– Avval yaxshi edi. Ahmoqligingizni faqat yaqin atrofingizdagi odamlar bilar edi, xolos.

– Endi-chi?

– Endi jinniligingiz butun Internet ahliga ayon! Sababi esa ijtimoiy tarmoqlar…

Bu yarim hazil, yarim chin latifani bugun juda koʻpchilik eshitgan. Eshitmagan boʻlsa ham, shundayligini ich-ichidan his etib turibdi.

His etmasinmi, axir? Bugun omma orasida mashhur Telegram, Instagram, Facebook va hokazolarda odamlarning qiyofasi bus-butun, boricha namoyon boʻlmoqda.

Albatta, besh qoʻl barobar emas. Ijtimoiy tarmoqlarda gohida jiddiy, gohida hazil-mutoyiba bilan teran mazmunli, dolzarb masalalar haqida mushohada yuritayotgan vatandoshlarimiz koʻp. Ammo…

Soʻnggi paytlar nonushtasi, tushligi, kechki ovqatini namoyish etgan, “oʻoʻoʻoʻoʻoʻlar” bilan tushgan suratini ilgan, hali u, hali bu mamlakatda tushgan suratlarini koʻz-koʻz qilgan, farzandlari-yu nabiralari suratini ilova qilib, erishgan yutuqlari bilan faxrlangan, layk va eʼtirof ilinjida ajab va gʻalat postlar qoʻygan… lar ham urchigandan urchiyapti-da, axir…

Xullas, ijtimoiy tarmoqlarning milliy segmentida asʼasa-yu dabdaba, noqislig-u yuzakilik avjida.

Buni anglash uchun katta aql kerak emas. Birgina misol, “Ishonch” gazetasi sahifalaridan oʻrin olgan haqiqatda muhim, dolzarb masalalarga bagʻishlangan jiddiy maqolalar onda-sonda “layk” olsa, oldi-qochdi, maza-matrasiz materiallar yuzlab “layk”larga ega chiqadi.

Chindan ham shunday ekan. Nima qilsak ham, ijtimoiy tarmoqlarda “hamma narsa layk va eʼtibor tortish uchun” tamoyili amal qiladi. Ijtimoiy tarmoqlardagi PR, shaxsiy manfaat, soxta ijtimoiy faollik… Bular nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyoning muammosi. Adekvat, jiddiy, ijobiy maʼlumotlar tez tarqalmaydi, salbiy, bir lahzalik mavzular yashin tezligida tarqalib, katta rezonansga sabab boʻladi!

Qizigʻi shuki, baʼzi virtual “oshna”lar nega mening postimga layk bosmading, fikr bildirmading, degan gina-kudurat qilishdan ham toymaydi. Deylik, Facebookʼda mening tanish-notanish uch mingdan oshiq “doʻst”im bor. Ularning “ilhomi joʻshib” qoʻygan postlarini oʻqib, “layk” bosishim uchun qancha vaqt sarflashim kerak? Bir soatmi, ikki-uch soatmi? Mening layk bosishdan boshqa ishim yoʻqmi?..

Darhaqiqat, ajib zamonda yashayapmiz. Uygʻonishimiz bilan qoʻlimizga telefon olamiz. Goʻyoki biron muhim yangilikdan quruq qolayotgandek, nonushta qilib boʻlib, to ishga otlangunga qadar telefondan koʻz uzmaymiz. Mashinada boʻlsak, tirbandlikda turib qolsak ham, qoʻlimiz beixtiyor telefonni paypaslay boshlaydi. Shahar transportida-ku, aytmasa ham boʻlaveradi. Tushga qadar goh-gohida telefonga kelgan xabarlar-u messenjerlarga chalgʻiymiz, tushdan keyin esa oʻzimiz Facebook yo Telegramʼga biron-bir post qoʻyamiz.

Xullas, dunyo boʻyicha oʻrtacha hisoblaganda, sutkasiga 5 soat umrimizni smartfonning ekraniga qadalib oʻtkazar ekanmiz. Bani basharning 26 foizi uchun esa bu koʻrsatkich allaqachon 7 soatdan oshgan! Bu ketishda chin hayotni virtual hayotga alishgan kiber-odamlarga aylanib qolmasmikanmiz? Balki tugʻilishimiz bilan chiplashtirilib, bosh kompyuterga bogʻlanadigan zamonlarimiz ham yaqindir…

Statistik maʼlumotlarga koʻra, inson ekran vaqtining yarmini ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda oʻtkazar ekan. Hatto, bu kuniga 2,5 soat boʻlsa ham, bir oy ichida mashhurlar hayotini kuzatish, “storiz”lardagi maʼnisiz soʻrovlarda qatnashish, birovning taʼtilda tushgan fotosuratlarini sharhlash, ob-havodan nolish uchun ishimizning toʻliq uch kunini “oʻldirar” ekanmiz.

Bir qarashda zararsizdek koʻringan bu odat vaqtimizni oʻgʻirlabgina qolmay, ruhiyatimizga ham zarar yetkazar ekan. Amerikalik ruhshunos Robert Kraut depressiya va internetda oʻtkazgan vaqt oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliqlik borligini isbotladi: qancha vaqt onlayn boʻlsangiz, shunchalik qaygʻuga botasiz!

