Yer yuzidagi har bir el-ulus oʻzi yashagan iqlim sharoitidan kelib chiqib, kishilik jamiyati taraqqiyotiga xizmat qiladigan turfa kasb-hunarlarni yaratgan. Ming yillar davomida bu kasblar boyib, yanada takomillashib borgan. Masalan, yirik daryo yaqinida oʻtroq yashagan xalqlar dehqonchilik bilan kun kechirib, qishloq va shaharlarga asos solgan boʻlsa, dengiz boʻylari aholisi kemasozlik va xalqaro savdoda shuhrat qozongan. Yuksak togʻlar va cheksiz yaylovlarda chorva boqqan el-uluslar esa koʻchmanchi turmush tarzini tanlagan. Bu holat muayyan xalqlarning muayyan sohaga ixtisoslashuvini taʼminlagan: kimdir yogʻochga ishlov berishda, boshqasi zargarlik, temirchilik yoki charmchilikda yuksak mahoratga erishgan.

Koʻchmanchi turmush kechirib, chorvasini keng yaylovlarda boqqan, ayni paytda oʻtroqlashib, shaharsozlikda ham ilgʻor boʻlgan turkiy el-uluslar mazkur kasb-hunarlarning deyarli barchasini egallagan. Ular qoʻrqmas jangchi boʻlish bilan birga, yirik davlatlarni boshqarib, yuzlab sulolalarga asos solgan. Qariyb bir yarim ming yillik yozma manbalar tahlili turklarning kundalik hayotida quyidagi kasb-hunarlar yetakchi boʻlganini koʻrsatadi: “beklik – boshqaruvchilik”, “bitigchilik – kotiblik”, “etchilik – qassoblik”, “etukchilik – etikchilik va teriga ishlov berish”, “ekmakchilik – novvoylik”, “yoʻnigʻchilik – yogʻochga ishlov berish”, “bedizchilik – bezakchilik”, “boʻyugʻchilik – boʻyoqchilik”, “temurchilik – temirchilik”, “avchilik – ovchilik”, “satigʻchilik – savdo-sotiq”, “kemichilik – kemachilik”, “emchilik – tabiblik” va “oʻtachilik – dori-darmon yasovchilik”.

Yevrosiyo kengliklarining sharqiy qismlari – Volga-Ural boʻylari, Janubiy Sibir va Tyan-Shan togʻlarining shimoliy etaklarida yashagan turkiylar tabiatning injiqliklari – toʻxtovsiz yomgʻirlar va oylab choʻziladigan qor-boʻronlar bilan kurashib yashashga majbur boʻlganlar. Ular nafaqat boshpanalarini iqlim sharoitiga moslashtirgan, balki qor ustida sirpanish, yuk tashish, ov qilish va harbiy yurishlarda ustunlikka erishish uchun turli moslamalar ham ixtiro qilganlar [Togan 1950; Yildiz. 2019: 45–48]. Qadimgi turk tilidan bugungi kunga qadar saqlanib kelgan “chana”, “changʻi”, “kuyma”, “qizaq” kabi soʻz va atamalar ajdodlarimizning tabiat qiyinchiliklarini yengishdagi topqirligidan dalolat beradi.

Bundan 1400 yil muqaddam yozilgan Oʻrxun yodgorliklaridan biri – Kul-tegin bitiktoshida shunday satrlar uchraydi: “Sungug batimi qarig‘ soʻkupan Koʻgman yishig‘ toʻgʻa yoʻrip qirqiz boʻdunug‘ uda basdimiz – Sungi (nayza) botimi qorni soʻkib (yorib) Qirgʻiz xalqini uyquda bosdik” [qar. Abdurahmonov, Rustamov 1982: 108–109]. Manbadagi bu bayon qoʻshinlar qorni ikki tomonga kurab yoʻl ochganini yoki oyoqlariga maxsus moslamalar taqib harakatlanganini anglatadi. Xitoy yilnomalarida turklar orasida “yogʻoch oyoqli turklar” borligi, ular oyoqlariga yogʻochdan yasalgan moslamalar bogʻlab, qalin qor ustida erkin yurishgani haqida maʼlumotlar uchrashi bu dalilni tasdiqlaydi [Bichurin 1950, I]. IX asrga oid, turk tilidan tibet tiliga oʻgirilgan hujjatlarda ham “ud-adagʻlig‘ turklar” (sigir terisi va junidan tikilgan etik kiyganlar) bilan bir qatorda “yogʻoch oyoqli turklar” tilga olingani tarixiy manbalarning oʻzaro uygʻunligini koʻrsatadi [Abduholiq Abdurasul oʻgʻli 1997: 72–77].

