“Jonli” kitobmi yoki elektron?
Bu mazmundagi bahslar dunyo miqyosida avj olib, texnologiya insoniyat tarixida kuzatilmagan darajada rivoj topayotgan bir vaqtda Shvetsiya hukumati bosma adabiyotlarga qayta urg‘u berishga chaqirmoqda. Ha, tobora rivojlanib borayotgan startaplari va yuqori darajali raqamlashtirish tajribasi bilan Yevropaning texnologik jihatdan eng rivojlangan mamlakatlari sirasiga kiruvchi Shvetsiya shu yo‘lni ma’qul ko‘rdi.
Raqamli ta’lim bo‘yicha dunyo etaloni ushbu qarorni osonlik bilan qabul qilmadi.
Quyida Skandinaviya mamlakati nima maqsadda ushbu qarorga kelgani, jarayon qanday kechayotgani va tomonlarning munosabati haqida so‘z boradi.
Mamlakat rasmiylari ta’lim sifatining pasayishini oldini olish maqsadida sinflarda bosma kitob, ruchka va qog‘ozlardan avvalgidek foydalanishga chaqirmoqda. Lekin bu analoglardan haddan ortiq foydalanish talabi texnologik soha mutaxassislarining tanqidiga sabab bo‘lib, biznes doiralarda keskin qoralanmoqda. Ularga ko‘ra, ushbu qaror talabalarni ish bilan ta’minlash istiqboliga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, avlodlar orasida raqamli tafovut yaratishi, hatto, Skandinaviya mamlakatlari iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazishi ham mumkin.
Bosma kitoblarga qaytish: Shvetsiyaning “raqamli reaksiyasi”
Shtokgolm yaqinidagi Naka o‘rta maktabi bitiruvchisi sumkasidan noutbuk va bir necha yil avval ishlatgan buyumlarini chiqararkan, endi uyga tez-tez yangi kitob va daftarlar olib ketayotganini, o‘qituvchilaridan biri barcha darsliklarni bosma shaklda chiqarib bera boshlaganini ta’kidlaydi. Amalda faqatgina matematika faniga asoslangan raqamli platforma qo‘llanilmoqda.
Qayd etilganidek, hukumatning ushbu qarori ta’lim tizimida keskin burilish bo‘ldi. Chunki mamlakat ma’lum muddat ta’limning eng boshlang‘ich darajasidan to oliy bosqichigacha elektron gadjetlardan foydalanish tartibini joriy qilgan bo‘lsa, bugun unga batamom teskari yo‘l tutmoqda.
Aniqroq tasavvur bo‘lishi uchun, noutbuk Shvetsiya maktablarida 2000-yillar oxiri, 2010-yillar boshidayoq keng tarqalgan edi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2015-yilga kelib o‘rta maktablardagi taxminan 80% o‘quvchi shaxsiy qurilmasiga ega bo‘lgan. 2019-yilda mamlakatdagi maktabgacha ta’lim muassasalarining o‘quv dasturiga planshetlardan foydalanish majburiyati kiritilgan. Ushbu qaror sobiq sotsial-demokratlar boshchiligidagi hukumat tomonidan mamlakatning eng kichik vakillarini ham ish va shaxsiy hayotdagi raqamli kelajakka tayyorlash missiyasi doirasida amalga oshirilgan edi.
Bugun esa 2022-yil hokimiyatga kelgan O‘ngqanot koalitsiyasi ta’lim uslubini butunlay boshqa tomonga yo‘naltirmoqda. Bu borada mamlakat Ta’lim vaziri Yoar Forsell shunday deydi:
“Maktabning yuqori sinflarida gadjetlar ko‘proq qo‘llaniladi, lekin o‘ylashimcha, boshlang‘ich sinf va bog‘chalarda ulardan umuman foydalanmaslik kerak”.
