Globallashuv sharoitida maʼnaviy-axloqiy tahdidlarga qarshi kurashda taʼlim-tarbiya muassasalari faoliyati tizimida bosh harakatdagi shaxs – oʻqituvchidir. U oʻz shaxsiy potensiali va mahoratini ishga solgan holda talabalar bilan hamkorlikda ijodiy va hayotiy faoliyatini maqsadga muvofiq tarzda tashkil etsa, oʻrganuvchilar uning barcha shakl va koʻrinishlarida real subyektga aylanadi. Bu jarayonda taʼlim tizimida uchta muhim asosni yoʻlga qoʻyish talab etiladi. Bunda  oʻqituvchi – “pedagogik ong” – “pedagogik gʻoya” – “pedagogik hokimiyat”ga ega mustaqil faoliyat olib boruvchi taʼlim subyekti sifatida faoliyat yuritishi samarali natijalarni beradi.

Zamonaviy  taʼlim texnika bilan boshqarilayotgan “aql” va texnikani boshqarayotgan “aql” munosabatlari orasidan oʻz oʻquvchisini sugʻurib olishi va bu jarayonda ularning mavjudligini inkor etmagan holda ular taqdim etgan munosabatdan foydalisiga ishlov berib, undan keyin tezkorlik bilan anʼanadagi haqiqatni ilgari surishi zarur boʻlib qolmoqda.

Respublika taʼlim Markazi  direktori Sh.Sattorovning  fikricha, shunday mamlakatlar borki, ularda darsliklar yoʻq. Lekin sifatli taʼlim bor. Biz oʻqituvchilarni darslikka qaramlikdan xolos qilishimiz kerak. Oʻshandagina taʼlimda juda katta oʻzgarish sodir boʻladi (Sattorov Sh. Maktabning maqsadi “universal odam yaratish emas”/ “Gazeta.uz”. 14.07.2021 https://www.gazeta.uz/uz/2021/07/14/textbooks). Ammo, amaliyotchi oʻqituvchilarning fikriga koʻra, bugungi kunda yangilangan darsliklar oʻquvchilarni zeriktirib qoʻymoqda hamda har qanday tajribani toʻgʻri deb uni qabul qilaverishimiz kerak emas.

Zero, XXI asr  oʻqituvchilari faoliyatida, malakasida nimalar  oʻzgardi? XXI asr oʻqituvchilari qanday xususiyatlarga ega?

Birinchidan, ular hamkorlik qilishni biladilar. Ular hamkorlik qilishni bilishi va har qanday jamoa bilan  ishlab keta olishi kerak. Soʻnggi yillarda bu kabi koʻnikmalarga talab ancha oshdi, ayniqsa maktablarda, koʻpchilikning fikricha, gʻoyalar va  bilimlarni  boshqalar bilan  boʻlishish  taʼlim samarasini oshiradi. Bilim va tajriba almashish hamda muloqot qilish va  oʻrganish  taʼlim jarayonining  muhim qismidir.

Ikkinchidan,  XXI asr oʻqituvchilari moslashuvchan. Ular  har qanday vaziyatdagi  holatga moslasha  oladilar. Zamonaviy dunyoda  oʻqituvchi boʻlish, maktablarda  joriy etilayotgan  turli yangi vositalar va oʻzgarishlarga  moslashishni talab etadi. Sinfdagi  doskalar   oʻrnini smart doskalar,  daftarlar oʻrnini  planshetlar egallamoqda. XXI asr oʻqituvchisi ushbu  oʻzgarishlar jarayonida  oʻzini  yaxshi va qulay  his etishi kerak.

Uchinchidan, ular uzoqni   koʻra biladilar. XXI asr  oʻqituvchisi  talabalarning  kelajagi haqida  oʻylaydi va ular qanday kasbda  oʻz qobiliyatlarini  toʻla namoyon qila  olishlarini koʻra biladilar. Ularning rejalariga koʻra, “Hech bir  bola tengdoshlaridan ortda qolmaydi”. Asosiy  eʼtiborni  hozirgi kun bolalarini  kelajak hayotga  tayyorlashga qaratadilar.

Toʻrtinchidan, ular zamonaviy  texnologiyalardan  mohirona foydalanadilar. XXI asr oʻqituvchisi zamonaviy oʻzgarishlarga shay turishi kerak,  eng soʻnggi texnologiyalar, dars yoki baho boʻlsin, ular oʻquvchilarga yaxshiroq va  tezroq  oʻrganishga imkon beradi.  Ular  eng yangi gadjetlarni oʻzlashtirish oʻquvchilarning  bilim olishini   tubdan oʻzgartirishi mumkinligini bilishadi. Shu sababli faqat ularning yangi tendensiyalarini kuzatibgina qolmay, balki ularni  qanday qoʻllashni ham bilishadi.

