Bugungi kunga qadar “Alpomish” qahramonlik dostonini oʻrganish, tahlil etish koʻplab folklorshunos olimlar tomonidan amalga oshirilgan. Dostonning kelib chiqishi, undagi motivlar, obrazlar tahlili keng oʻrganilgan mavzulardan sanaladi. Shunga qaramay, dostonni oʻrganish masalalari hanuz davom etmoqda. Mavzu koʻlami keng boʻlgan bu doston bugunga qadar qator ilmiy tadqiqotlar uchun asosiy manba vazifasini oʻtaydi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, ushbu maqolada oʻzbek xalq qahramonlik dostonining eng goʻzal namunasi “Alpomish” dostonining koʻmakchi obrazlardan biri sifatida talqin etilgan, Alpomishning egiz singlisi – Qaldirgʻoch obrazi tahlil qilinadi.
Dostondagi tugun – “farzandsizlik motivi”
Dostonning anʼanaviy “farzandsizlik motivi” bilan boshlanishi, biylarning farzand talabida yurgan holatlari, tugun vazifasini bajaradi:
“Burungi oʻtgan zamonda, oʻn olti urug‘ Qoʻngʻirot elida Dobonbiy degan oʻtdi. Dobonbiydan Alpinbiy degan oʻgʻil farzand paydo boʻldi. Alpinbiydan tagʻi ikki oʻgʻil paydo boʻldi: kattakoning otini Boyboʻri qoʻydi, kichkinasining otini Boysari qoʻydi. Boyboʻri bilan Boysari – ikkovi katta boʻldi. Boysari boy edi, Boyboʻri shoy edi, bu ikkovi ham farzandsiz boʻldi ... Qirq kun oʻrtadan aniq oʻtdi, boz ravzadan ovoz keldi: Boyboʻri, senga xudoyim bir oʻgʻil, bir qiz berdi, yolgʻiz emas, egiz berdi; Boysari, senga xudoyim bir qiz berdi, egiz emas yolgʻiz berdi. Bundan borsang, farzandlarni koʻrsang, xaloyiqlarni yigʻsang, toʻy-tomoshalar bersang, toʻyda qalandar boʻlib borib, bolalaringning otini oʻzim qoʻyib kelaman”.
Yuqoridagi parchada biylardan birining egiz farzandli boʻlish bashorati qadim mifologik tasavvurlarning eposga taʼsirini koʻrsatadi. Xalq dostonlarida “dualistik qarashlarni oʻzida ifoda etgan egizaklar kulti muhim oʻrin tutgan”.
Oʻzbek xalq ogʻzaki ijodi asarlarida qadimiy tarixiy asosga ega egizaklar kulti, jahon xalq eposlarida ham muhim ahamiyat kasb etadi: egizak maʼbudlarga sigʻinish anʼanasi qadimiy asoslarga ega boʻlib, hind-yevropa tillarida soʻzlashuvchi xalqlarning deyarli barchasida egizaklar kulti mavjud boʻlgan. Alpomish dostonida ham egizak obrazlarining yetakchi obraz sifatida uchrashi, homiy ruhlar tomonidan ularning tilab olinishi, Alpomishning “alplik quvvati” bilan talqin etilishi, unga koʻmakchi etib aynan “egiz singil” – Qaldirgʻochning tanlanishi – obrazlarning epos va etnos taqdirida muhim rol oʻynashini anglatadi.