“från skärm till pärm” – “ekrandan muqovaga”
Hukumat bugungi kunda “från skärm till pärm” – “ekrandan muqovaga” jumlasini shiorga aylantirgan. Ta’kidlanishicha, darslar planshet va noutbuklarsiz o‘tilganida bola diqqatni jamlashi uchun eng yaxshi sharoit shakllanib, unda yozish va o‘qish ko‘nikmalari ham samarali rivojlanadi.
Yangi tartib bilan, 2025-yildan boshlab Shvetsiyadagi maktabgacha ta’lim muassasalari planshetlardan foydalanishga majbur emasligi belgilab qo‘yildi. Ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarga esa planshet berilmaydi. 2026-yil yakuniga kelib, maktablarda telefonlardan hatto ta’lim maqsadida ham foydalanish taqiqi kuchga kiradi.
Yangi darslik va o‘qituvchilarning metodologik qo‘llanmasi uchun 2,1 milliard krondan ortiq mablag‘ maktablarga grant shaklida ajratildi. Muqovali kitoblarga asoslangan yangi ta’lim dasturi 2028-yilda qabul qilinadi.
“Agar farzandlaringiz muhim ko‘nikmalarni to‘liq egallashini istasangiz, bosma kitoblarni o‘qish va haqiqiy qog‘ozlarga yozish usuli ancha yaxshiroq”, deydi Forsell.
Hukumat bu qarorga qachon va qanday kelgan?
Ta’lim yondashuvidagi ushbu o‘zgarish 2023-yilda ilmiy tadqiqotchilar, ta’lim tashkilotlari, davlat idoralari va munitsipalitet ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish natijasi bo‘lgan.
Aslida, raqamli gadjetlar borasida ko‘plab mutaxassislar xavotir bildirgan edi. Ular qatorida doktor, Shtokgolmdagi Karolinska instituti neyrobiologi Sissela Natli ham so‘ngi vaqtlar sinflarda texnologiyalardan foydalanish qanday muammolarni keltirib chiqarayotganiga e’tibor qaratadi. Uning ta’kidlashicha, o‘quvchi shunchaki boshqalar gadjetda nima qilayotganini kuzatib ham diqqatini yo‘qotishi mumkin. Matnni raqamli qurilmalarda o‘qish esa bolalarda ma’lumotlarni qayta ishlash jarayonini murakkablashtiradi, undan haddan ortiq foydalanish – bola miyasining rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Natli bu kabi fikrlar aks etgan xalqaro tadqiqotlar soni ortib borayotganini ta’kidlaydi.
Hukumat shuningdek, an’anaviy o‘qitish usullariga qaytish – Shvetsiyaning Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti reytingidagi asosiy fanlar bo‘yicha pozitsiyasini yaxshilashga yordam berishini umid qilmoqda.
Mamlakat ushbu reytingda bir vaqtlar ilg‘or o‘rinlarni ham zabt etgan, lekin 2012-yilda natijalar keskin pastlashi kuzatilgan, 2022-yilda esa matematika va o‘qish bo‘yicha ham natijalar sezilarli darajada yana-da pasaygan.
Lekin savodxonlik darajasi IHTT mamlakatlari orasida avvalgidek o‘rtachadan biroz yuqori darajada. Ushbu ko‘rsatgich 2022-yilda Buyuk Britaniya, AQSH, Daniya va Finlyandiya kabi mamlakatlardan pastroq darajani ko‘rsatgan – 15-16 yoshli o‘quvchilarning deyarli chorak qismi (24%) “o‘qib, tushunish”ning bazaviy darajasiga ham erisholmagan.
Ta’lim vaziri Forsellning ta’kidlashicha, xalqaro tadqiqotlar butun maktab yillarini doimiy ekran ortida o‘tkazgan bolalarning o‘zlashtirish darajasi past bo‘lishini ko‘rsatadi.
Bu borada Nakadagi bitiruvchi kurs talabalarining ham fikri ikkiga ajraladi:
“Internet yosh avlodni ma’lum ma’noda qamrab olgan. Men bu avlod diqqatining tarqoqroq ekanini kuzatdim”, deydi uka-singillarining ham u va uning tengdoshlari kabi maktabda raqamli qurilmalardan faol foydalanishini istamayotgan 18 yoshli Aleksios.
Biroq 19 yoshli Jasmin kabilar maktabning eng yosh o‘quvchilari ham raqamli ta’lim olishini yoqlamaydi:
“Keling, ko‘proq kompyuterlarga e’tibor qaratamiz. Chunki realistik ko‘z bilan qaraydigan bo‘lsak, butun dunyo kompyuterdan foydalanmoqda”, deydi u bugungi kunda texnikasiz soha deyarli yo‘qligini nazarda tutib.
Raqamli tafovut va populistik yondashuv: “Muqovaga o‘tish” strategiyasining biznes doiralardagi keskin muhokamalari
Ushbu qaror biznes doiralarida ham qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.
Masalan, Edtech Industry assotsiatsiyasi o‘zining yangi hisobotida an’anaviy ta’lim o‘quvchilarning kelajakdagi zamonaviy ish jarayoniga yetarlicha tayyor bo‘lmasligiga olib kelishi mumkinligini qayd etgan.
“Ishlashni boshlash uchun barchaga bazaviy raqamli tajriba zarur”, – ta’kidlaydi assotsiatsiya direktori, sobiq o‘qituvchi Yanni Yeppesen yaqinda e’lon qilingan Yevropa ittifoqi hisobotiga tayanib. Hisobotda shuningdek, tez orada 90% ishchi o‘rni raqamli tajriba talab etishi haqida ham qayd etilgandi.
Shuningdek, Jeppesen kompaniyasi ham bu qarorning tadbirkorlik va innovatsiyaga ta’siridan xavotirda: Bugungi kunda Shvetsiya Yevropada texnologik “Unicorn” (1 milliard AQSH dollari va undan yuqori narxga baholanuvchi kompaniyalar) ishlab chiqarish markazi sanaladi. Unga musiqiy striming servisi Spotify va yuristlar uchun Legora sun’iy intellekt ilovasi kabilar tegishli bo‘lib, bu kabi kompaniyalar agar mamlakatda zarur IT-mutaxassislarni topmasa, “boshqa joyga ko‘chib o‘tadi”.
Bu borada tobora o‘sib, aktual bo‘lib borayotgan sun’iy intellektdan foydalanish muammosi ham mavjud. Hukumat ta’lim dasturiga SIdan foydalanish imkoniyatlari va xavflari haqida darslar kiritishni istaydi. Bir qancha kritiklar buni hatto, kichik yoshdagi bolalardan boshlash zarurligini aytadi.
Aks holda, nisbatan imkoniyati yuqori oilalar farzandiga tegishli bilimlarni qo‘shimcha tarzda o‘rgatadi, lekin imkoniyati yo‘q bolalar ushbu bilimlarga kelajakda ehtiyoj sezadi, shu tariqa avlodlar orasida raqamli tafovut shakllanadi.
“Notenglik sabab odamlar mahrum bo‘ladigan imkoniyatlar faqatgina ta’lim teng berilishi orqaligina taqdim etilishi mumkin”, deydi Forsell.
EdTech shved kompaniyasi bosh direktori Yeppesen buni “populistik yondashuv” ekanini ta’kidlaydi. Unga ko‘ra, hukumatning an’anaviy sinflarga emas, raqamlisiga urg‘u berishi — natijalarga ta’sir qiluvchi boshqa omillardan e’tiborni chalg‘itadi. Masalan, shved Ta’lim agentligining mart oyida e’lon qilingan hisobotida ta’lim resurslari va o‘qitish imkoniyatlarining noteng taqsimlanganligi qayd etilgan.
Mamlakatning aksar qismi an’anaviy ta’lim tizimiga qaytishga qanchalik qarshi bo‘lmasin, hukumat qarorida qat’iy. Va shu tariqa, Shvetsiyaning ilmiy salohiyat darajasini yaxshilashni maqsad qilgan.