Yaqinda ketma-ketlikda roʻy bergan holatlar: Toshkentda oʻn ikki yoshli qizning fojiali oʻlimi, Xorazmdagi  voqealar voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik mavzusidagi muhokamalarning salmoqli koʻpayishiga olib keldi. Ommada talay xato qarashlar, fikrlar kuzatildi, ikkala holatga ham bir nuqtadan qaraldi. Jamiyatda bu masalada bilimning yetishmasligi koʻrindi, natijada muammo bilan kurashishda toʻsiqlar vujudga kelishi mumkin. Oyina.uz kolumnisti ushbu mavzuning koʻpchilikka noaniq, xato tushuniladigan va eʼtibordan chetda qoladigan tomonlari haqida bosh qotirdi.

Tarixda pedofiliya deyarli doim mavjud boʻlgan esa-da, unga jiddiy eʼtibor va tadqiqotlar 1980-yillardan boshlandi va asosiy izlanishlar AQShda amalga oshirilmoqda. Shuning uchun matnda foydalanilgan maʼlumotlar ham asosan ushbu davlatda oʻtkazilgan tadqiqotlar va hisobotlarga doir. Pedofillarning umumiy tarqalishi nomaʼlum, biroq taxminlarga koʻra ushbu koʻrsatkich umumiy aholi soning 5 foizini tashkil etishi mumkin. Albatta, bu oʻz nomi bilan taxmin, asl miqdor bundan koʻproq boʻlishi mumkin. Bir hisobotda maʼlum qilinishicha pedofillar sodir etgan jinoyatlarning atigi 29 foizi qoʻlga olingan. Bunga bir necha sabab boʻlishi mumkin: atrofdagilar munosabatidan xavfsirash, qattiq qoʻrquv yoki jinoyatchining yashirinishga muvaffaq boʻlishi.

Pedofil deganda xayolimizga bizda koʻpchilik taniydigan Chikatilo kabi manyaklar keladi. Biroq pedofillar faqatgina bolaning maktabdan chiqishini poylab oʻtiradigan turqi sovuq chol yoki jinnixonadan qochgan jinsiy zoʻravon emas. Pedofil qarindoshingiz, doʻstingiz, hamkasbingiz, maktab yoki bogʻcha bogʻboni, obroʻli mansabdor, ishbilarmon tadbirkor va shu kabi boshqa oddiy, gumondan tashqari toifa inson boʻlishi ham mumkin. Qarindoshlar va tanish kimsalar tomonidan bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik alohida oʻrganish va tahlillarni talab qiladi. AQShda eʼlon qilingan bir hisobotga koʻra, 5 yoshgacha boʻlgan bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonliklarning 48,6 foizini qarindoshlar sodir etadi. Bunday zoʻravonlikning 6-11 yosh oraligʻidagi bolalarga nisbatan sodir etilgan miqdorida 42,4 foizi, 12-17 yosh oraliqdagilarga nisbatan esa 24,3 foizi qarindoshlar tomonidan amalga oshiriladi. Oilaning yoki bolaning tanishlari tomonidan sodir etilgan jinsiy zoʻravonlikning yosh toifalariga koʻra taqsimoti esa bunday, 5 yoshgacha 48,3 foiz, 6-11 yoshda 52,9 foiz, 12-17 yoshlilarda esa 66 foiz.

Pedofillar tarkibi masalasida ham bizda ayrim yanglish fikrlar mavjud, masalan pedofil deganda deyarli barchaning koʻz oldiga qanday koʻrinishidan xoli ravishda erkak kishi gavdalanadi. Albatta, bunday fikrning kelib chiqishi tabiiy hol, yaʼni, aniqlangan holatlarning deyarli barchasi erkaklar tomonidan sodir etilgan. Biroq ishonish mumkinki ayollar orasida ham pedofillar uchraydi, hatto oʻylaganimizdan koʻproq darajada. AQShning jinsiy jinoyatlar boʻyicha federal maʼlumotlariga koʻra balogʻatga yetmagan bolalarga qilingan tajovuzlarning 6 foizi ayollar tomonidan sodir etilgan. Biroq bu aldamchi raqam boʻlishi mumkin, jamiyatdagi stigmalar va “oʻgʻil bolacha” qarashlar koʻp hollarda ayol pedofillarni aniqlanmay qolishiga sabab boʻladi. Bundan tashqari pedofillar gomoseksual yoki biseksual boʻlishi ham mumkin, yosh bolaga jinsiy tajovuz qiladigan katta yoshli erkaklar ham uchraydi, bir necha tadqiqotlarga koʻra oʻz jinsidagi balogʻatga yetmagan bolalarga tajovuz qiluvchi katta yoshli odamlarning umumiy pedofiliyadagi ulushi 9-40 foiz oraligʻida boʻlgan. Bu kattalar oʻrtasidagi besoqolbozlikdan 10 baravarlab koʻp degani. Pedofilga jamiyatda iliq qaralmasligi tabiiy hol, uning gomoseksualligi esa nafratni yanada oshirishi ham maʼlum. Bunday jinsiy orientatsiyadagilarning hammasi ham haqiqiy pedofil boʻlmasligi ehtimol, oʻzining jismoniy kuchi va dadilligi yetadigan qurbonni izlash ortidan bolalarga tajovuz qilishlari mumkin.