Ijtimoiy tarmoqlar nafaqat memlar va yangiliklar, balki stress, hasad, bulling (ommaviy taʼqib, kamsitish), yoʻqotilgan foyda sindromi, bogʻlanib qolish va qoʻrquv manbai hamdir. Dastlab cheksiz muloqot, motivatsiya va madaniy aloqalar uchun yaratilgan platformalar barchamizni ixtiyoriy ijtimoiy izolyatsiyaga va shaxsiyat buzilishiga yetaklamoqda. Qolaversa, foydalanuvchi qancha yosh boʻlsa, uning tarmoqda roʻyxatdan oʻtishdan kasalxonada roʻyxatdan oʻtishgacha boʻlgan yoʻli shunchalik qisqaryapti.

2017-yilda keng koʻlamli tadqiqot natijalari eʼlon qilindi, uning doirasida besh yil davomida yarim million amerikalik maktab oʻquvchilarining xatti-harakatlari oʻrganildi. Maʼlum boʻlishicha, ushbu davrda ijtimoiy tarmoqlarga bogʻlanish fonida oʻsmirlarda ruhiy tushkunlik alomatlari 33 foizga, oʻz joniga qasd qilish tendensiyalari esa 56 foizga ortgan.

Shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarning halokatli kuchi haqidagi hikoyalar hali ham afsonadek tuyuladi. Oramizda Facebook tufayli aqldan ozayotganlar bor emish, lekin biz bironta aqldan ozganni koʻrmadik, deydiganlar koʻpchilikni tashkil etadi. Shifokorlar esa boshqacha fikrda.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, barcha ruhiy kasalliklarni ikki guruhga ajratish mumkin: endogen, yaʼni ichki sabablardan kelib chiqadigan va ekzogen – tashqi omillar taʼsirida yuzaga keladigan kasalliklar. Birinchisi – shizofreniya, bipolyar buzuqlik va klinik depressiya. Bu kasalliklar odam avval kasal boʻlsa, ijtimoiy tarmoqlar uni kuchaytirib yuborishi mumkin. Lekin ikkinchi guruhdagi kasalliklarni hatto dastlab sogʻlom foydalanuvchi ham “yuqtirib” olishi mumkin.

Ushbu ruhiy kasalliklarga Facebook, Instagram, VK va “Odnoklassniki” kabi ijtimoiy tarmoqlarda duch kelish ehtimoli juda katta.

Depressiya alomatlari

Facebookʼdagi doʻstlaringiz bilan solishtirganda, hayotingiz juda zerikarlidek tuyuladi; siz doim xeyterlar (nafratlanuvchilar)ning sharhlarini oʻqib, xafa boʻlasiz; gʻamgin qoʻshiqlar va oq-qora fotosuratlarni falsafiy izohlar bilan joylaysiz; sizning statusingiz Dostoyevskiy kabi adib va faylasuflardan iqtiboslar bilan toʻla boʻladi.

Bu nima?

Bu – tushkun kayfiyat, ish unumining pasayishi va hayotdan zavqlanish hissining yoʻqolishi bilan tavsiflanadigan kasallik.

Ijtimoiy tarmoqlar qanday taʼsir qiladi?

Katta ehtimol bilan depressiyadan avval siz yoʻqotilgan foyda sindromini boshdan oʻtkazasiz. FoMO nomi bilan ham tanilgan ushbu sindrom aksiga olib, boshqa odamlar hayotida roʻy berayotgan qiziqarli va muhim voqealarda yetarlicha ishtirok etmayotganingizni his qilishga majbur etadi. Bu esa oʻzingizni hurmat qilmaslikka va depressiya hamda hadik hissining kuchayishiga olib keladi. Kimdir hali dunyoning u burchagida, hali bu burchagida tushgan suratlarini namoyish qilib tursa, olgan koʻkrak nishonini koʻz-koʻz qilsa, kazo-kazolar bilan achomlashib tushgan suratlarini omma ixtiyoriga havola etsa, kim ham qaygʻuga botmaydi, axir?

Obsessiv-kompulsiv buzilish (OKB) alomatlari

Oʻz postlaringiz va sharhlaringizni qayta-qayta oʻqiysiz, tahrir qilasiz va mukammal holatga keltirasiz; Instagramʼdagi ranglar gammasini uzoq tanlaysiz, rasmlaringizni qayta ishlash va postingiz maketini yaratish uchun soatlab vaqt sarflaysiz; fotosuratlarni albomlarga, doʻstlaringizni esa guruhlarga alohida zavq bilan saralaysiz, kontentini tartibsiz, eʼtiborsiz yuklab, mukammal tasmangizni ifloslantiradiganlarni “doʻstlar” safidan oʻchirasiz.

Bu nima?

Odamda chodirxayol fikrlar va maniyalar, mukammallikka intilish kuchayadigan holat yoki nevroz. Mazkur buzuqlik takrorlanuvchi marosimlarning mavjudligi bilan tavsiflanadi.

