(Ana Korina Sosa Machado tomonidan oʻqib eshittirilgan)
Oslo, 10-dekabr, 2025
Oliynasab insonlar, hurmatli zotlar, Norvegiya Nobel Qoʻmitasining faxriy aʼzolari, dunyo fuqarolari va aziz venesuelaliklarim!
Men bu yerga bir hikoyani aytib bergani keldim: bu – bir xalq haqida, uning ozodlik sari bosib oʻtgan mashaqqatli yoʻli haqida hikoya.
Bugun mana shu yoʻl azal-azaldan oʻzlariga tegishli boʻlgan manzillarni qaytarib olish uchun yana bir bor bosh koʻtargan millionlab venesuelaliklarning ovozi sifatida kaminani qarshingizga boshlab keldi.
Venesuelani xalqlar va madaniyatlar qorishuvidan shakllangan qatʼiyat bunyod qildi. Biz Ispaniyadan til, madaniyat va eʼtiqodni meros qilib oldik — bu meros tubyerlik ajdodlarimiz va afrikalik ildizlarimiz bilan birlashib ketdi.
1811-yilda biz ispantilli dunyodagi eng birinchi konstitutsiyani yozdik, bu tarixdagi respublikachilikka oid dastlabki qomuslardan biri hisoblanar va unda har bir inson suveren qadr-qimmatga egaligi haqidagi keskin gʻoya oʻz tasdigʻini topgandi. Mazkur konstitutsiyada fuqarolik, individual huquqlar, eʼtiqod erkinligi va kuchlar boʻlinishi bayon etilgandi.
Bizning ajdodlarimiz ozodlikni yelkalarida koʻtarib yurishgan. Ular “ozodlik baham koʻrilmaguncha toʻkis boʻlmaydi” degan gʻoyaga ergashib, erkin va teng huquqli fuqarolar yashaydigan jamiyatni qurishga koʻmaklashish uchun Orinoko[1] qirgʻoqlaridan Potosi[2] tepaliklarigacha butun qitʼani kesib oʻtishgan.
Eng boshidanoq, biz sodda va ulugʻvor gʻoyaga ishondik: har bir inson ozod yashash uchun tugʻilgan! Mana shu ishonch milliy ruhimizga aylandi.
Yigirmanchi asrga kelib yer yorildi: 1922-yilda La Rosa[3]dagi toʻqqiz kunlik Reventon[4] sodir boʻldi. Mana sizga neft va imkoniyatlar favvorasi!
Shukrki, biz oʻsha tuyqus boylikni bilim va tasavvur uchun yonilgʻiga aylantira oldik.
Olimlarimizning zakosi bilan ofatga nuqta qoʻydik. Jahoniy obroʻga ega universitetlar, muzeylar va konsert zallari qurdik, hur fikr albatta islohotlar olib qaytishiga ishonib minglab yosh venesuelaliklarni grantlar orqali chetga joʻnatdik. Shaharlarimiz Kruz-Diez[5] va Soto[6]ning kinetik sanʼat asarlaridan jilvalandi.
Biz poʻlat, alyuminiy va suv energiyasini ishlab chiqardik — Venesuela tasavvurga sigʻdirolgan istalgan narsasini qura olishiga isbot edi bu.
Venesuela boshpanaga ham aylandi.
Dunyoning har burchagidan keluvchi migrantlar va qochqinlarga bagʻrimizni ochdik: fuqarolik urushidan qochgan ispanlar, kambagʻallik va diktaturadan toʻygan italyan-u portugallar, holokostdan aziyat chekkan yahudiylar, harbiy rejimdan qochgan Chili, Argentina va Urugvay fuqarolari, kommunizm dastidan dod solgan kubaliklar hamda Kolumbiya, Livan va Suriyadan tinchlik izlab kelgan oilalar. Biz ularni uy-joy, maktablar va xavfsizlik bilan taʼminladik. Shunday qilib, ular venesuelaliklarga aylanishdi.
Mana haqiqiy Venesuela.
Biz qurgan demokratiya Lotin Amerikasidagi eng moʻtadil tuzumga aylandi, erkinlik esa ijodiy kuch sifatida namoyon boʻldi.
Ammo eng kuchli demokratiya ham fuqarolar erkinlikni kutib oʻtirish emas, balki kishining oʻzi erkinlikka aylanishi kerakligini unutgan pallada zaiflashadi.
Bu ongli, shaxsiy tanlov boʻlib, bunday tanlovlarning yigʻindisi har kuni yangilanishi lozim boʻlgan fuqarolik etikasini shakllantiradi.
Neft daromadlarining davlatda toʻplanishi teskari motivni shakllantirdi: bu hukumatga jamiyat ustidan cheksiz qudrat ato etib, maxsus imtiyozlar, homiylik va korrupsiyaga yoʻl ochib berdi.
Men mansub avlod joʻshqin demokratik davrda tugʻildik, shu sabab buni yetarlicha qadrlamadik. Erkinlik ham nafas olayotgan havomiz kabi umrboqiy deb oʻylardik. Huquqlarimizdan bahramand boʻldik, ammo burchlarimiz yoddan koʻtarildi.
Meni otam tarbiyaladi, uning hayotiy faoliyati – qurish, yaratish, xizmat qilish – menga bu mamlakatni sevish uning kelajagiga masʼuliyat bilan qarash ekanini oʻrgatdi.
Institutlarimiz naqadar zaiflashganini anglab yetamiz degancha, bir paytlar demokratiyani agʻdarish uchun harbiy toʻntarishga boshchilik qilgan odam prezident etib saylandi. Koʻpchilik xarizma qonun ustuvorligi oʻrnini bosishi mumkin deb xomtama boʻldi.
1999-yildan boshlab amaldagi tuzum demokratiyamizni parchalashga oʻtdi: Konstitutsiyani buzildi, tariximiz soxtalashtirildi, harbiy kuchlarga darz ketdi, mustaqil sudyalar siqib chiqarildi, matbuotga senzura qoʻyildi, saylovlar manipulyatsiya qilindi, farqli fikrlovchilar taʼqib qilindi va noyob etnik xilma-xilligimizga putur yetkazildi.
Neft boyligi xalqni yuksaltirishga emas, qaddini bukishga sarflandi.
Milliy televideniye orqali xaroba uylarda yashovchi oilalarga kir yuvish mashinalari va muzlatgichlar tarqatildi; lekin bu aslo taraqqiyot nishonasi emas, xoʻjakoʻrsinga qilingan tadbir edi xolos.
Ijtimoiy boshpana sifatida ajratilgan kvartiralar sanoqli kishilarga itoatkorlik evaziga mukofot oʻlaroq inʼom etildi.
Soʻng vayrongarchilik yuz berdi:
Ochiqchasiga korrupsiya, tarixiy talonchilik. Tuzum hukmronligi davrida Venesuela neftdan oʻtgan asrdagiga qaraganda koʻproq daromad topdi. Lekin ularning hammasi oʻgʻirlandi.
Mamlakat ichkarisida jinoiy va xalqaro terrorchi guruhlar davlatda oʻrnashib ketgan bir paytda, neft mablagʻlari xorijdan sadoqat sotib olish vositasiga aylandi.
Iqtisodiyot 80 foizdan koʻproqqa quladi.
Kambagʻallik 86 foizdan oshdi.
Toʻqqiz million venesuelalik yurtini tashlab qochishga majbur boʻldi.
Bular statistika emas, bular – ochiq yaralar.
Bu orada yanada ogʻirroq, mamlakatni yemiruvchi holat sodir boʻldi. Ongli usul edi bu: jamiyatni mafkura, irq, nasl-nasab, turmush tarziga koʻra ajratish; venesuelaliklarni bir-biriga ishonmaslikka, bir-birining ovozini oʻchirishga, bir-biriga dushman koʻzi bilan qarashga undash. Ular bizni boʻgʻishdi, asir olishdi, oʻldirishdi, surgun qilishdi.
Qonxoʻr diktaturaga qarshi kurashib kelayotganimizga mana qariyb oʻttiz yil boʻldi.
Biz hamma yoʻlni sinab koʻrdik, lekin: maxfiy muloqotlar fosh etildi, millionlar ishtirokidagi noroziliklar bostirildi, saylovlar soxtalashtirildi.
Umid butunlay parchalandi, har qanday kelajakka ishonch butkul soʻndi. Oʻzgarish gʻoyasi yo sodda, yoki ahmoqona boʻlib tuyuldi. Imkonsiz edi hammasi.