Mahmud Koshgʻariy “Devonu lugʻatit turk” asarida qorda “toymoq”, “sirpanmoq” maʼnolarini anglatuvchi bir nechta soʻzlarni keltiradi. Xususan, “taymaq” feʼli bilan bogʻliq “taydï – er taydï – odam toydi” tarzida izoh berib oʻtadi [Koshgʻariy 1963, III: 262]. Bundan ming yil muqaddam ham turkiylar sirpanchiq uchishgani, oʻzaro musobaqalashgani asardagi “ul anïӊ birlä tayïshdï – u u bilan toyishda bahslashdi” degan maʼlumotda oʻz tasdiqini topadi [Koshgʻariy 1963, III: 204].

“Toymoq” feʼli Oʻnaduli (Anadolu) turkchasi kabi ayrim zamonaviy turkiy tillarda unutilgan boʻlsa-da, oʻzbek tilida “sirpanmoq” feʼli bilan sinonim boʻlgan “toymoq” [tåymåq] feʼlining saqlanib qolgani diqqatga sazovordir. Bu soʻz bilan bogʻliq birliklar oʻzbek xalq shevalarida ham uchraydi: “toyma” [tåyma] – “muzlagan yoki sirpanchiq yerda oʻynaladigan oʻyin / sirpanib oʻynamoq”; “Bolalar qishda toyma toyishadi – Bolalar qishda sirpanchiq oʻynashadi” (Qashqadaryo viloyati, Koʻkdala tumani Harduri qishlogʻi) va hokazo [Nafasov 2011: 291].

Quyida qadimgi turk tili va bugungi turkiy tillarda saqlangan,  qorda sirpanish uchun qoʻllanilgan vositalar bilan tanishamiz:

1. Chana – “Qishda qor, muz qoplagan yoʻlda sirpanib yuradigan changʻili aravacha” [OʻTIL 2008: 453].

Bu soʻz oʻzbek, uygʻur, qirgʻiz tillarida “chana”, qozoq tilida “shana” shaklida qoʻllanadi. Koʻpchilik tilshunoslar “chana” soʻzini moʻgʻulcha “cha”, “sas” (“qor”), “cha/gʻan” (“oq, oq tus”) soʻzlari bilan chogʻishtirib, uni turkiy tillarga oʻzlashgan deb hisoblaydilar [Rybatzki 2015: 280]. Haqiqatan ham, bundan ming yil oldin yashagan buyuk leksikograf Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻatit turk” asarida bu yoki shunga oʻxshash atamaning uchramasligi mazkur qarashni oqlagandek koʻrinadi.

Biroq Mahmud Koshgʻariy lugʻatidagi “chanaq – yogʻochdan oʻyib ishlangan tuzluq va shu kabi idishlar” deb izohlangan soʻz bilan moʻgʻul tiliga nisbat beriladigan “chanag” (tuvak), “chana”, “sana”, “charga” (qorda sirpanchiq uchishda ishlatiladigan yogʻoch moslama) oʻrtasida oʻzaro mantiqiy bogʻliqlik borligi seziladi. Qadimgi turkiy tilda soʻz oxiridagi “q”, “g‘” tovushlarining baʼzan tushib qolishi eʼtiborga olinsa, “chanaq ~ chana” soʻzlari oʻzaro yaqin ildizga ega ekanligi anglashiladi. Ikkinchi tomondan, qadimgi turk-moʻgʻul qavmlarida chanasimon moslamalarning ilk koʻrinishi idish turlaridan biriga, aniqrogʻi, togʻoraga oʻxshash boʻlgani uchun ham qorda harakatlanish vositasi “chanaq” (chana) deb atalgan boʻlishi mumkinligini koʻrsatadi. Aytish joizki, “chana” soʻzining negizida moʻgʻulcha “cha”, “sas” (qor) yotadi deb hisoblovchi tadqiqotchilar ham moʻgʻul tillarida ot yasovchi -na qoʻshimchasi mavjud emasligidan kelib chiqib, bu soʻzni sof moʻgʻulcha deb atashda ikkilanadilar [Rybatzki 2015: 280].