Oʻzbek xalq dostonlarida tugʻilajak bolaga ism qoʻyish anʼanasi koʻp uchraydigan hodisalardan sanaladi. Jumladan, Alpomish dostonida ham:
“Boyboʻri bilan Boysari niyatiga yetib, farzandli boʻlganlarida elni yigʻib 40 kun toʻy berdilar. Toʻy tarqaydigan boʻlib turganda bir tarzi gul yuzli, shirin soʻzli, bir siyosatli qalandar keladi. Biylar farzandlarining uchovini ham olib kelib, pirning etagiga soladilar. Shohimardon piri Boyboʻrining oʻgʻlining otini Hakimbek qoʻydi, oʻng kiftiga besh qoʻlini urdi. Qoʻlining oʻrni dog‘ boʻlib, besh panjaning oʻrni bilinib qoldi. Qizining otini Qaldirgʻoch oyim qoʻydi; Boysarining qizini otini Oy Barchin qoʻydi”.
Koʻrinadiki, doston qahramonlarining ismi Shohimardon pir tomonidan qoʻyiladi. Shohimardon pir shu tarzda farzandlarning keyingi taqdirida homiy vazifasini bajaradi. Xalq ogʻzaki ijodining koʻpgina dostonlarida “homiy” obrazi mavjud boʻlib, u doston syujetidagi muhim obarazlardan biri hisoblanadi. Oʻzbek xalq ertaklari qahramonlariga yordam beruvchi afsonaviy homiy koʻpincha oq soqolli nuroniy moʻysafid, qalandar, darvesh sifatida tasvirlanadi. Qalandar obrazi ertak qahramoninig gʻayritabiiy tugʻilish motivining badiiy talqinida ham ishtirok etadi. Xususan, qalandar bergan olmani yeb homilador boʻlish, qahramonga qalandar tomonidan ism qoʻyilishi motivlari yuqoridagi fikr dalilidir.
Eposning harakatlantiruvchi quvvat kuchlari
Alpomish, Qaldirgʻoch, Barchin uchligi eposning harakatlantiruvchi quvvat kuchlari sifatida talqin etiladi. Alp bir oʻzi gʻalaba qozona olmaydi. Unga ruhan koʻmak beruvchi – Qaldirgʻoch, alpga tayanch – Barchin obrazlari alpning quvvatini toʻldirib turuvchi vakillar hisoblanadi.
Eposda Barchin va Qaldirgʻochga yuklatilgan vazifaning oʻrni va ahamiyati katta. Bundan shuni anglash mumkin-ki, eposda feodalizm, patriarxat urugʻchilik davri yoritilgan boʻlsa-da, uning negizida matriarxat davridagi ayollarga boʻlgan hurmat, ularga tayanib ish bajarish, ularning aql-zakovatidan koʻmak olish anʼanasi saqlanib qolgan. Shuningdek, ilk ibtidoiy davrlardanoq ayollarga ziyraklik, zukkolik va jamiyat hayotida faollik xususiyatlari Oʻrta Osiyo xalqlarining qadimgi yodgorligi “Avesto” dagi ayol maʼbudalar, oilaparvar, oiladagi oʻrni farzand dunyoga keltirib, uni ezgulik yoʻlida tarbiyalovchi ayollar timsolida talqin etilgan:
“Dastlabki kundayoq Axuramazda ayollarga buyurdi: ey ayol! Seni eʼtiqodli va pahlavon erkaklarni vujudga keltirib, mehr toʻla ogʻushingda parvarish et, deb yaratdim, toki ular nodurustlik va nopoklik ildizini yer yuzidan yoʻqotsinlar”.
Qaldirgʻoch obrazi ham eposda xalqning qadim mifologik inonchlarini oʻzida mujassam etgan holda, akaning egizi, jonining bir boʻlagi, koʻmakchisi boʻlgan.
Alpning ruhiy olami va quvvatini anglashda uning egizidan-da munosib vakil yoʻq. Eposda etnosning orzu-istaklarini oʻzida mujassamlashtirgan alpga singil boʻlish ham sharafli ham mashaqqatlidir.
Alp – behad ulkan kuch-qudrat. Alp bir uxlasa, qirq kunlab uxlaydi. Alp – uxlayotgan tog‘. Bu tog‘ uxlagani sari kattalashaveradi. Uyqudagi togʻni uygʻotish oson emas. Alpni uygʻotish missiyasi Qaldirgʻochning – singilning zimmasiga tushgan. Barchindan kelgan maktubni unga yetkazgan, chechasining qiyin vaziyatda qolganligidan ogohlantirgan ham Qaldirgʻoch. Alpomish Barchinning maktubiga eʼtiborsizligini koʻrgan singil unga jurʼat berish, gʻururini uygʻotish, alpni muqim oʻrnashib olgan makonidan siljitish oson boʻlmasligini yaxshi anglay olardi:
Mard yigitning yori talash boʻlarmi,
Er yigitning yorin qalmoq olarmi,
Barchin checham talash boʻlib qolarmi,
Senday beklar bul bexabar turarmi?!
Shunday boʻlishiga qaramay, Qaldirgʻoch Alpning quvvatini sezgan, alpga ham sezdirgan uning yerdagi homiy vakilasiga aylana oldi. U boshqa homiy ruhlar singari alpni safar oldidan kerakli narsalar: nazarkarda ot tanlash (Boychibor), alpni munosib kiyintirish, qurol aslahasini tayyorlab berish vazifalari ham uning zimmasida. Qaldirgʻoch oddiy ayol emas, Alpomishning ilohiy homiylaridan biri ekanligini koʻrsatadi. Zero, Alpga singillik qilish, Alpomishdek Alpning tulporini egarlash, uni oʻq oʻtmaydigan, suvda choʻkmaydigan, olovda kuymaydigan qilib kiyintirish, yaʼni qahramonni ilohiy asbob-anjom va ot bilan taʼminlash – homiy obraz haqidagi tasavvurlarning koʻmakchi qahramondagi badiiy ifodasidir.
Eposning birinchi qismidagi Barchindan kelgan maktubni Alpga yetkazib, uni safarga otlantirish ham “homiy iloha”ning zimmasiga yuklatilgan. Eposning ikkinchi qismida ham Qaldirgʻoch yana asosiy harakatlantiruvchi kuch vazifasini bajaradi. Qaldirgʻoch ismi shu nomdagi bahordan xabar beruvchi qushning nomiga qiyos etib qoʻyilgan. Folklorda qaldirgʻoch qush nomi “xabarchi” qush sifatida qaralib, bu qush obrazi oʻzida qadimiy mifologik tasavvurlarni saqlab qolgan. Alpning singlisi ham Qaldirgʻoch ismi homiy eranlar tomonidan qoʻyilishida alpning yerdagi koʻmakchi ilohasi sifatida talqin etilishiga ishora bor. Alpomish uchirgan gʻoz Qaldirgʻoch yoniga kelib qoʻnishi, bundan Qorajonni xabardor etib, uni alpni qutqarish uchun safarga undashi ham uning zimmasida: Gʻoz – yaxshi xabar, doʻst. Muayyan matn tarkibida “ezgu niyat”, “hamfikr doʻst” va shu koʻlamda semantik doirasini kengaytirish mumkin. Qadim xalq tasavvuriga koʻra gʻoz – ezgu kuchlar (ruhning) elchisi hisoblangan. Gʻoz xalqning mifologik dunyoqarashlari asosida paydo boʻlgan oʻzak ramzlar sirasiga kiradi.
Alpomish dostonida ham ezgu xabar Qaldirgʻochning, alpning yordamchi quvvati, egizini qoshiga yetadi. Quvvatlar zanjiri yana sergaklanib, Alpni chohdan chiqib, zulm-adovat botqogʻiga botgan Boysun-Qoʻngʻirotga erkni, hurlikni, qahraton qish nihoyasi bahorni olib kelish uchun uni evrilish holatidan faollantiradi. Alpning daraksiz yetti yil gʻoyib boʻlishi, Boysun-Qoʻngʻirot eliga zaif kuchlarni hokimyat tepasiga kelishiga, natijada alpning homiy koʻmakchilari eng koʻp aziyat chekishiga olib keladi. Qultoy koʻkdan yerga ingan, Qaldirgʻoch yerdan koʻkka intilgan Boysun-Qoʻngʻirotning quvvat “tashuvchi”laridir. Davlatning tayanchi qonun, lashkar va uning ichki butunligini taʼminlovchi maʼnaviyatda mujassamdir. Qultoy va Qaldirgʻoch – etnosning maʼnaviyat qoʻrgʻonlari edi. Ultontoz davrida eng qadrsiz holatga Qultoy va Qaldirgʻoch tushdi. Chunki Ultontoz siyosati aynan ana shu ikki qadriyat ziddiga qurilgan. Ultontoz ushbu ikki qadriyat asoslarini oyoq osti qilish hisobiga taxtni egalladi. Qaldirgʻoch Ultontozning ham jigari edi. Ultontoz – zaif, quvvatini faqat oʻzidan ojizlarga koʻrsatib, jigarchilikni-da unutgan. Qaldirgʻoch uning qoʻl ostida ancha zulmni koʻradi, oʻz suyanchlaridan himoyasiz qoladi:
“Bektemir boybachcha Alpomish bilan, qirq yigit bilan birga borib, u yurtda oʻlib ketdi, endi hamma Ultontozga tobe boʻlibdi. Qaldirgʻoch oyim ham Ultontozning qoʻlida qolib ketdi. Qaldirgʻoch oyimni Ultontoz Bobir koʻliga buyurib, tuya boqtirib qoʻya berdi”.
Doston garchi feodalizm davrida yaratilgan boʻlsa ham, amalda davlatchilik hali toʻliq shakllanmagan. Hokimyat besohiblarning qoʻlida, amaldagi oqsoqollarning Ultontozning siyosatiga qarshi bora olmaganligidan hali Boysun-Qoʻngʻirotda mukammal davlatchilik tuzumi shakllanib ulgurmagan. Dostonda Boysari tilidan: “Davlat qoʻnsa bir chibinning boshiga, Semrug‘ qushlar salom berar qoshiga” deb aytilgan shohbaytining maʼno koʻlami keng. Bu chivinda bir “yovvoyi” quvvat, gʻujur, qobiliyat borki, davlat boshiga qoʻndi. Qolaversa fuqaroning feʼli, aʼmoli shunga munosib. Yana hikmat keladi: “Eshagiga yarasha tushovi…” “Endi u – chivin emas – kuch, davlat”.
Oʻz urugʻi, oilasiga zulm berish orqali halovatini qurgan Ultontoz
Ultontoz oʻz urugʻi, oilasiga zulm berish orqali, oʻz halovatini qurgan. Qaldirgʻoch qabila sardorining qizi, alpning singlisi eng koʻp Ultontozning hokimyat davrida aziyat chekadi. Bul tuya boqib yurgan Qaldirgʻoch oyim, bekning singlisi, ustida jaramli kiyimi yoʻq, aʼzoyi badani koʻrinadi, tuyaning keyinindan ergashib, hala, deb tuyani qaytarolmay, bu soʻzlarni aytib borayotir:
“Hala, deyman, besohibning tuyasi,
Qachon kelar bu tuyaning egasi,
Kumushdandir qarchigʻayning chegasi,
Oltindandir kirovkaning yoqasi,
Besohib degani ogʻzim bormaydi,
Oʻlmasa Yodgorjon boʻlar egasi”.
Yuqoridagi parchada keltirilgan “jaramli kiyimi yoʻq, aʼzoyi badani koʻrinadi” – jumladagi libos – Qaldirgʻochning amalda himoyachilariga ishora. Suyangan yori, Bektemir Alpomish bilan ketib vafot etdi, Alpomishdek himoyachi akaning na oʻligidan, na tirigidan xabar bor. Lekin singilning hali umidi uzilmagan. Chunki alpning davomchi Yodgori tirik. Ulgʻaysa otasining oʻrnini bosadigan farzand boʻlishiga umid bogʻlaydi. Chunki u – amma. Akaning bolasiga ammadek jonkuyari boʻlmaydi. Yodgorning siyratida Alpomishning kuch-quvvati kun kelib kamol topishiga ishonadi.
Alpomish Qoʻngʻirotga kirib borishda Qaldirgʻoch bilan uchrashadi, aka oʻz singlisi holini koʻrib, qalbi uzoq sogʻinchdan ezilsada, kimligini sir tutishga majbur, uni tanib kelgan qora norning ketqazish maqsadida Qaldirgʻochni olmaysanmi tuyangni deb koyib berishi ham majburiyatdan:
“Sen ham bir yaxshining koʻrar koʻzisan,
Balki koʻrar koʻzi, soʻylar soʻzisan,
Changalning ostiga yotgan mungligim,
Qoʻngʻirot elda o ‘zing kimning qizisan?
Ustingga kiyganing yashil-koʻkmidi,
Qoʻngʻirot elda hech rahbaring yoʻqmidi”.
Alpomish “mungligim” deb, mehribonlarcha singilga birorta himoyaching yoʻqmidi deb savol berishiga javoban, Qaldirgʻoch ham unga quyidagicha javob qaytaradi:
“Bek Alpomish degan akam bor edi,
Kashalning yurtiga safar qilgandi,
Eshitamiz borib zindon boʻgandi,
Oʻldi deb xabari bunda kelgandi,
Borib koʻrolmadik, unda zindondi[r],
Yana bir tirik deb xabar kelgandi,
Shuvaqqacha hech bir xabar boʻmadi,
Endi bildik, emikdoshim oʻlgandi[r]”.
Qaldirgʻoch bek akasini esladi, qarshisida turgan alp oʻzining jigari ekaniga ham ishonchi komil, lekin Alpomish oʻzini tanishtirmadi: Alpomish qaytdi, Qaldirgʻochning koʻngli “bu yoʻlovchi akang”, dedi, yupunligidan iymanib yuzma-yuz boʻla olmadi. Alp singlisiga oʻzini tanitmay oʻtdi, hali tanishuv, tanishtiruv dami pishmagan edi. Yaʼni, bu yerda Alpomishning hali kurashi oldinda ekanligiga, hokimyatni egallab olgan ichki gʻanimlarni yengib, keyin oʻzini namoyon etishiga ishora bor edi.
Qaldirgʻochsiz Alpomish alplik maqomida boʻlmasdi
Xulosa qilib aytganda, Qaldirgʻoch obrazi shunchaki, bosh qahramonning oddiy singlisi emas, balki uni harakatga kelishga undovchi asosiy koʻmakchi obraz boʻlgan. Qaldirgʻochsiz Alpomish alplik maqomida boʻlolmasdi. Bu ularning egiz farzand ekanligidan tortib, butun boshli eposning tag zaminidagi mazmun-mohiyatda boʻy koʻrsatadi. Qaldirgʻoch obrazi eposda ezgulikni targʻib etuvchi uning asosiy zanjir quvvatidan biri hisoblanadi. Uning vazifasi – alpga koʻmak berish, uni taʼsir quvvatini ommaga oshkor qilishdir. Homiy ruhlar tomonidan Qaldirgʻochning ham egiz singil, ham koʻmakchi qilib tanlanishi – obrazda ham oʻziga xos mifologik quvvat borligini aks ettiradi. Alpni aynan koʻmakchi vakila harakatga keltiradi, unga madad, ishonch, mardlik tuygʻusini singdiradi. Bu bilan singil akaning eng yaqin suyanchi ekanligi yana bir bor oʻz tasdigʻini topadi.
Shohinur RAHMATALIYEVA,
OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti
va folklori instituti tayanch doktoranti