Qoʻrquv insoniyatning shu kungacha yashab kelishida sabab boʻlgan omillarning eng muhimi, desam, ishonasizmi? Tasavvur qiling, yarim tun, ikki tomonida daraxtlar oʻsgan yoʻlakdan ketyapsiz. Shunda yelkangizga sovuq, uzun nimadir tushdi. Bunday vaqtda miyangizga ilk kelgan javob nima boʻladi? Albatta, ILON! Kim ham shunday vaziyatda qoʻrqmaydi, deysiz…

Qoʻrquv nima? Biz nega qoʻrqamiz?

Qoʻrquv – xavf tugʻilgan vaziyatda miyamizda ogohlantiruv tizimining ishga tushishidir.

Yuqorida “javob” deb bejiz keltirmadim. Chunki inson miyasi har qanday mavhum vaziyatga javob qaytaruvchi bir tizimdir. Agar u aniq javobni bilmasa, taxminiy javob taqdim etadi. Yana yuqoridagi vaziyatga qaytamiz. Yelkangizga tushgan narsa ilon ekani shunchaki miyangiz uzatgan taxmin xolos. Qiziquvchan insonlar uni ilon ekanini tekshirib koʻradi. Bu omad – chikka yoki pukka. Qoʻrqoq insonlar esa bunday vaziyatda xavfsiz joyga qochib qoladi. Xoʻsh, endi ayyting-chi, kim tirik qoldi?!

Qoʻrquvlar ham tamaddunga uygʻun ravishda zamondan zamonga turfa xillashib bormoqda. Bu maqolada esa qoʻrquvlarning biz bilgan qahramonlar nomi sharafiga atalganlarini koʻrib chiqamiz.

Mifologik qahramonlar nomidan kelib chiqqan fobiyalar:

Herkulofobiya. Yunon mifologiyasidagi oliy xudo boʻlmish Zevsning kuch-qudratda tengi yoʻq oʻgʻli – Herkules nomidan olingan. Herkules oʻzining oʻn ikki jasorati bilan mashhur. Bu fobiya odamning oʻzini kuchli va irodali his qilishdan qoʻrqishi yoki kuchli boʻlishni orzu qilishga nisbatan qoʻrquvini anglatadi.

Odisseyafobiya – yunon mifologiyasiga oid doston qahramoni Odissey nomidan olingan boʻlib, u Troyaga safar chogʻida koʻplab sinovlarda toblanadi. Bu fobiya uzoq safarlar, yangi sarguzashtlar va xavfli tajribalardan qoʻrqishni anglatadi.

Ikarus fobiyasi – yunon mifologiyasi qahramoni Dedalning oʻgʻli Ikarus nomidan olingan boʻlib, ular Krit orolidagi labirint sohibi Minosdan qochish uchun mum bilan yopishtirilgan qanotlarda parvoz qiladilar. Quyoshga yaqin uchgan Ikar qanotlari erib halok boʻladi. Bu fobiya, haddan tashqari oʻzini ayblash yoki ortiqcha ishonchdan qoʻrqishni anglatadi.

Prometey fobiyasi.  Yunon mifologiyasida Zevsning otashini oʻgʻirlab, insonlarga taqdim etgan holda ularni bir pogʻona xudolarga yaqinlashtirgani uchun Olimp xudolari gʻazabiga uchrab, Zevsning jazosiga giriftor boʻlgan isyonkor titan – Prometey nomidan olingan. Bu fobiya, xudolar yoki oʻzidan qudratli zotlar tomonidan jazolanishdan qoʻrqishni anglatadi.

Antigona fobiyasi. Yunon mifologiyasidagi oʻz otasini oʻldirib, onasiga bilmay uylanish qismati bilan tugʻilgan Edipning qizi – Antigona nomidan olingan boʻlib, u oilaviy sadoqat ramziga aylanib ulgurgan qahramondir. Antigonaning jasorati quyidagicha, Edipning oilaviy fojeasidan soʻng taxtni amakisi Kreon egallaydi. Kreon taxt uchun kurashda Edipning oʻgʻli Poliniksni oʻldiradi va jasadni mazaxlash uchun uni dafn etishni man qiladi. Kimdakim uni dafn etadigan boʻlsa, oʻldirilishi bilan ogohlantiradi. Lekin Poliniksning opasi Antigona bu farmonga qarshi chiqqan holda oʻlimni boʻyniga olib, ukasini dafn etadi. Ushbu jasorati bilan u qarindoshlik rishtalari va oilaviy anʼanalarga sodiqligini isbotlaydi. Bu fobiya, ota-ona, jamiyat yoki qonunlarga qarshi chiqishdan qoʻrqishni anglatadi.

Orfey fobiyasi.  U Yunon mifologiyasidagi mohir musiqachi va shoir boʻlib, bu fobiya uning sevgi fojeasi sharafiga nomlangan. Unda bayon qilinishicha, Erudika shilqim Satirning taʼqibidan qochayotgan vaqt bexosdan ilonlar uyasini bosib oladi. Shunda tovonini ilon chaqadi va u vafot etadi. Orfey suyuklisini hayotga qaytarish uchun marhumlar mamlakatiga borib uning hukumdori Aid va uning rafiqasi Persefonaga dardini bayon etib yolvoradi. Aid va Persefonaning rahmi kelib bir shart bilan Erudikani hayotga qaytarishga rozi boʻladilar. Shart shunday edi: Orfey oldinda ketishi, ortidan Erudika ergashishi va tiriklar dunyosiga chiqmagunga qadar Orfey ortiga oʻgirilmasligi kerak edi. Manzilga yetar chogʻda Orfey ortimdan Erudika kelmayotgan boʻlsa-chi, Aid va Persefona meni aldagandir, degan shubha bilan ortiga oʻgiriladi. Shunda Erudikaning ruhi yana marhumlar makoniga uchib ketadi. Bu fobiya, sevgan odamini yoʻqotishdan yoki oʻz sevgisi uchun oxirigacha kurashishdan qoʻrqishni anglatadi.

Kirka fobiyasi.  Yunon mifologiyasidagi quyosh xudosi Heliosning sehrgar qizi – Kirka nomidan olingan boʻlib, u jazo tariqasida orolga surgun etilgan va u yerda yolgʻiz va baxtsiz yashashga mahkum edi. U oroliga kutilmaganda tashrif buyurgan sayohatchilarni hayvonlarga aylantirgan. Bu fobiya, sirli yoki sehrli kuchlarga ishonish, boshqalarga taʼsir oʻtkaza olish qobiliyati orqali insoniyatni oʻzgartirishdan qoʻrqishni anglatadi.

Badiiy asar qahramonlari nomidan kelib chiqqan fobiyalar:

Sherlokfobiya – Artur Konan Doylning mashhur detektiv “Sherlok Xolms” nomli asarining bosh qahramoni sharafiga atalgan bu fobiya atrofida kechayotgan voqea-hodisalarni ipidan ignasigacha haddan tashqari koʻp oʻylab, tahlil qilish va muammolarga yechim izlashdan qoʻrquvni anglatadi.

Hamletfobiya – Shekspirning mashhur tragediyasi “Hamlet”ning bosh qahramoni nomidan olingan boʻlib, bu fobiya hayotiy tanlovlar qarshisiga chiqqan chog‘ qaror qabul qilishda noaniqliklardan qoʻrqishni anglatadi.