Eʼtiborlisi, “chana” soʻzi qadimgi turkcha “chanaq” (taxminan yassi yogʻoch idish) oʻzak asosida yasalganini oʻzbek tilidagi leksik parallellar ham qoʻllab-quvvatlaydi. Oʻzbek va boshqa ayrim turkiy tillarda “chanaq” (chanoq) soʻzi saqlanib qolgan boʻlib, oʻzbek tilida u asosan “bosh kosasi, koʻz kosasi, umuman, kosasimon suyaklar; paxta koʻsagining har bir xonasi” kabi maʼnolarni bildiradi [OʻTIL 2008: 456]. Bu soʻzning hozirgi maʼnosi “Devonu lugʻatit turk”dagi “chanaq – yogʻochdan oʻyib ishlangan tuzluq va shu kabi idishlar” taʼrifidan unchalik uzoqlashmagani quvonarlidir.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, oʻzbek tilining izohli lugʻatida “chana” soʻzi qadimgi rus tilidagi “sani” soʻzidan olingan deb izohlanadi [OʻTIL 2008: 453]. Biroq yuqoridagi tahlillar koʻrsatadiki, bu soʻz aslida moʻgʻul tillari orqali, aniqrogʻi, qadimgi turkcha “chanaq”dan oʻzlashib, keyinchalik Markaziy Osiyo turkiy tillariga qaytib kelgan “chana”ning slavyan (jumladan, rus) tillariga oʻtgan koʻrinishidir. Moʻgʻul tillaridan xalqa, qalmoq, buryat va oyrot tillarida “sana” soʻzining “chana, qordan sirpanish uchun yasalgan yogʻoch qurilma” maʼnosini anglatishi ham ushbu farazni yanada kuchaytiradi [Rybatzki 2015: 280]. Buning ustiga, keyingi boʻlimda koʻrib chiqiladigan “changʻi” soʻzining ham tubdan qadimgi turkiy xarakterga egaligi bu fikrni toʻla tasdiqlaydi.

2. Changʻi – “Qorli joylar, botqoq yerlar va suv yuzida tayanch joylarni kengaytirib, siljishni osonlashtiruvchi, oyoqlarga mahkamlanuvchi maxsus moslama” [OʻTIL 2008: 457].

Oʻzbek va qirgʻiz tillarida “changʻi”, uygʻur tilida “changʻa”, qozoq tilida “shang‘i” shakllarida uchraydigan bu soʻzni baʼzi tadqiqotvchilar moʻgʻulcha “chana” soʻzi bilan aynanlashtirmoqchi boʻlsalar-da, V.Ribatski uning sof turkcha soʻz ekanini taʼkidlaydi [Rybatzki 2015: 281]. Ribatski “changʻi” soʻzining qadimgi turk tilida -ngʻu, -ngu kabi ot yasovchi qoʻshimchalar mavjudligidan kelib chiqib, uni turkiy ildizga ega deb qaragan. Ham bajaradigan vazifasi, ham yasalish asosi “chana” va “changʻi” soʻzlarining tub mohiyatda yaqinligini koʻrsatadi.