Biroq, oʻsha umidsizlik tubidan, juda joʻn va rasmiyatchilik uchunday tuyulgan birgina qadam, tariximiz yoʻnalishini oʻzgartirgan qudratni uygʻotib yubordi.
Biz, barcha dushmanlarga qarshi turgan holda, boshlangʻich saylovni oʻtkazishga qaror qildik. Bu kutilmagan isyonkorlik edi. Lekin biz xalqqa ishonishni tanladik.
Bir-birimizni qayta kashf etish uchun muttasil benzin tanqisligi, har kunlik blekautlar va nurab borayotgan aloqa tizimiga ega mamlakatda qancha yoʻl-u soʻqmoqni bosib oʻtmadik.
Reklama taqiqlangan, pul ham, nomimizni dadil tilga oladigan OAV ham yoʻq — faqat eʼtiqod bilan qurollangan edik.
Yagona umidimiz el ogʻzidagi gapdan edi, yaxshiki, ovozamiz har qanday targʻibot kampaniyasidan tezroq tarqaldi. Chunki ichimizdagi erkka tashnalik tabiiy edi.
Bizni tarqatib yuborishi kutilgan majburiy migratsiya, aksincha, bir muqaddas maqsad atrofida jamladi. U ham boʻlsa — yurtimizdagi oilalarni qayta birlashtirish! Bobo-buvilar menga chet eldagi nabiralarini koʻrmay dunyodan koʻz yumish eng katta hadiklari ekanini aytishdi; mayin ovoziga qaygʻu nafasi sira yarashmaydigan qizaloqlar mendan qitʼalar boʻylab tarqalib ketgan onalari-yu, tugʻishganlarini qaytarib kelishni iltimos qilishdi.
Ogʻrigʻimiz bir yurak zarbida jo boʻldi: “farzandlarimizni uyga qaytaring!”
2023-yilning mayi, Nirgua shaharchasidagi mitingda Karmen ismli oʻqituvchi oldimga keldi. U menga hozirgina Jefa de Calle[7]si bilan uchrashib qolganini aytdi: u Karmen yashaydigan kvartalga tayinlangan tuzum agenti boʻlib, uyma-uy yurib kimga oylik oziq-ovqat taloni berilishini va kim ochlik bilan jazolanishini hal qiladigan kishi edi.
Nozir ayolni bu yerda koʻrib hayratga tushgan Karmen undan “Bu yerda nima qilib yuribsiz?” deb soʻrabdi.
Jefa de Calle shunday javob beribdi: “Peruga qochib ketgan yolgʻiz oʻgʻlim bugun shu yerda boʻlishimni tayinladi. Agar sizlar yutadigan boʻlsangiz, uyga qaytar emish. Endi ayting, sizlarga qanday yordam berolaman?”
Oʻsha kuni muhabbat qoʻrquv ustidan gʻalaba qozongandi!
Ikki hafta oʻtgach, kolumbiyalik partizanlar va dorifurushlar egallab olgan, hatto birgina tovuqni ham jinoiy toʻda ruxsatsiz sotishning iloji boʻlmagan Delisias qishloqchasiga kirib bordik. 1978-yildan beri bu yerga birorta ham nomzod oyoq bosmagandi.
Togʻga koʻtarilar ekanmiz, har bir kamtarona xonadonda hilpirab turgan Venesuela bayrogʻiga koʻzim tushdi. Soddalik qilib, bugun biror bayram bormidi, deb soʻrabman. Kimdir shivirladi: “Yoʻq. Bu yerda bayroqni yashirin saqlashadi. Tashqariga olib chiqish xavfli. Bugun odamlar kelishga jurʼat etganingiz sabab sizga minnatdorchilik ramzi sifatida bayroqlarini baland koʻtarishdi.
Siz ketasiz... biz esa qolamiz, kimligimizni ham aniqlab olishadi…”
Barcha oila aʼzolari oʻz hayotlarini nazorat qilgan qurolli guruhlarga qarshi turdilar. Birgalikda davlat madhiyasini kuylaganimizda, suverenitet yagona, moʻrt, ammo qatʼiyatli joʻrovozlik ohangida qayta tiklandi.
Oʻsha kuni jasorat zulm ustidan gʻalaba qozongandi.
Mitinglarimiz minglab odamlarning hayajonli uchrashuvlariga aylanib ketdi.