Yana bir muhim narsa bu pedofiliyaning kasallik ekanligidir, jahon psixiatriyasida tan olinadigan kasallik. Shunchaki shaxsiy fikr yoki tasavvur ortidan boladagi jinsiy jozibaga intilish emas bu. Shuning uchun bolaga jinsiy zoʻravonlik va pedofiliya oʻrtasidagi farqni bilish muhim. Maʼlumki bola deb xalqaro huquqda ham, milliy qonunchiligimizda ham 18 yoshga toʻlmagan shaxsga aytiladi. Ana endi pedofiliya diagnostikasi uchun eʼtiborga olinadigan belgilar (Ruhiy kasalliklar diagnostik va statistik qoʻllanmasining beshinchi nashriga koʻra) haqida:

–        13 yoshgacha boʻlgan bolalarga nisbatan kuchli jinsiy istak, tasavvurlar;

–        Pedofillikning minimal yosh chegarasi 16 yosh, uning harakatlari yoʻnalgan shaxs esa undan kamida 5 yosh kichik boʻlishi kerak;

–        Pedofilik istaklar, tasavvurlar va hatti-harakatlar kamida 6 oy davom etishi kerak;

Yuqoridagi belgilardan aniq boʻladiki, masalan katta yoshli erkakning 15 yoshli qiz bilan ishqiy munosabati, buning ortiqdan jinsiy yaqinlik qilishi yoki unga jinsiy zoʻravonlik qilishi pedofiliya emas, qonun va axloq normalarining buzilishi. Bizdagi qonunlarga koʻra 16 yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqada boʻlish taqiqlanadi xoh ixtiyoriy, xoh zoʻravonlik bilan boʻlsin. Pedofiliya esa ichki ruhiy buzilish, xuddi shaxsiyat buzilishlari kabi. Umuman olganda pedofiliya shaxsda boshqa ruhiy buzilishlar va ogʻishlar bilan koʻproq uchraydi. Tadqiqotlarga koʻra, pedofillarning taxminan 43 foizida C klasterdagi, 33 foizida B klasterdagi va 18 foizida A klasterdagi shaxsiyat buzilishlari aniqlangan. Bularning bari pedofiliyaga qarshi kurashish va uni davolashdagi toʻsiqlardan biri, chunki xuddi shaxsiyat buzilishlarida boʻlgani singari pedofillar ham oʻzlarini kasal yoki tamoyillarni buzuvchi sifatida koʻrmaydi, oʻzini ruhiy sogʻlom baholaydi. Bunday fikrdagi inson uchun esa shifokorga murojaat qilish uchun hojat yoʻqday koʻrinadi.

Pedofilning profili (namunasi)ga oid konkret xususiyatlar hozirgacha aniq emas. Shunday boʻlsa-da, istisno holatlarini hisobga olib katta yoshli  pedofillarga xos ayrim xususiyatlarni keltirish mumkin:

–        Ular bolalarni juda yaxshi koʻrishadi, kattalarga nisbatan koʻproq bolalar bilan birga boʻlishga intilishadi;

–        Bolalar bilan birga iloji boricha koʻzdan holi, pana joylarda boʻlishga harakat qilishadi;

–        Aytarli zarurat boʻlmagan hollarda ham bolalarga sovgʻalar berishadi;

–        Sezilarli darajada koʻp bolalar bilan jismoniy kontaktga intilishadi;

