Ushbu mulohazalar Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy axborot vositalari universiteti rektori Sherzodxon Qudratxoʻjaning ijtimoiy tarmoqlardagi oʻzbek tili haqidagi chiqishlari va unga rossiyalik Yevgeniy Primakovning bildirgan eʼtirozidan soʻng qogʻozga tushdi.

Bugun insoniyat dunyoda yiliga oʻndan ziyod til yoʻqolib borayotgan, mamlakatlar oʻrtasidagi chegaralar va dunyo xaritasining rangi oʻzgarayotgan, millatlar globallashuvning salbiy jihatlarini (xuddi tanaga quvvat beruvchi malhamdan yuz burib, vujudini toliqtiradigan, tez qaritib ado qiladigan sunʼiy shirinlikka oʻch bolakay singari) oʻzlashtirayotgan murakkab jarayonni boshdan kechirmoqda. Oʻzidan, kelajagidan umidi bor xalqlar bu vaziyatda eng avvalo oʻz ona tilini, til orqali milliy ruhini, yuksak ruhiyati tufayli esa mustaqilligini asrab qolish uchun kurashayotir. Ming turli reklamalar, taklif etilayotgan xizmatlar, liboslar, hatto taom turlari shaklida boshqa xalqlarni oʻziga qaram qilish avjga chiqdi. Urushning bir-biriga oʻq otmasdan turib sodir etiladigan mugʻombirona tarzi urfga kirdi.

Shu asnoda bugungi vaziyatimiz haqida ham ikki ogʻiz gap aytib oʻtish zarur.

Oʻz tilini unutgan, unutayotgan, unutishga moyil, oʻzi mansub tilning ustidan kuladigan kishida hech qanday or-nomus yoʻq, bunday kimsaning hech qanday muqaddas narsasi boʻlmaydi. Jamoat joylarida, turli yigʻinlarda ruscha, turkcha gapirib, oʻzbekcha savolga ham ataylab ruscha javob qiladigan oʻzbeklarni ham koʻrib qolamiz. Bundaylar yoshlarimiz orasida ham bor. “Men falon xorij tilini oʻrganyapman, shunga shunchami?” deydiganlar ham topiladi. Ammo aslida unday emas. Oʻz tilidan uyaladi ular, oʻrischa yoki turkchi gapirsa aqlli, zamonaviy boʻlib qoladigandek hisoblashadi oʻzlarini. Bu yoshlarning bu ahvoliga ham kattalar aybdor. Negaki, bolani tili aya-dada, deb chiqqan kundanoq rus, ingliz tilidagi bogʻchalarga, keyinroq rus maktablariga beryapmiz. Bola qaysi tilda gaplashishni oʻrgansa, oʻsha tilga mansub xalqning ruhida ulgʻayishini hisobga olmayapmiz. Shaxsiy tajribadan ayonki, xorijiy tilni, kompyuter texnologiyalarini, zamonaviy ilmlarni oʻrganishga kech qolmas ekan odam, ammo oʻzbeklik, milliy maʼnaviy qalbda jamgʻariladigan ilm – Oʻzlikni oʻz vaqtida oʻzlashtirmasa, keyin juda kech boʻladi. Xoʻrozqand chet elniki boʻlsa, yotib yalashni xush koʻradigan tabiatli kishilar soni ortib ketyapti. Ana shu kabi odamlar orasida ulgʻayayotgan yigitchaga “Eng katta orzung nima?” deb savol bersangiz, u ikkilanmay “Grinkard yutib, Amerikaga ketish” deb javob beradi. Butun hayoti koʻz oldida yastanib turgan oʻsmirning orzusi grinkard. Pul topish, koʻproq topish... shu bilan orzu tugayapti. Katta odam boʻlish, kimlargadir foydasi tegish, vatanga xonisanillo xizmat qilish degan gaplar bu yigitchaga kulguli tuyulayapti. Bu sekin taʼsir qiluvchi ogʻudek asta-sekin, xalqni ichkaridan yemirib boradi.

Gapirsa – gap koʻp!

Sherzodxon Qudratxoʻjaning oʻzbek tiliga hurmatsizlik qilmaslik lozimligi toʻgʻrisidagi chiqishini men bir soʻz bilan ifodaladim: U oʻz haqini talab qildi! Oʻzbekiston degan vatanda turib, davlat tili boʻlgan oʻzbek tiliga bildirilgan sovuq munosabatni ichkuyarlik bilan baholadi u.

Sobiq SSSR davrida yozilgan tarixga suyanib, shu kitoblardan iqtibos olib yashayotgan, hanuz nelarnidir qumsayotgan kishilar oddiy xalq maqolini yodga olishi kerak: Oʻtgan qishning sovugʻi yoʻq!

Bu ibora yodimizga parchalanish arafasida turgan Shoʻro imperiyasining mazlum oʻlkalarga qilgan oxirgi qatagʻonlarini eslatishi shart. Ruscha bilmagan kishi ishga olinmagan, hatto jamoat transportidan tushirib yuborilish darajasiga yetgan, xalqning neki milliy qadriyati boʻlsa, toptalgan (janoza, Navroʻz, namoz va hokazo...) bir davrni koʻrgan kishilar hali keksayib ham ulgurgani yoʻq.

Mamlakatlar oʻrtasidagi siyosiy-iqtisodiy, madaniy aloqalar bardavom va adolatli boʻlishi lozim. Buning uchun har kim oʻzi tanlagan yoʻli va pozitsiyasiga ega, shunda sobit boʻlish shart. Hali dunyoning koʻplab davlatlari xaritadan joy olmagan paytlarda oʻzbek tilida asarlar bitilgani, tarix yozilganini va mustabid davr juda katta oltin merosni yoqib-kuydirib, soxtalashtirib yoʻq qilganini bilish har bir oʻgʻil-qizga ham farz, ham qarzdir.

Shu narsalarni bilmay turib esa gʻurur yuksalmaydi, oʻzini hurmat qilish hissi qoʻzgʻolmaydi. Bu narsani ayniqsa, millat ziyolilari, qolaversa bolasini rus maktabiga pul berib boʻlsa ham joylab qoʻyayotgan kishilar bilishi zarur.

Oʻz-oʻzidan savollar tugʻiladi: Nega Sherzodxon Qudratxoʻja domlaning ikki ogʻiz gapi ayrim bosqinchilik ruhidagi rus siyosatchilariga malol keladi, nega birgina Shahidlar xiyobonida qatl etilgan 14 yarim mingdan  ziyod (!) oʻzbekning gavhardek farzandlarining tarixi oʻrganilsa, ular xizmat qilgan til himoya qilinsa birovlarga ogʻir keladi?

Bu savollarga xalqimizning ziyolilari, bogʻchadagi tarbiyachidan, muallimdan tortib adib-u shoirlarigacha oʻz javobi boʻlishi zarur. Qachongacha Shayboniy yomon, Mirzo Bobur yaxshi, Qodiriy yaxshi, uni qamatganlar yomon, deb tarixni noqobillik bilan kovlab, oʻzlikning, millatning yaxlitligini xavf ostida saqlash kerak? Buning oʻrniga yakka musht boʻlib dunyoga – boʻlayotgan turli tahdidlarga javob izlash kerak emasmi?

Xulosa shulki, Sherzodxon Qudratxoʻjaning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishini oʻzbekona oriyat bilan qabul qilish, qoʻllab-quvvatlash zarur!

Shodmonqul SALOM,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir