Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, siyosiy fanlar doktori Otabek HASANOV bilan suhbat.
– “Bisyor boʻlsa agar, bol ham beqadr, / Takror aytilganda – rangsizdir kalom”, deb yozgan edi atoqli shoir Abdulla Oripov. “Maʼnaviyat” istilohini huda-behuda istifoda etdikmi, keyingi yillarda nondek aziz bu kalimaning qadr-qimmati yoʻqolayozdi. Jamiyatda maʼnaviyat lafzi yangraganda labiga uchuq toshadigan qatlam shakllandi. “Huquqiy-demokratik davlatda qonunlarning oʻzi kifoya, maʼnaviyat chikora!” deydigan toifa maydonga chiqdi. Bunda aybni yakkash “maʼnaviyatsizlar”ga yuklamay, targʻibotda yoʻl qoʻyilgan xato-kamchiliklarni ham mardona tan olgan maʼqul, nazarimizda. Otabek Abdurashidovich, maʼnaviyatni erkinlik muxolifi, taraqqiyotga tushov deya daʼvo qilguvchi zamondoshlarimizga uning taqdirulamal ahamiyatini qay tarzda anglatgan boʻlar edingiz?
– Toʻgʻri, har qanday yuksak tushuncha alvon shior-u balandparvoz chaqiriqqa aylantirilsa, qadrini, taʼsir kuchini yoʻqotadi. Bu fikrni ulug‘ shoirimiz Abdulla Oripov juda nozik ifodalagan. Ahamiyat bergan boʻlsangiz, Abdulla akani shoiriMIZ deb atayotirman. Hayot mohiyati, borliq haqiqatini anglashga intilgan odamzod azaldan “Men kimman oʻzi?” degan choʻng savolga javob izlagan. Gyotening murakkab va serqirra qahramoni boʻlmish Faust tilida yangragan “Hayotim ne, mening oʻzim kimman?” degan savol butun asarning magʻzi, javhari desak yanglishmaymiz. Oʻz “meni”ni topmoq ulkan baxt, aslida. Chunki “men”lar birlashib, “biz”ni vujudga keltiradi. Shu tariqa inson ruhidan millat ruhi, inson falsafasidan xalq falsafasi shakllanadi. Sirasini aytganda, biz oʻz onaMIZni, VataniMIZni, uyiMIZni, shoiriMIZni, kecha va buguniMIZni tanishimiz, anglashimiz – MAʼNAVIYATdir.
Bu moʻtabar kalima yangraganda yuzini ters buradigan toifa paydo boʻlishiga, albatta, oʻzimiz aybdormiz. Olmosni loy ichiga yashirsangiz, u yerda javohir borligini bilmaganlar bepisand, beeʼtibor oʻtadi; ammo shu balchiqda qimmatbaho tosh pinhon ekanidan xabar topsalar-chi, ana keyin koʻring tomoshani!.. Demak, hamma gap – tanishda, tanitishda. Ne bir sabab-omillarga koʻra maʼnaviyat uzoq yillar asl maʼno-mazmunidan yiroqlashdi; maishiy tushunchaga, taʼbir joiz boʻlsa, mutasaddilar qoʻlidagi jazo xipchiniga aylanib qoldi. Oqibatda baʼzilar uni taraqqiyotga toʻsiq, erkinlikka zid deb talqin qila boshladi...
Aslida, erkinlik va maʼnaviyat mohiyatan yaqin, bir-birini toʻldiradigan egiz tushunchalardir. Erkinlik insonga tanlash imkonini bersa, maʼnaviyat oʻsha tanlovning mezonini belgilaydi. Agar erkinlikni bepoyon sahroda ketayotgan odamga mengzasak, maʼnaviyatni unga yoʻl koʻrsatuvchi qiblanamo – kompas deb atash mumkin. Qiblanamosi bor kishi adashib-uloqib yurmaydi, rohi rostdan aslo toymaydi. Atoqli faylasuf Karl Popper siyosiy falsafaga oid “Ochiq jamiyat va uning dushmanlari” asarida erkinlik va mutlaq erkinlik oʻrtasidagi muvozanat tanlovi koʻpincha ikkinchisining foydasiga hal boʻlganini qayd etadi. Vaholanki, mutlaq erkinlik muhitida axloqiy chegara unutiladi, inson insonligidan chekinadi, oxir-oqibat jinoyat jazoga tortilmaydigan muhit vujudga keladi.
