XX asrda ilm-fan, xususan, badiiy adabiyotga eʼtibor ortishi tufayli adabiy-badiiy manbalarning arxivlari ham tashkil topa boshladi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi sobiq Qoʻlyozmalar instituti, hozirgi Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida yigʻilgan qoʻlyozmalar fondi shular jumlasidan. Mazkur arxivning tashkil topishida professor Hamid Sulaymonning alohida oʻrnini taʼkidlash zarur.
Arxiv materiallaridan foydalanish doirasi keng boʻlib, tarix, kriminologiya, sotsiologiya, sud-huquq ilmi (юриспруденция) bilan chegaralanmaydi. Filologik tadqiqotlar hujjatlarda yashirin haqiqatni xalqqa tez va taʼsirli tarzda yetkazib berishi, jamiyat maʼnaviy ehtiyojlarini toʻliqroq qondirishi mumkin.
Lev Tolstoyning “Tirilish” romani yaratilishida bir sud ishi va unga oid faktlar, Frederik Stendalning “Qizil va qora” asari uchun ham oʻz vaqtida Fransiyada shov-shuv boʻlgan sud va uning materiallari asos boʻlib xizmat qilgan edi (Joʻraboyev O. Matnning matnosti sirlari. Toshkent, “Tamaddun”, 2017. 162-bet). Oʻzbek adabiyotida bunday tipdagi asarlar, asosan, sobiq Ittifoq olib borgan qatagʻon siyosati mavzusi doirasida amalga oshirilgan boʻlsa-da, mazkur jinoiy ishlarning “mutlaqo maxfiy” saqlanishi uzoq vaqtlar ularni oʻrganish imkonini chekladi. Arxivlar tadqiqotchilar uchun mustaqillik yillarida ochildi. Shu tariqa kompartiyaning manfur qilmishlari haqida, ilmiy ishlar bilan bir qatorda badiiy asarlar ham dunyoga kela boshladi.
Yozuvchi Nabijon Boqiyning “Qatlnoma” qissasi sof badiiy emas, balki hujjatli asardir. Qissa adabiy jamoatchilik tomonidan qizgʻin kutib olindi. Binobarin, Abdulla Qodiriy va unga bogʻliq sir pardasi koʻtarilib, koʻplab taniqli kishilar haqida bahslar yuzaga keldi.
N.Boqiy oʻrgangan vaqtda NKVD arxivi materiallari maxfiylikdan chiqarilgan edi. Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romani esa “paxta ishi” ayni avj olgan davrda harakatdagi qatagʻon haqida yozilgan. Shu sababli adibning maxsus arxivga kirib ishlashi mumkin emasdi. “Ana shu vaqt qatagʻon avj oldi... Nihoyat... qama-qama avj oldi. Oʻzbek ziyolilari kishanband boʻldi. Oʻzbek ziyolilari mahbus boʻldi. Oʻzbek ziyolilari kechalab-kechalab Moskvaga olib ketildi. Soʻroq Moskvada boʻldi. Sud Moskvada boʻldi. Hukm Moskvada oʻqildi. Ana shunda polvonlik qonim qaynadi!.. Bir oyogʻim institutda boʻldi, bir oyogʻim sudlarda boʻldi. Men tanish-bilish yoʻli bilan tergov matnlarini sotib oldim. Ikki ogʻiz axborot olish uchun yarimtalar quydim”, deb yozadi adibning oʻzi (Murod T. Otamdan qolgan dalalar. Toshkent, “Oʻzbekiston”, 2021. 356-bet).
Shu tariqa “oʻzbek xalqiga haykal qoʻyaman” deb niyat qilgan adib paxta ishi bilan nohaq ayblangan xalq farzandlari haqida “Otamdan qolgan dalalar” romanini yozdi. Roman tergov materiallari asosida bitilgan boʻlsa-da, sof badiiy asar. U mustaqillik yillari oʻzbek adabiyotida voqea boʻldi.
Bu davrda Naim Karimov, Sherali Turdiyev, Begali Qosimov, Boyboʻta Doʻsqorayev, Sirojiddin Ahmad singari zahmatkash olimlar yaratgan tadqiqotlar oʻzbek madaniyati tarixida katta iz qoldirgan jadidlar hayoti va faoliyatini ibrat oʻlaroq kashf etdi, mustaqillik mafkurasini yaratishda dasturulamal vazifasini oʻtadi. Bu ish yana shunisi bilan qadrliki, birinchidan, arxivlarga kirish nihoyatda qiyin, ruxsatnoma olguncha bir qancha byurokratik toʻsiqlardan oshib oʻtish kerak boʻladi. Ikkinchidan, arxivda ishlash mashaqqati ham bor. Ishning eng qiyin qismi – bu yerda Markaziy davlat arxivi yoki boshqa arxivlarga oʻxshagan alohida oʻqish zallari yoʻqligi. Toʻgʻri kelgan boʻsh xonada ishlaysiz. Yoningizda esa sizni kuzatishga biriktirilgan xodim. Aslida, bu – ishning tashqi tomoni. Tom maʼnodagi zahmat ishni oʻqish jarayonida boshlanadi. Hujjatlar millatimiz oydinlari ustidan ochilgan jinoyat ishlari boʻlgani bois sodir etilgan qabohatlar kishini ruhan ezadi. Buning ustiga, hujjatlar juda koʻp va qati buzilmagan. Bu esa ularning zalvarini yanada orttiradi. Ayni choqda birlamchi manbalar bilan ishlash zavqini beradi.