Yana bir eʼtiborli jihat pedofilning hatti-harakatlari umuman zoʻravonlik koʻrinishida boʻlmasligi ham mumkin. Bunda bir-biridan farq qiluvchi holatlar mavjud, xususan pedofil shaxs oʻz istagini qondirishda faqat jinsiy yoʻllardan foydalanmaydi. Yosh bola jinsiy zonalariga teginish, uni quchoqlash, kiyimlarini yechish, yalangʻoch holida tikilish oʻpish bilan ham qanoatlanishi mumkin. Bu, albatta, shaxsni oʻzining harakatlarini nazorat qila olishiga, istaklarning koʻrinishi va kuchiga bogʻliq boʻladi. Bu ishlar mehribonchilik, qaygʻurish niqobi ostida amalga oshiriladi odatda. AQSh Adliya vazirligining boshqa organlar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan oʻrganishlari asosida ishlab chiqilgan qoʻllanmasida (1992) keltirilishicha qoʻlga olingan pedofillar oʻzlarining jinsiy aloqagacha yetib bormagan qilmishlari uchun himoya sifatida ushbu usullarni ishlatishadi:

–        Oʻz hatti-harakatlarini noqonuniy yoki axloqsizligini inkor etishadi, masalan “bolani quchoqlash yomonmi?”

–        Oʻz harakatlarini minimallashtirishadi, yaʼni “bu faqat bir marta sodir boʻldi”

–        Asoslashga harakat qilishadi – “Men oʻgʻil bolani sevadigan odamman, ularning zoʻravoni emas”

–        Choʻpchak toʻqishadi, masalan “harakatlarim ilmiy izlanishlar zarurati tufayli edi”

–        Ehtimoliy tajovuzdan himoya, turli qoʻrqinchli holatlardan pana qilish.

Boshqa bir vaziyatlarda pedofil va bola oʻrtasidagi yaqin munosabat oʻrnatilishi kuzatilishi mumkin. Katta shaxs oʻzini sirdosh, doʻst yoki yor sifatida namoyon qiladi. Bunda birga oʻtkazilgan vaqtlarda, oʻyinlar davomida pedofil oʻz maqsadlarini amalga oshirishi mumkin.

Pedofil ayollarning 13 yosh yoki undan kichik bolalar bilan bunday munosabatlari esa yanada sezilmas va murakkabdir. Onalik instinkti va/yoki koʻpchilikka maʼlum boshqa sabablar fonida bolani oʻpishi, quchoqlashi, choʻmiltirishi mutlaqo sogʻlom va tabiiy voqelik boʻlib koʻrinadi koʻzimizga.

Pedofiliyaning sabablari va shakllanishi ham jiddiy munozaralarga toʻla nuqta boʻlib qolmoqda. U irsiymi yoki atrof-muhit taʼsirida vujudga keladimi, tayinli kelishuvga erishilmagan. Irsiyatning bogʻliqligi boshqa qarindoshlardan meros boʻlib oʻtuvchi kasalliklar singari aynan pedofil genini tashib oʻtilishi bilan tushuntirilmaydi. Ota-onadagi giyohvandlik, ruhiy va shaxsiyat buzilishlarining taʼsiri haqidagina bir qancha fikrlar bor. Klinik jihatdan asoslar topilishi uchun qoʻlga olingan pedofillarda bir qator neyropsixiatrik tekshiruvlar olib borilgan. Tomografiya yordamida oʻtkazilgan oʻrganishlar pedofillarda oq va kulrang moddalarning sogʻlom odamlarga nisbatan sezilarli farqlanishlarini koʻrsatgan. Shuningdek, miyada ham bir qancha oʻzgarishlar aniqlangan, biroq bu oʻzgarishlar miyaning tabiiy rivojlanishi yoki atrof-muhit taʼsiri natijasimi bunisi maʼlum emas. Yana 30-55 foiz pedofillarda impulsiv buzilishlar (masalan piromaniya, kleptomaniya) bilan bogʻliqlik aniqlangan. Tadqiqotlarning ayrimlari pedofillarda aqliy koʻrsatkichlarning pastligini koʻrsatsa boshqalari normal koʻrsatkichlarni qayd etadi.

Boshqa bir izlanishlar yakunida qiziq holat aniqlandi, gap shundaki pedofil qanchalik aqliy jihatdan past boʻlsa uning qilmishi qurboni boʻlgan bolaning yoshi ham shuncha kichik boʻlgan. Miya bilan bogʻliq bunday anormalliklarning pedofillarda qanday vujudga kelishi ham chigal masala boʻlib, bu masaladagi qarama-qarshi fikrlar turlicha. Boshqa bir tadqiqotlarda qoʻlga olingan pedofillarning deyarli hammasi bolaligida jinsiy zoʻravonlikka uchraganini daʼvo qilishadi. Bir tomondan ushbu hisobotlarda haqiqat borday koʻrinadi, ammo chuqurroq oʻylansa ushbu koʻrsatuvlar shubha ostiga ham olinishi mumkin. Qaysi aybdor oʻzini oqlashga, oʻziga nisbatan atrofdagilarning nafrati va berilishi kerak boʻlgan jazoni yumshatishga urinmaydi?

