Kiçig soʻzi eng eski turkcha soʻzlardan biri boʻlib, Oʻrxun-Enasoy bitiktoshlarida uchraydi va bugungi turkiy tillarning deyarli barchasida shu yoki shunga yaqinroq koʻrinishda saqlanib qolgan. “Boburnoma”da u bilan bogʻliq kiçik-kirim soʻzi ham keltirilgani, bugungi kunda koʻplab turkiy tillarda, ayniqsa, oʻzbek, Onadoʻli va Ozarboyjon turkchalarida kelmaydigan juft soʻzning qozoq, qoraqalpoq va qirgʻiz tillarida kiçi-kirim, kişi-girim, kişigirim koʻrinishlarida mavjudligini aytib oʻtish kerak.
Avvalo kiçig soʻziga qisqacha toʻxtalsak. Bilga xoqon bitiktoshida “kiçig atlïgïg ulgartdïm” – “Kichik unvonlini ulgʻaytdim”, “töpütkä kiçig tegmädim” – “Tibetga biroz yetmadim”; Kul Tegin bitiktoshida “taluyqa kiçig tegmädim” – “Taluyga biroz yetmadim”; Talas bitiktoshlarida “kiçig kişim tul qaldï” – “Kichik xotinim tul qoldi” kabi oʻrnaklarga duch kelamiz [User, 2009: 173, 178; Kekevi, 2022: 33, 67, 95, 117]. Koʻrinib turganidek, “kiçig” soʻzi eski turkchadayoq “kichik”, “kichkina”, “biroz”, “ozgina”, “sal” maʼnolarida ishlatilgan. “Devonu lugʻatit turk”da kiçig / kiçik soʻzi turlicha, biroq bir-biriga yaqin anglamlarda – “kichik” (malo), “arzimas” (незначительный, ничтожный), “kichkina” (маленький), “yoshlik” (молодость), “ot yoki tuyaning orqa tomoni” (ягодицы, зад) koʻrinishlarida uchraydi [DLT, 1967: 167]. Boshqa eski turkcha soʻzlarda ham bu soʻz kiçig tarzida shunday maʼnolarda keladi [DTS, 1969: 306].
Qizigʻi shundaki, bu soʻz bundan deyarli ming-bir yarim ming yil oldingi anglamlarini bugungi turkiy tillarda saqlab qolgan. Oʻgʻuz turkchalarida, ayniqsa, Onadoʻli turklarida küçük “kichik, kichkina” soʻzlari oʻrnida qoʻllanilsa, qarluq turkchasi negizidagi oʻzbekchada ham kiçik soʻzi shunga yaqinroqdir. Biroq qarluqchaning boshqa bir tarmogʻi boʻlmish yangi uygʻurchada kiçik, kiçkinä “kichik, biroz, ozgina” maʼnolarida ham qoʻllanilishiga guvoh boʻlamiz. Qipchoq turkchalarida, ayniqsa, qozoq va qoraqalpoqchada kişi, qirgʻiz tilida kiçi “kichik, yosh” mazmunida keladi [Баскаков, 1958: 225; Юдахин, 1985: 389; ЭСТЯ, 1997: 75-77; Бекетаев, 2007: 261. Shuningdek, ularda kişine / kişkine / kiçine soʻzlari koʻproq “ozgina” (немножко, маленький) maʼnosida qoʻllaniladi.
Turkiy tillarning deyarli barcha tarmoqlarida bu soʻz biroz oʻzgargan koʻrinishda uchraydi. Oʻrnak uchun chuvashchada kĕçĕn, tatar va boshqirdchada kĭçĭ, qumiqchada giççi, qorachoy-bolqorda gitçe, uygʻur tili tarmoqlarida kiçig, turkiy tillarning oʻnlab ich tarmoqlarida esa yana shunga yaqin, yo biroz oʻzgargan koʻrinishlari mavjud (oʻrn. kiçüg, kiççih, kiççik, kiçü) [ЭСТЯ, 1997: 75–77]. Moʻgʻul tillaridan biri qalmiqchada kiçig – “kuchuk, kuchukcha, tulkicha” soʻzi uchrab, turkiy tillardan oʻzlashtirilgan deb qaraladi [Санжеев, Орловская, Шевернина, 2016: 123]. Shu yoʻsinda eng eski koʻrinishi *kitsig ˃ kiçig boʻlgan deb qaraladigan bu soʻzning etimologik “xaritasi” aniqlanmaganini aytib oʻtish kerak.