Bugun dunyoda notinchlik hukm surayotgani, umuminsoniy qadriyatlar poymol etilayotgani, halollik oʻrnini gʻirromlik egallagani, mutaraqqiy fikr ahli belgilagan xalqaro nizom-qoidalarning namoyishkorona buzilayotgani... hammasining zamirida insonning oʻz “men”idan uzoqlashuv yotibdi. Aziz-u mukarram deya sifatlangan odamzodga yarashmaydigan qusur-kamchiliklarni koʻrib, olmon faylasufi Erix Frommning “XIX asrda insonning qul boʻlib qolish xavfi bor edi, XX asrda esa uning uchun asosiy xavf – robotga aylanmoqdir” degan bashorati yodga keladi. Robotga aylanish bu – insoniy fazilatlar, oliy qadriyatlar, oʻzlikdan ayro tushish demak. Fridrix Nitshe ham “Zardoʻsht tavallosi” asarida odam – hayvon bilan yuksak inson oʻrtasida tortilgan koʻprik ekani, chin inson mudom oʻzi bilan kurashib, noravo mayllarini yengib borishi lozimligini uqtiradi. Oʻzini yenggan inson – oʻzligini inkishof etgan insondir. Maʼnaviyatning taqdirulamal ahamiyati ham shunda. Sharq falsafasiga koʻra, inson nafsini tarbiyalab, jilovlab kamolot pillapoyalaridan yuksaladi; muhabbat, maʼrifat va ruhiy poklanish manzillariga doxil boʻladi.
Barcha sohalar kabi maʼnaviyatda ham maqsad va vositani toʻgʻri belgilash muhim. Agar maʼnaviyatni yakkash xulqni tarbiyalaydigan omil oʻlaroq talqin etsak, odamda axloqni majburan shakllantiramiz deya vaqtimizni bekor-behuda sarflayveramiz. Biz zamondoshlarga oʻzlikni anglatishimiz, uni topish yoʻllarini koʻrsatishimiz zarur. Ana shunda oliy mezonlar, moʻtabar tushunchalar hayot mazmuniga aylanadi. Shoir Rauf Parfi “Odamni qamab qoʻyish mumkin, lekin uning ruhini zanjirlab boʻlmaydi”, deganda naqadar haq edi. Inson ruhiga oziq berib, uni yuksaltirmoq kerak. Xoʻsh, ruhiyatimiz nimadan quvvat oladi? Milliy oʻzlik, tarix, qadriyat, til, adabiyot, xalq ogʻzaki ijodi kabi xazinalarimizdan! Ruhini toʻyintirgan inson oʻzini anglaydi, “men”ini topadi.
Maʼnaviyat mavhum tushuncha deya eʼtiroz bildirilsa, fransuz yozuvchisi Onore de Balzakning istehzoga yoʻgʻrilgan gapi esimga tushadi: “Agar kitob bir xum musallas boʻlsa edi, uni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylashardi. Gap toy-toy mahsulot ustida ketganda ham qonun darhol ishga tushadi, ammo masala yozilgan sahifalar, gʻoyalarga taqalsa, qonun ham gung-u soqovga aylanadi”.
Demokratiya faqat institutsional mexanizmlardan iborat emas. U ishonch, masʼuliyat, boshqalar huquqiga hurmat kabi qadriyatlarga tayanadi. Agar jamiyatda ana shunday madaniyat shakllanmasa, eng mukammal qonunlar ham qogʻozda qolib ketishi muqarrar. Shu maʼnoda, maʼnaviyatni taraqqiyotga tushov emas, balki taraqqiyotning oʻzani, yoʻnalishini belgilaydigan omil deb bilgan maʼqul. Iqtisodiyot, siyosiy institutlar, texnologiyalar jamiyatga misli koʻrilmagan imkoniyatlar taqdim etadi; xoʻsh, oʻsha imkoniyatlar xayrga xizmat qiladimi yoki sharrga? Bu zalvarli savolga maʼnaviyatgina kiroyi javob bermoqqa qodir.
Qonunlar jism boʻlsa, maʼnaviyat uning ruhidir. Qonun “mumkin” va “mumkin emas”ning chegarasini ajratib beradi, jazo choralarini tayin etadi. Maʼnaviyat esa inson botinidagi muhofiz oʻlaroq “toʻgʻri” va “notoʻgʻri”ning sarhadlarini belgilaydi. Vijdon uygʻoqligi degani ham shu. Chegaralardagi askarlar-ku doim sergak, hushyor; botinimizdagi qoʻriqbon-chi – u ham uygʻoqmi, mabodo pinakka ketmaganmi?..
Maʼnaviyatni, ahamiyatiga koʻra, jamiyatning yuragi degim keladi.
– Maʼnaviyat va maʼrifat targʻiboti shunday nozik yumushki, bu jabhada qilingan ishlarni na gaz bilan oʻlchab boʻladi, na tarozida tortib! Baʼzilarning maʼnaviyat ishini shunchaki tadbirbozlik deb yanglish oʻylashi boisi ham shu boʻlsa kerak. Tizimda yurtdoshlarimiz zehniyati, axloq-sajiyasi, maʼnaviy saviyasini oʻrganishga qaratilgan amaliy ahamiyatga molik qanday tadqiqotlar olib borilmoqda?
– Maqtanishga yoʻymasangiz, bir gap aytaman: biz maʼnaviy sohadagi ishlarni ilmiy asosda olib borishga allaqachon kirishganmiz. 2021-yilda Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Markazimiz huzurida Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti tashkil etilgan edi. Institutning asosiy vazifasi jamiyatdagi ijtimoiy-maʼnaviy jarayonlarni ilmiy tahlil qilish, gʻoyaviy tahdidlarni oʻrganish va ularning oldini olish boʻyicha amaliy takliflar ishlab chiqishdan iborat.
Ikki yilki, institut jamoasi jamiyat ijtimoiy-maʼnaviy muhitini baholash va uni sogʻlomlashtirish boʻyicha tadqiqot olib bormoqda. Jumladan, 378 mingdan ziyod respondent (mamlakatimiz aholisining bir foizi) oʻrtasida 40 ta savoldan iborat sotsiologik soʻrovnoma oʻtkazildi. Har bir savolga oʻrtacha 8 ta javob varianti borligi hisobga olinsa, ushbu soʻrovnoma orqali 120 milliondan ziyod nuqtayi nazar tahlil etilgani maʼlum boʻladi. Shu bilan birga, yillar va hududlar boʻyicha aholining kayfiyati, islohotlarga munosabati tahlil qilinib, tegishli xulosa va tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.
Ayrim misollarga nazar solaylik. “Qaysi zamondoshimizni oʻzingiz uchun eng ibratli siymo deb tasavvur qilasiz?” degan savolga 37,4 foiz respondent “Hozir maʼnaviyat sohasida ibratli shaxs yoʻq” deb javob bergan. Shu xil javob ulushi Buxoro (67,6 foiz) va Andijon (51,9 foiz) viloyatlarida yuqori boʻldi. Bu hol jamiyatda ibratga molik zamondoshlarimiz toʻgʻrisida maʼlumotlar kamligi bilan izohlanadi. Demak, faqat moziyda oʻtgan bobolarning shon-shavkatiga mahliyo boʻlmay, bugungi kun qahramonlarini ham tanita bilishimiz lozim ekan.
Soʻrov natijasi haqida yana koʻp gapirish mumkin. Umuman, tahlillar jamiyatda anʼana va modernizatsiya oʻrtasidagi qarashlar muvozanati hali shakllanish jarayonida ekanini koʻrsatadi.
Men faqat bir yoʻnalish haqida muxtasar maʼlumot berdim. Shuningdek, fanimiz tarixida ilk bor “Oʻzbek falsafasi”, “Oʻzbekiston madaniyati tarixi”, “Radikalizm: mohiyati, mafkurasi, koʻrinishlari” kabi monografik tadqiqotlar yaratildi. Maʼnaviyat va maʼrifat markazidagi loyiha ofislarining faoliyati, ijtimoiy tarmoqlar mazmun-mundarijasining sunʼiy intellekt yordamida tahlil etilayotgani alohida suhbat mavzusidir. Maʼnaviy olamimizni ilmiy asosda oʻrganish targʻibot ishlari natijadorligida muhim ahamiyatga ega. Bu borada qilingan ishlardan koʻra qilinishi lozim boʻlganlari koʻp ekanini ham tan olamiz, albatta.