Pedofiliyani davolash va uning ijtimoiy oqibatlarini oldini olish yoʻlidagi ishlar ham muhimdir. Avvalo davolash haqida, bu masalada eng asosiy va bosh fikr shundayki bu buzuqlikni davolab boʻlmaydi. Turli ruhiy, kognitiv terapiyalar va boshqa tibbiy amaliyotlar yordam berishi mumkinligi aytilayotgan boʻlsa-da, bundan tashqari bu fikr ayrim oʻrinlarda oʻz tasdigʻini topayotganiga qaramay hech qanday kafolat yoʻq. Yana bir tadqiqotda bir yillik ikki yoqlama terapiyadan keyin ham pedofillar orasida bolalarga jinsiy ishtiyoq bildiruvchilar koʻp boʻlgan. Pedofiliyadan davolash uchun psixoterapiya, farmokologik terapiya (kimyoviy kastratsiya) va jarrohlik kastratsiyasi qoʻllanilishi mumkin.

Psixoterapiya oʻz-oʻzidan maʼlum, asosan suhbatlar orqali olib boriladi va buzilish mavjud odamda fikr, turli metodlar yordamida oʻzgarishga erishish umid qilinadi. Jismoniy kastratsiya (bichish) jarrohlik yoʻli bilan amalga oshiriladi, biroq bugunga kelib qoʻlga olingan pedofillarga majburiy jazo sifatida qoʻllanilmaydi. Faqatgina AQShning ayrim (Texas, Luiziana, Kaliforniya) shtatlarida va boshqa sanoqli davlatlarda balogʻatga yetmagan bolalarga jinsiy tajovuz qilgan jinoyatchilarga qamoq jazosiga muqobil tanlov sifatida taklif etiladi. Kastratsiyaning bu turi eng samarali usul hisoblanadi, biroq kamdan-kam boʻlsa-da undan keyin pedofillar turli dorilar yordamida oʻzlarining kastratsiya orqali cheklangan gormonlarini qayta tiklab olishga urinishlar haqida ayrim maʼlumotlar bor. Kimyoviy kastratsiya ham ozodlikdan mahrum qilish jazosi uchun alternativa sifatida taklif etiladi va koʻp davlatlarda qoʻllaniladi. Bunda ishlatiladigan kimyoviy vositalar ham tanada ishlab chiqariladigan testosteron va estrogen gormonini bostirishi orqali natijaga erishiladi, shuningdek jismoniy kastratsiyaga nisbatan nojoʻya taʼsirlari kam. Biroq ushbu usul vaqtinchalik boʻlib muntazam ravishda koʻrikdan oʻtib har yili yangi inyeksiyani olishni talab etadi hamda davlat uchun ortiqcha xarajat boʻlishi mumkin. Bitta pedofil uchun yillik xarajat bir necha mingdan yigirma ming AQSh dollarigacha yetishi mumkin.

Ijtimoiy oqibatlarni oldini olishga kelganda esa asosiy chora jazolarni kuchaytirish, pedofiliyaga qarshi samarali kurashning huquqiy asoslarini ishlab chiqish, rivojlangan davlatlarda aniqlangan pedofillarni roʻyxatini shakllantirish boʻlib qolmoqda. Masalan AQShning koʻplab shtatlarida Jesika qonuni amal qiladi unga koʻra 12 yoshga toʻlmagan bolaga jinsiy zoʻravonlik qilgan shaxs umrbod qamoq jazosi bilan jazolanishi mumkin. Qoʻshma shtatlarda yana bir – megan qonuni mavjud boʻlib, ushbu qonun jazoni nazarda tutmaydi. Unga koʻra ushbu qonun amalda boʻlgan shtatlarda aniqlangan pedofil shaxsiga oid maʼlumotlarni turli yoʻllar bilan ommaviy tarqatishi kerak. Ushbu norma 1994-yilda 33 yoshli qoʻshnisi tomonidan zoʻrlab oʻldirilgan 7 yoshli Megan Kanka nomiga qoʻyilgan, qizning ota-onasi, yaqinlari va ijtimoiy faollar pedofil maʼlumotlarining tarqatilishiga qaratilgan qonun qabul qilinishiga erishish uchun harakat qilishgan. Biroq ushbu usulning samarasi haqidagi hisobotlarda turli chigalliklar mavjud, shuningdek ayrim ijtimoiy faollar bugunda ham qonunning foydasidan koʻra zarari koʻproq ekanligini taʼkidlashadi.

