Qadimgi turkiy til yodgorliklari haqida soʻz ketganida, birinchi navbatda bugungi Moʻgʻuliston hududidan topilgan, Ikkinchi Sharqiy Turk xoqonligi va Uygʻur xoqonligiga oid Oʻrxun yodgorliklari – Toʻnyuquq, Kultegin, Bilga xoqon, Moyun chur, Ongin va monumental bitiktoshlar esga olinadi. Mavzuga biroz chuqurroq kirganlar Qirgʻiz xoqonligi va qoʻshni qabilalarga tegishli Enasoy bitiktoshlarini, shuningdek, bugungi Qirgʻiziston hududidan topilgan Talas bitiktoshlarini eslashi mumkin.

Albatta, bu yodgorliklar, ayniqsa Oʻrxun bitiktoshlari turk tarixi, tili va madaniyatini oʻrganishda beqiyos ahamiyatga ega: qadimgi turklarning oʻzi, oʻz tilida, kattakon qilib yozib qoldirgan bu manbalar bizga u davr haqida bitmas-tuganmas maʼlumot beradi. Enasoy va Talas bitiktoshlari turkiy qabilalar sheʼriyati, marosimlari, ijtimoiy tuzilmasi, oilaviy munosabatlari va onomastikasini oʻrganishda muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, Oʻrxun bitiktoshlarinin topilishi oʻz vaqtida katta shovshuvga sabab boʻlib, Yevropa olimlarining diqqat markazida bir necha yil turgan. Shuning uchun turkologlar butun diqqatini shu yodgorlik guruhlariga qaratishini tushunsa boʻladi. Lekin boshqa hududlar biroz eʼtibordan chetda qolib ketgandek tuyuladi.

Aslida qadimgi turkiy til va yozuv joʻgʻrofiyasi yanada kengroq hududlarni qamrab oladi. Moʻgʻulistondan boshlab, bugungi Rossiyaning eng janubi-gʻarbiy chegaralarigacha boʻlgan kengliklardan yuzlab yozma yodgorliklar aniqlangan. Oxirgi yillarda turk runikasi joʻgʻrofiyasi yanada kengayib ketdi – bugungi Suriyaning Raqqa shahri yaqinidan Janubiy Enasoy runik alifbosida yozilgan bitiktosh topildi (Kizlasov 2020, s. 219–230).

Turk qadimiyatlarining oʻzbekistonlik havasmandlarini bir savol qiziqtirsa kerak: bizning mamlakat hududidan ham qadimiy turk-run bitiklari topilganmi? Ular ilmiy adabiyotda va mediada juda kam tilga olinadi. Qadimgi davr va ilk oʻrta asrlar bilan shugʻullanuvchi baʼzi oʻzbekistonlik olimlar ham baʼzida bu haqda hech narsa bilmasligini meni koʻp hayron qoldiradi. Mamlakat hududida yozma madaniyat tarixi haqida suhbatlar boʻlganida, yoki bu borada umulashtiruvchi kitob va maqolalar yozilganida, muzey ekspozitsiyalari tayyorlanganida ayrim hamkasblar Oʻzbekiston tarixidagi yozma anʼanalar qatoriga turk-run alifbosini kiritmagani haqida ham eshitganman. Buni ular “Oʻzbekiston hududida bunday yozuv ishlatilmagani” bilan tushuntirgan. Vaholanki, Oʻzbekistondan ilk runik namunalar oʻtgan asrning 40-yillaridayoq aniqlangan. Lekin ularning ham oʻziga yarasha argumentlari bor – ular haqda quyiroqda gaplashamiz.

Bu maqola Oʻzbekistondan turk-run yozuvi namunalarining topilishi tarixiga bagʻishlanadi. Bu maʼlumot qiziquvchilarga foydali boʻladi deb umid qilaman.

Toshkentdan tashlangan ilk qadamlar

Markaziy Osiyo hududidagi ilk yozma yodgirliklar Oʻrxun bitiktoshlari topilishidan bir necha yilgina oʻtib aniqlangan. Ularning hech biri bugungi Oʻzbekiston hududiga toʻgʻri kelmasa-da, lekin topilmalarning aniqlanishi va oʻgranilishida oʻsha paytda Turkistonning siyosiy va madaniy markazi boʻlgan Toshkentning alohida oʻrni bor.

1895-yil dekabrida V.V. Bartoldning taklifiga binoan Toshkentda Turkiston arxeologiya havaskorlari toʻgaragi tashkil etildi. Oʻrta Osiyoda ilk turk-run bitiklarining topilishi va ilmiy oʻrganilishi shu ilmiy tuzilma faoliyati bilan bogʻliq: toʻgarak aʼzosi V.A. Kallaur 1896-yildan boshlab Talas vodiysidagi qadimgi yozuvlarni qayd etdi, ularning nusxalari Toshkent orqali Sankt-Peterburgga yuborildi, topilmalar haqidagi maʼlumotlar esa toʻgarak majlislarida muhokama qilindi. Yuqorida aytilganidek, bu ilk yodgorliklar bugungi Oʻzbekiston hududiga oid boʻlmasa-da, ularning ilmiy muomalaga kirishi Toshkentda shakllangan arxeologik muhit bilan chambarchas bogʻliq edi (Массон 1936, с. 5–15; Германов 1996, с. 90–97).

Toʻgarak faoliyatining ayrim arxiv materiallari keyinchalik yoʻqolib ketgani, dastlab topilgan Talas yodgorliklarining bir qismi oʻz vaqtida toʻliq nashr qilinmagani tufayli XX asr boshida bu yoʻnalishdagi tadqiqotlarda maʼlum uzilish yuz berdi.

1919-yilda Samarqandda V.L. Vyatkin va O.K. Tatevosyan boshchiligida tarixiy yodgorliklarni asrash boʻyicha ikki komissiya tashkil etildi. 1921-yil 22-mayda bu tuzilmalar Turkiston Respublikasi Xalq maorif komissarligi qoshidagi Qadimgi madaniyatni oʻrganish komissiyasi bilan birlashtirilib, Turkomstaris tashkil etildi. 1923-yilda u Sredazkomstaris nomini oldi. Milliy-hududiy chegaralanishdan keyin, 1926-yildan boshlab komissiya resurslari yangi tashkil etilgan respublikalar oʻrtasida taqsimlandi va Oʻzkomstaris faoliyat boshladi (Горшенина 2012, с. 52–68).

Bu ilmiy muhitda M.Y. Masson Turkiston arxeologiya havaskorlari toʻgaragi materiallarini qayta oʻrganib, oʻz ekspeditsiyalarida yigʻilgan maʼlumotlar bilan birlashtirdi. Natijada 1936-yilda “Materiali Uzkomstarisa” toʻplamida uning “K istorii otkritiya drevneturetskix runicheskix nadpisey v Sredney Azii” nomli ocherki chop etildi. Bu Oʻrta Osiyo turk-run yozuvlarining topilish tarixiga maxsus bagʻishlangan dastlabki umumlashtiruvchi ish boʻlib, keyingi izlanishlar uchun muhim tarixiy manbaga aylandi (Массон 1936, с. 5–15).

Farhod GESidan Quvagacha: Oʻzbekiston hududidagi dastlabki topilmalar

Oʻzbekiston hududidan dastlabki muhim topilma 1947-yilda Farhod GESi qurilishi vaqtida aniqlandi. Oʻsha paytda Bekobod tumaniga qarashli boʻlgan, bugungi kunda esa Sirdaryo viloyati hududiga toʻgʻri keladigan Farhodqurilishda muhandislardan biri poydevor uchun ochilgan qatlamdan angob bilan ohorlangan sopol idish topdi. Idish yuzasida bir qator yozuv boʻlib, uning bir qismi arab, boshqa qismi turk-run harflarini eslatadigan belgilardan iborat edi. Topilma S.K. Kabanovga yetkazildi. U idishni K.V. Treverga koʻrsatdi, tadqiqotchi esa dastlab yozuvni kushon xati bilan bogʻlashga moyil boʻldi (Кабанов 1948, с. 77–78). Topilmaning oʻzi 1948-yilda S.K. Kabanov tomonidan eʼlon qilindi (Кабанов 1948, с. 71–81).