– “Xayrul umuri avsatuho”, yaʼni “Har bir amalning oʻrtasi durustdir”, deb oʻgit beradi jadidlar sardori Mahmudxoʻja Behbudiy. Maʼrifatparvar bobolarimiz el-yurtni isrofdan qutqarib, insof sari boshlash, dabdabali toʻy, xurofiy aza marosimlariga barham berishga koʻp va xoʻb urindilar. Mustaqillik davrida ham jamiyat oydinlari bu yoʻlda jidd-u jahd koʻrsatdi, davlat tomonidan cheklov choralari-da joriy etildi. “Beshikda tekkan – kafanda ketar” degan naql toʻgʻri ekanmi, harchand urinmaylik, murod hosil boʻlmayotir. Qarangki, yuz yil oʻtsa-da, hali-hamon xoʻjakoʻrsin yigʻin, marosimlarni tartibga sololmay halakmiz...
Maʼnaviyat va maʼrifat markazi oʻtgan yili Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Mahallalar uyushmasi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamda “Nuroniy” jamgʻarmasi bilan hamkorlikda “Maromiylik” loyihasini yoʻlga qoʻydi. Maromiylik deganda moʻtadillik, “tayoqning uchi emas, oʻrtasi boʻlish” nazarda tutilgan-da, shunday emasmi? Avvalo, xayrli saʼy-koʻshish baroridin kelsin deymiz. Ayni choqda, ommani maʼrifatga tayangan hayot tarziga oʻrgatmoq uchun temirdan tish, poʻlatdan tirnoq kerak ekanini taʼkidlamoq oʻrinli tuyuladi. Bu galgi urinishda “sut bilan kirgan” illatdan xalos boʻlarmikanmiz?..
– Oʻta dolzarb, ogʻriqli masaladan gap ochdingiz. Xavf-xatardan koʻz yumib, ogʻriqni qoʻlbola dori-darmon bilan bosib yuraversak, jarohat maddalab ketishi aniq. Bobolarimiz ham isrofgarlik illatiga qarshi kurashgan. Maromiylik, vasatiylik masalasi oldingi davrlarda ham jiddiy maʼnaviy muammo sanalgan; din, ilm va ijod ahli unga mudom yechim izlagan. Hamkor tashkilotlar bilan birgalikda qilayotgan saʼy-harakatlarimiz oʻsha maʼrifiy mujodalaning davomidir.
Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.) “Kim hayotda tejamli boʻlsa, qashshoqlik koʻrmaydi”, deganlar (Termiziy rivoyati). Sayyid Sharif Jurjoniyning fikricha, “Isrof arzimagan narsa uchun koʻp mol sarflashdir”. Sharqning Rumiy, Jomiy, Navoiy singari buyuk mutafakkirlari, mutasavviflari ham “Nafs – insonning azaliy gʻanimi, uni kishanband etmoq kerak” qabilidagi gʻoyani ilgari surgan. Dabdabali toʻy, hashamdor hayot, isrofning ildizi ham havoyi nafsga borib taqaladi.
Xalqimizda “Koʻzing toʻq boʻlsin” degan ibora bor. Baʼzilarning oʻzini badavlat, serhasham hayot egasi sifatida koʻrsatmoqqa urinishi – koʻzining ochligidandir. Boz ustiga, hozir jamiyatda raqobat psixologiyasi kuchaymoqda. Bunda ijtimoiy tarmoqlarning taʼsiri katta. Eʼtibor bersangiz, baxtni dabdabali toʻy, qimmatbaho sovgʻa deya talqin qilayotganlar koʻpaygan. Ijtimoiy tarmoqlarda keng qanot yozgan bu sira nagʻmalar omma ongiga ham taʼsir etmay qolmaydi.