Boshqa tomondan, “changʻi” soʻzini “chanoq”dan butunlay farqli oʻzakdan kelib chiqqan deb qarab, uning negizida shunga yaqin maʼnodagi qadimgi turkiy feʼl yotganini taxmin qilish ham mumkin. Toʻgʻri, qadimgi turk tilida “chan-” yoki shunga oʻxshash feʼl bevosita uchramaydi. Biroq turkiy tillarda, jumladan oʻzbek tilida keng tarqalgan “sanqimoq” (sandiroqlab, daydib bekor yurmoq; sayoqlik qilmoq), “sandiroqlamoq” (maqsadsiz ravishda tentirab yurmoq, sanqimoq) kabi feʼllar bilan bir oʻzakka ega boʻlishi ehtimoldan xoli emas [qarang: OʻTIL 2008: 439, 443]. Maʼlumki, bugungi turkiy tillarda boʻlgani kabi qadimgi turk tilida ham “s ~ ch” tovushlari oʻzaro oʻrin almashish xususiyatiga ega: “sanchmoq ~ chanchmoq”, “soch ~ choch”, “suchug ~ chuchuk”, “soʻzma ~ choʻzma”, “sizmoq ~ chizmoq” va hokazo. Demak, “changʻi” soʻzining negizida “harakatlanayotganda yoʻnalishni oʻzgartirib, tentiragan, egri-bugri holatda oldinga intilish” maʼnosini anglatuvchi yondosh feʼl yotadi deyish mantiqqa yaqinroqdir.

3. Kuyma – “Yoʻlovchi tashishga moʻljallangan usti yopiq arava – kareta”.

Oʻrta asrlarda Oltin Oʻrda va unga qoʻshni oʻlkalardagi turk-moʻgʻul elatlari orasida qorda sirpanib yurish uchun moʻljallangan yana bir oʻziga xos moslama keng tarqalgan boʻlib, u “qor kuyma” (qar küymä) deb yuritilgan. Bu soʻz xorazmlik tarixnavis Oʻtamish Hojining “Chingiznoma” asarida uchraydi. 1360-yillarning boshida Chingiziy qoʻshin boshliqlaridan qoʻngʻirot Noʻgʻaday oʻgʻli Oq Husayn Xorazm viloyatini boshqargan davrda Oltin Oʻrda taxti uchun kurashlarga aralasha boshlaydi. U Oʻzbekxon (1312–1342)ning turmush oʻrtogʻi Toy Tugʻli begim va begim tomonidan xon koʻtarilgan Bozorchi ismli shaxsga qarshi boshqa chingiziylarni qoʻllab-quvvatlaydi.

Asarda Toy Tugʻli begim taxt uchun kurashlarga bosh boʻlgach, unga qarshi kuchlar chingiziy Xizrxonni xon koʻtarib, Saroy viloyati ustiga yurish qilgani quyidagicha bayon etiladi:

“Oq Husayn Xorazm lashkarin tamom ittifoq qilib, Oqkoʻlga borib, Xizrxoni mazkurni xon koʻtarib, Saroy viloyati ustunga yuridi. Saroy ustunda urush boʻldi. Bozorchi taqi begim qoʻlgʻa tushdilar. Begimni bir qor-kuyma (yopiq chana)ga mindurub, ogʻzini mazbut qildilar. Taqi bir iylik (asov) aygʻir otni yekib (qoʻshib), bosh soligʻgʻa (boshi oqqan tomonga) qoʻya berdilar. Bu iylik ot arobani olib qochib yoblargʻa, qochulargʻa urub erdi, to begim halok boʻldi. Oʻzbeklar Toy Tugʻli begimni Xizrxon oʻlturub turur terlar” [Oʻtamish Hoji 2009: 37-38; Ötemiş Hacı 2025: 22].

Bundan koʻrinadiki, oʻsha kezlarda usti yopiq chana “qor-kuyma” deb atalgan va uni olib yurishda ayrim oʻrinlarda otdan foydalanilgan. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, “Chingiznoma”ni oʻzbekchalashtirgan sharqshunos ustoz Gʻulom Karim  “qor-kuyma” soʻzini “qorkuyam” koʻrinishida bergan. Asarning Anadolu turkchasidagi nashrida turk tilshunosi Ilyos Kamoloʻgʻli bu soʻzni “kar küyme” (qor kuyme) shaklida keltirib oʻtgan [Ötemiş Hacı 2024: 22]. Bugungi qozoq tilida mazkur soʻz oʻz maʼnosini saqlab qolgan boʻlib, ular yoʻlovchi tashishga moʻljallangan usti yopiq arava – karettearni “kүyme” deb ataydilar. Oʻtamish Hojining yozishicha, Toy Tugʻli begim ogʻzi mahkamlanib, ichiga oʻtirg‘izib yuborilgan va ariqlar hamda toʻsiqlarga urila-urila fojiali oʻlimiga sabab boʻlgan “qor-kuyma”dan tashqari, boshqa turdagi “kuyma”lar ham mavjud boʻlgan. Bunday qurilmalar asosan usti yopiq arava koʻrinishida boʻlib, qorda harakatlanishga moʻljallanganlari maxsus ravishda “qor-kuyma” deb yuritilgan.