1950-yillarda Fargʻona vodiysida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar Oʻzbekiston va umuman Markaziy Osiyo turk-run bitiklari korpusining shakllanishida yangi bosqichni boshlab berdi. 1951-yilda Y.A. Zadneprovskiy Fargʻona shahridan janubda, Avval qishlogʻi yaqinidagi Oshxona manzilgohida bir qator qilib tushirilgan toʻrtta belgili sopol parchasini qayd etdi. Parallel ravishda Fargʻona vodiysining Tojikistonga oid qismidan, xususan, Isfara tumanidan ham xuddi shunday bitiklar topildi. Dala qaydlaridan qaysi yozuvlar birinchi boʻlib topilganini aniq aytib boʻlmasa-da, Tojikiston topilmalari Oʻzbekiston topilmalaridan bir yil oldin – 1955-yilda nashr etilib, ilmiy isteʼmolga kiritildi. Shu bois Fargʻona vodiysi turk-run yodgorliklarining ilk topilishi bugungi kunda koʻproq Tojikiston bilan bogʻlanadi, paleografiya tadqiqotlarida esa runik yozuvlarning bu guruhi baʼzan Isfara yozuvlari deb ataladi.

1950-yillar mobaynida Fargʻona vodiysining boshqa hududlaridan (shu jumladan Qirgʻizistonga toʻgʻri keluvchu qismlaridan ham) ham shunga oʻxshash qisqa yozuvlar topila boshladi. Ularning aksariyati sopol buyumlar yuzasiga yozilgan kichik hajmdagi matnlar edi.

Toʻplangan materialning dastlabki filologik tahlili A.N. Bernshtam nomi bilan bogʻliq. U Fargʻona vodiysidan aniqlangan bir qancha qisqa matnlarni toʻplab, ularning oʻqilishi boʻyicha dastlabki farazlarini “Drevnetyurkskiye runicheskiye nadpisi iz Fergani” maqolasida eʼlon qildi (Бернштам 1956, с. 54–58). Fargʻona vodiysining Oʻzbekiston qismidan topilgan yozuvlar ham ilk bor shu maqolada eʼlon qilinib, ilmiy isteʼmolga kiritildi.

A.N. Bernshtam taklif qilgan oʻqishlarning koʻpi dastlabki harakatlardan iborat edi va keyinchalik boshqalar ularni qayta koʻrib chiqdi. Olimning oʻzi esa bir muddatdan soʻng olamdan oʻtgani bois uning bu yoʻnalishdagi tadqiqotlari oxiriga yetkazilmadi.

1965-yilda V.A. Bulatova koʻhna Quva shahri xarobalaridan topilgan xum yuzasidagi runik yozuvni maxsus maqolada eʼlon qildi (Булатова 1965, с. 60–62). Bu haqiqiy turk-run bitiklari xazinasining ochilishi boʻldi – keyingi yillarda Quvadan koʻplab yangi yodgorliklar aniqlandi. Bugun Quva turk-run xatidan juda keng foydalanilgan yirik madaniy markaz boʻlgani maʼlum.

1967-yilda Y.A. Zadneprovskiy oʻsha vaqtga qadar Fargʻona vodiysidan aniqlangan barcha turk-run bitiklarini jamlab, umumlashtiruvchi maqola eʼlon qildi, ularning tarixiy-geografik tavsifi va arxeologik xaritasini yaratdi. Bekobod topilmasi ham qoʻshib hisoblanganda, uning roʻyxatiga 13 ta yodgorlik kirdi. Zadneprovskiy Fargʻona materiallarini oddiy tasodifiy topilmalar yigʻindisi emas, balki muayyan tarixiy-madaniy areal mahsuli sifatida koʻrib chiqdi. U hatto Fargʻona vodiysi qadimgi turk-run yozuvi shakllangan hududlardan biri boʻlishi mumkinligi haqidagi farazni ilgari surdi (Заднепровский 1967, с. 270–274). Bunday qarashning asosi Fargʻona bitiklari alifbosining paleografik nuqtayi nazardan Oʻrxun, Enasoy, Talas alifbolaridan soddaroqligi va qadimiyroqligi edi. Lekin bugungi kunda bu borada boshqa qarashlar ham bor, ularga keyingi qismlarda toʻxtalib oʻtamiz.

1973-yilda E.R. Tenishev Quvadan topilgan turk-run yozuvli sopol parchasiga maxsus maqola bagʻishladi (Тенишев 1973, с. 263–265). D.D. Vasilyevning 1976-yilda tuzilgan turk-run namunalari roʻyxatida Fargʻonadagi topilmalar, jumladan, Quva va Andijon yodgorliklari ham hisobga olindi (Васильев 1976, с. 71–81).

Oʻzbekistondagi topilmalar joʻgʻrofiyasi 1976-yilda yanada kengaydi. A.V. Oskin Navoiy viloyatida, Qizilqum choʻlining ichkarisidagi Quljuqtov togʻlarida Toʻzbuloq qoyatosh bitigini aniqladi va tavsiflab berdi (Оськин 1978, с. 166–173). S.G. Klyashtorniy ushbu topilmaga alohida kichik tadqiqot bagʻishlab, uning xususiyatlarini tahlil qildi (Кляшторный 1978, с. 173–174). Shu bilan Oʻzbekistonda turk-run yozuvining tarqalishi faqat Fargʻona vodiysi bilan chegaralanmasligi, balki mamlakatning ichkari hududlarida ham ushbu yozuv anʼanasi tarqalgani ayon boʻldi.

Shunday qilib, 1940-yillarning oxiri – 1970-yillarda Oʻzbekiston hududidagi turk-run yodgorliklari haqidagi tasavvur tubdan oʻzgardi. Farhodqurilishdagi birgina yozuvdan boshlangan topilmalar ketma-ketligi Fargʻona vodiysi va Navoiydagi arxeologik obyektlardan aniqlangan kichik epigrafik korpus shakllanishiga olib keldi.

Mustaqillik davriga oid yangi topilmalar

1990-yillarda Oʻzbekistonda turk-run bitiklarini oʻrganish yangi bosqichga kirdi. Bir tomondan, Fargʻona vodiysida G.P. Ivanov, B. Abulgʻoziyeva, B. Matboboyev kabi arxeologlar faoliyati natijasida yangi epigrafik materiallar qayd etildi. Ikkinchi tomondan, ularni oʻqish va talqin qilish bilan Oʻzbekistonning oʻzida faoliyat olib borayotgan turkolog va manbashunoslar shugʻullana boshladi.

1993-yilda M. Ishoqov va Q. Sodiqov yangi aniqlangan bitiklar talqinini eʼlon qildi (Исҳоқов, Содиқов 1993, б. 3). 1999-yilda N. Rahmonov va B. Matboboyev Quva bitiklariga bagʻishlangan maqola chop etdi (Раҳмонов, Матбобоев 1999, б. 4), oʻsha yili N. Rahmonov yana bir Quva bitigini alohida koʻrib chiqdi (Раҳмонов 1999, б. 4). 2000-yilda N. Rahmonov va B. Matboboyev Munchoqtepadagi (Namangan viloyati) qadimgi sagʻanadan topilgan turkiy yozuv haqida navbatdagi maqolani eʼlon qildi (Раҳмонов , Матбобоев 2000, б. 3). Bu maqolalar gazetalarda chop etilgani yangi topilmalarni tezkor ravishda ilmiy muomalaga kiritishda va jamoatchilikka tanitishda muhim rol oʻynadi.

Keyingi yillarda Qashqadaryo viloyatidan ikki epigrafik yodgorlikning qoʻlga kiritilishi turk-run yozma anʼanasining Oʻzbekistondagi joʻgʻrofiyasini mamlakatning janubiy hududlarigacha kengaytirib yubordi. Arxeologik hisobotlarda Toshkent viloyati hududidan ham ikki yodgorlik topilgani maʼlum qilinganiga qaramay, ular haligacha nashr qilingani yoʻq.

Yangi namunalar bugungi kunda ham topilmoqda. 2020–2022-yillarda OʻzR FA Milliy arxeologiya markazi mutaxassislari Namangan va Jizzax viloyatlarida olib borgan arxeologik tadqiqotlar jarayonida sopol buyumlarga tushirilgan yana ikki qisqa yozuv qayd etildi.

Ana shulardan biri – Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi Qorabog‘ qishlogʻidan topilgan sopol buyumlar orasida orqa qismiga toʻrtta belgi tushirilgan qadah alohida eʼtiborni tortdi. Topilmaning arxeologik konteksti M. Saidov va Sh. Nasriddinov tomonidan eʼlon qilindi (Саидов, Насриддинов 2022, б. 89–96). Keyinchalik T. Tombuloğlu va G‘. Boboyorov ushbu matnni turk-run yozuvi bilan qiyoslab, uning dastlabki oʻqilishini va paleografik talqinini taklif qildi (Tombuloğlu, Babayar 2022, s. 395–417).

Yozuvlarning oʻrganilishi

Endi yuqorida sanab oʻtilgan topilmalarga nega ayrim olimlar shubha bilan qarashiga toʻxtalib oʻtsak. Gap shundaki, Oʻrxun, Enasoy va Talas yodgorliklari nisbatan bir-biriga yaqin alifbolarda yozilgan – harflar miqdori va paleografiyasi juda yaqin, deshifrovka paytida matnlar jiddiy qiyinchiliklarsiz qadimgi turkiy tilda oʻqiladi. Qirgʻiziston hududiga oid boshqa baʼzi guruh yodgorliklar ham borki, ularning oʻqilishida muammo yoʻq. Ammo Oʻzbekiston, Tojikiston, Qozogʻiston, Janubiy Enasoy, Don, Kuban kabi hududlarga mansub turk-run yodgorliklari yuqoridagilardan farq qiladi. Birinchidan, ularda notanish belgilar koʻp uchraydi yoki, aksincha, Oʻrxun-Enasoy alifbosiga xos ayrim belgilar uchramaydi. Ikkinchidan, ularni oʻqishda katta qiyinchiliklar mavjud. Ayrimlar buni bitiklarning oʻzi juda qisqaligi bilan izohlasa, ayrimlar bular turkiy tilda gapirmagan boshqa qabilalarning shaklan turk-run alifbosiga oʻxshaydigan yozuv tizimi deb hisoblaydi. Aynan shu sababdan, yuqorida tilgan olinganidek, ayrim olimlar Oʻzbekistonni turk-run xati tarqalgan zonaga qoʻshishdan bosh tortadi. Oʻzbek olimlari Fargʻona topilmalarining aksariyatini oʻqigan boʻlsa ham, yozuvlarning qisqaligi tufayli bu oʻqishlar doim ham uzil-kesil qabul qilinmaydi. Nihoyat, shu sababga koʻra Y.A. Zadneprovskiy Fargʻona vodiysini turk yozuvining vatani deb hisoblashi keng qabul qilinmagan – bu oʻxshash, ammo boshqa alifbo boʻlishi mumkin.

Yuqoridagi sabablarga koʻra tadqiqotlarda Fargʻona, Janubiy Enasoy, Don, Kuban alifbolari baʼzida “runikka oʻxshash” deb ataladi. Boshqalar “turk-run” emas, “runik” deyishni maʼqul koʻradi.

1990-yillarda I.L. Kizlasov Yevrosiyo dashtlaridagi runik yozuv tizimlarini paleografik jihatdan tasniflashga urindi. Uning tasnifida Fargʻona vodiysi materiallari Isfara yozuvi deb talqin qilindi. Toʻzbuloq bitigi esa Talas vodiysidagi Achchiqtosh tayoqchasi va Sirdaryo deltasidagi Oltinosor topilmasi bilan bir guruhga kiritilib, Achchiqtosh yozuvi namunasi sifatida talqin qilindi (Кызласов 1994, с. 279–284, 288).

2000-yilda R. Alimov Istanbul universitetida “Kırgızistan, Kazakistan ve Özbekistanʼdaki Göktürk Yazıtları” mavzusida magistrlik dissertatsiyasini himoya qildi. Unda Oʻzbekiston hududidagi yodgorliklar umumiy Markaziy Osiyo korpusiga kiritildi tavsif (Alimov 2000, s. 131). Bu ish yangi topilmalarni mamlakatlar boʻyicha inventarizatsiya qilishga qaratilgan dastlabki keng qamrovli urinishlardan biri boʻldi.

Q. Sodiqovning 2004-yilda chop etilgan “Koʻk turk bitiglari: matn va uning tarixiy talqini” kitobida Oʻzbekiston hududidan aniqlangan bir qator yodgorliklar qayta koʻrib chiqildi. Unda Fargʻonadagi Loʻmbitepa yozuvi bilan bir qatorda Qashqadaryo viloyatining Podayotog‘ va Chashmimiron hududlaridan topilgan bitiklar ham tadqiq qilindi (Содиқов 2004).

2006-yilda N. Rahmonov va B. Matboboyevning “Oʻzbekistonning koʻhna turkiy-run yozuvlari” risolasi nashr etildi. Bu Oʻzbekiston hududidan aniqlangan turk-run yozuvlariga maxsus bagʻishlangan dastlabki alohida kitob edi. Mualliflar Quvadan topilgan bir necha matnning deshifrovkasini taklif qildi, Munchoqtepa nekropoli va Loʻmbitepadan chiqqan yozuvlarni koʻrib chiqdi (Раҳмонов, Матбобоев 2006, б. 16–19, 33, 37–39). Kitob Oʻzbekiston turk-run materiallarini birinchi marta alohida milliy korpus sifatida jamlab taqdim etgani bilan ahamiyatlidir.

O.F. Sertkaya 2008-yilda dunyodagi turk-run yodgorliklarini inventarizatsiya qilish masalasiga bagʻishlangan maqolasida Oʻrta Osiyo topilmalarini ham alohida hisobga oldi. U avvalgi kataloglarni yangi nashrlar bilan toʻldirib, Oʻzbekiston va Tojikiston hududidagi bitiklar soniga aniqlik kiritishga harakat qildi (Sertkaya 2008, s. 7–34).

2011-yilda A. Kubatin “Özbekistanʼda Bulunan Bazı Eski Türk Yazıları Üzerine” maqolasida Oʻzbekiston hududidan maʼlum boʻlgan bir qator bitiklarning oldingi oʻqilishlarini qayta koʻrib chiqdi. Muallif Quvadagi qisqa epigrafik matnlarning ayrimlarini yangicha talqin qildi, oldingi tadqiqotchilar taklif qilgan oʻqilishlarni tanqidiy qiyosladi (Kubatin 2011, s. 465–466). Oʻsha yili F. Maqsudov va G‘. Boboyorov turk-run yozuvining kelib chiqishi masalasiga bagʻishlangan tadqiqotlarida bu alifboni soʻgʻd yozuvi va qadimgi turkiy tamgʻalar bilan qiyosladi (Maksudov, Babayar 2011, s. 473–488).

2013-yilda G‘. Boboyorov Qozogʻistonda chop etilgan “Zapadniy Tyurkskiy kaganat. Atlas” kollektiv kitobda Oʻzbekistonning qadimgi turk yozuvlariga maxsus bob bagʻishladi. Unda Fargʻona, Qizilqum va mamlakatning boshqa hududlaridan topilgan bitiklar jamlandi (Бабаяров 2013, с. 567–578). Ushbu maqola muallifi Fargʻona vodiysidan topilgan turk-run yozuvlarini qayta koʻrib chiqib, yangi oʻqilish va talqinlarni taklif qildi, ularning ayrimlari ilmiy hamjamiyat tomonidan qabul qilindi (Асанов 2020, б. 49–55). Keyingi tadqiqotlarda Markaziy Osiyo bitiklarini faqat bugungi siyosiy chegaralar yoki anʼanaviy guruhlarga boʻlish oʻrniga tarixiy, joʻgʻrofiy va paleografik belgilarni birgalikda hisobga oluvchi tasnif taklif qilindi. Bu tasnifda Oʻzbekiston hududidagi bitiklarning asosiy qismi Fargʻona, Choch va Soʻgʻd kabi tarixiy-madaniy areallar bilan bogʻlab koʻrildi (Асанов 2022, б. 40–56).

Xulosa

Yuqorida keltirilgan maʼlumotlar Oʻzbekistonda turk-run yozuvlarini oʻrganish boʻyicha mavjud ilmiy anʼanalarni toʻliq aks ettirmaydi. Bu maqolada faqat Oʻzbekiston hududidan topilgan yodgorliklar tilga olindi. Ayni paytda oʻzbek olimlari Oʻrxun-Enasoy bitiktoshlari boʻyicha ham tadqiqotlar olib bormoqda. Bu bitiktoshlar, shuningdek, qadimgi turkiy tilning qator yirik yodgorliklari oʻzbek tiliga tarjima qilinib, chop etilgan. Bu Oʻzbekistonda yaxshi turkologiya maktabi shakllanganini koʻrsatadi.

Afsuski, Oʻzbekistonning oʻzidan topilgan yodgorliklar hozircha ancha qisqa matnlardan iborat. Bunday matnlar asosida bugungi Oʻzbekiston hududida VI–IX asrlarda turkiy tilning qanday oʻziga xosliklari boʻlganini tiklash, ulardan muhim tarixiy, ijtimoiy va madaniy maʼlumotlar chiqarib olish juda qiyin. Ammo bunday yodgorliklar borligining oʻzi Oʻzbekiston ham dasht runik alifbolari tarqalgan keng hududga kirishini isbotlaydi.

Eldar Asanov, PhD

OʻzR FA Antropologiya instituti

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Alimov R. Kırgızistan, Kazakistan ve Özbekistanʼdaki Göktürk Yazıtları (tavsif, transliterasyon, transkripsiyon, tercüme ve sözlük). Yüksek lisans tezi. – İstanbul: İstanbul Üniversitesi Sosyal Bilimler Enstitüsü, 2000.

2. Kızlasov İ. L., Buteyev B., Yıldırım S. Fırat Nehri Kıyısındaki Türk Runik Yazıt. Dini Gerçekleri Denetlemede Güney Sibirya Yöntemi // Türk Dünyası İncelemeleri Dergisi. 2020. 20/1. S. 219–230.

3. Kubatin A. Özbekistanʼda Bulunan Bazı Eski Türk Yazıları Üzerine // Ötükenden İstanbulʼa. Bildiriler. İstanbul, 2011. S. 465–466.

4. Maksudov F., Babayar G. Eski Türk Yazısının Menşei Üzerine Bazı Düşünceler // Ötükenden İstanbulʼa. Bildiriler. İstanbul, 2011. S. 473–488.

5. Sertkaya O.F. Göktürk (Runik) Harfli Yazıtların Envanter, Alfabe ve Bibliyografya Problemleri Üzerine // Dil Araştırmaları. 2008. Cilt 2. Sayı 2. S. 7–34.