Dabdababozlik maʼnaviy ehtiyoj emas, balki “eldan qolmaslik”, “koʻpga kelgan toʻy” kabi ijtimoiy bosimlardan kelib chiqadi. Pandemiya davrini eslang, mushkul-murakkab vaziyat sabab mardumkoʻrsin illati oʻz-oʻzidan yoʻqoldi. Qarangki, osmon uzilib yerga tushmas ekan: katta-yu kichik oʻttiz chogʻli mehmon chaqirib toʻy oʻtkazdi. 2025-yilgi sotsiologik soʻrovga koʻra, aholining 21 foizi bugun ham oilaviy tadbirlarni pandemiya vaqtidagi kabi kamxarj oʻtkazilishini yoqlaydi. Niyat yaxshiku-ya, amal-chi? Afsuski, birov obro‘ uchun, boshqa birov odamlarning gap-soʻzidan qoʻrqib, baribir oʻz imkoniyatidan ortiq sarf-xarajat qilayotir. Oqibat esa maʼlum – gardanda qarz, oilaviy qoʻydi-chiqdi, iqtisodiy tanglik... Yana tadqiqotlarga tayanib aytsak, yurtimizda urf-odat, marosimlarning serchiqim ekani 14,6 foiz holatda oilaviy ajrimga sabab boʻlmoqda.
Marosimlardagi isrofgarlik faqat odob-axloq masalasi emas. Bu – millat salomatligi, iqtisodiy barqarorlik, mamlakat taqdiri masalasi! Bu – maʼnaviyat masalasi!
Tarixdan bilamiz, ota-bobolarimiz 1920-yillarda dahshatli ocharchilikni boshdan kechirgan. Yoʻqchilik xalqni ne koʻylarga solmagan! Zamondoshlarimizning “toʻqlikka shoʻxlik” qabilidagi qiliqlarini koʻrganimda, nahot, oʻtmish saboqlari yodimizdan koʻtarilgan boʻlsa, deya taajjubga tushaman.
Holbuki, yaqin tariximizda ham meʼyor, mutanosiblik ustuvor boʻlgan, odamlar koʻrpasiga qarab oyoq uzatgan. Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy singari jadid bobolarimiz boylikni koʻz-koʻzlamoq uchun emas, balki maʼrifat uchun sarflagan, maktab ochgan, kitob-u majalla nashr etgan, jamiyatni uygʻotmoqqa intilgan. Bugun esa ayrimlar hoy-u havas uchun davlatini havoga sovurgani holda, farzandining tahsiliga uch-toʻrt tanga sarflamoqqa qorni ogʻriydi. Hozir biz tanlov qarshisidamiz: isrof yoʻlimi yoinki insof? Dabdababozlikmi yoki meʼyor? Agar biz bugun maromni yoʻqotsak – ertaga barqarorlikni boy beramiz, bugun isrofni toʻxtatmasak – ertaga tanqislig-u taqchillikka roʻbaro‘ boʻlamiz. Shu bois “Maromiylik”ni muvaqqat tashabbus emas, umummilliy harakatga aylantirmoqchimiz. Ezgu gʻoya bitta qaror yoki hujjat bilan hayotga tadbiq boʻlmaydi. Bu harakatga har bir oila, har bir mahalla va tashkilot qoʻshilishi, butun jamiyat jonbozlik koʻrsatishi kerak.
Toʻgʻri, anʼanalar koʻz ochib-yumguncha oʻzgarib qolmaydi, bunga yillar kerak. Ammo oyogʻimizga tushov boʻlayotgan odatlardan dadil voz kechmasak, bir yerda depsinib turaveramiz. Koʻpchilik barini qonun yoʻli bilan, qatʼiy tartib-qoida asosida izga solish kerak, deydi. Bu taklifda ham jon bor, lekin faqat maʼmuriy cheklovlar bilan inson dunyoqarashi, ong-u tafakkuri isloh boʻlmaydi-da. Jamiyatimizga xatti-harakatlarining oqibatini anglaydigan sergak SHAXSlar kerak. Ularni esa maʼnaviyat, maʼrifat orqali tarbiyalash mumkin.
Quvonarli jihati, jamiyatimizda madaniy transformatsiya jarayoni kechayotir. Jumladan, toʻy, marosimlarning shakl-u mazmuni oʻzgarib, xayriya, maʼrifat tadbirlari urfga kirmoqda. Bunday tashabbuslar asosan yoshlardan chiqayotgani odamni mamnun qiladi. Masalan, Andijon viloyatidan Qashqadaryoga kelin boʻlib tushgan qizning sepi ijtimoiy tarmoqlarda duv-duv gap boʻldi. Maʼrifatga oshufta singlimiz kelinlik uyiga moʻjaz kutubxona – sakkiz yuzdan ziyod kitob bilan boribdi. Bunday umidbaxsh oʻzgarishlarni koʻrganda, “Beshikda tekkan – kafanda ketar” degan naqlning davri oʻtibdi degan xulosaga kelasiz.
Moʻysafid tarix shohid: jamiyatda urf-odat, udumlar asta-sekinlik bilan oʻzgaradi. Shu maʼnoda jadidlar asos solgan maʼrifat harakati uzoq va tadrijiy yoʻldir. Biz bu yoʻlda bir yoqa, bir yeng boʻlib harakat qilishimiz kerak. Xayrli yumushni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi qiladimi yoki boshqalarmi, bu muhim emas, asosiysi – bobolarimiz boshlagan kurash zafar bilan yakun topsin.
– “Afsuski, aksar millatdoshlarimiz hamon johiliyat davrindan bir qadam oldingʻa bosqan emaslar. Ayni kuchga toʻlgʻan, togʻni ursa talqon qiladigʻan yurt oʻgʻlonlari yalang toʻshlarini ochib, belboqqa osib olgʻan pichoqlarini koʻz-koʻz qilib, xoʻroz-u bedona urishtirib umr oʻtkaradilar. Boyvachcha yoshlar esa Yangi shahardagi qovoqxona-yu islovotxonalarda shoʻrlik otalarining mol-u davlatini yelga sovurish ila mashgʻul. Nadomatkim, ularga esiz yoshlik, esiz umr deydirgʻan bir kishi yoʻq”. Yozuvchi Xayriddin Sultonning “Yaldo kechasi” romanidan olingan ushbu parchada XIX asr oxiri – XX asr boshlaridagi Turkiston yoshlari tasvirlangan. Bugungi navqiron avlodning turli sohalarda erishayotgan ulkan yutuqlaridan quvonamiz, albatta. Ammo guruch qachon kurmaksiz boʻlibdi deng: navqiron avlod orasida ijtimoiy tarmoqlarga mukkasidan ketgan, guldek umrini behuda yumush-u befoyda mashgʻulotlarga sovurayotganlar ham borki, “Esiz yoshlik, esiz umr!” degingiz keladi ularga. Bilim va malakani baholash agentligi (sobiq DTM) tahlillariga qaraganda, 2025-yilda Oʻzbekiston OTMlariga kirish imtihonida abituriyentlarning 41,29 foizi eng quyi oʻtish ballini (56,7) ham yigʻa olmagan. Test sinovida jami 614 mingdan ziyod talabgor qatnashgani inobatga olinsa, bilimi qoniqarsiz abituriyentlarning soni-yu salmogʻi nechogʻli ekani oydinlashadi.
Kiprikdagi yoshdek qalqib turgan kurrai arzda roʻy berayotgan toʻpolonlar ham xavotir uygʻotadi. “Z avlod” deb atalgan yoshlar Bangladeshdan Peruga qadar – jahonning har burchagida turli-tuman inqilob-u toʻntarishlarni amalga oshirmoqda. Mutaxassislarning ogohlantirishicha, katta avlod zumerlar bilan til topishmasa, hoʻl-u quruq baravar yonishi hech gap emas. Oʻtgan yili Avstraliya hukumati 16 yoshdan kichik oʻsmirlarning ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy sahifa ochishini man etdi. Fransiya, Ispaniya, Italiya, Gretsiya, Germaniya kabi davlatlar ham shunday taqiq joriy qilmoqchi. Daromadi andak choʻzilib ketgan savol shulkim, yoshlarni ilm-u maʼrifatga oshno qilish, ularning maʼnaviyatini muhofaza etish uchun qanday yangi chora-tadbirlarni tavsiya etish mumkin?
– Siz sanaganlar nafaqat Oʻzbekiston, balki butun dunyoni hadik-xavotirga solayotgan muammolardir. Yoshlar tafakkuri bugun ilgarigidan-da kuchli taʼsir ostida – raqamli muhit, global madaniyat va tezkor axborot girdobida shakllanmoqda. Tanganing ikkinchi tomoniga ham qaraylik. Ilmiy tahlillarga koʻra, XVII asrlarda yashagan ziyoli agar 80 yil umr koʻrgan boʻlsa, u hayoti davomida oʻrtacha 40 gegabayt hajmdagi bilimlarni oʻqib-oʻrgangan. XXI asrda esa 17 yashar oddiy oʻsmir internetdan bir oyda oʻrtacha 50 gegabayt maʼlumot olyapti ekan. Tasavvur qilyapsizmi, miyaga bir oyda kerak-nokerak shuncha maʼlumot yopirilib kirmoqda! Ayrim yoshlarning kitob oʻqish, ilm olishga xushi yoʻqligini ham ayni shu axboriy zoʻriqish bilan izohlash mumkin.