Butun turkiy tillarda, shuningdek, deyarli bir yarim ming yillik turkiy yozma manbalarda uchrashiga qaramay bu soʻzni forsiy tildan oʻzlashgan degan qarashlar mavjud. Oʻzbek tilida kichik soʻzi quyidagi maʼnolarda kelishi koʻrsatib oʻtilgan: “kichik, f. – kichik, mayda; uncha katta boʻlmagan. 1. Tuzilish, hajm, oʻlcham jihatdan nisbatan katta boʻlmagan; 2. Sigʻimi, sath oʻlchami katta boʻlmagan, tor; 3. Yoshi oʻrta darajadan past, oʻrta darajaga yetmagan; keksaning aksi, yoshi; 4. Nisbatan yoshi past (kam) boʻlgan; 5. Vazifa, lavozim darajasi past, quyi; 6. Oʻzi birikib kelgan soʻz bildirgan amal, kasb va sh. k.ning quyi, past, boshlangʻich darajasini bildiradi; 7. Ahamiyat, mohiyat jihatdan katta boʻlmagan; arzimas, muhim boʻlmagan” [OʻTIL, 2006: 378]. Shu oʻrinda, chet ellik yirik turkologlar “kichik” soʻzini forscha “kuchak”dan shakllangan degan qarashga unchalik qoʻshilmaydilar [Doerfer, 1967, III: 661]. Bir qarashda oʻzaro oʻxshashlik bordek koʻrinadigan mazkur soʻzning turkiy va forsiychasi bu koʻrinishni olgungacha bir-biridan ayri yoʻllarni bosib oʻtgan va tasodifiy oʻxshashlik yuzaga kelgan, chamasi.
Kiçig soʻziga bir necha soʻz qoʻshimchalari, orttirma va kichraytirma nisbatlar qoʻshilib, qator ot va sifatlar yasalgan. Masalan, “kiçkinä = kiçig-kinä”, “kiçigräk”. Shuningdek, yuqorida toʻxtalganimiz, oʻrta asrlarda bu soʻzning kiçig-kirim koʻrinishida uchrashi diqqatni tortadi. “Boburnoma”dan parchalar keltiraman:
“Kichik-kirim sultonlar xud aksar navkari boʻlub edilar, Shayboniyxonning muncha taraqqiy topmogʻigʻa va muncha qadim xonavodalar buzulmogʻigʻa Abdulali tarxon sabab boʻldi” [Boburnoma, 1960: 77];
“Yana bir Begi Sulton ogʻacha edi, andin oʻgʻul, qiz boʻlmadi. Yana kichik-kirim gʻuma, gʻunchachi bisyor edi” [Boburnoma, 1960: 232];
“Kichik-kirim bek va bekottin hech kim xilofi maqsud soʻz ayta olmadi” [Boburnoma, 1960: 339];
“U tarixdakim, men Hindustonni fath qildim, besh musulmon podshoh va ikki kofir Hindustonda saltanat qilurlar edi. Agarchi kichik-kirim roy va roja tog‘ va jangalda xili bor edilar, vale moʻtabar va mustaqil boʻlar edilar” [Boburnoma, 1960: 340];
“Kichik-kirimdin xud mundoq soʻzlar va mundoq bemaza raʼylarning ne taqriybi bor. Bu gʻaribdurkim, kichik-kirimdin bu navbat Kobuldin otlanadurgʻonda, bir nechani yangi bek qilib edi” [Boburnoma, 1960: 364].
Ushbu maʼlumotlardan koʻrinadiki, “kichik-kirim” soʻzi “biroz”, “ozchilik”, “bir boʻlak” maʼnosida qoʻllanilgan. Chigʻatoy adabiy muhiti tilida yozilgan “Boburnoma”da uchrashi esa qiziq. Na Oʻrxun bitiktoshlarida va na “Devonu lugʻatit turk”da shu koʻrinishda kelmagan “kichik-kirim”ning ildizi qaysi soʻzga borib taqalishini keyingi izlanishlarimizga qoldirib, uning bugun qaysi turkiy tillarda saqlanib qolganiga qisqacha toʻxtalamiz. Qirgʻizchada kichi-kirim, kichigirim “немного, чуточку” [Yudaxin, 1985: 389], qozoqchada kishigirim “немного, чуть-чуть, чуточку” [Beketaev, 2007: 261], qoraqalpoqchada kishi-kirim “немного, чуточку” [Baskakov, 1958: 225] boʻlib, oʻzbek adabiy tili va uning tarmoqlarida bu koʻrinishdagi soʻz uchramaydi. Oʻzbek shevalariga bagʻishlangan oʻnlab lugʻatlarga shunga oʻxshash biror soʻz kiritilmagan [qarang. Abdullayev, 1961; OʻXShL, 1971; Joʻrayev, 1969; Nafasov, 2011]. Biroq oʻzbek tilining qipchoq tarmogʻida bu soʻz kichik-kirim yoki kichikirim “ozgina, kamroq, biroz” koʻrinishida mavjud boʻlib, bugunchalik uning oʻzimiz tugʻilib oʻsgan Koʻkdala tumaniga qarashli Harduri qishlogʻida tor doirada boʻlsa-da saqlanib qolganiga guvoh boʻldim. Chamasi, bu juft soʻz oʻzbek tilining boshqa shevalarida saqlanib qolgan-u, qoʻllanilishi torayib ketganidan lugʻatlarimizga kirmay qolgan. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, kichik-kirim soʻzining ikkinchi boʻlagi “kirim” soʻzi shu yoki shunga oʻxshash maʼnolarda biz qarab chiqqan eski turkiy lugʻatlarda va bugungi turkiy tillarda uchramadi. Alisher Navoiy asarlariga bagʻishlangan izohli lugʻatlarda ham kichik-kirim soʻzi oʻrin olmagan [Borovkov, 1961; ANATIL, 1983].