Masalaning yana bir nozik tomoni bor. Bu – nashr masalasi. Ming mashaqqat bilan yozilgan ishni chop etadigan jasur noshirlar yetarli emas. Uzoq vaqt qoʻrquv saltanatida yashaganimiz xalqimiz koʻngliga panada qolish kayfiyatini singdirgan, shuning uchun ham qaltis mavzularda yozilgan ishlarni hamma noshirlar ham chop etavermaydi.
Ushbu satrlar muallifi ham 2019-yil aprel–iyun oylarida Davlat xavfsizligi xizmati arxivida saqlanayotgan Abdurahmon Alimuhammedov, Hamid Sulaymon, Nabi Alimuhammedov, Mirzakalon Ismoiliy, Shuhrat, Shukrullo, Mahmud Murodov, Meli Joʻrayevlarning 726-sonli jinoyat ishi materiallari bilan tanishib chiqdi. Ularga umumiy “delo” ochilgan, jinoiy ishning hajmi 16 jilddan iborat. Bundan tashqari, har bir ayblanuvchining “shaxsiy ishi” mavjud. Hammasini qoʻshib hisoblaganda, 24 jildli aybnoma. Materiallar bilan tanishib, ayrim hujjatlardan nusxa olishga ham muvaffaq boʻldik.
Ish A.Alimuhammedov va boshqa ayblanuvchilar haqida Homil Yoqubovning “Qizil Oʻzbekiston” gazetasida (1949-yil 16-may) chop qilingan “Adabiyotimizda estet-kosmopolitlarni oxirigacha fosh qilaylik” sarlavhali qoralovchi maqolasidan boshlangan. Keyin boshqa hujjatlar quyidagi tartibda tikilgan: ayblanuvchilarni hibsga olishga asos boʻlgan, ish joylari yoki tanish-bilishlaridan olingan ularning “xalq dushmani” ekanini tasdiqlovchi xulosalar; A.Alimuhammedov, soʻng
H.Sulaymon va boshqalarning tergov bayonnomalari, guvohlarning iqrorlari, guvohlar va boshqa ayblanuvchilar bilan yuzlashtirishlar.
Oʻsha vaqtda suhbatlashganimiz arxiv masʼul xodimining aytishicha, mazkur jinoiy ish – KGBga Lavrentiy Beriya rahbarlik qilgan yillarning mahsuli. Bu davrda ish hujjatlari qatʼiy tartib bilan olib borilgan.
Jinoiy ishning 1–5-jildlarida tergov, 6–8-jildlarida esa sud materiallari berilgan. 9-jilddan M.Ismoiliyning suddan keyingi tergovi hamda qamoqxonada yozgan ikki jildli “Fargʻona tong otguncha” romani va “Vijdon tavbasi” essesi oʻrin olgan.
Jahon tarixida qamoqxonada yozilgan asarlar koʻp. Masalan, Imom Ahmadning fiqhiy asari, turk shoiri Nozim Hikmat sheʼrlari, chex yozuvchisi Yulius Fuchikning “Dor ostidagi soʻz” qissasi. Mirzakalon Ismoiliyning “Vijdon tavbasi” asari, bulardan farqli ravishda, mahbusning koʻngil dardlari sifatida qogʻozga tushirilgan. Toʻgʻri, qamoqxonadagi hayotini esse shaklida yoki qahramonlar ismini oʻzgartirib, sof badiiy asar tarzida yoritgan ijodkorlar ham bor. Aleksandr Soljenitsinning “Ivan Denisovichning bir kuni” qissasi, Shuhratning “Oltin zanglamas”, Shukrulloning “Kafansiz koʻmilganlar” romanlari, Said Ahmadning “Borsa kelmas darvozasi”, “Sarob”, “Oftoboyim” hikoyalari shular jumlasidan. Ammo bu dardni qamoqxonaning oʻzida yozib, vijdoni bilan savol-javob qilganlar juda kam. M.Ismoiliyning “Vijdon tavbasi” essesi ana shunday kam sonli asarlar sirasiga kiradi. U kirill yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida binafsha rangli siyoh bilan qoʻlda bitilgan. Umumiy hajmi – 265 varaq. Muallif esseni qiziga murojaat tarzida yozgan. Qoʻlyozmadan nusxa soʻraganimizda, yozuvchining avlodlaridan rozilik xati olib kelishimiz talab qilindi. Surishtirib, muallifning farzandlari dunyodan oʻtgani, rozilik xatini nevaralaridan olishimiz mumkinligini bildik. Ammo muayyan sabablarga koʻra bu ish oxiriga yetkazilmadi.
“Vijdon tavbasi” asari tugʻilgan, ammo hali oʻqilmagan. Kelajakda asar oʻz kitobxonini topadimi-yoʻqmi, buni vaqt koʻrsatadi.
Ayon boʻlyaptiki, arxiv hujjatlari qatiga yashiringan haqiqatlarni ochish adabiy jamoatchilik oldidagi muhim vazifalardan hisoblanadi.
Mehribon YODGOROVA,
filologiya fanlari boʻyicha
falsafa doktori
“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 1-son.
“Qamoqxonada tugʻilgan “Vijdon tavbasi” maqolasi