Nazarimda, bu masalaga faqat taqiq yoki tanqid orqali emas, balki yangi maʼrifiy makon tamoyillari asosida yondashmoq lozim. Donishmand ustoz Erkin Vohidovning “Hozirgi yoshlar” sheʼri yodingizdadir: “Aqli kirarmikan bularning bir kun / Kim biladi qachon quyula boshlar? / Ogʻir kun koʻrmadi, balki shuning-chun / Yengilroq oʻsdimi hozirgi yoshlar?” deya kori dunyodan yozgʻirgan oqsoqol pirovardida navqiron avlodning zehni oʻtkir-u qadami tetikligini tan oladi. Tarixda ham avlodlar ziddiyati koʻp uchraydi. Yigirma toʻrt asr avval yashab oʻtgan yunon mutafakkiri Arastu ham “Ritorika” risolasida yoshlarning serdaʼvo, sergʻavgʻo ekanini qayd etgan edi. Haqiqat shuki, har bir davrda yoshlar orasidan yirik olimlar, ulug‘ davlat arboblari, zabardast ijodkorlar yetishib chiqqan. Hammasi ularga yaratib berilajak sharoit, muhitga bogʻliq.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ulkan maqsad oʻlaroq belgilagan Uchinchi Renessans ham, avvalo, yoshlarni maʼnaviyat havosidan nafas olgan holda, ilm-u maʼrifat muhitida tarbiyalashga qaratilgan. Zero, bu ulkan maqsadni roʻyobga chiqaruvchi kuch aynan navqiron avloddir. Uchinchi Renessans shunchaki orzu emas, chunki xalqimiz oʻtmishda bir necha uygʻonish binosiga meʼmorlik qilgan. Bunyodkorlik qudrati, ijodkorlik iqtidori har birimizning qonimizda bor. Muhimi, yoshlarga zimmasidagi ulugʻvor maqsad-vazifani eslatib turishimiz kerak. Yaʼni, ularning hayotiy maslagini ilm choʻqqilarini zabt etish, kashfiyotlar qilish, Vatan taraqqiyoti, jamiyat koriga yarash kabi yuksak maqsadlar bilan bogʻlamoq darkor. Ana shunda yoshlikning joʻshqin quvvati, qaynoq kuchi toʻla-toʻkis namoyon boʻladi. Bunda maʼnaviyat bir qolip emas, balki ularning shaxs sifatida kamolga yetishiga koʻmak beruvchi qadriyat oʻlaroq xizmat qilishi lozim. Bu borada Markaz tomonidan oʻtgan yili talay loyihalar amalga oshirildi. Masalan, “Soʻz” loyihasi orqali yosh ijodkorlarga minbar berilgan boʻlsa, “Ishonch maktablari” yoshlarda milliy ruhiyatni shakllantirishga yoʻnaltirilgan.
Z avlod, Alfa avlod (mamlakatimiz aholisining qariyb 22 millioni), albatta, shartli tasnifdir. Ularning qalbiga yoʻl topish uchun avvalo ular yashayotgan raqamli olamni tahlil qilmoq lozim. Soʻnggi oʻn yil ichida oʻsmirlarning ijtimoiy tarmoqlarga bogʻlanib qolishi kuchaydi. Common Sense Media tashkiloti (AQSh) tahlillariga qaraganda, 2021-yilda 13 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar bir kunda oʻrtacha 8 soat-u 39 daqiqani ekran qarshisida oʻtkazgan boʻlsa, 2025-yilda ijtimoiy tarmoqdan foydalanish vaqti 9 soatdan oshdi. Ularning 75 foizi sunʼiy intellektdan muntazam foydalanayotir.
