Yaqin kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda muzey haqida turli gap-soʻzlar tarqay boshladi, xabaringiz bormi? Qaysi muzey, deysizmi?.. Oʻzimizning dilga yaqin Adabiyot muzeyi-da! Xoʻsh, desangiz, ushbu muzeyning butun jihozlar-u eksponatlarini Toshkentning har turli binolari yertoʻlasiga koʻchirib oʻtkazishibdi-da, bu binoni taʼmirlashga kirishishibdi! Yaxshi-ku!
Yaxshilikka yaxshi-ya, illo bir gʻavgʻosi bor-da! Nima sababdan? Taʼmirlash bahonasida koʻchirishadi-da, soʻng... Nima, soʻng? Muzey yoʻq, tamom vassalom! Dodingizni kimga aytasiz?!
Yoʻg‘-e! Kimsan bizning davlatda unday koʻzboʻyamachiliklarga yoʻl qoʻyilmaydi. Aslo, zinhor! Oʻzim oʻz qulogʻim bilan eshitdim. Nimani?
Toshkent shahar hokimi Shavkat aka Umrzoqov shu xabardan figʻoni falakka chiqib ketibdi.
–Shahar hokimini taniysizmi?
–Taniganda-chi! U kishini hokimlik vazifasiga kirishgan kuni moʻysafidlar qatorida duo qilganlar qatorida boʻlganman. Yaxshi tilaklar aytganman. Ajoyib inson! Ana oʻsha inson:
– Adabiyot muzeyi hech qayoqqa koʻchmaydi, bu – men eng yaxshi koʻrgan muzey debdi.
Ola-a!
Ha, shunday debdi. Toshkent Yuridik institutida oʻqigan kezlari, oliy oʻquv yurti domlalari, baraka topsin, talabalarni haftasiga muzeylarga olib borgan ekan. Shundan Shavkat Umrzoqovning Adabiyot muzeyiga ixlosi baland ekan.
Ofarin-n!
Tagʻin nima debdi deng? Nafaqat avvalgi binosi, balki hazrat Navoiy orqa qilib turgan qadimiy bino bor-ku, choʻzili-ib tushgan. Oʻshani boshidan oxirigacha bus-butun Oʻzbekiston Adabiyot muzeyiga olib beramiz, debdi. Maydoni bilan! Alisher Navoiy haykalidan boshlanadigan ushbu maskan Adabiyot muzeyi emas, Adabiyot qoʻrgʻoniga, shaharchasiga aylanadi, debdi.
Ofari-n-n! Bu gap davlatimiz Rahbariga ham rosa yoqishi muqarrar! Axir oʻzbek adabiyoti dunyo xalqlari orasida eng qadimiy, eng nufuzli adabiyotlardan! Buni shahar hokimi ham, binoni buzish-taʼmirlash xayoliga kelgan yana allakimlar ham yaxshi bilishadi!
Bokuda koʻrgan ekan Adabiyot muzeyini, oʻshandan ham oʻtkazib yuboramiz debdi.
E, otasiga rahmat hokim buvaning! Ishqilib, farishtalar omin desin-da!..
Poytaxt hokimi kichkina odam emas, tagʻin, muzeyga ixlosi baland hokimni qayerda koʻrgansizlar?! U oʻzimizning odam, adabiyot odami. Millat odami!
Ezgu niyat ila Xurshid DOʻSTMUHAMMAD,
adib.