Bir-birimizni quchoqladik, yigʻladik, duolar qildik.
Tushundikki, aslida kurashlarimiz oldida saylov hech nima emasdi.
Bunda axloq masalasi bor edi: haqiqat uchun kurash!
Tiriklik masalasi: hayot uchun kurash!
Ruhiyat masalasi: ezgulik uchun kurash!
Prezident sayloviga bir yildan kamroq vaqt qolganda, barcha demokratik kuchlarni birlashtirishimiz va ovoz berishga boʻlgan ishonchni tiklashimiz lozim edi. Oʻsha lahza praymerizga aylandi: Venesuela tarixida misli koʻrilmagan umummilliy fuqarolik tarmogʻini yaratgan oʻz-oʻzini tashkil etuvchi fuqarolik harakati.
2023-yil 22-oktyabrida, barcha dushmanlarga qarshi turgan holda, Venesuela uygʻondi.
Millatimizning uchdan bir qismini tashkil etuvchi diaspora saylov huquqini qayta tikladi.
Ketgan oʻgʻil qolgan onasi bilan yonma-yon turib ovoz berdi.
Navbatlar bir necha kvartalgacha choʻzildi. Saylovchilar shu qadar koʻp ediki, byulletenlar yetmay qoldi. Biz xalqqa ishondik, xalq esa – bizga.
Yetakchilikni huquqiylashtirish mexanizmi sifatida boshlangan harakat millatning oʻziga ishonchi qayta paydo boʻlishiga ulanib ketdi. Oʻsha kuni men har qanday shaxsiy manfaatdan ham ziyoda masʼuliyat, yaʼni mandat oldim. Oʻzimni xokisor tutar va zimmamga yuklangan masʼuliyatni chuqur his etardim.
Mazkur xabardan vahimaga tushgach, amaldagi tuzum menga prezidentlik saylovida qatnashishni maʼn qildi. Bu har qancha qattiq zarba boʻlmasin, baribir mandatlar xalqniki edi.
Shu sabab, oʻrnimga boshqa nomzod topishga qaror qildik.
Bosiq va jasur sobiq diplomat Edmundo Gonsales Urrutiya oʻrtaga chiqdi. Tuzum uni hech qanday xavf tugʻdirmaydi, deb hisoblardi.
Ular millionlab fuqarolarning qatʼiyatini — barcha xilma-xilligi bilan umumiy maqsad yoʻlida birlashgan olovqalb jamiyatni mensishmadi. Jamoalar, siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari, talabalar va fuqarolik jamiyati millat ovozi eshitilishi uchun bir tan-u bir jon boʻlib harakat qilishdi.
Saylov kuniga atigi uch oy qolgan, biroq hali ham hech kim bizning nomzodni tanimasdi.
Biroq ovozlarning oʻzi yetarli boʻlmay, oldinda ularni himoya qilish masalasi ham turardi. Buning uchun bir yildan oshiq vaqt davomida infratuzilma yaratdik: 30 000 ta saylov uchastkasida 600 000 ta volontyor; QR-kodlarni skanerlash uchun ilovalar, raqamli platformalar, diaspora koll-markazlari. Biz Venesuelaning eng chekka burchaklariga ham meva sotadigan yuk mashinalari ichiga yashirilgan skanerlar, Starlink antennalari va noutbuklarni joylashtirdik. Texnologiya erkinlik uchun kurashish vositasiga aylandi.
Yashirin mashgʻulotlar kallayi saharlab cherkovning orqaxonalarida, oshxonalar va yertoʻlalarda mamlakat boʻylab kontrabanda kabi olib oʻtiladigan bosma materiallardan foydalangan holda oʻtkazilardi.
Nihoyat saylov kuni keldi: 2024-yil, 28-iyul. Hali peshin boʻlmasdan tumonat odam koʻchalarni toʻldirgandi.
Atrof sokin, havo titroq umidga toʻla. Bizning jonli kuzatuvimiz har bir shtat va shahar boʻylab tashriflar soni ortib borayotganini koʻrsatardi. Shundan soʻng, xalq irodasining muqaddas isboti boʻlgan saylov varaqalari avval telefon, keyin WhatsApp, keyin suratga olish, keyin skanerlash va nihoyat qoʻlda, xachirlarda, hatto kanoeda olib oʻtish orqali bizga yetib kela boshladi.
Haqiqat vulqoni portlaganday varaqalar hamma joydan yopirilib kelaverdi, chunki minglab fuqarolar byulletenlarni himoya qilish uchun hayotini xavf ostiga qoʻyishayotgandi.
Yirik gʻalabamizga yuzma-yuz kelgan tuzum, umidsizlikka tushib, shunday buyruq chiqardi: askarlar volontyorlarimizni ovoz berish markazlaridan chiqarib yuborishlari va ularning saylov varaqalarini olishlariga qarshi turishlari kerak edi.
Biroq askarlar buyruqqa boʻysunishmadi.
Edmundo Gonsales har bir shtat, shahar va qishloqni hisoblaganda 67 foiz ovoz bilan gʻalaba qozondi.
Har bir hisob-kitob varagʻi buni tasdiqlardi.
Bir necha soat ichida ular raqamli shaklga oʻtkazilib, butun dunyo koʻrishi uchun veb-saytga joylashtirildi.
Diktatura bunga terror bilan javob qaytardi.
2500 kishi oʻgʻirlandi, gʻoyib boʻldi, qiynoqqa tortildi.
Uylar qurshab olindi.
Oilalar toʻlaligicha garovga olindi.
Ruhoniylar, oʻqituvchilar, hamshiralar, talabalar, hisob varagʻini tarqatgan har bir kishi qoʻlga olindi.
Bularning barchasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan insoniyatga qarshi jinoyat deb hujjatlashtirilgan harakatlar edi. Xalq irodasini yerga koʻmishga qaratilgan davlat terrorizmi edi bu.
Saylovdan keyin hibsga olingan 220 dan ortiq bolalarning baʼzilari elektr toki bilan qiynoqqa solingan, kaltaklangan va hukumatga kerak boʻlgan yolgʻonni – isyonda qatnashganlari evaziga mendan moddiy ragʻbat olganliklarini tan olmaguncha hatto boʻgʻib oʻldirilgan. Qamoqxonadagi ayollar va qizlar hozirgacha oilasi bilan koʻrishish, ovqatlanish yoki choʻmilishga ruxsat olish uchun jinsiy zoʻravonlikka majbur chidab kelmoqda.
Lekin shunda ham Venesuela xalqi ortga chekinmadi.
Oʻtgan oʻn olti oylik maxfiy faoliyatimiz mobaynida, Venesuelaning demokratiyaga tartibli oʻtishini taʼminlash maqsadida, fuqarolik bosimi va intizomli itoatsizlikning yangi tarmoqlarini barpo etdik.
Shunday qilib, biz bugun ozodlik ostonasida turgan millionlab insonlarning aks-sadosi yangrayotgan kunga ham yetib keldik. Bu mukofot chuqur maʼno kasb etadi; u tinchlik barqaror boʻlishi uchun demokratiya zarurligini dunyoga eslatib turadi.
Eng muhimi, biz, venesuelaliklar, ushbu uzoq va mashaqqatli safar davomida olgan sabogʻimizni butun dunyo bilan boʻlisha olamiz: demokratiyaga erishishmoqchimisiz, erkinlik yoʻlida kurashga tayyor turishingiz shart!
Erkinlik tanlovi esa har kuni rivojlanishga muhtoj boʻlib, uning qadri himoya qilishga qanchalar shayligimiz va jasoratimiz bilan oʻlchanadi.
Shu sababdan, Venesuela masalasi ichki chegaralarimizdan ham oshib oʻtdi. Erkinlikni tanlagan xalq nafaqat oʻziga, butun insoniyatga naf keltiradi.
Biz bir-birimizdan yuz oʻgirishni bas qilganimizda, qanchalik ogʻir boʻlmasin, haqiqatga tikma-tik qaraganimizda, hayotga muhabbatimiz bizga bardosh va gʻalaba uchun kuch bagʻishlagandagina erkinlikka erishamiz.
Ana shu ichki uygʻunlik, ana shu hayotiy yaxlitlik bilangina yorug‘ taqdirga peshvoz chiqa olamiz.
Shundagina chinakam oʻzimizga aylanamiz, yashash desa arzigulik hayotimiz boʻladi.
Ozodlik sari bosib oʻtilgan yoʻlda qalblarimiz tubida yotgan ishonchni uygʻotdik — u hayotimizga teran maʼno berdi, buyuk kelajakni totuvlikda qurishga bizni tayyorladi.
Bundan chiqdi, tinchlik aslida muhabbat degani.
Bu muhabbat allaqachon ertangni kunimizga taʼsir oʻtkazdi.
Venesuela yana erkin nafas olajak!
Biz qamoqxona eshiklarini ochib, minglab nohaq qamalganlar yorugʻlikka chiqishini, ularning erki uchun kurashdan toʻxtamagan yaqinlarining bagʻriga otilishini tomosha qilamiz.
Nevaralarini qoʻyniga oʻtkazib, qadim tarixda oʻtgan ajdodlari emas, oʻz ota-onalarining jasorati haqida ertak aytadigan bobo-buvilarni uchratamiz.
Nihoyat turli gʻoyalar ustida ovozlarini erkin koʻtarib, qoʻrqmasdan, berilib bahs yuritayotgan talabalarni koʻramiz.
Biz yana bir-birimizni quchoqlaymiz. Yana sevib qolamiz. Koʻchalarimizni toʻldirgan kulgi va musiqaga quloq tutamiz.
Dunyo ahli uchun odatiy holga aylangan xursandchilik bizga ham nasib etadi.
Aziz venesuelaliklarim, bugun butun dunyo nimalarga erishganimizdan hayratda. Tez orada u davrimizning eng taʼsirli voqealaridan biriga guvoh boʻladi: dilbandlarimiz uyga qaytishadi va bir paytlar vatandan ketayotgan minglab odamlar orasida turib yigʻlagan yerim – Simon Bolivar koʻprigida turib, ularni yorqin kelajakka ishonch bilan kutib olaman.
Chunki ozodlik uchun kurash hamisha ichimizda yashab kelgan.
Va endi oʻzimizga qaytyapmiz. Uyimizga qaytyapmiz.
Ushbu mashaqqatli yoʻldagi qahramonlarni sharaflashga ijozat bersangiz.
Ular – siyosiy mahbuslarimiz, taʼqibga uchraganlar, ularning oilalari va barcha inson huquqlari himoyachilari; bizga boshpana berganlar, qornimizni toʻqlaganlar va bizni himoya qilish uchun hayotini xavfga qoʻyganlar; sukut saqlashdan bosh tortgan jurnalistlar, dadil ovozimizga aylangan sanʼatkorlar; mening ajoyib jamoam, ustozlarim, siyosiy va ijtimoiy faol hamkasblarim; butun dunyo boʻylab bizga qoʻshilgan va himoya qilgan yetakchilar; uch farzandim, qadrli otam, onaginam, uch singlim, butun hayotim davomida meni qoʻllab-quvvatlagan qoʻrqmas va mehribon erim; hamda eng muhimi, azbaroyi muhabbatidan uyi, oilasi va hayotini xatarga qoʻygan millionlab Venesuela xalqi.
Bu sharaf ularniki!
Bu kun ularniki!
Kelajak ularniki!
Tashakkur!
Shoxrux USMONOV tarjimasi
Oyina.uz
[1] Orinoko — Venesuela va Kolumbiya hududidan oqib oʻtuvchi Janubiy Amerikadagi eng katta daryolardan biri (barcha izohlar tarjimonniki)
[2] Potosi — hozirgi kunda Boliviya hududiga kiruvchi, dengiz sathidan eng balandda joylashgan shaharlardan biri.
[3] La Rosa — Venesuelaning Zulia shtati, Marakaybo koʻli sohilidagi Kabimas shahri yaqinidagi neft koni
[4] Reventon — ispanchada “portlash”, “otilish” maʼnosini anglatadi. 1922-yil 14-dekabrda neft konida sodir boʻlgan portlash shunday ataladi. Uning oqibatida 100 000 barrel neft otilib chiqqan, hodisa toʻqqiz kun davom etgan.
[5] Karlos Kruz-Diez — kinetik va optik sanʼat rivojlanishida muhim rol oʻynagan venesuelalik ijodkor (1923-2019)
[6] Xesus Rafeal Soto — venesuelalik rassom, haykaltarosh, kinetik va optik sanʼat asarlari muallifi (1923-2005)
[7] Jefa de Calle Policia — maʼlum koʻcha, daha yoki mahallaga biriktirilgan politsiya noziri