Gulruh Yusupova Vengriyadagi Minspire Consulting plc xususiy korxonasining biznes analitiki, bir farzandning onasi, rafiqa hamda xalqaro “Stipendium Hungaricum” , NAWA (Akademik almashinuv uchun milliy agentlik) va 360 GEM Malayziya talabalar almashinuvi kabi xalqaro grantlar gʻolibasi hisoblanadi.
Men yoshligimdan negadir biznes va moliya bilan bogʻliq sohalarga qiziqardim. Qiziqishlarim sabab, kollejni tamomlagach, Toshkent Moliya Instituti bank ishi fakultetiga oʻqishga kirdim. “Qizlarga mos boʻlgan, shifokorlik yoki oʻqituvchilikni tanlasang boʻlmaydimi”, degan gaplarni koʻp aytishgan. Ammo oilam hamisha mening qarorlarimni qoʻllab-quvvatlagan. Menimcha, kasblar aslida gender tanlamaydi, aksincha har bir sohada ayol va erkak mutaxassislarning boʻlgani yaxshi.
Xorijiy tillar muvaffaqiyat debochasi boʻldi
Maktabda oʻqib yurgan paytlarim ota-onam meni ingliz va nemis tillari toʻgaragiga yuborgani barcha muvaffaqiyatlarim debochasi boʻlgan ekan deb ayta olaman. Ayniqsa, talabalik yillarida til bilganim bois bir nechta toʻliq qoplanuvchi dasturlarga topshirib, gʻolib boʻlganman. Ilk marta 2019-yil 360 GEM Malayziya talabalar almashinuvi dasturi bilan Milliy Tegana Universitetida bir semestr oʻqib kelganman. Keyin ikkinchi marta, Polshaning Varshava universitetida yana bir semestr taʼlim olganman. Keyinroq 2022-yil NAWA (Akademik almashinuv uchun milliy agentlik) grantini yutdim. Bularning barchasiga erishishimda asosiy omil sifatida xorijiy tillarni erta oʻzlashtirishni boshlaganim deb bilaman va hozirda uch yoshli oʻgʻlimga ham bir nechta tillarni birgalikda oʻrganishi uchun turli metodlarni qoʻllayman.