“Qargʻalar”, “Gʻayra-gʻayra”, “Omon-omon” kabi mashhur qoʻshiqlarning qisqartirilmagan, oʻzgarmagan toʻliq matnini Oyina.uz birinchi marta oʻquvchilar eʼtiboriga taqdim etadi.

Xalq qoʻshiqlari – asrlik dard-u hasratlar, quvonch va iztiroblarning badiiy ifodasidir. Ularda oddiy inson hayoti, orzu-umidlari bilan birga butun bir millatning kechinmalari ham oʻz aksini topadi. Shu jihatdan qaraganda, xalq qoʻshiqlari nafaqat musiqiy meros, balki millat dardini avloddan avlodga yetkazuvchi maʼnaviy koʻprik hamdir.

Jadid taraqqiyparvarlari Gʻulom Zafariy va Elbeklar tomonidan 1925-yil Toshkentda chop etilgan “Ashulalar” toʻplami bugungi kun oʻquvchisi uchun yuz yil oldingi Turkiston xalqining oʻy va kechinmalari, dard-u armonlari, ijtimoiy hayoti hamda milliy ruhiyatini anglashda muhim manba vazifasini oʻtaydi.

Toʻplam yaratilgan paytda Elbek (Mashriq Yunusov) Oʻzbekiston Jumhuriyatining Xalq maorif komissariyati huzuridagi Bilim kengashining boshligʻi, Gʻulom Zafariy esa faol dramaturg sifatida qizgʻin ijod bilan band edi.

Xalq qoʻshiqlarining kishilar yodidan koʻtarilib ketishidan qoʻrqqan Shokir Sulaymon 1923-yildayoq “Fargʻona” gazetasida chop etilgan “Xalq adabiyoti” nomli maqolasida “Fargʻonada oʻtmish qoʻrboshilar, beklar, ularning kechirmish kunlari, xotiralari va shu zamonda hukumatga qarashlari, ularning tilaklari nihoyat oʻlishlari, bitishlari – hammasi aynan nuqtama-nuqta oʻzining usta, mahoratli toʻqigʻuvchilari tarafidan toʻqilib qolinmishdur va toʻqilmoqdadur. Bir necha yillar davom etgan oʻzining kuyli, jonli hazin ovozlari bilan Fargʻona choʻllarida, sahrolarida, togʻlarida, dalalarida eshitilar-da tarixning shoshigʻchiligi orqasida jonli kuylari, ismlari tez unitilur. Mana shu kun sayin, soat sayin har qishloqda, har shaharda chiqib turgan va turadurgan xalq adabiyotining kuylarin notaga oldirish qoʻlimizdan kelmasa, boʻldira olmasaq ham, aqalli, soʻzlarin, qiymatli borliqlarin saqlab qolish biz yoshlar, qalam ahllari uchun farzi ayndir”, deb kuyinib yozgan holda, xalq qoʻshiqlarini kishilar ogʻzidan yozib olishga daʼvat etgan edi.

Shokir Sulaymonning chaqirigʻiga javob oʻlaroq Elbek va Gʻulom Zafariylar tomonidan Bilim hayʼatining bevosita homiyligida Fargʻona vodiysi boʻylab ilmiy ekspeditsiya tashkil etildi hamda mahalliy aholidan bebaho qoʻshiqlar yozib olindi.

Biroq “Ashulalar” toʻplamining soʻngi sahifasida keltirilgan izohga koʻra, kitob garchi 1923-yilda tayyorlanib topshirilgan boʻlsa-da, ikki yil mobaynida nashriyotda yotgan. Qizigʻi shundaki, “Ashulalar” kitobi dastlab “El adabiyoti” nomi ostida chop etish uchun Oʻrta Osiyo davlat nashriyotga topshirilgan.  Nashriyot izohini oʻqiymiz: “El adabiyoti” Oʻrta Osiyo davlat nashriyotiga bundan ikki yil muqaddam topshirilgʻan boʻlsa ham, hozirgʻa qadar Oʻrta Osiyo davlat nashriyoti uni bosdira olmagʻan. Soʻnggi kunda Oʻzbek ilmiy shoʻrosi mana bu kitobni 1922-yilda berilgan holida (!) bosdirilishini soʻradi. Biz ham ilmiy shoʻroning fikriga qoʻshilib, xalq ashulalaridan iborat boʻlgʻan bu kitobni bosishni muvofiq topdiq”.