Demak, bundan asrlar muqaddam turli elat va urugʻlarga boʻlingan turk el-uluslari, ayniqsa ularning Yevrosiyo kengliklarining Volqa-Ural boʻylari, Janubiy Sibir, Oltoy va Tyan-Shan togʻlarining shimoliy etaklari kabi sovuq, qorli oʻlkalarida yashagan qismi tabiatning injiqliklari – tinimsiz yomgʻirlar va qalin qorlarga qarshi kurashib, ular bilan “til topishib” yashaganlar. Ular turli qiyinchiliklarni yengish yoʻllarini izlab topib, oʻziga xos moslama va jihozlarni yaratishni oʻrganib olganlar. Jumladan, chanoq (chana) – togʻora koʻrinishidagi yassi, pastak yogʻoch idishlarni nafaqat uy-roʻzgʻor ishlarida, balki qorli va muzli tog‘ etaklarini osonroq oshib oʻtish, bugʻu va maral kabi oʻrmon hayvonlarini ovlashda, shuningdek, qorli oʻlkalardagi raqiblarga qarshi kurashda unumli qoʻllaganlar. Qadimgi turklarning bu kabi ixtirolari va ular bilan bogʻliq leksik qatlamning qoʻshni hamda qardosh moʻgʻul, keyinchalik esa slavyan el-uluslariga oʻzlashgani turkiylarning Yevrosiyo makonida keng tarqalib, oʻziga xos moddiy madaniyatini boshqa xalqlarga ham yoyganidan dalolat beradi.

Gʻaybulla BOBOYOROV,

tarix fanlari doktori, professor

Qoʻllanilgan adabiyotlar:

1. Abdurahmanov G‘., Rustamov A. Qadimgi turkiy til. Toshkent: Oʻqituvchi, 1982.

2. Abduholiq Abdurasul oʻgʻli. Turkiy xalqlar tarixiga oid tibetcha hujjat // Oʻzbekistonda ijtimoiy fanlar. Toshkent, 1997. №6. B. 72–77.

3. Бичурин Н. Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах, обитавших в Средней Азии в древние времена. В 3-х томах. Том I. М. - Л.: Изд. АН СССР, 1950.

4. Koshgʻariy, Mahmud. Turkiy soʻzlar devoni (Devonu-lugʻot it-turk) / Tarjimon va nashrga tayyorlovchi S.M.Mutallibov. 3-tom. Toshkent: Fan, 1963.

5. Nafasov T. Qashqadaryo oʻzbek xalq soʻzlari lugʻati. Toshkent: Muharrir, 2011.

6. Oʻzbek tilining izohli lugʻati. Ch harfi. A.Madvaliyev tahriri ostida. Toshkent: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2008.

7. Oʻtamish Hoji ibn Muhammad Doʻstiy. Oʻtamish hoji tarixi. Nashrga tayyorlovchi va soʻzboshi muallifi G‘.Karim. Toshkent: Oʻzbekiston, 2009.

8. Ötemiş Hacı. Çengiz-Name. Hazırlayan İlyas Kemaloğlu. Ankara: TTK, 2024.

9. Rybatzki V. Mongolic words in Özbek (II). Words beginning with č-, j-, y-. // Acta Linguistica Petropolitana. Transactions of the Institute for Linguistic Studies. Vol. XI, part 3. St. Petersburg, 2015. P. 380-398.

10. Togan A. Zeki Velidi. Eski Türklerde Kayakçılık // Erciyes Kayseri Halkevi  Dergisi, (1950). C. XII. S. 82-83, 21, 24-25.

11. Yıldız O. Eski Türklerin Kış Sporu Kayakçılık // Genç Kalemler. Tarih, Düşünce ve Kültür Dergisi. Yil 5, Sayi 6 (2019). S. 45–48.