Kishan kiyma, boʻyin egma,

ki sen ham hur tugʻilgʻonsen!

Abdulhamid Choʻlpon

Imperiyaparastlik talvasasi yana turli koʻrinishlarda namoyon boʻla boshladi. “Yoʻqsullar dohiysi” Lenin vafotining 100-yilligi munosabati bilan Rossiyaning NTV kanalida uyushtirilgan “tok-shou”da rossiyalik “tarixchi” Mixail Smolin 1917-yilga qadar oʻzbeklar, qozoqlar va ozarboyjonlar millat sifatida mavjud boʻlmagan, inqilobdan keyingina ular SSSR nomi bilan paydo boʻlgan, degan nihoyatda ahmoqona safsatani oʻrtaga tashladi. Bu bir shaxsning fikrimi yoki rus shovinizmining asl basharasimi?

Garchi madaniyatsizlarcha va kaltabinlarcha boʻlsa-da, shovinizmining asosiy basharasini koʻrsatuvchi ushbu “siyosiy qarash” istibdod kishanlarini parchalab, necha ming yillik milliy davlatchiligini qaytadan tiklagan el-u yurtlarni mana shunday olchoq gʻoyalari bilan ruhan choʻktirishga urinishdir. Aks holda, ularga bunday media imkoniyat yaratib berilmagan boʻlardi.

Ikki daryo – Amu bilan Sir oʻrtasi, buyuk Movarounnahrda mavjud boʻlgan kuchli davlatchilik, taraqqiyot nafaqat Markaziy Osiyoga, balki butun dunyo tamadduniga progressiv taʼsir koʻrsatganini bu “tarixchi” bilmaydimi? Oʻzbek milliy davlatchiligi uch yarim ming yillik tarixga egaligidan, Turk hoqonliklaridan boshlab Amir Temur va Temuriylar davrigacha boʻlgan ulug‘ zamonlardan bexabarmi? Aytganimizdek, “oʻzbek kecha paydo boʻlgan”, deb tomoq yirtayotgan “tarixchi” haqqoniy tarixni juda yaxshi biladi. Lekin uning shovinizm bilan “emlangan” tafakkuri azaldan buyuk davlat, buyuk tarix, buyuk madaniyat yaratgan xalqning kimligini tan olgisi kelmaydi.

Turon, Turkiston eli azaldan bagʻrikeng, joʻmardlikni oʻziga kasb qilib olgan, hamisha yuksak maqsadlarni koʻzlagan oqkoʻngil xalq boʻlgan. Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Ahmad Fargʻoniy, Abu Nasr Forobiy, Imom Buxoriy, Mirzo Ulugʻbek, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mahtumquli, Abay, Toʻxtagʻul kabi ulug‘ zotlar oʻz ijodi, falsafiy, ilmiy-ruhoniy asarlari bilan nafaqat ikki daryo oraligʻidagi xalqlarni, balki butun bashariyat farzandlarini doimo mehr-oqibatli, doʻst-birodar boʻlib yashashga daʼvat etib kelgan.

Bobolarimiz necha asrlar mobaynida mintaqada ahil, bahamjihat boʻlib, buyuk qadriyatlar asosida yashab kelgan boʻlsa, bugun ham, taʼbir joiz boʻlsa, tarix va hayot gardishi, tabiatning oʻzi bizni – butun Markaziy Osiyo xalqlarini aynan ana shunday doʻstlik va hamkorlik ruhida hayot kechirishga daʼvat etmoqda. Bu tarixiy voqelik! Ming afsuski, mana shunday tarixiy haqiqatni anglamaydigan yoki anglashni istamaydigan Mixail Smolinga oʻxshaganlar bunday qarashlari bilan bir butun xalqlarni haqorat qilmoqda. Bu kechirilmaydigan va shunchaki “alahsirash” deb qarab boʻlmaydigan holdir!

Bugun shovinistik propaganda yuzidagi niqobni yirtib, haqiqiy basharasini namoyish qilar ekan, har bir xatti-harakatida fashizmning “qoʻlansa hidi” anqiydi... Afsuski, shovinistlarning jinoiy harakatlari oʻz jamoatchiligi tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgani oʻta ayanchlidir. Aslida, Mixail Smolin va unga oʻxshash “siyosatdon”larning ogʻzida aylanayotgan “til” qora niyat egasining tilidir.

SSSR deb nomlangan, allaqachon tarix axlatxonasiga itqitilgan imperiyani tiriltirish – amalga oshirib boʻlmaydigan xom-xayoldan boshqa narsa emas. Tarixdan yaxshi bilamiz: faqat olchoqlik va zoʻravonlik bilan kun koʻrgan bu “imperiya” boshqa xalqlarning mehnati evaziga zuluk singari “yashab” kelgan. Bugun prilepinlar, smolinlar yana oʻsha “sovet”ning istibdod asosiga qurilgan tuzumini qoʻmsab ayyuhannos solishmoqda.

Jamiyatimizni bunday xurujlardan, zaharli gʻoyalardan saqlash uchun mamlakatimizdagi xorijiy davlatlar propagandasiga xizmat qilayotgan barcha radio-telvedeniye kanallari hamda internetdagi saytlarni zudlik bilan cheklash masalasini koʻrib chiqishni vaziyatning oʻzi taqozo etayotir.

 Minhojiddin MIRZO,

         Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari