Oʻzbek xalqi azaldan saxovat, himmat, olijanoblik, mehr-muruvvat kabi ezgu fazilatlari bilan ajralib turgan. Ammo bugun ayrim yurtdoshlarimizda bizga yot illatlar bosh koʻtargandek... Galdagi davra suhbatimiz ishtirokchilaridan milliy fazilat va nuqsonlarimiz haqida soʻradik.
Ozod MOʻMIN XOʻJA,
yozuvchi:
– Oʻzbek xalqi toʻgʻrisida fikr yuritsak, yuksak ijobiy fazilatlari koʻpligiga amin boʻlamiz. Masalan, kattalarni hurmat qilish, koʻrishganda darhol salom berish, andishalilik, bagʻrikenglik va halollik. Shuningdek, notanishlarga ham yordam berishga intilish. Lekin guruchning ichidagi kurmak kabi vakillarimiz ham mavjud. Ular ota-ona va ustozlaridan yaxshi tarbiya olmaganlar, bilimlari davrimiz uchun yetarli emas, suhbatlashish madaniyatidan bexabar va mantiqiy fikrlash ularga begona.
Ayniqsa, internet olamida qandaydir “dono”ning soʻzlarini ilib olib, oʻshaning gapini toʻtiqushdek takrorlashni va asosli monelik bildirilsa, nima deyishga tili aylanmay, haqoratga oʻtuvchi nusxalar ham ancha topiladi. Bularning barchasi mulohaza qilish qobiliyatidan mosuvolik va yetarli savod chiqarmaganlik tufaylidir.
Koʻproq ayollarimizga tegishli yana bir jihatni aytib oʻtishim kerak. Goho hayron qolaman: nega ular imkoniyat yetarli boʻlmasa-da, katta-katta qarzlar olib, oʻz qoʻshnilaridan oʻtkazib toʻy qilishni sevishadi, keyinroq deyarli kerak boʻlmaydigan dabdabalarga mukkalaridan ketishadi? Bu holatlar yoshlarga baxt beradimi?
Maqsud JONIXONOV,
jurnalist:
– Xalqimizning juda koʻp yaxshi xislatlari bor. Qoʻli ochiqlik, bagʻrikenglik, rahmdillik. Oʻzbek qishloqda yashaydimi yoki shahardami – farqi yoʻq: bir-birining holidan xabardor. Koʻrinmay qolsa, yoʻqlab boradi, toʻy qilsa, astoydil xizmatga shaylanadi. Musibat kunlarda ham qoʻshnisi uchun uch kunlab bel bogʻlab turadi, dardiga sherik boʻladi. Yetti yot begona ham tobut yelkalab ketayotganlarni koʻrib qolsa, jamoatga qoʻshilib “toʻrt oyoqlik choʻbin ot”ni koʻtaradi.
Soddaligini aytmaysizmi, nima desangiz ishonaveradi. Mana shu ishonuvchanlik, ayniqsa, bizga koʻp pand beradi. Oʻzi zoʻrgʻa kun koʻrayotgan boʻlsa ham, hammadan zoʻr toʻy beraman deb niyat qiladi, oqibatda qarzdan boshi chiqmaydi.
Achchiq boʻlsada aytay: xalqimiz orasida oʻgʻliga: “Oʻqib, goʻr boʻlarmiding”, qiziga: “Oʻqib, shahar olib berarmiding”, deb ularning qiziqishini yoʻqqa chiqaradigan, bolasini bozorlarda arava sudrashga, koʻkat sotishga mahkum etgan ota-onalarning ham borligi eng katta tashvishimiz.
Birlashmaslik, gʻiybat, koʻrolmaslik, hasad kabi illatlar ham bizga koʻp yopishgan. Agar shu mehnatkashligi, bardoshliligiga jipslashuv, ilm, salohiyat va jurʼat kabi jihatlar qoʻshilganda edi, bizning millatimizga yetadigani boʻlmas edi.
Goʻzal ROʻZIYEVA,
shoira:
– Biror savol atrofida oʻyga tolarkansan, avvalo tarixga yuzlanish toʻgʻriroq boʻladi. Negaki, oʻtmish bilan yuzlashish, uni bugun bilan solishtirish asnosida zamonga haqqoniyroq baho beradi odam. Va mana shu nuqtada ajablanarli, balki ogʻriqli oʻy kechadi qalbingdan: bundan atigi oltmish-yetmish yil avval ham oʻzbek desa koʻz oldingda koʻproq bir soʻzli, mard, hamiyatli, himmatli va bagʻrikeng, ogʻir damda suyansa boʻladigan, eslansa koʻngling toʻq boʻladigan butun inson gavdalanardi.
Bugun-chi, bugun oʻzbek deganda bayram yo hayit kunlari narxlarni kamida bir barobar qimmatlashtiradigan doʻkonlar, yoʻl kirani “Benzin yoʻq, dovonda qor yogʻyapti” kabi bahonalar bilan ot bilan tuyaning narxiga tenglashtirib qoʻyadigan haydovchilar, elektr energiyasida arzimagan uzilish boʻlib chiroq oʻchsa, bir-necha soatda yonib tugaydigan shamni haftalik elektr narxida pullaydigan ucharlar koʻz oldingga keladigan boʻlib qolgan. Kecha internet tarmogʻida koʻrganim videotasvir esa bu kabi tasavvurni yanada xiralashtirib yuboradi.
Xullas, toʻrt-besh “azamat” yoshi taxminan 17-18 yoshli qizga ikki qop un orqalatib videoga olishibdi. Qiz esa, chindan ham, ikkita ellik kilolik (!) qopni yelkasida koʻtarib omborga tashiyapti. “Polvon qiz-da bu”, deya haybarakalla qilib videoga olganlar esa xandon otib turganini koʻrib, qonim miyamga yugurgandek boʻldi. Bizga nima boʻlyapti, oʻzi? Koʻksimni changallab oʻsha tasvir ostidagi izohlarni oʻqidim, yigitlarni qoralaganlar koʻp boʻlsa-da, “Gender tenglik shu-da”, deya balki rostakamiga, balki kesatiq bilan yozilgan fikrlarni ham oʻqidim, nahotki gender tenglikni shunday tushunyapmizmi? Achchiq boʻlsa-da, bu haqiqatga aylanyapti. Oʻzbek desa, koʻkragingni toʻldiradigan butun tuygʻular kemtiklashgandek, uni ayovsiz nimadir tinimsiz kemirib borayotgandek. Agar bu millatning ertasi bizga kerak boʻlsa, oʻsha kemtiklikni toʻldirishimiz kerak. Aks holda, kech boʻlishi mumkin.
Sirojiddin IBROHIM,
publisist:
– Yelkasidan chim koʻkargan ajdodlarni tinch qoʻyib, oʻzim bir vakili boʻlgan bugungi oʻzbeklar haqida gapirsam. Shubhasiz, butun xalqqa umumiy baho berish toʻgʻri boʻlmaydi, lekin xalqning asosiy qismida boʻrtib koʻringan jihatlar bor, bu xususida esa fikr aytish mumkin.
Mehribonligu olijanoblik fazilati bilan tilga olinadigan xalqimiz bugun ayni xislatlarini qay darajada saqlab qolgani savol ostida turibdi. Chunki axborot maydonida bir kunda oʻnlab holatlar – bolasini sotgan, bir-birini oʻldirgan, oʻzganing haqini yegan, turli-tuman jinoyatga qoʻl urgan odamlar haqidagi xabarlar chiqib turibdiki, beixtiyor boshingiz xam boʻladi.
Tafakkur qilishdan qolganga oʻxshaymiz. Goʻyo bu ishni ham biz uchun bobolarimiz uddalab qoʻygandek. Isbot soʻrasangiz, ana, bugun ommaviy tarzda xalqimizni qanday mavzular qiziqtirayotganiga bir qarab qoʻysangiz, fikrim uchun yoqamni yirtishingizga oʻrin qolmaydi.
“Vo ajab, qay bir zot oʻz umri qolib,
Mening qadamimni oʻlchab yuribdi...”
Shoir yozganidek, ayrimlarimiz birovning shaxsiy hayotini taftish qilib, undan bir kamchilik topib, elga doston qilishdan uyalmaymiz. Ayrim millatdoshimizning qoʻlida “iymonometr” uskunasi bor, bir-birini va qolganlarni jannat yo doʻzaxga tushishini hal qilib tashlaydi. Ularning qarshisiga chiqib, shaxsiy rivojlanish, ijtimoiy foydali ish haqida gapirish, mustahkam devorni peshonangni urib qulataman deb urinishga oʻxshaydi.
Maʼmura ZOHIDOVA,
adiba:
– Oʻzi mansub xalqdan gʻururlanmagan kishi boʻlmasa kerak. Har bir oʻzbek qoniga singib ketgan yaxshilik, andisha, saxovat, mehribonlik kabi fazilatlar milliy oʻzlikni saqlab kelyapti. Toza eʼtiqod va mustahkam oilaviy munosabatlar oʻrnatilgan muhitda kamol topgan farzandlar orasida qomusiy bilimga ega boʻlib, turli sohada katta kashfiyotlar qilgan olimlarning salmoqli qismi bizning millat vakillariga toʻgʻri keladi.
Oʻzbek odamiylikdan dunyoga dars berishi mumkin. Andishalilik eng yaxshi fazilatimiz. Hayotda koʻrdimki, yoshi katta yoki yuqori lavozimli kishilarning ham kamchiligini xolis tushuntirib aytsangiz, toʻgʻri qabul qiladi.
Oʻzbek oʻzida bor narsaning qadriga koʻpda yetavermaydi. Undan koʻra oʻzgalarga mahliyolik kuchli. Shu darajada hayratga tushamizki, oʻzimizdagi odatlar, tutumlar, hatto soʻzlar bizga kulgili tuyuladi. Biz boshqalarning odatlari, xatti-harakatlaridan juda tez ulgi olamiz.
Oʻzbek qanday sharoitda boʻlmasin, bolasining oʻqib ilmli boʻlishini istaydi. Bu istak qadim bobolar qonidan oʻtib kelgan. Lekin farzandning bilim olishiga ragʻbat koʻproq kelajakda boy-boyvachcha boʻlishini maqsad qilgan holda beriladi. Natijada, afsus bilan aytish mumkinki, keyingi yillarda koʻp sonli oʻzbeklar tom maʼnoda ehtiyoj kishisiga aylandi. Loqaydlik avj oldi. Ilohim, chinakam boylikning salomatlik va ilm ziyosida ekanini anglaydigan, dunyo moddiyatiga ruju qoʻymaydigan insonlar oramizda koʻpaysin.
Shavkat HAMDAMOV,
“Toʻra buva” jome masjidi imom-xatibi:
– Ramazon kelsa, jannat darvozalari ochilib, jahannam eshiklari yopilib, shayton va jinlar kishanlanadi. Bu oyning eng katta fazilati – mehru shafqat, saxovat va ehson ulashishdir. Kimki bu oyda oʻzini muhofaza etib, iymon-eʼtiqod bilan ibodat qilsa, Alloh uning barcha oʻtgan gunohlarini mahfirat aylar ekan. Baʼzida koʻramizki, Ramazon oyida ham ichadigan ichaveradi, uradigan uraveradi, chekadigan chekaveradi. Lekin agar oʻzimiz maʼnaviy tarafdan sobit turadigan boʻlsak, bunday illatlar bizga yaqin yoʻlamaydi.
Imkon qadar yaxshilik qilishga ulgurib qolmoq kerak. Dono xalqimiz aytganidek, suvga tashlang baliq bilsin, baliq bilmasa Xoliq bilsin. Agar kimgadir yaxshilik qilgan boʻlsangiz, bir umr shu odam ortingizdan rahmat deb yurishini kutmang. Buni Yaratgan bilsin va mukofotini ziyodasi bilan bersin.
Siz ham bahsimizga qoʻshiling. Milliy fazilatlarimiz va illatlarimiz haqidagi fikrlaringizni quyida qoldirishingiz mumkin.
Nodira IBROHIMOVA
oyina.uz