Beshinchidan, ular umri davomida bilim olishdan toʻxtamaydilar. XXI asr oʻqituvchilari  nafaqat oʻz oʻquvchilaridan  doimiy ravishda bilim olishlarini kutishadi, balki oʻzlari ham  shunday qilishadi. Ular har doim taʼlimning  zamonaviy tendensiyalari va texnologiyalaridan  xabardor boʻlib turishadi. Dars rejalarini  zamon talabiga moslab oʻzgartirishadi. Oʻqituvchining bilimi, uning kasbiy  professionalligi – u oʻqitgan oʻquvchilarning  ong darajasi va hayotdagi  muvafaqqiyati bilan belgilanadi.

“Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat” konsepsiyasi, jamiyat aʼzolarining ongi-tafakkurini, hayot falsafasi va dunyoqarashini kengaytirish va boyitishni anglatadi (Sh.Mirziyoyev Yangi Oʻzbekiston strategiyasi – T.: “Oʻzbekiston” nashriyoti, 2021. 272-b). Bu vazifani amalga oshirishda uzluksiz taʼlim tizimining “Hayot davomida  bilim olish” tamoyiliga asosan oʻqituvchi va murabbiylarning bevosita ishtiroki talab etiladi.  Chunki,  nafaqat OAVlari,  balki bilim jamiyatida  ilm  maskanlari va ularning faoliyat turlarining  kengayishini inobatga olagan holda  ilmiy potensialni oshirish aynan  ularning zimmasiga ulkan vazifalarni yuklaydi. Bunda  biz   voqelikni  xalqimiz ongiga obyektiv  koʻrsatish imkoniga  ega boʻlamiz.  Shu sababdan, Respublikamizda taʼlim muassasalari kesimida  “Ustozim – gʻururim va faxrim!”, “Muallim – bilim bulogʻi!” kabi mavzularda insholar, oʻquv loyihalar, rasmlar, videoroliklar tanlovini  tashkil etishimiz samarali natija beradi. Bu bir tomondan ularning oʻqituvchi va murabbiylariga nisbatan hurmat-ehtiromini oshirsa, ikkinchi tomondan, ilmiy tadqiqotchilik koʻnikmalarini rivojlantirishga, jamiyatga daxldorlik hissini yuksaltirishga, oʻqituvchilik kasbini maqsadli tanlashlariga yordam beradi. Ong-u tafakkurida ustozlar faoliyatini tahlil qiladi, “oʻz ideali” sifatida  oʻrnak  va namuna oladi.

Shuning bilan bir qatorda  maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligi “uzluksiz taʼlim tizimida maʼnaviy  tarbiya asoslarini  kuchaytirish”ni talab etadi. “Tarbiyada tanaffus boʻlmaydi” deganlari kabi, joylarda maʼnaviy-marifiy ishlarni  tashkil etishda bu  qoidaga amal  qilinmayapti. Bu borada bogʻcha, maktab, oliy taʼlim, mahalla tizimi faoliyatida oʻzaro hamkorlik va  uygʻunlikning yoʻqligi  ishimizning samarasiga  salbiy taʼsir koʻrsatmoqda (Sh.Mirziyoyev . “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” – T.:  Oʻzbekiston, 2021. B. 285). Demak, “Bir ziyoli – bir mahallaga maʼnaviy homiy” tamoyili asosida  har bir mahallaga  professor-oʻqituvuchilar va taniqli ziyolilarni  jalb etish, ularning hayotiy tajribalari va ilmiy asoslangan  fikr-mulohazalari orqali oʻquvchilarga (yoshidan qatʼiy nazar) ijtimoiy hayotga, kelajakka nisbatan ishonch va motivatsiya  ruhini beramiz.  Bu bevosita  bugungi kunda siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy inqirozlarning  oldini olishda ijtimoiy fanlarning oʻrni naqadar muhim ahamiyatga ega ekanligini asoslashimizga muhim  omil  boʻladi.

Darhaqiqat, 22 yoshida “Xitoy millatining Buyuk muallimi” deb eʼtirof etilgan, 30 yoshida oʻz maktabini ochib, minglab shogirdlariga ustozlik qilgan Konfutsiy taʼkidlaganidek “Eskilikni eʼzozlab, yangilikni egallagan odamgina muallim boʻla oladi”. “Muallimning yoʻli qalbning qaʼrigacha faqat rahm-shafqatdan iborat. Uning sabogʻi toʻrt qismdan: olimlik, saʼy-harakat, halollik va sadoqatdan iborat boʻladi” (Konfutsiy. Hikmatlar. –Toshkent: “Alisher Navoiy nomidagi OʻzMKN”, 2010. B. 9).

Umida KUDRATOVA,

Toshkent davlat iqtisodiyot

 universiteti doktoranti