Ijtimoiy tarmoqlar qanday taʼsir qiladi?

Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, OKBga chalinganlar smartfonlardan koʻproq foydalanishadi. Ular uchun ijtimoiy tarmoq tasmasini yangilash asabiylikni kamaytiradigan marosimlardan biri, ammo qay biri sababu qay biri oqibat ekani haqida aniq tushuncha yoʻq.

Paranoyya alomatlari

Sizningcha, ijtimoiy tarmoqlarda sizni, masalan, sobiq, boʻlajak va ehtimol, potensial “doʻstlaringiz” diqqat bilan kuzatib borishadi; siz atrofingizdagilar baho berishidan qoʻrqasiz; faqat maxfiy chatlarda yozishasiz; geolokatsiyani yashirasiz; suhbatni oʻchirasiz; layk bosgan har bir begonani qora roʻyxatga kiritasiz va oʻz postlaringizdan shunchalar shubhalanasizki, baʼzan ularni qoʻyishingiz bilan oʻchirib tashlaysiz.

Bu nima?

Paranoyya – alohida kasallik emas. Ammo taʼqib bilan bogʻliq aljirashlar koʻplab ruhiy xastaliklarga esh boʻladi.

Ijtimoiy tarmoqlar qanday taʼsir qiladi?

Harakatlaringizning boshqa foydalanuvchilar tomonidan baholanishi ijtimoiy harakatlardan qoʻrqish – sotsiofobiyaga olib kelishi mumkin.

Bogʻliqlik alomatlari

Siz har besh daqiqada ijtimoiy tarmoqlardagi tasmalaringizni tekshirasiz; doimo kim bilandir yozishasiz va ular sizga odatdagidan uzoqroq javob berishsa, gʻazablanasiz; umringizni deyarli boricha “storiz”da efirga uzatasiz va ularni boshidan oxirigacha kim tomosha qilganini va kim aloqani uzganini diqqat bilan kuzatasiz.

Bu nima?

Ogʻir darajaga yetgan doimiy ehtiyoj. Biron bir istak sizdan kuchliroq boʻlib chiqsa, uni bajarmaslikning ilojini topolmaysiz.

Ijtimoiy tarmoqlar qanday taʼsir qiladi?

Har qanday bogʻliqlikni shakllantirish mexanizmi miyaning ragʻbatlantirish tizimini buzishga asoslangan. Miya qaysidir voqeani muhim deb bilsa, neyronlar zavqlanish mediatorlarini ishlab chiqaradi. Inson oʻz virtual hayotini qanchalik jiddiy qabul qilsa, unga neyromediatorlarning ajralib chiqishiga sabab boʻladigan layk yoki sharh koʻrinishidagi har bir reaksiya va shu bilan birga, undan keladigan zavqlanish hissi shunchalik muhimdir. Ushbu lazzat uchun kerakli dozaning miqdori vaqt oʻtgan sari ortib boraveradi va inson ijtimoiy tarmoqda tobora koʻproq faollikka intila boshlaydi. Har qanday qaramlik kabi smartfonga qaramlik ham hayot sifatini sezilarli darajada pasaytirishi mumkin. Ogʻir holatlarda bu yakkamoxovlikka, eʼtibor va uyquning buzilishiga olib keladi.

Tajovuzning nazoratsiz xurujlari alomatlari

Siz, albatta, sharhlarda har qanday bahsga kirishasiz, chunki Internetda kimdir notoʻgʻri fikrlayapti, demak, uni toʻgʻri yoʻlga boshlash kerak va bu sizning asosiy vazifangiz; siz boshqalarning postlarini tanqid qilishni va ulardan xatolar izlashni yaxshi koʻrasiz; siz barchani hayotingizdagi har bir salbiy tajribangiz haqida xabardor qilasiz; juda kamdan-kam hollarda layk bosasiz, chunki boshqalarning deyarli barcha postlari sizning gʻashingizni keltiradi, lekin siz ularni kuzatishda davom etasiz.

Bu nima?

Tajovuz xurujlari – qasddan buzgʻunchi xatti-harakatlar boʻlib, buning natijasida siz odamlarga maʼnaviy yoki jismoniy zarar yetkazmoqchi boʻlasiz: ideal holatda, ularning jagʻiga musht tushirishni yoki hech boʻlmaganda, izohlarda ularni kamsitishni istaysiz.

Ijtimoiy tarmoqlar qanday taʼsir qiladi?

Tajovuz xurujlari shaxsiyat buzilishi yoki psixopatiyaga moyil odamlarda paydo boʻlishi mumkin. Bunday kasalliklar oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaydi – ular bolalikdan irsiy va tarbiya taʼsirida rivojlanadi, ammo ijtimoiy tarmoqlar kontenti ularni kuchaytirib yuborishi, alangalatishi mumkin.

Xullas, azizlar, ana shunday alomatlarni oʻzingizda seza boshlasangiz, ijtimoiy tarmoqlardagi faolligingizni cheklang. Unutmang, ijtimoiy tarmoqlar shaxsiy hayotingiz solnomasi emas!

Jahongir NAHANOV