Bizningcha, kiçik-kirim turkiy tillar orasida oʻgʻuzcha va qarluqchada emas, qozoq, qirgʻiz va qoraqalpoq kabi turkiy tillarning qipchoq tarmoqlarida, shuningdek, oʻzbek qipchoqchasida saqlanib qolishi bu soʻzni Dashti Qipchoq yoki unga tutash oʻlkalar muhiti bilan bogʻlashga undaydi. Biroq uning ikkinchi boʻlagi – “kirim” ushbu tillarda ham saqlanib qolmagan.
Bu yerda “kiçik-kirim”ni yanada teranroq oʻrganishni kelgusidagi izlanishlarimizga qoldirish va uni turkiy tillarda, ayniqsa, oʻzbek tilida koʻp uchraydigan qoʻshaloq soʻzlar: “yasan-tusan”, “chala-choʻlpa”, “gʻala-gʻovur” kabilar sirasiga kirsa kerak deyish bilan cheklanamiz.
Gʻaybulla BOBOYOROV,
tarix fanlari doktori, professor
Qoʻllanilgan adabiyotlar
1. Abdullayev F. Oʻzbek tilining Xorazm shevalari. – Toshkent, 1961.
2. ANATIL 1983 – Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lugʻati. II tom.
3. Toʻrt tomlik. E.Fozilov tahriri ostida. – Toshkent: Fan, 1983.
4. Баскаков 1958 – Каракалпакско-русский словарь. Под ред. Н.А. Баскакова. – Москва, 1958.
5. Бекетаев К. Казахско-русский словарь. Алматы: Dolphin, 2007.
6. Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. Nashrga tayyorlovchilar P.Shamsiyev, S.Mirzayev. – Toshkent, 1960.
7. ДТС 1969 – Древнетюркский словарь / Под ред. В.М.Наделяева, Д.М.Насилова, Э.Р.Тенишева, А.М.Щербака. – Л.: Наука, 1969.
8. Joʻrayev B. Yuqori Qashqadaryo shevalari lugʻati. – Toshkent, 1969.
9. Юдахин 1985 – Киргизско-русский словарь. Составитель К.К.Юдахин. Книга 1. А – К. – Фрузе, 1985.
10. Nafasov T. Qashqadaryo oʻzbek xalq shevalari soʻzlari lugʻati. – Toshkent: Muharrir, 2011.
11. Санжеев Г.Д., Орловская М.Н., Шевернина З.В. Этимологический словарь монгольских языков: в 3 т. / Институт востоковедения РАН. Гл. ред. Г.Д. Санжеев, ред. Л.Р. Концевич, В.И. Рассадин, Я.Д. Леман. – М.: ИВ РАН, 2016.
12. OʻXShL 1971 – Oʻzbek xalq shevalari lugʻati. Toshkent, 1971.
13. OʻTIL 2006 – Oʻzbek tilining izohli lugʻati. A.Madvaliyev tahriri ostida. – Toshkent, 2006.
14. ЭСТЯ 1997 – Этимологический словарь тюркских языков. Общетюрские и межтюркские лексические основы на буквы “К” и “Қ”. Институт языкознания / Отв. ред. Г.Ф. Благова. – М.: Языки русской культуры, 1997.
15. Doerfer G. Türkische und mongolische Elementen in Neupersische. Bd. III. – Wiesbaden, 1965.
16. Kekevi İ. Türk Runik Harfli Metinlerde Söz Yapimi. Doktora Tezi. – Malatya, 2022.
17. User Ş.H. Köktürk ve Ötüken Uygur Kağanlığı Yazıtları. Söz Varlığı İncelemesi. 1. Baskı. – Konya: Kömen Yayınları, 2009.