Qantar ogʻsa, qor turmas.

Oʻzbek xalq maqoli

1

Ohuning soyasi haqida eshitganingiz bordir?

 

Koʻz ilgʻamas soniyalarda qora beradi-da, oʻtadi, ketadi.

 

Qish kunlari shunga mengzaydi.

 

Bir tutam, birgina tutam, ammo tunlari...

 

Kechasi bilan u yonboshidan bu yonboshiga agʻdarilaverib zerikkan nabiram tong gʻira-shirasida dik etib oʻrnidan turadi-da, deraza qaraydi:

 

– Qoyil, Ayoz bobo zoʻr rassom ekan, qor bosgan oʻrmon suvratini chizib ketibdi.

 

Tabiat qiyosi yoʻq musavvir, uy ichidagi harorat va tashqaridagi sovuq havo ikki tarafdan oynaga taʼsir qilib, qalin qor bosgan archazor tasviri hosil boʻlgan. Nabiram unga sinchiqlab tikilib, bakovul boʻri, yasovul tulki, qoqimchi qargʻa, chaqimchi chumchuq suvratlarini topib oladi.

 

2

– Bu yil dehqon ham, chorvador ham noshukrlik qilmasa boʻladi, – deydi suhbatdoshim Oqmamat Xoʻjamov. – Hatto choʻl hududlarida yerga bir-ikki qor tushdi, kunosha yomgʻir sevalab turibdi, qurgʻoqchil kelgan yillardan xudoning oʻzi asrasin. Fevralning boshida qishning katta chillasi chiqib, qilichini yalangʻochlab kichik chilla kiradi, u yigirma kun davom etadi, dalv oyi tugab, hut doxil boʻlganidan soʻng ham oʻn besh kun qish bor, ilk bahordagi ahman-dahman, Navroʻz qaroqchi, Ajuz momo ham koʻp oʻyin koʻrsatadi. Nasib etsa, bu yil yogʻingarchilikning kami qolmaydi.

 

Hisobdonlik Oqmamatning qonida bor, otasi Jabbor domla juda hokisor inson edilar. U kishining bir gʻalati odatidan doimo hayron qolardim. Boʻsh vaqti boʻlganidan maktab hovlisidagi daraxtlar orasida kuymalanar, kaftini shamol yoʻnalishiga tutib, yerga tuproq toʻplab, orasiga qoʻl tiqib, nimalarnidir oʻzicha hisob-kitob qilar, keyin daraxtlarning tanasiga, yon daftarchasiga belgilar qoʻyardi. Koʻpincha bu belgilar dumaloq, toʻgʻri va egri chiziqlardan iborat boʻlardi.

 

Bir gal belgilar sirini soʻraganimda:

 

– Doira shakli kun issiq, quyoshli kelganini, toʻgʻri chiziq havo osuda, moʻtadil boʻlganini, egri chiziqlar qaysi tomonga egilganiga qarab shamol yoʻnalishini bildiradi, – deb javob bergandi domla.

 

– Buni belgilarsiz ham koʻrib turibmiz-ku, – eʼtiroz bildirdim, shuning nimasi qiziq degan ohangda.

 

– Ammo olti oydan soʻng shu kunning ob-havosi qanday boʻlganini bexato eslash qiyin, bular menga tabiat turlanishini hisob-kitob qilish uchun kerak.

 

Darhaqiqat, qish oylarida Jabbor domlaning qachon qor yoki yomgʻir yogʻishini, qachon quruq sovuq bilan oʻtishini oldindan aytib berganiga koʻp bor guvoh boʻlganman.

 

– Otam rahmatli hisobdon hisobidan adashmaslik uchun sinchi va kuzatuvchan boʻlishi, kamida bir toʻliq muchal, yaʼni oʻn uch yillik muttasil tajribani umumlashtirib bilishi kerak deyardilar, – suhbatimizni davom ettirdi Oqmamat. – Ilgari qishlogʻimizda hisobdon kishilar koʻp boʻlgan, haligacha pomuqlik chorvadorlar “Xoʻjamquli kalning hisobi boʻyicha” deb bobomni eslab turishadi. Hozir bu borada Soat bobo Vazirov, Sana bobo Eshonqulovga teng keladigani yoʻq. Hisobdonlar yoz bilan qish, bahor bilan kuz oylarining kunlarini olti oy ilgarigisi bilan taqqoslashadi.

 

Baʼzan esa sinchkov, kuzatuvchan kishilarga ob-havo oʻzgarishlarini tabiatning oʻzi aytib berarkan. Masalan, xalq orasida “Oy qoʻtonlasa oyda, Quyosh qoʻtonlasa kunda yogʻar” degan gap bor. Buni har bir kishi oʻzi tajribada sinab koʻrishi mumkin ekan. Izgʻirinli, sovuq tunda oy atrofida kattakon yorug‘ doira hosil boʻlsa oyning, kunduzi quyosh atrofida shunday doira koʻzga tashlansa, quyoshning qoʻtonlagani boʻlarkan.

 

Tagʻin bir nechta misollar:

 

– Qor-yomgʻir yogʻib turganda chumchuqlar tevarak atrofdagi daraxtlar shoxiga tarqalib, quvnoq chirqillay boshlashi tez orada havo ochilib, kun isib ketishidan;

 

– aksincha, bulutli kun chumchuqlar daraxt shoxida toʻda boʻlib xurpayib, tek tursa-da, birin-ketin hammasi yerga qoʻnib, toʻproq titkilashsa, soʻngra bir xavfni sezgandek gurra uchib daraxtga qoʻnsa, shu holat bir zayl davom etaversa yoki qishning issiq kunlari chumchuq, ola qargʻa, mayna kabi qushlar tez-tez ariq yoki koʻlmak suvlariga choʻmilsa, havo buzilib, yogʻingarchilik boshlanishidan darak berarkan.

 

Sinchilarga hatto moʻridan chiqayotgan tutun ham sir ochar ekan. Qor yogʻayotgan palla tutun qiyshaymay toʻgʻri koʻtarilsa, tez orada qor tinib, havo ochilar, tutun moʻridan chiqishi bilan pastga ursa, havo buzilib, qor yoki yomgʻir yogʻarkan.

 

Tajribali qoʻychivonlardan biri aytgan gap yodimda qolgan:

 

– Choʻponlikdan obro‘ topaman, degan kishi hisob-kitobdan, sinchilikdan xabardor boʻlishi kerak. Ayni qish chillasi ertalab qoʻtondan chiqarilgan suruv kunchiqarga qarab oʻrlasa, yogʻingarchilik boʻlmaydi, xavotirga tushmay, otar izidan boraverish kerak. Agar surumga chiqarilgan suruv kunbotarga yoʻl olsa, ehtiyot boʻlgan, jonning bir muddatlik huzurini oʻylamay, qoʻylarni shamolga qarama-qarshi tomonga ogʻdirish lozim, chunki oldinda katta qor yoki yomgʻir bor, u boshlanib qolsa, shamol oqimida osongina oʻtovga qaytib kelinadi. Qoʻy yerdan bosh koʻtarmay, shoshilib oʻtlayversa ham, suruvni qoʻra tomonga burgan afzal, chunki bu yogʻingarchilikdan darak.

 

3

Sinchilarning hisob-kitobi boʻyicha oʻlkamizda dekabr oyining beshinchi kuni qish boshlanadi, shundan oʻn besh kun oʻtib, eng qisqa kun va eng uzun kecha – yaldoda katta chilla kiradi. U qirq kun – fevral oyi boshigacha davom etib, oʻrnini yigirma kunga choʻziladigan kichik chillaga boʻshatib beradi.

 

Rivoyat etishlaricha, katta chilla kichigiga oʻrin berarkan:

 

– Men kattaligimni qilib boʻldim, endi sen oʻzing bilasan, – deyar ekan.

 

Shunda kichigi savol berarkan:

 

– Xoʻsh-sh, menga nimalarni qoldirdingiz?

 

Kattasining javobi quyidagicha boʻlarkan:

 

– Nortuyaning oʻrkachida qoldi, ukam, olarsan;

 

Er yigitning yuragida qoldi, ukam, olarsan;

 

Boʻy qizlarning bilagida qoldi, ukam, olarsan...

 

Bu degani “Mening sinovimga shular dosh berdi, senam bir silkitib koʻr-chi”, degani boʻlarkan. Navqiron kichik chilla akasining topshirigʻini bajarish uchun qor, ayozli izgʻirin bilan hamlaga oʻtarkan.

 

Kichik chilla dala mehnatkashlari uchun eng ogʻir sinov kunlari sanaladi, tajribali dehqonlar uning qisqa fursatli quyoshli kunlarida ham uyda oyoq choʻzib oʻtirmay, ariq-zovurlarni tozalab, ichki suv yoʻllarini sozlaydi, texnikani ekish mavsumiga shaylaydi. Bogʻbonlar novda uygʻonmasidan mevali daraxtlarni butash, shakl berish ishlarini tugatish choralarini koʻradi. Choʻpon-choʻliqlar qoʻylarni qishlovdan toʻliq va sogʻlom olib chiqish, xususan, qoʻzilatish mavsumini muvaffaqiyatli oʻtkazish uchun otarga vaqti-vaqti bilan surum beradi.

 

4

Otam aytib bergan ibratli voqealarni haligacha tez-tez eslab turaman, bir gal u kishi shunday hikoya qilgandi:

 

– Oltmish sakkizning kuzagi va qishining boshlanishi kutilganidan ham qurgʻoqchil kelgandi. Chorvadorning koʻngli notinch, axir bahorning fayzini qishning yogʻini belgilab berishi unga qoʻsh panjasining oʻn barmogʻidek ayon. Oʻshanda “Oʻzbekiston” qorakoʻlchilik-naslchilik zavodining markazi Jeynov qishlogʻida joylashgan, aksariat otarlar esa Pomuq yaylovlarida qishlovni oʻtkazayotgan edi. Xoʻjalik firqa qoʻmitasiga rahbarlik qilardim. Ahvol shu zaylda ketaversa, erta bahorda ham qoʻylarga qoʻldan ozuqa berishga toʻgʻri kelishini oʻylab tashvishga tushgandik. Xayriyat, fevralning ilk kunlaridan izini uzmay qor yogʻishni boshladi.

 

Shunday izgʻirinli qor yogʻayotgan kunlarning birida yaylovdan tashvishli xabar keldi, bir otar qoʻy, choʻpon-choʻligʻi bilan dom-daraksiz ketgan emish. Hamma oyoqqa turdi. Chor tarafga tarqab izladik, natija bermadi, boʻronda tumshugʻingning ostidan uzoqni koʻrolmaysan. Yarim tun shu otarning oʻtoviga toʻplandik.

 

– Endi nima boʻladi, qoʻylar-ku sadqaisar, odamlar muzlab qolmasmikin, – barchamizning tilimiz uchida turgan savolni oʻrtaga tashladi kimdir.

 

Birimiz olib, birimiz qoʻyib, adashgan choʻpon-choʻliqlarga salkam aza ochib turganimizda barmoq bukib nimalarnidir hisob-kitob qilib oʻtirgan Sultonyoz Qurbonov bamaylixotir soʻz ochdi, koʻp singir odam edi rahmatli:

 

– Bunisi ularning oʻziga bogʻliq, tun yarimigacha tinmay suruvga surum berib, keyin uxlab qolishgan boʻlsa, ham jin chalmaydi, yerning tafti ilitib, omon qolishlariga yordam beradi.

 

– Shunday izgʻirinda-ya? – ishonqiramadik u kishining aytganlariga.

 

– Adashmasam, bu kun fevralning sakkizinchi kuni-ya, – bir-bir yuzimizga qaradi Sultonyoz aka.

 

– Shunday, shunday, – dedik nimaningdir ilinjida.

 

– Nasib etsa, yarim tun qantar ogʻadi, qantar oqqandan keyin esa yer bagʻri isiydi.