Olimlar ijtimoiy tarmoqlarning yoshlar ongi, ruhiyatiga salbiy taʼsiridan xavotirda. Maʼlumki, TikTok, Instagram kabi platformalar foydalanuvchining individual ruhiy holatiga mos videomahsulot taqdim etadi. Bu esa yoshlarning real hayotdan uzilishiga olib kelmoqda. 16 yoshgacha boʻlgan odamning miya neyronlari oʻta moslashuvchan boʻlgani bois tashqi muhit signallariga juda tez koʻnikadi. Deylik, bola kuniga 9 soat davomida qisqa videolarni (rilslarni) koʻrsa, uning miyasi faqat yuzaki maʼlumotlarni qayta ishlashga moslashadi. Oqibatda bola diqqatni jamlash, murakkab matnlarni oʻqish, ilmiy masalalarni yechish qobiliyatini yoʻqotadi. Bu xastalik fanda “raqamli demensiya” (aqliy zaiflikning yangi turi) deb atalmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarga koʻp vaqt sarflash jonli musohaba koʻnikmasini cheklaydi, oxir-oqibat bola “muloqotdan qoʻrqish” (social anxiety disorder) xastaligiga chalinadi. Shu tariqa tarkidunyochi toifa – virtual olam “darvesh”lari paydo boʻladi. Xotira pasayishi, kognitiv qobiliyat zaiflashishi ham ijtimoiy tarmoqlarga ruju qoʻyishning salbiy asoratlaridir.
Ijtimoiy tarmoqlar oʻsmirlar uchun shunchaki koʻngilochar vosita emas, balki biologik qaramlik muhitiga aylangan. Shu bois dunyo olimlari voyaga yetmaganlar uchun cheklov joriy etilmasa, jamiyat kognitiv degradatsiya va ommaviy ruhiy beqarorlikka giriftor boʻladi, deya bong urmoqda. Ularga qaramlik siyosiy madaniyat va mafkuraviy xavfsizlik nuqtayi nazaridan ham jiddiy tahdiddir. Tanqidiy fikrlash qobiliyatidan ayrilgan jamiyat axboriy hujumlar, psixologik xurujlar qarshisida jaziramada qolgan navniholdek himoyasizdir. Ijtimoiy tarmoq algoritmlari hukmi ostidagi ommani istagan yoʻriqqa solsa boʻladi...
Shu sira tahlil-u tadqiqotlar chindan ham raqamli muhitda qatʼiy cheklov joriy etish vaqti yetibdi, degan xulosaga olib keladi. Bu borada OAVda koʻplab mutaxassislarning fikr-mulohazasini oʻqidim. Baʼzi ekspertlar qatʼiy taqiqni yoqlayotgan boʻlsa, baʼzilari cheklov chorasi “raqamli davr” avlodini kuchli tushkunlikka soladi, deb ogohlantirmoqda. Suhbatimiz mobaynida maʼnaviyat tushunchasi siz-u biz muhokama qilayotgan barcha masalalarni qizil ip misoli bogʻlab turibdi; yoshlarni raqamli muhit xatarlaridan himoya qilishda ham maʼnaviyat kuchiga tayanmoq darkor. Jumladan, raqamli muhit madaniyati, mediasavodxonlikni shakllantirish, axboriy xavfsizlik choralarini koʻrish zarur.
Biz hamisha norasida farzandlarimizni uyda yolgʻiz qoldirmaslikka harakat qilamiz. Ularni turli xavf-xatarlardan asragimiz keladi-da. Raqamli olamda ham yoshlarimizni yolgʻiz qoldirmasligimiz kerak. Chunki bu tilsimli muhitda biz bilgan-u bilmagan qancha balo-qazolar bor.
Biz ijtimoiy tarmoqlarni butkul rad etish fikridan yiroqmiz, undan oqilona foydalanish kerakligini taʼkidlamoqdamiz, xolos. Ushbu texnologiya moʻjizasi odamzodga ulkan manfaat yetkazayotgani haq-rost. “Internet bamisli dudama pichoq. Birovning qoʻlida u olma poʻstini chiroyli aylana qilib archadi, birovning qoʻlida goʻdak joniga qasd etadi”, deydi shoir Xurshid Davron. Biz shu “dudama pichoq” faqat yaxshilikka xizmat qilsin deymiz.
– Otabek Abdurashidovich, jamoatchilik Sizni nafaqat maʼnaviyat va maