Umrida bir bor boʻlsa ham har insonning qalbidan shunday savol oʻtadi: “Men kimman? Qanday yashayapman? Bu dunyoga kelishimdan maqsad nima?”. Ana shu savollar insonning oʻzini anglash yoʻlidagi ilk mujdalardir. Bu yoʻl koʻrinadiganidan ancha chuqur va mafhum, chunki oʻzini anglash degani faqat ism yoki jins, millat, kasb haqida bilish emas, balki ruhiy, maʼnaviy va ilohiy oʻzlikni his qilishdir. Zamonaviy til bilan aytganda, oʻzlikni anglash – faqat shaxsiy identifikatsiya emas, balki ruhiy uygʻonish, odamiylikni, borliqni va Yaratuvchini anglash jarayonidir.
Dunyo yaralibdiki, inson oʻzi haqida oʻylaydi, oʻzligini topishga intiladi. Uning aynan oʻzi haqda mushohada yuritishi yaralish va tiriklik sababi boʻlmish ilohiy mohiyatni anglashga yoʻl ochadi. Ammo hamma ham bunday baxtga muyassar boʻlolmaydi. Oʻzlikni anglash saodati, mubolagʻasi bilan aytganda, barmoq bilan sanarli insonlarga nasib qiladi. Aslini olganda butun borliq – oʻn sakkiz ming olamni Alloh taolo oʻzini tanitish, oʻzligini anglatish uchun bunyod qildi. Shuning uchun ham u zot hadisi qudsiylaridan birida “Men bir yashirin xazina edim, oʻzimni tanitmoq uchun dunyoni yaratdim” deydi. Xoʻsh, Tangri taoloni qanday taniymiz? Bunga nabaviy xabardan javob topish mumkin: “Kim nafsini (oʻzini) tanisa, Rabbini tanibdi”. Demak, insonning bashariy oʻzligi bevosita ilohiy oʻzlikka bogʻliq ekan. Zero, ilohiy kalomda aytilganidek, Parvardigori olam odamni yaratar ekan, uning tuproqdan boʻlgan jasadiga oʻz ruhidan “puflaydi”, yaʼni jon ato etadi. Demak, bashariy oʻzlik ilohiy oʻzlikdan begona emas.
Muqaddas kitoblarda keladiki, Tangri taoloning jon ato etgan jonzotlari uchga boʻlinadi:
1. Farishtalar. Ular Yaratganga toʻxtovsiz maqtovlar yogʻdirib, tasbeh aytishadi, unga soʻzsiz itoatda turishadi (ayrimlariga maxsus vazifalar ham berilgan boʻlib, qaysidir biri vahiy yetkazadi, boshqasi jon oladi va hokazo). Farishtalarda yemoq, ichmoq kabi jismoniy ehtiyojlarni qondirish, umuman olganda nafs degan tushuncha yoʻq.
2. Hayvonlar. Bu jonzotlarda faqat nafsoniy ehtiyojlar boʻlib, ular aql yuritish neʼmatidan bebahradir.
3. Insonlar. Oʻzida farishtalik va hayvonlik sifatini jamlagan mukarram yaratiq. Biz ayni shu xususiyatimiz – aql va nafsga egaligimiz bilan boshqa jonzotlardan ajralib turamiz. Shunga koʻra inson – sintezlashgan mavjudot. Agar aql-tafakkur yuksalsa, u farishtadan ulug‘ maqomga koʻtarilishi mumkin: malaklar narsalar nomini aytolmagan payt Odam Ato ularni birma-bir aytganda, Tangri taolo aynan ilmi sabab Odamni ulugʻlab, farishtalarni unga sajda qilishga buyurgani ilohiy kalom bilan sobit. Nafs qutqusiga uchib, hayvon qilmaydigan tuban ishlarni qilishga qodirligimiz ham inkor qilib boʻlmas haqiqatdir.
Bizning asl haqiqatimiz, chin oʻzligimiz aql va nafs mutanosibligini saqlay olishimizda. Tabiiyki, insondagi nafs hayvonlardagi nafsdan farq qiladi: odam bolasi nafsini oʻziga boʻysundirishi, tarbiyalashi, Qurʼonga koʻra aytsak, poklashi kerak. Zero, ilohiy kalomda nafsdan bahs yuritilarkan, barchasida insonga nisbat beriladi. Aslida arab tilida “oʻz” tushunchasi “al-nafs” soʻzi bilan ifodalanadi: arabcha “nafsi” – “oʻzim” demakdir. Demak, har bir insonning qanday ekani oʻzligi – nafsining inʼikosidir.
Sharq klassik adabiyoti va sanʼatida eng muhim hamda bosh mavzulardan biri oʻzlik masalasidir. Ibn Sinoning “Tayr qissasi”, Abu Homid Gʻazzoliyning “Risolai tayr”, Fariduddin Attorning “Mantiqut-tayr”, Jaloliddin Rumiyning “Masnaviyi maʼnaviy” asari uchun asos boʻlgan “Naynoma”si va “Fihi mo fihi”, Alisher Navoiyning “Lisonut-tayr” kabi mumtoz asarlarda ramz-u majozlar orqali “men”ni – oʻzlikni topishga daʼvatlar bor, bu yoʻldagi mashaqqat va yoʻqotishlar esa maʼnaviy-ruhoniy yuksalish, asl oʻzlikka yaqinlashish sifatida koʻrsatiladi.
“Masnaviyi maʼnaviy” quyidagi satrlar bilan boshlanadi:
Tingla naydin: ne hikoyat aylagay,
Ayriliqlardan shikoyat aylagay.
Men qamish erdim, kesib keltirdilar,
Nola chekdim, el hama oh urdilar.
Nay, Rumiyga koʻra, orif inson timsoli. Orif – maʼrifat sohibi boʻlgan zot, u olam va odam, tiriklig-u yoʻqlik, xoliq hamda maxluq kabi muhim tushunchalarni bor mohiyati bilan chuqur anglaydi, ularni teran mushohada qiladi. “Ayriliqlardan shikoyat” qilayotgan nay oʻzligi – qamishlik paytini juda qoʻmsaydi; orif inson ham oʻz asl vatani – ruhoniyat dunyosidan koʻchib, aziyat va ranj-u balolar maskani boʻlmish yerda qoʻnim topganidan yozgʻiradi. Bunday zotlar jisman zaminda boʻlsalar-da, ruhan ilohiy ruhoniyatga talpinadi.
Sharq falsafasi hamda tasavvuf taʼlimotida “oʻzlik” ikkiga boʻlib talqin qilingan. Birinchisi – jismoniy-bashariy oʻzlik, ikkinchisi esa maʼnaviy oʻzlikdir. Bashariy oʻzlik insonning savqi tabiiy, yaʼni tugʻma xususiyatlari, nafsoniy mayllari asosida shakllangani bois tasavvuf ahli uni tubdan isloh qilish, hayvoniy, shaytoniy hirslardan forig‘ boʻlgan, sayqal topgan bir “men”ni shakllantirish gʻoyasini ilgari surishgan. Shuning uchun ham bunga maʼnaviy jihatdan “ikkinchi tugʻilish” deb nom berishgan. Aynan shundan keyin insonda ikkinchi – maʼnaviy oʻzlik (“men”lik) shakllana boshlaydi. Bu “tugʻilish” asosan sayri suluk – tariqat yoʻlida komil pir yoki murshidning taʼlim-tarbiyasi orqali yuzaga keladi. Shu maʼnoda, ulug‘ turk mutasavvif shoiri Yunus Emro “Meni menda demang, menda emasman, Bir men bordir menda, mendan ichkari” deganda ana shu “men”ni nazarda tutgan.
Naqshbandiylik tariqatiga kirgan solik nafs mujodalasida oʻziga xos oʻn bir usulga tayanib ish tutmoqqa odatlantirilgan. Bu usul-yoʻl ilmda “rashha” deb ataladi. Shunday rashhalardan biri “Safar dar vatan” deb nomlanadi. Bu usulning bir qancha maʼnolari bor, ular tasavvufiy-irfoniy kitoblarda batafsil sharhlangan.
Bizningcha, “Safar dar vatan”ni yana shunday anglash mumkin: inson oʻz vujudini maʼnaviy bir vatan deb bilib, unda tez-tez safar qilib turishi lozim: koʻz halol boʻlmagan narsalarga boqmayaptimi, til gʻiybat va lagʻv(behuda gap-soʻz)dan yiroqmi, qadamlar margʻub va mandub joylarga yetaklayaptimi, eng asosiysi, qalb gunohlardan xarobaga aylanmayaptimi – shularning baridan boxabar boʻlish juda muhim. Bu, ilm tili bilan aytganda, oʻz-oʻzini taftish qilishning eng murosasiz, ammo eng zarur metodlaridan biridir. Shuning uchun mumtoz adabiyotda safar motivi oʻzlik konseptining mohiyatini yorqinroq ochib berishda muhim vositaga aylangan.
Masalan, “Lisonut-tayr”da musofir qushlar Semurgʻni izlab yoʻlga chiqadi. Bir qancha vodiylardan oshib oʻtadi, yoʻl mashaqqatiga bardosh bera olmagan baʼzi qushlar ortga qaytadi. Qolgan qushlar Semurgʻni jisman topishmagan boʻlsa-da, oxiri har biri oʻzining Semurg‘ ekanini anglaydilar.
Darhaqiqat, safar musofirni toblaydi, jism va ruhdagi maʼnaviy xomliklarni pishiradi. Qushlar ham safarga chiqib, zahmat-u mashaqqat chekmaganida oʻzliklarini – Semurgʻni topa olishmasdi.
Vujud, nafs, axloq, qalb va ruh ilmi oʻzlikni tanish, odamiylik mohiyatini kashf etishga ravnaq berganidek, tasavvuf adabiyotining rivojini ham taʼminlagan. Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy oʻzlik mohiyatini ochishda koʻp hollarda nafs, faqr, fano tushunchalariga tayanadi. U bir gʻazalida shunday deydi:
Qil oʻzlukung kesagin poymol birla gʻubor,
Yoʻq ersa balchig‘ oʻlur fisq suyi birla kesak.
Shoirga koʻra nafs qutqularidan xalos boʻlmagan oʻzlik “kesagin”i parchalash, chang-gʻuborga aylantirib yuborish lozim. Aks holda, fisq (axloqsizlik, buzuqlik, adovat) suvi kesakni balchiqqa aylantiradi hamda asl “men”lik botqoqqa gʻarq boʻladi.
Tasavvuf taʼlimotiga asosan fano (yoʻq boʻlish) soʻzi “men”lik shuuridan xalos boʻlish va “men”ning baʼzi sifat-u xususiyatlariga barham berish mazmunini ifodalaydi. Fano, shuningdek, nafsdan foniy boʻlish – qutulish, vuslat – Haq visoliga yetishishning asosiy sharti sanalgan. Shu bois Navoiy bir oʻrinda yozadi:
Kimki oʻzluk imoratin buzdi,
Boʻldi naqdi fano muzdi.
Ul imoratni buzmayin solik,
Boʻla olmas bu naqdgʻa molik.
“Oʻzluk imorati” deya shoir, shubhasiz, nafsni nazarda tutmoqda. “Oʻzluk imoratin” buzib, naqdi fanoni qoʻlga kiritish – bashariy-nafsoniy sifatlardan forig‘ yangi bir maʼnaviy “men”ga ega chiqishdir.
Tasavvuf nazariyotchilarining nuqtayi nazariga koʻra, bashariy “men” va “menlik”ning oʻrni, maqomi past, ikkinchisi – maʼnaviy “men”niki juda yuqori hisoblanadi. Chunki dastlabkisi bashariy, yaʼni jismoniy, moddiy, hayvoniy va nafsoniy oʻzlikdir. Ikkinchisi esa maʼnaviy, ruhoniy, gʻaybiy, malakiy sifatlarni oʻzida mujassamlashtirgan.
Fano aslida yoʻqni bor, borni esa yoʻq deb bilishdir. Chunki bor (va aslida ortiqcha) boʻlgan illatlar yoʻqolgan lahzada yoʻq (va eng muhim) maʼnaviy fazilatlar barpo boʻladi. Mavjudlik, yaʼni dunyo adam (yoʻqlikdan) yaralgan va yana yoʻqlikka yuz tutajak. Shuning uchun inson eng avvalo erishishda yoʻqotish, yoʻqotishda erishuv borligini anglashi zarur. Ana shunda u nimagadir bogʻlanib, maʼnan toʻxtab qolmaganidek, xom va oʻtkinchi maqsad, nafsoniy manfaat va iddaolar tuzogʻiga tushib, umrini gʻaflatda oʻtkazmaydi.
Shu maʼnoda, orif-u komil zotlar hur va faol “men”ni kamolga yetkazishga alohida diqqat qaratishganki, ular nafs taʼsiridan xalos boʻlmaguncha, soʻzlash yoki yozishdan koʻra sukut saqlashni afzal bilib, bunga qatʼiy rioya qilganlar. Shuning uchun ham ular “men” degan soʻzni istifoda qilishdan uzoq boʻlishgan. Chunki “men” baʼzida faqat oʻzni eʼtirof etish, oʻzgalarni nazarga ilmaslik suratida ham koʻrinish beradi. Shu bois ham “men (olovdan yaralganman)” degan Azozil oʻzligini yoʻqotib, Iblisga aylandi. Shu bois tasavvuf ahli orasida ujb degan illatdan ehtiyot boʻlishga qattiq harakat qilingan. Ujb – oʻz-oʻziga mahliyo boʻlish, oʻz-oʻzidan ajablanish, qilayotgan amallaridan kekkayishdir. Ujb sekin-asta manmanlikka, kibrga olib boradi. Buning natijasida inson oʻzidan boshqalarni koʻrmaydi, ularni pisand qilmaydi, faqat oʻzining shaxsiyati va amalini yuqori sanay boshlaydi. Kibr esa insonni maʼnaviy jihatdan halokatga yetaklaydi.
Yana Navoiyda shunday muhtasham bayt bor:
Desang falakka chiqay, foniy oʻl anosirdin,
Nedinki, ruhungdadir chormix bu toʻrtov.
Bu baytni teran anglamoq uchun birinchi misra soʻngidagi anosir soʻzi va uning mohiyatini yaxshiroq bilmoq kerak. Anosir – unsurlar demakdir. Qadimdan inson toʻrt unsur – havo, tuproq, suv, olovdan tashkil topgan deyiladi.
Bu toʻrt unsur nafaqat inson tabiati, balki butun olam tarkibini ham ifoda etadi deb qaraladi.
Tasavvufda ham insonning komillikka erishishi shu toʻrt unsurning uygʻunligi orqali amalga oshadi. Insonni “kichik olam” (olami sugʻro) deb atashgan. Bu degani, inson butun olamning bir kichkina namunasi – mikrokosmosdir. Ushbu unsurlarga tasavvufdagi maʼnaviy ramziylik nuqtayi nazaridan qarasak, quyidagi manzara hosil boʻladi:
Olov – iroda va ruhiy gʻayrat. Tasavvufda bu unsur “ishq” va “shavq” bilan bogʻliq. Masalan, Mavlono Rumiy aytadi: “Man otashi ishqam, na suxtam-u na so‘zandam...”. Olov – ichki ruhiy yongʻin, Haqni izlashdagi ulkan soʻzsiz chorlov. Bu unsur komil insonda basharning Allohga intilishi sifatida zohir boʻladi.
Suv – qalb va muhabbat. Suv – tasavvufda faqat jismni tozartiruvchi emas, balki “qalbni poklovchi” unsur sifatida ham talqin qilinadi. Suv misolida insonning ruhiy ravshanligi, muhabbati, koʻz yoshlari keladi. Shayx Ahmad Yassaviy yoki Mashrab ijodida “suv kabi pok dil” haqida soʻz yuritilgan.
Havo – nafas va ruh. Bu unsur nafas olish, zikr qilish va ruhiy tozalik bilan bogʻliq. “Havo” soʻzi tasavvufdagi “havoyi nafs” tushunchasi bilan ham bogʻliq, yaʼni uni tarbiya qilish orqali inson nafsi ortidan emas, ruhi ortidan yuradi. Shu sababdan ham naqshbandiylikdagi yuqorida eslaganimiz oʻn bir rashhaning biri boʻlgan “Hush dar dam” usulida solik har bir nafasidan hushyor – xabardor boʻlib yurishi, hatto ikki nafas oraligʻidagi vaqtning ham behuda oʻtmasligiga ahamiyat berishi lozim.
Yer – sabr va xokisorlik. Yer unsuri sabr, xotirjamlik, barqarorlik ramzi boʻlib, komil inson yer kabi xokisor, quvvatli va barakali boʻlishi kerak.
Maʼlumki, nafs martabalaridan dastlab Hakim Termiziy soʻz yuritib, ularni nafsi ammora, nafsi lavvoma, nafsi mulhima, nafsi mutmainna deya nomlagan. Navoiyshunos va tasavvufshunos olim Ibrohim Haqqulga koʻra, nafsning mazkur martabalarini keyinchalik soʻfiylar “anosiri arbaʼa” – toʻrt unsurga qiyoslashgan. Chunonchi, nafsi ammora olovga, nafsi lavvoma shamolga, nafsi mulhima suvga, nafsi mutmainna tuproqqa oʻxshatilgan va ularning har biriga oʻn xususiyat nisbat berilgan. Bunday moddiylashtiruv esa nafsni, demakki, insonning oʻzligini yaqinroqdan anglashga xizmat qilgan.
Oʻzini anglash yoʻlida inson albatta nafsi bilan yuzlashadi. Bu nafsda hirs, gʻazab, kibr kabi salbiy xislatlar bor. Lekin Alloh insonga aql va qalb orqali bu nafsni tarbiya qilish qudratini bergan. Bu riyozat, uzluksiz maʼnaviy kurashni talab qiladi. Qurʼonda shunday deyiladi: “Kim nafsini poklasa, najot topibdi” (Shams surasining 9-oyati). Bu faqat “gunoh qilmaslik” emas, balki qalbni musaffo etish, ruhni yuksaltirish, shubha va gʻaflatdan qutulish demakdir.
Endi yana baytga qaytsak. Anosirdan foniy boʻlish – oʻzlikdan kechish, ilohiy fayzga erishish, ruhiy-maʼnaviy yuksaklik demakdir. Toʻrt unsurdan bunyod boʻlgan inson jismi ichida latif, huzuri ilohiydan ingan ruh mavjud boʻlib, u inson maʼsiyat-u gunohga bogʻlangani sari azob chekadi, uqubat tortadi. Shu bois inson “anosir” muammosi – oʻzlikdan foniy boʻlishni yetarli zaylda bilib, imkoni yetgani qadar uni hal etmasa, u yuksaldim deb oʻylagani sari botinidagi chirkinlik, tubanlik va hayvoniylik ofatlaridan toʻla xalos boʻlolmaydi.
Bashariyat yaralgandan beri nozil boʻlgan barcha dinlar va ularning muqaddas bitiklarida, ulug‘ donishmand hamda faylasuflarning vaʼz-u nasihatlarida inson doimo toʻgʻrisoʻz boʻlishi, hayotdan maʼno izlab yashashi, oʻz asl mohiyatidan uzoqlashmaslikka daʼvatlar bor. Qurʼoni karimda Odamning tuproqdan, uning bolalari esa nutfadan yaratilgani, shunday arzimas moddadan bunyod boʻlgan insonni Yaratgan zot mukarram qilgani eslatilar ekan, bandalarining bunga munosib tarzda itoat va ibodatda yashashi lozimligi koʻp uqtiriladi.
Shu oʻrinda ibodat soʻzini ham biroz kengroq tavsiflash zarur. Bu soʻz tor maʼnoda namoz, roʻza, haj kabi shariat amallarini bajarishni anglatadi. Lekin qurʼoniy mohiyatga koʻra ibodat juda keng maʼnolarni oʻz ichiga oladi.
Ibodat arabcha “aʼbada” feʼlidan yasalgan boʻlib, “boʻysunish”, “itoatda boʻlmoq”, “qullik qilmoq” kabi maʼnolarni anglatadi. Ilohiy kalomda “Jin va insonni faqat menga ibodat qilishlari uchungina yaratdim” (Zoriyot surasining 56-oyati) deyiladi. Ibodat soʻzi yuqorida aytilganiday tor maʼnoda tushunilsa, tamoman boshqacha mohiyat kasb etardi: jinlar va insonlar erta-yu kech faqat ibodat bilan mashgʻul boʻlishlari lozim boʻlardi. Toʻgʻri, namoz, roʻza, zakot, haj kabi amallar ulug‘ ibodatlar sanalib, shular vositasida banda oʻz Yaratuvchisiga yaqinlashadi. Lekin Tangri taoloning biz bandalariga yolgʻon gapirmaslik, chaqimchilik, tuhmat va gʻiybat qilmaslik, oʻzgalarning moli va joniga nohaq ziyon yetkazmaslik, goʻzal soʻzlash va kishilarga manfaat yetkazish, ota-onaga yaxshilik qilish, ilm olish va halol yashash hamda shu kabi bir qancha amrlari ham borki, bularni bajarish ham qullik va itoat namunasidir.
Demak, ilohiy mezonga koʻra yomon ishlardan tiyilib, nimaiki goʻzal amal boʻlsa, oʻshalarni sidqidildan bajarib, xalq va Xoliqni xushnud etish bandalikning asl mohiyatidir.
Oliy taʼlim muassasasida bilim berayotgan oʻqituvchi sifatida jamiyatda, ayniqsa kelajagimiz egalari boʻlgan yoshlar orasida aynan ularning yoshida shakllanishi kerak boʻlgan goʻzal fazilatlarning kamayib borayotgani meni baʼzan xavotirga soladi. Arzimagan bahoga ega boʻlish uchun ustozini aldash, saboqdoshlariga taʼna toshlari otish, tuhmat qilish kabi illatlar koʻp koʻzga tashlanmoqda. Vaholanki, toʻrt yil davomida ularga axloqni sayqallash, umrni behuda oʻtkazmaslik, suratni ziynatlash emas, aksincha, siyratni goʻzallashtirmoq kabi ulug‘ fazilatlar targʻib qilingan “Qutadgʻu bilig”, “Hibatul-haqoyiq”, “Hayratul-abror”, “Sabotul-ojizin”, “Rohati dil” va shunga oʻxshash yana oʻnlab asarlar oʻqitiladi, ulug‘ ustozlar jidd-u jahd bilan mazkur asarlarning mohiyatini ong-u shuurlariga, qalblariga singdirishadi. Lekin samarasi juda kam.
Bir yili asosan qoʻshimcha toʻlov (“superkontrakt”) evaziga oʻqishga qabul qilingan kechki taʼlim talabalariga darsga kirdim. Ikkinchi bosqichda oʻqishardi. Aslida kechki taʼlim talabalarining oʻqishga qiziqishi kunduzgi taʼlimdagilarnikiga qaraganda biroz past, shunday boʻlsa-da, talabni qattiqroq qoʻyib, darslarni boshladim. Lekin ular borgan sari oʻqishga yuzaki qarab, ayrimlari ochiqchasiga tirikchilik uchun ishlayotgani, shu sababli oʻqishga imkoni yoʻqligini pisanda qilishardi. Oradan ikki oycha vaqt oʻtib, vaziyat oʻnglanmayotganiga amin boʻlgach, talabalarni sal sergak torttirish va oʻqishga undash uchun ularning ota-onalariga qoʻngʻiroq qilib, deyarli hammasiga odob doirasida “Bolangiz aslida yaxshi oʻqiydi, faqat oxirgi kunlarda ishlash bilan andarmon boʻlib, darslarga beʼtibor boʻlib qoldi. Sal jiddiyroq nazoratga olib, oʻqishlarini surishtirib turing. Biz oʻqituvchilarga qoʻngʻiroq qilib, bolangizni soʻrab turing, oʻqishiga befarq boʻlmang” dedim. Ammo baribir bu “odobga chaqirish” usuli talabalarni oʻzgartirolmadi... Lekin eng alamlisi, ota-onalarning birortasi farzandi uchun qaygʻurib menga qoʻngʻiroq qilmadi...
Bir qarashda bu gaplarning mavzuga aloqasi yoʻqday koʻrinadi. Lekin mohiyatan biz ochishga harakat qilayotgan masalaning bir jihati shunda namoyon boʻlib turibdi. Jamiyatning har bir aʼzosi zimmasidagi vazifani, inson-fuqaro sifatidagi missiyasini toʻla bajarmayotgani koʻrinadi: oʻquvchi-talaba ilm olishi kerakligini, ota-ona farzandini mustaqil hayotda oʻrnini topguniga qadar nazorat qilishi lozimligini, shifokor hech bir tamasiz bemorga shifo topishda yordam berishi zarurligini, adolatni taʼminlashi kerak boʻlgan sud tizimi xodimlari pora evaziga ayblanuvchiga yon bosmasligi kerakligini muhim sanamaslik holatlari juda koʻp uchramoqda. Bularning bari illat, bora-bora jamiyatni yemiradi, mamlakat taraqqiyotiga putur yetkaza boshlaydi. Bularning davomi, yechimi esa asl oʻzlikda – milliy, diniy, axloqiy qadriyatlarimizda, donishmand xalqimizning bir necha ming yillik hayot tajribasi, ajdodlarimiz qoldirgan maʼnaviy merosda.
Bu masala faqat adabiyot yoki tasavvufning mavzusi emas, balki sotsiologiya, psixologiya, falsafa kabi fanlar uchun ham alohida tadqiqot obyekti hisoblanadi. Agar shunday tadqiqotlar olib borilsa, umumbashariy muammo va fojialarga yechim topilardi, millatlar va jamiyatlar yanada taraqqiy etgan boʻlardi.
Husan MAQSUD
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 4-son.
“Oʻzlik mohiyati” maqolasi