 

Darhaqiqat, tong azonlab maydonlashga chiqqan sheriklarimizdan biri shundaygina oʻtovga yaqin joyda suruv hamda choʻpon-choʻliqlar gʻuj boʻlib yotishgani xabarini keltirdi. Shosha-pisha uning iziga tushdik. Borib qarasak, choʻpon-choʻliqlar qaltirib turishgan boʻlsa-da, sog‘-omon, suruv but ekan. Ularni yerning yuzaga urgan ichki harorati muqarrar halokatdan asrab qolgan, qantar oqqan kun edi...

 

5

Nurmamat boboning gap xaltasi ochilsa, turgan-bitgani hikmat, yangidan-yangi ibratli voqealar chiqib kelaveradi:

 

– 1969-yili fevral oyining ilk kunlaridan biri edi, ertalabdan koʻkni lak-lak qora bulutlar qoplab olganidan sevinchim cheksiz. Maydalangan xashak tigʻiz joylangan telejka tirkalgan traktor kabinasida olis yaylovlardan biriga yoʻl oldik. U paytlar choʻl tugul, qishloqda ham asfalt yoʻllar yoʻq, qum tepalar ichiga kirib borganing sayin egri-bugri yoʻllar biri ikkinchisini kesib oʻtadi, borayotgan manzilining hadisini olmagan kishi ovora-yu sarson boʻlib adashishi hech gap emas. Buning ustiga, elakdan elangan undek yogʻa boshlagan qor koʻp oʻtmay zabtiga olib, uch-toʻrt qadam narini ilgʻab boʻlmaydigan darajaga yetdi.

 

“Biroz tezlikni oshirmasangiz, hademay yoʻlni topish amrimahol boʻlib qoladi, shekilli” – shoshiltiraman traktorchi yigitni. “Eng yuqori tezlikda boryapman, undan ortigʻiga imkonimiz yoʻq”,  deydi u. Xullas, qancha urinmaylik, olgʻa borishga imkon qolmadi, sovuqning zabtidan yerga tushgan qor muzga aylanib borar, hosil boʻlgan sirpanchiqda traktor baland qirlarga oʻrlab chiqolmas, adashib ketish xavfi ortib borardi. “Boʻpti, orqaga bur, quyosh qoraymasdan qishloqqa yetib olaylik, ertaga bir gap boʻlar”, dedim chorasizlikdan.

 

Yoʻlda suruvni boʻronga qarshi surishga urinayotgan Rashid choʻponga duch keldik. “Nima boʻldi, nega suruvni yogʻinga qarshi haydamoqchi boʻlyapsan”, deb soʻradim undan. “Ertalab yogʻingarchilik boʻlmaydigandek koʻringandi, oʻtovdan sal uzoqlashib ketibman”, deya gunohkorona mingʻirladi bosh choʻpon. “Necha yildan buyon qoʻy boqyapsiz?” “Yigirma yilcha boʻldi, suruv izidan yurganimga”. “Nahot shuncha yillik tajriba bilan ob-havo oʻzgarib turgan vaqt qoʻylarni shamol yoʻnalishiga haydamaslik kerakligini bilmasang” – jigʻibiyronim chiqdi.

 

Choʻpon, traktorchi, uchovlashib ikki-uch soat tabiiy ofat bilan kurashib, jon azobida suruvni otarga yetkazib keldik. Bu mahal Rashidning yonashik choʻponi – Jumageldi Vazirov allaqachon qoʻylarini qoʻtonga qamab, choy ichib oʻtirgan ekan. Choʻponlar bilan bir piyola choy ichib, telejkaga ortilgan xashakni tushirib, qishloqqa qaytdik...

 

6

...Fevral oyining yana bir tongi nabiramning shodon qiyqirigʻidan uygʻonib ketdim:

 

– Bobo, turing, qor yogʻyapti, paxtadek momiq, oppoq qor.

 

Nabiram aytgan oppoq qor allaqachon yer yuzasini qoplagan, kichik chilla oʻz amalini boshlab yuborgandi...

 

Abdunabi ABDIYEV