaytariladi.
Iskandarbek Sultonov 1933-yil 5-sentyabrda Ozarboyjonga kelib, 1933-yil 25-sentyabrdan Ozarboyjon SSR Neft kompaniyasida elektro-qidiruv boʻlimida muhandis boʻlib ish boshlaydi. Biroq uning erkin faoliyat olib borishiga yoʻl berilmadi. Turli bahonalar bilan tez-tez soʻroqqa tortilar, mehnat jamoasida ham, jamiyat ichida ham uning obroʻsini pasaytirishga intilishar edi. Aslida shoʻrolarning keltirishdan maqsadi – uni imi-jimida mahv etish edi.
Iskandarbek Sultonov 1935-yil 18-may kuni Ozarboyjon SSR Ichki ishlar xalq komissarligi tomonidan aksilinqilobiy tashviqot va josuslik ayblovlari bilan hibsga olinadi. Besh oy davom etgan tergov jarayonida Iskandarbek Istanbulda yashagan amakisi Xosrovbek Sultonov bilan aloqada boʻlgan, unga axborot yuborib turgan degan “ayblar” bilan ayblanadi.
Iskandarbek Sultonov 1935-yil 27-noyabrda Ozarboyjon SSR Oliy Sudi Kollegiyasi hukmiga koʻra Ozarboyjon SSR Jinoyat kodeksining 58-4-moddasi (“qurolli qarshilik”) hamda 66-moddasi (“Xalqaro burjuaziyaga yordam koʻrsatish”) boʻyicha aybdor deb 10 yilga ozodlikdan mahrum etiladi. Jazoni Oʻrta Osiyo lageri SazLAGda ijro etish belgilanadi.
Iskandarbek Sultonov 1936-yil 29-yanvardan SazLAGga tegishli Malik sovxozi, 2-barakda yashab, mehnat qila boshlaydi. SazLAG IIXKga qarashli lagerlar orasida sharoiti eng ogʻiri edi. Izlanishlarga qaraganda mahbuslarning aksar qismi yuqumli kasalliklar va jismoniy qiynoqlar, hatto ochlikdan oʻlishga mahkum boʻlganlar. Iskandarbek shunday bir sharoitda lager maʼmuriyatidan bu noinsoniy muhitni toʻgʻrilashlarini, ogʻir holatdagi keksalarga tibbiy xizmat koʻrsatishlarini talab qiladi. Aksincha, 1937-yil 21-noyabr kuni aksilinqilobiy targʻibotda ayblanib, Iskandarbek Sultonovga qarshi jinoyat ishi ochladi. Mazkur ish P-41310 raqami ostida saqlanib, 1937-yil 21-noyabr kuni ochilib, 1937-yil 24-noyabr kuni yopilgan. Koʻrinadiki, bor yoʻgʻi toʻrt kun ichida ozarboyjon xalqining qahramon farzandi Iskandarbek Rustamovich Sultonovning taqdiri hal qilingan. Ishdagi uning shaxsiy anketasida “1898-yil, Leningrad shahrida tugʻilgan, millati turk...” kabi noaniq maʼlumotlar bitilgan. Asosiy ayblov dalili sifatida esa Iskandarbekning Malik sovxozida 2-barakda goʻyoki “paxta hosilini isrof qilgan”i, 1937-yil 9-oktyabr kuni mahbuslar bilan suhbatda Germaniyani maqtagani, Oʻzbekistonning hukumat rahbarlari Fayzulla Xoʻjayev va Akmal Ikromovlarni adolatsizlik qurboni, “stalinizm – bu qashshoqlik” degani koʻrsatilgan.
1937-yil 24-noyabrdagi soʻroqda Iskandarbek Sultonov oʻzining oʻtmishi, Togʻli Qorabog‘ general gubyernatori amakisi Xosrovbek Sultonov xizmatida oʻtgan onlari, 1920–1928-yillar Germaniyada Sharltonberg oliy texnika maktabida oʻqigani, 1928–1932-yillar turli idoralarda mutaxassis va tarjimon vazifalarida ishlagani haqida, ammo gestapo (fashistlar Germaniyasida maxfiy davlat politsiyasi) tashkiloti bilan hech qanday aloqasi boʻlmaganini taʼkidlaydi. 1937-yil 26-noyabr kuni chiqarilgan qarorda uning iqrori aks etmaydi. Biroq 27-noyabr kungi ayblov bayonnomasida uning Germaniyani maqtagani, oʻzbek davlat arboblari Akmal Ikromov, Fayzulla Xoʻjayevlarni adolatsizlik qurboni degani qayd etiladi. Iskandarbek Sultonov 1937-yil 28-noyabrda mashʼum “uchlik” tomonidan OʻzSSR JKning 66-moddasi, 1-bandi bilan aybdor deb topilib oliy jazoga hukm qilingan. Nohaq hukm 1938-yil 5-yanvarda SazLAGga tegishli maxfiy obyektda ijro etilgan.