6. Tombuloğlu T., Babayar G. Fergana Bölgesiʼnde Yeni Bulunan Köktürk Yazıtı Üzerine // Uluslararası Sosyal Bilgilerde Yeni Yaklaşımlar Dergisi. 2022. 6 (2). S. 395–417.

7. Асанов Э. Ўрта Осиё туркий-руник битикларининг тили. Фил. PhD дисс. – Т., 2022.

8. Асанов Э. Фарғона водийсидан топилган турк-рун ёзувлари ҳақида // Фарғона водийси тарихининг долзарб муаммолари. Конференция материаллари. – Наманган, 2020. Б. 49–55.

9. Бабаяров Г. Древнетюркские надписи Узбекистана // Западний Тюркский каганат. Атлас / Отв. ред. А. Досымбаева, М. Жолдасбеков. – Астана: Service Press, 2013. С. 567–578.

10. Бернштам А.Н. Древнетюркские рунические надписи из Ферганы // Эпиграфика Востока. 1956. Вып. XI. С. 54–58.

11. Булатова В.А. Руническая надпись на хуме из Ферганы // Общественные науки в Узбекистане. 1965. № 8. С. 60–62.

12. Васильев Д.Д. Памятники тюркской рунической письменности азиатского ареала // Советская тюркология. 1976. № 1. С. 71–81.

13. Германов В.А. Туркестанский кружок любителей археологии: примат науки или геополитики? // Вестник Каракалпакского отделения АН РУз. 1996. № 1. С. 90–97.

14. Горшенина С. Туркомстарис – Средазкомстарис – Узкомстарис: формирование институций и этноцентрический раздел культурного наследия Средней Азии // Этнографическое обозрение. 2012. № 1. С. 52–68.

15. Заднепровский Ю.А. Тюркские памятники в Фергане // Советская археология. 1967. № 1. С. 270–274.

16. Исҳоқов М., Содиқов Қ. Янги топилган битиг талқини // Ўзбекистон адабиёти ва санъати. 1993. № 27. Б. 3.

17. Кабанов С.К. Археологические находки на Фархадстрое // Известия АН УзССР. 1948. № 5. С. 71–81.

18. Кызласов И.Л. Рунические письменности Евразийских степей. – М.: Восточная литература, 1994.

19. Кляшторный С.Г. Наскальная руническая надпись в Кызылкумах // Полевые исследования Института этнографии, 1976. М., 1978. С. 173–174.

20. Массон М.Е. К истории открытия древнетурецких рунических надписей в Средней Азии // Материалы Узкомстариса. Вып. 6–7. М.–Л., 1936. С. 5–15.

21. Оськин А.В. Новые находки петроглифов в Кызылкумах // Полевые исследования Института этнографии, 1976. М., 1978. С. 166–173.

22. Раҳмонов Н. Яна бир Қува битиги // Ўзбекистон овози. 1999. № 34. Б. 4.

23. Раҳмонов Н., Матбобоев Б. Кўҳна Қува битиглари // Ўзбекистон овози. 1999. № 14. Б. 4.

24. Раҳмонов Н., Матбобоев Б. Кўҳна сағанадан топилган туркий ёзув // Ўзбекистон овози. 2000. № 86. Б. 3.

25. Раҳмонов Н., Матбобоев Б. Ўзбекистоннинг кўҳна туркий-рун ёзувлари. Т.: Фан, 2006.

26. Саидов М., Насриддинов Ш. Наманган вилоятидаги янги археологик топилмалар // Ўзбекистон археологияси. 2022. № 1 (26). Б. 89–96.

27. Содиқов Қ. Кўк турк битиглари: матн ва унинг тарихий талқини. – Т.: Тошкент давлат шарқшунослик институтининг кичик босмахонаси, 2004.

28. Тенишев Э.Р. Тюркская руническая надпись из Кувы // Восточная филология. Вып. 3. Тбилиси, 1973. С. 263–265.