Oʻrta Osiyo davlat nashriyotining izohidan koʻrinib turibdiki, bolsheviklardan iborat tahririyat – birinchidan kitob nomini oʻzgartirish orqali uning ijtimoiy taʼsirini pasaytirishni, ikkinchidan uning ichidagi baʼzi xalq qoʻshiqlarini olib tashlashni talab qilgan. Harqalay, nashriyot tomonidan keltirilgan “1922-yilda berilgan holida (!) bosdirilishini soʻradi” izohi bizni shunday xulosa qilishga undaydi. Demak, kitob nashrga tayyorlanib, u chop etilguniga qadar ham parda ortida milliy ziyolilar va bolsheviklar oʻrtasida oʻzaro kurash ketgan.

“Ashulalar” toʻplamining kirish qismida Elbek soʻnggi chogʻlarda Turkiston xalqi ichida boshlangan ilmiy izlanishlar jadal rivoj topayotgani, qolaversa, maktablarni turli oʻqimliqlar [darslik va kitoblar] bilan taʼmin etish ishi dolzarb ahamiyatga ega boʻlib turgan bir paytda, el orasida kuylanib kelingan ashulalarning oʻz vaqtida toʻplanib chop ettirilishi ham nihoyatda foydali bir ish ekanligini urgʻulaydi. Bundan tashqari Elbek kirish soʻzida: “Albatta, biz uchun bundan soʻng ham yanadan xalq adabiyotini toʻplash va toʻplangʻanlarini kechirtirmasdan bostira borish lozimdir. Tabiiy, bu ishlarni boshqarish uchun elimizning qiziqqon va mutashabbus (tashabbuskor) yigitlarning koʻmaklari kerakdir. Hozircha biz qoʻlimizda boʻlgʻon, el orasida aytilib kelmakda boʻlgʻon qirqdan ortgʻon eski va yangi kuylarimizni toʻplab, bostira boshladiq. Tabiiy, bunda istar (xoh) tuzilishi, istar terilishi yogʻidan tub (asl) ashulaga qarshi boʻlgʻon bir qancha satrlarni uchratarsiz. Biroq, biz munga qarab oʻltirmadiq. Oldin bizga kitobning maydongʻa chiqishi shartdir. Kitob maydongʻa chiqgʻach, uning yanglish yoqlarin sekin-sekin tuzata olarmiz”, deb yozadi. Elbekning kirish soʻziga eʼtibor qaratsak, muallif xalq ashulalarini oddiy koʻngilochar vosita emas, balki xalqning tarixiy xotirasi va ruhiy olamini ifodalovchi maʼnaviy boylik sifatida baholab, bu ezgu ishni amalga oshirish uchun tashabbuskor yigitlarni yoniga chorlaydi hamda xalq adabiyotini yigʻish va nashr qilish ishi umumxalq vazifasi ekanligini taʼkidlaydi.

Elbek “Oldin bizga kitobning maydongʻa chiqishi shartdir” soʻzlari bilan kitobni mukammallashtirishni kutib oʻtirmasdan, millat manfaatiga xizmat qiluvchi har qanday maʼrifiy ishni tezroq amalga oshirish zarurligini, bu ezgu ishni kechiktirish Turkiston xalqining zarariga ishlashini ham qistirib oʻtadi. 

 

“Ashulalar” toʻplami. 1925-yil, Toshkent.

