Davlat idoralari yoki banklarda bizdan JSHSHIR (Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami) soʻrashsa, pasportimizdagi 14 ta raqamni koʻrsatamiz. Lekin koʻpchiligimiz bu raqamlar aynan nimani anglatishini bilmaymiz. Tasavvurimizda: bu shunchaki kompyuter tanlab beradigan sonlar qatori, xolos.
Aslida bu oddiy raqamlar ketma-ketligi emas. JSHSHIR fuqaroning takrorlanmas va oʻzgarmas raqamli shifridir.
Masalan:
▪️ 1-raqam – jins va tugʻilgan asr indeksi;
▪️ Keyingi 6 ta raqam – tugʻilgan kun, oy va yil;
▪️ Undan keyingi 3 ta raqam – tugʻilgan hudud (shahar yoki tuman kodi);
▪️ Navbatdagi 3 ta raqam – tizimdagi tartib raqami;
▪️ Oxirgi 1 ta raqam – barcha maʼlumotlar toʻgʻriligini tasdiqlovchi maxsus nazorat kodi.
Taʼkidlash kerak, JSHSHIR noyob va takrorlanmas boʻlgani uchun uni qalbakilashtirib yoki oʻzgartirib boʻlmaydi. Shu sababli u barcha davlat, bank hamda ijtimoiy xizmatlardan (jumladan, my.gov.uz portali orqali) xavfsiz va tez foydalanishingizda yagona kalit vazifasini oʻtaydi.