Bugun Oliy sudda 1920–1934-yillarda sovet hokimiyatiga qarshi harakatlarda ayblangan 161 nafar qatagʻon qurbonlariga oid jinoyat ishlari koʻrib chiqildi va oqlandi.
Taʼkidlanishicha, ushbu jarayon Prezidentning “Qatagʻon qurbonlarining merosini yanada chuqur oʻrganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishiga muvofiq amalga oshirildi.
Xususan, Oliy sudga Turkfrontning Fargʻona qoʻshinlar guruhi Harbiy kengashi qoshidagi Fargʻona maxsus boʻlimi hamda Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi qoshidagi Uchlik Kengashining 1920-1934-yillardagi qarorlariga koʻra bosmachilik harakatlariga moddiy yordam berishda, qurolli toʻda tuzishda, sovet hokimiyatiga qarshi qoʻzgʻolonlar hamda aksilinqilobiy harakatini amalga oshirganlikda ayblangan bir guruh vatandoshlarimizga oid jinoyat ishlari kelib tushib, ishchi guruh tomonidan oʻrganildi.