“Ashulalar” toʻplamida jami 28 ta qoʻshiq mavjud boʻlib, ularning mavzusi xilma-xildir. Xususan, toʻplamda “Begijon ukam”, “Ajab yorlarim”, “Andijonga boray dedim bora olmadim”, “Lipimish”, “Aylanay yorlarim”, “Yallama yorim”, “Omon yor”, “Nor” kabi pok va samimiy muhabbat tuygʻulari kuylangan qoʻshiqlar bilan birga, “Qoʻzijon”, “Al-Omon”, “Mallaxon”, “Doʻst Xudoyim”, “Omon-Omon”, “Margʻilonda ishchi olingʻanda aytilgan” kabi tarixiy hamda ijtimoiy-siyosiy mazmundagi qoʻshiqlar ham yozib olingan. Elbek va Gʻulom Zafariyning toʻplamni tuzishdagi puxta ishlaridan yana biri, qaysi qoʻshiq nechanchi yilda aytilgani toʻgʻrisida ham maʼlumot berib ketgan.

Toʻplamni oʻrganish jarayonida biz bugungi kunda koʻngilochar bir qoʻshiq sifatida kuylab keladigan ashulalarimiz aslida Turkiston xalqining ogʻir ijtimoiy hayoti, mustamlaka zulmi, ayriliq, hijron va milliy dardlarini oʻzida mujassam etganiga, shuningdek ularning asl varianti hozirgi shaklidan tubdan farq qilishiga guvoh boʻldik.

Masalan, toʻplamdagi “Gʻayra-gʻayra” qoʻshigʻiga eʼtibor beraylik:

                   1

Qosh agar payvasta boʻlsa,

Oʻsmani gardon qoʻyar,

Gʻayra-gʻayra dam-badam

Shirin zabonimsan mening.

Yor agar nodon esa

Oshiqni sargardon qoʻyar.

                 2

Havoda parcha bulut,

Yomgʻir yogʻib oʻtgʻan yoʻq.

Dunyoda oshno tutib,

Murodiga yetgʻan yoʻq.

                 3

Qoshi qora qayrilma qosh,

Oʻsma unga darkor emas.

Uyda yorim bor mening,

Begona yor darkor emas.

Bir adashim bor mening,

Begona hol darkor emas.

               5

Men ketarman bosh olib,

Ikki qoʻlgʻa tosh olib,

Mehribonim qoldi, deb

Ikki koʻzimga yosh olib.

Mazkur xalq qoʻshigʻi 1908-yilda kuylangan boʻlib, garchi ushbu qoʻshiqda sevgi, hijron, sadoqat va ayriliq motivlari yetakchi oʻrin egallasa-da, ular orqali xalqning ruhiy olami, turmush tarzi hamda davr kishisining ichki iztiroblari namoyon boʻladi. Ayniqsa, “Yor agar nodon esa, oshiqni sargardon qoʻyar” misralarida insoniy munosabatlardagi beqarorlik va ruhiy iztirob obrazli tarzda ifodalangan. Bu yerda “sargardon” obrazi faqat oshiq holatini emas, balki oʻz baxti va armoni oʻrtasida qolgan turkistonlikning kechinmalarini ham anglatadi.

 

Ikkinchi banddagi “Dunyoda oshno tutib, murodiga yetgʻoni yoʻq” satrlari esa xalqning hayotiy tajribasi va falsafiy qarashlarini aks ettiradi. Shoirona ifoda orqali inson orzu-umidlarining doimo ham ushalavermasligi, hayotning armon va sinovlardan iborat ekani taʼkidlanadi.

