Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan soʻzlagan tabrigidan asosiy fikrlar (birinchi qism):

Buyuk istiqlolimizning ildizlari uch ming yildan ziyod boʻlgan davlatchilik anʼanalarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi;

Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi;

Bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimiz, jadidlar xotirasiga taʼzim bajo keltiramiz;

Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbob Islom Abdugʻaniyevich Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yod etamiz;

Islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon boʻlishni maqsad qildik;

"Paxta qulligi", "majburiy mehnat va bolalar mehnati", "konvertatsiya cheklovi", "propiska" kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berdik;

Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyatni barpo etish uchun keyingi 10 yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik. Oʻzbekistonni dunyoga keng ochdik;

2030-yilda borib yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilgan edik. Bu vazifani shu yilning oʻzida ortigʻi bilan amalga oshiramiz va daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga kiramiz;

Bugungi kunda kambagʻallik darajasini 2017-yildagi 35 foizdan 4 foizga tushurishga erishdik. 10 million nafar insonning turmush sifati yaxshilandi;

Mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari talabalarining yarmidan koʻpini qizlar va ayollar tashkil etadi. Bilimli qizlar — bilimli oila, bilimli avlod, maʼrifatli jamiyat deganidir;

Taʼlim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili deb bilamiz;

Mening niyatim: Oʻzbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilgʻor tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur.