Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan soʻzlagan tabrigidan asosiy fikrlar (ikkinchi qism):

Aholining oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 1991-yildagi 66,4 yoshdan 2025-yilda 75,4 yoshga yetgani, goʻdaklar va onalar oʻlimi koʻrsatkichi 4 barobar kamaygani sohadagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir;

Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qoʻymoqda. Kelgusi oʻn yillik biz uchun milliy yuksalish davri boʻladi;

Kelgusi yillarda yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dasturni amalga oshiramiz;

Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat boʻladi;

Tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga oʻtamiz. Davlat tibbiy sugʻurtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi;

2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi;

Toʻrtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan oʻzgartirishga qaratiladi;

Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha islohotlarimizni qatʼiy davom ettiramiz;

Mahalla jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantiriladi;

Oʻzbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markaziga aylantirish uchun koʻpqirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettiramiz;

Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli boʻlamiz;

Xalq va davlat yagona maqsad yoʻlida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib boʻlmaydigan marraning oʻzi yoʻq. Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning oʻzi yoʻq;

Matonatli, mard va olijanob xalqimiz oʻz oldiga qoʻygan ulug‘ maqsadlarga albatta yetadi.