Har yili jahonda 3 milliarddan ortiq oʻyinchoq ishlab chiqariladi. Afsuski, 60 foizining sifati nazoratdan chetda. Fargʻonalik hunarmand Sadoqat Mirzaeva esa 2016 yildan buyon ekologik toza, zamonaviy va milliy qoʻgʻirchoqlar tayyorlaydi. “Art house sadosh” MChJ Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Yaponiyaga buyurtma asosida oʻyinchoqlar yetkazib beradi. Mahsulotlarini xalqaro onlayn savdo platformalari orqali xorijliklar sotib olishmoqda. Hunarmand bugun amalga oshirayotgan ishlari va kelajakdagi rejalari haqida Oyina.uz muxbiriga soʻzlab berdi.

Yiliga 2 mingdan ortiq buyurtma tushadi
Qoʻgʻirchoqlarimni uch xil uslubda: ip va sintepon, paxta va yogʻoch, plastmassa kabi xomashyolardan ishlab chiqaraman. Dastlab turli rangdagi iplardan foydalanib, qoʻgʻirchoqning oyog‘ qismidan boshlab toʻqiyman va ichiga sintepon solaman. Mijoz talabiga koʻra libos rangi va turi tanlanadi. Yumshoq qoʻgʻirchoqlarim zamonaviylik va milliylikni mujassamlashtirgan. Ularga “Sadosh” nomini berganman. Internet orqali xorijdan, oʻzimizning viloyatlardagi tadbirkorlardan yiliga 2 mingdan ortiq buyurtma tushadi.
Oʻyinchoqlarimiz bolalar oʻynashi uchun xavfsiz. Uch yildan buyon maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari uchun 4 mingdan ortiq qoʻgʻirchoq tayyorlab berdik. Maktabgacha taʼlim vazirligi mutasaddilarining asosiy maqsadi kelajak avlodni milliy ruhda tarbiyalash va oʻzbek urf-odatlarini bolalikdan ongiga singdirishdir. Bizning mahsulotlarimiz shunga xizmat qiladi.
Oʻzimiznikilar milliy oʻyinchoqlarni sotib olmaydi
Yurtimizda yogʻochdan milliy qoʻgʻirchoqlar yasovchi hunarmandlar koʻp. Avval ustaga bosh qismini tayyorlataman. Simdan inson shaklining xomakisini yasab, mato bilan oʻrayman, ichini paxta bilan toʻldiraman. Shogirdlarim bilan birga adras, atlas, shoyi kabi matolardan liboslar tikamiz. Boshiga iroqi nusxa doʻppi kiydiramiz.
Xorijlik sayohlarga hamda internet bozorida yogʻochdan yasalgan milliy qoʻgʻirchoqlarimiz koʻproq sotiladi. Asosan Toʻmaris, Alpomish, Zumrad va Qimmat, Nodirabegim, Uvaysiy kabi timsollar koʻrinishini yarataman. Lekin mahalliy aholi bunday oʻyinchoqlarni deyarli sotib olmaydi.

Ota-onalar zamonaviy personajlar yasab berishimni soʻraydi
Ipdan toʻqilgan milliy va zamonaviy kiyintirilgan oʻyinchoqlarim uzoq muddat xizmat qiladi. Ularni kir yuvish mashinasiga ham solish mumkin. Lekin...
Hozir farzandlarimiz telekanallar va internetda trendga chiqqan AQSh, Yevropa, Rossiya multfilmlarini tomosha qilib ulgʻayishmoqda. Shu bois koʻpchilik ota-onalar zamonaviy personajlar yasab berishimni soʻraydi. Natijada zamonaviy qoʻgʻirchoqlarni ham koʻproq tayyorlashga majburmiz.
Bugungi texnika asrida kelajak avlodning milliy qadriyatlarimizga hurmatini kitob mutolaasi bilangina asrab qolib boʻlmaydi. Vizual va virtual imkoniyatlardan koʻproq foydalanishimiz kerak. Afsuski, buni hamma ham anglayvermaydi.

Katta mablagʻsiz ham tadbirkorlik qilish mumkin
Aholi orasida ish oʻrinlari kamligini, tadbirkorlarga kredit ajratilmayotganini roʻkach qilish hollari koʻp uchraydi. Endigina ish boshlaganimda tikuvchilikdan xabardorligim qoʻl kelgan. Oddiy matodan qoʻgʻirchoqlar tikkanman. Hozir ham ushbu mahsulotimizning xaridori koʻp.
Dastlab qattiq qogʻozga qoʻgʻirchoqning andazasi chiziladi. Andaza mato ustiga qoʻyilib, oʻntadan yigirmatagacha bichim qirqib olinadi. Keyin chetlari tikilib, ichiga sintepon solinadi. Xaridor istagiga qarab, milliy matolarimizdan libos kiydiriladi. Mazkur mahsulotimiz arzon va sifatli. Bu bilan pulsiz ham biznes boshlash mumkinligini aytmoqchiman.

Qoʻgʻirchoqlarimda oʻzbek ayoli siymosi yashaydi
Plastmassadan ham milliy qoʻgʻirchoqlar ishlab chiqaramiz. Ekoplastchi tadbirkorlarga oʻyinchoqning oʻlcham va koʻrinishini belgilab, buyurtma qilaman. Hunarmandlar mitti doʻppichalar tikib berishadi...
Qanday xomashyodan tayyorlanganidan qatʼi nazar, qoʻgʻirchoqlarga imkon qadar milliy tus berishga, adras va atlasdan liboslar kiydirishga harakat qilaman. Ular orqali yosh avlod ongiga azaliy qadriyatlarimiz chuqurroq singishiga ishonaman.
Shu hunar ortidan turli davlatlarda oʻtgan festival va koʻrgazmalarda qatnashib kelyapman. Qaerga bormayin, qoʻgʻirchoqlarim milliyligimiz timsoli boʻlib, boy madaniyatga ega Vatanimizni targʻib etadi. Xorijliklar qaysi yurtdan ekanimni soʻrab, mahsulotlarimizga alohida qiziqish bildiradi.
Shahnoza TOJIDDINOVA
oyina.uz