Oʻzbekiston sharoitida ushbu buzuqlik bilan kurashish ham ijtimoiy, ham psixiatrik jihatdan yanada qiyin va chigal muammo. Bizda ushbu yoʻnalishda turli ilmiy tadqiqotlar amalga oshirish uchun sharoitlar yetarli emas. Yuqorida keltirilganimiz turli izlanishlar va tadqiqotlarning deyarli hammasi AQShda olib borilgan. Hatto bizda pedofillar juda kam degan xayollar ham bor. Chunki koʻp holatlar oshkor qilinmaydi, oʻrganilmaydi. AQSh va Yevropa kabi rivojlangan jamiyatlarda ham bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik yoki buzuq harakatlar qilinganini xabar qilishdan tortinish holatlari uchraydi, oʻzimizdagi holatni tasavvur qilaverish mumkin. “Gap-soʻz” tushunchasi bizda qanchalik kuchli ekanligi hammamizga maʼlum. Pedofilning bolalarga xuruji jiddiy oqibatga olib kelmasa bu voqea hatto ota-ona tomonidan ham koʻp hollarda ochiqlanmaydi. Toshkentdagi 12 yoshli qizning oʻlimiga sababchi oʻsha voqea boʻlmaganida, pedofil oʻz harakatlarini yengilroq koʻrinishda (quchoqlash, oʻpish, badaniga teginish, yechintirish) amalga oshirganda hech kim bundan xabar topmasdi, ehtimol. Oila bu voqeani atrofdagilarning munosabatidan qoʻrqib biror joyga shikoyat qilmasmidi?

Yana bir jihati bizda ashaddiy zoʻravon boʻlmagan pedofillarni aniqlash qiyin kechishi mumkin. Yuqorida aytilganidek pedofillar bolalarni juda yaxshi koʻradi, ular bilan ehtiyotkor va mehribonlik bilan munosabatda boʻladi. Bizning jamiyatda esa bolani yaxshi koʻrmaydigan unga mehribonchilik qilmaydigan odamlar kam. Bu esa bir qancha murakkablik tugʻdiradi, agar shaxsda pedofiliya antiijtimoiylik va sadizm bilan qorishib oʻtkir koʻrinishga kirmagan boʻlsa bu yanada qiyin. Shuning uchun ota-onalardan qattiq diqqat-eʼtibor, bolani nazoratsiz qoldirmaslik, sergak boʻlish talab etiladi.

Pedofilning harakatlari bolaga jismonan zarar yetkazmasligi mumkindir, lekin ruhiy taʼsir oʻtkazish ehtimoli katta. Yengil harakatlar boʻlsa va hech qanday zarar boʻlmagan taqdirda ham, oʻsha shaxs haqida axborot yetkazish lozim. Bu bilan kelgusida boshqalar bilan yuz berishi mumkin boʻlgan yomon oqibatlarning oldi olinishi mumkin. Huquqiy tomoniga kelsak bizda ( Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga koʻra) voyaga yetmagan bolaga jinsiy tajovuz yoki ixtiyoriy jinsiy aloqaga nisbatan berilishi mumkin boʻlgan eng ogʻir jazo 14 yosh nuqtasida. Yaʼni bu chiziqdan past yoshdagi bolalarga qilingan jinsiy yoki buzuq harakatlar alohida koʻrib chiqilmaydi.

Yakunda aytish kerak boʻlgan eng muhim fikr shuki, pedofiliya bilan kurashda hissiyotlarga berilish va vaqtinchalik choralar koʻrish deyarli foydasiz. Bunday buzuqlikdan ehtiyotkorlikni hamda unga nisbatan boʻladigan har qanday yomon munosabatni xotirjamlik bilan barqaror ushlab turish kerak, pedofiliyaga qarshi kurashish uning fojiali oqibat keltirib chiqarishi yoki nazarga ilinadigan biror voqea sodir boʻlmagandayam davom etishi kerak. Inson oʻz diqqati va junbushga kelgan hissiyotlarini katta konsentratsiyada uzoq muddat ushlab turishi qiyin, 12 yoshli qizning oʻlimidan soʻng odamlar qanday edi-yu, hozir qandayligining oʻzi katta bir muhokamaga arziydi. Pedofiliya esa doim mavjud boʻlib kelgan, kecha, bugun va ertaga ham, u bilan bogʻliq koʻngilsiz voqeani oʻqisangiz ham oʻqimasangiz ham sodir boʻlmoqda. Diqqatliroq, hushyorroq, muntazam ravishda qatʼiyroq boʻlish lozim. Bolalarni iloji boricha nazoratsiz qoldirmaslik kerak, ayniqsa uyingizdan uzoqroqqa ketayotganida.

Javohir ERGASHEV.

Oyina.uz