I. Kim bizni ekspluatatsiya qilmoqda?
Ertalab uygʻonasiz – telefon sizdan oldin, allaqachon uygʻongan. Bildirishnomalar, uzundan-uzun “bugun qiladigan ishlarim roʻyxati”, ish, oʻqish – hammasi sizni kutmoqda, biroq vaqt qisqadek tuyulaveradi. Siz ishlaysiz, oʻrganasiz, yozasiz, ammo ichingizda yulib tashlolmaydigan bir his bor: “kurash hali tugamadi!”
Bugun hech kim bizga “ey qul, ishla!” demaydi yoki ishlamasak, oʻlim bilan qoʻrqitmaydi. Shunday boʻlsa-da, hammamiz bandmiz, charchaganmiz va baribir “nimadir yetishmayapti” degan ichki tuygʻudan qocholmaymiz. Shunda savol tugʻiladi: kim bizni ishlatmoqda?
Koreys-nemis faylasufi Byung-Chul Han bu savolga keskin javob beradi: bizni boshqa birov emas, oʻzimiz ekspluatatsiya qilayapmiz. Uning “Ezilgan jamiyat” (The Burnout Society) nomli asari bugungi zamonaviy insonning paradoksal jihatini ochadi: hokimiyat endi tashqarida emas, ichimizda yashaydi. Biz endi boshqa birovning majburiyati bilan emas, oʻz ichki “motivatsiya”miz orqali charchaymiz. Han bu holatni “oʻz-oʻzini ekspluatatsiya qilish” deb ataydi. Shunday qilib, inson oʻz-oʻziga ham xoʻjayin, ham qulga aylandi. U oʻziga buyruq beradi, oʻzi bajaradi, oʻzi charchaydi va shu charchoqni “rivojlanish” deb oʻylaydi.
Bu maqolada biz Hanning fikrlarini tahlil qilamiz va qanday qilib erkinlik charchoqqa aylangani, nima uchun diqqat yoʻqolgani va bu davrdan inson qanday qilib chiqib ketishi mumkinligini muhokama qilamiz.
II. Ijobiylik zoʻravonligi