Umuman olganda, ushbu xalq qoʻshigʻi oddiy lirik kechinmalar doirasidan chiqib, Turkiston xalqining ruhiy dunyosi, maʼnaviy qadriyatlari va tarixiy hayot tajribasini aks ettiruvchi badiiy manba sifatida ham katta ahamiyatga egadir. Yana bir gap: “Gʻayra-gʻayra” qoʻshigʻining xalq tomonidan kuylangan asl shakli [tan olib aytish joizki] bugungi biz bilgan “Gʻayra-gʻayra”dan ancha saviyali badiiy mazmunga egadir.

Toʻplamda eʼtiborimni tortgan yana bir qoʻshiq “Oʻrtoq” boʻlib, u 1900-yilda xalq tomonidan aytilgan:

Yuring, oʻrtoq, dalaga, oʻrtoq jonim-o,

Qoʻynimiz toʻlsin lolaga.

Aytinglar, aytaylik, oʻrtoq,

Toʻlsa, toʻlsin lolaga,

Biz qolaylik baloga.

Yuring, oʻrtoq, oʻynaylik.

Daryolarni boʻylaylik.

Baliqlarga roz aytib,

Biz Xudoga yigʻlaylik.

Tegirmonning toshiman,

Qiz bolalar yoshiman.

Otam meni oʻqitsa,

Qirq yigitning boshiman.

Mazkur qoʻshiqda oʻzbek xalq ogʻzaki ijodining anʼanaviy poetik xususiyatlari mujassam boʻlib, unda yoshlik zavqi, tabiatga yaqinlik, insoniy kechinmalar bilan birga Turkiston qizining ijtimoiy orzu-intilishlari ham badiiy jihatdan aks ettirilgan. Ayniqsa, qoʻshiq matnidagi “Otam meni oʻqitsa, qirq yigitning boshiman” misrasi ashulaning asosiy ijtimoiy gʻoyasini ochib beradi. Ushbu soʻzlar bilan Turkiston qizining ilm olishga boʻlgan intilishi, oʻz salohiyatiga boʻlgan ishonchi va jamiyatda munosib oʻrin egallash orzusi boʻrtib koʻrinadi. Qoʻshiqdagi “Qirq yigitning boshiman” iborasi xalqona mubolagʻa vositasi boʻlib, agar imkoniyat berilsa, Turkiston qizlari ham yigitlardan qolishmagan holda katta ishlarni amalga oshirishga qodirligini urgʻulaydi.

Toʻplamda bizning eʼtiborimizni tortgan yana bir qoʻshiq “Omon-omon”dir. Toʻplam mualliflarining izohiga koʻra, u 1918-yilda Qoʻqonda Muxtoriyat hukumati yiqitilgach, armani dashnoqlar tomonidan xalq oʻldirilgan chogʻda omonlik tilab aytilgan ekan. Eʼtiborli jihati shundaki, garchi arman dashnoqlari tomonidan Qoʻqonda dahshatli qatliom yuz bergan boʻlsa-da, xalqning yuragini qoʻrquv butunlay egallab ololmagan. Hatto oʻlim xavfi qarshisida ham xalq oʻzligini, irodasini va Vatanni himoya qilishga boʻlgan qatʼiyatini yoʻqotmagan. Shu jihatdan qaralganda “Omon-omon” qoʻshigʻi oddiy omonlik tilab aytilgan ashula emas, balki Turkiston xalqining fojia qarshisida ham qulamagan metin irodasining aksi sifatida koʻrilishi zarur. Shu maʼnoda toʻplam mualliflarining ashulaga bergan izohiga ham ehtiyotkorona yondashish maqsadga muvofiqdir. Qoʻshiqdan parcha:

Bul togʻlar baland togʻlar,

Gʻarib yoʻlini bogʻlar

Bul togʻlarda kim yotgʻan?

Askar yigitlar yotgʻan,

Yonboshigʻa tosh botgʻan, omon - omon,

Ohi xudogʻa yoqqan.

Asakaning yoʻlida,

Ilon koʻrdim choʻlida.

Ming jon boʻlsa berarmiz,

Yurtimizning yoʻlida.

Eshigingda joy bormi,

Tojixoʻroz ekkali.

Qanday rahming keladir

Askarlarni soʻkkali?

Daryo toshqin, suvlar toʻlqin oʻtolmayman,

Otim oriq manzil uzoq yetolmayman.

Otginamni oriq qilgʻan shul mayda tosh,

Ranginamni sariq qilgʻon shul qalam qosh.

Toʻplamdan oʻrin olgan yana bir muhim qoʻshiq “Margʻilonda ishchi olingʻanda aytilgʻan” ashulasidir. Maʼlumki, 1916-yilda imperator Nikolay II tomonidan “Imperiyadagi begona xalqlar erkak aholisini harakatdagi qoʻshin tumanlarida, harbiy inshootlar va shuningdek davlat mudofaasi uchun zarur boʻlgan boshqa har qanday ishlarga jalb qilish” farmoniga muvofiq Turkistonning barcha shaharlari qatori Margʻilondagi erkaklar ham mardikorlikka olingan.

Turkiston oʻlkasida mardikorlikka olish jarayoni juda ogʻir va keskin ijtimoiy oqibatlarga sabab boʻlgan. Jumladan, Sirdaryo viloyatidan 87 ming, Samarqanddan 38 ming, Fargʻonadan esa 50 ming kishi majburiy mehnatga yuborish uchun belgilangan. Ushbu koʻrsatkichlar har bir viloyat boʻyicha aholiga taqsimlanib, bajarilishi shart reja sifatida qoʻyilgan.

Ayniqsa, Fargʻona viloyatida mardikorlarni yigʻish jarayoni yanada ogʻir kechib, har besh xonadondan bittasidan bir erkakni olib ketishga toʻgʻri kelgan. Bu holat xalq hayotiga juda katta zarba boʻlgan, oilalarning boquvchisiz qolishiga, aholining ochlik va qiyinchilikka yuz tutishiga olib kelgan.

Bundan tashqari mardikorlikka olish jarayonida mahalliy maʼmuriyat vakillari tomonidan adolatsizliklarga yoʻl qoʻyilgan. Roʻyxat tuzishda pora va tanish-bilishchilik kabi illatlar keng tarqalgan boʻlib, badavlat oilalar koʻpincha oʻz oʻgʻillarini pul evaziga roʻyxatdan chiqarib yuborishga erishgan. Aksincha, kambagʻal oilalar esa ogʻir ahvoliga qaramay, hatto oilada yagona erkak boʻlsa ham, majburiy roʻyxatga kiritilgan. Ushbu qoʻshiq ana shu siyosatga isyon sifatida xalq tarafidan yaratilgan. Qoʻshiqda Saidahmad obrazi markaziy oʻrinda turib [aftidan u Chor hukumatining Margʻilondagi mahalliy vakillaridan biri boʻlgan], u orqali yigitlarni urushga joʻnatish jarayonidagi adolatsizlik va zoʻravonlik tanqid qilinadi. Qoʻshiqning umumiy ruhida motam, alam va isyon ohangi oʻzaro uygʻunlashib, xalqning ogʻir ijtimoiy ahvoli jonli tasvirlanadi. Qoʻshiqdan parcha:

Saidahmad, toming baland-o,

Tomingdan noming baland-o,

Yigitlarga qoʻl qoʻygʻan

Padaringa ming lanat-o,

Padaringa ming lanat!

Oʻzini oʻzi chogʻlagʻan

Belini mahkam bogʻlagʻan

Nochor ketgan yigitlar.

Baxmal poʻstin ogʻir deb,

Otga solgʻan Saidahmad.

Yigitlarni yomon deb,

Xatga solgʻan Saidahmad,

Xatga solgʻan Saidahmad.

Oʻzini oʻzi chogʻlagʻan-a,

Belini mahkam bogʻlagʻan,

Nochor ketgan yigitlar.

Suv ichiga choʻp tushdi-yo,

Yigitlar xatga tushdi,

Onasini yigʻlatib,

Yigitlar yoʻlga tushdi-yo,

Yigitlar yoʻlga tushdi.

Soy ichida suv oqar,

Suv tegida qum oqar.

Urushga ketgan yigitning

Onasini kim boqar.

Oq olma oqib keldi-yo,

Yigitlarga yesin, deb,

Oq podshodan xat keldi-yo,

“Talabgori kelsin!” deb-o,

“Talabgori kelsin!” deb.

Sandiq ustida boʻxcha,

Yigitlar gulgʻuncha,

Oʻlgur podsho qoʻymaydir,

Gul boʻlib ochulgʻuncha,

Gul boʻlib ochilgʻuncha.

Va nihoyat toʻplamdagi yana bir muhim qoʻshiq “Al-omon”dir. Toʻplam mualliflarining izohiga koʻra ushbu qoʻshiq xalq tomonidan 1905-1906-yillarda Andijonda aytilgan. Bu qoʻshiqning boshlanishini bugun har bir oʻzbek biladi: “Qargʻalar uchsa qaraylik Margʻilonning yoʻliga…”. Ha, bu oʻsha biz bilgan mashxur qoʻshiq. Ushbu qoʻshiqqa toʻylarda miriqib raqs tushganmiz. Afsuski, bu ashulaga qulochimizni keng yoyib raqs tushar ekanmiz, aslida vatan uchun aziz jonlarini bergan bobolarimizning jasadlari ustida “hirom etayotganimizni” bilmaganmiz.

Sovetning chirkin siyosati sabab qoʻshiq xalq tomonidan yaratilganidan soʻng bir necha marotaba oʻzgarishlarga uchrab, milliy motam ruhidagi qoʻshiq raqspob ashulaga aylanib qoldi, uning asl matni butkul oʻzgarishga yuz tutdi. Xususan, ashula matnidagi qargʻalar soʻzi turnalarga “aylantirib” yuborildi. Xoʻsh, Margʻilon sari xalqni qatliom qilish uchun uchib ketayotgan qargʻalar kim edi oʻzi? Bu savolning javobini topish uchun Abdulhamid Choʻlponning “Kuz chogʻi” sheʼrini oʻqisangiz kifoya.

Shu bugungacha qoʻshiqning asl matni yoʻqolib ketgan deb hisoblanar edi. Ammo Siz bugun taraqqiyparvar jadid bobolarimiz Elbek va Gʻulom Zafariylarning fidokorona xizmatlari sabab uning asl variantidan bahramand boʻlishingiz mumkin. 

Elbek (Mashriq Yunusov).

Qoʻshiqning xalq tomonidan kuylangan asl matni quyidagicha:

Qargʻalar uchsa qaraylik Margʻilonning yoʻliga,

Hidi kelsa mast boʻlaylik, handalakning boʻyiga,

Al-omon, yo rabbano, qanday zamon boʻldi, darig‘.

Handalak boʻyliginam, sen unda zor, men bunda zor,

Ikkalamiz toʻti qushning bolasidek intizor,

Al-omon, yo rabbano, qanday zamon boʻldi, darig‘.

Intizorlik torta-torta, tanda toqat qolmadi,

Choʻl chibindek sargʻayib ucharga holat qolmadi,

Al-omon, yo rabbano, qanday zamon boʻldi, darig‘.

Choʻl chibinning holini oʻtgan yoʻlovchidan soʻrang,

Men gʻaribning holini aqli raso yordan soʻrang,

Al-omon, yo rabbano, qanday zamon boʻldi, darig‘.

Men gʻaribning holini aqli raso yor bilmasa,

Koʻz yoshi daryo boʻlib oqqan baliqlardan soʻrang,

Al-omon, yo rabbano, qanday zamon boʻldi, darig‘.

         Muslimbek ALIJONOV,

tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori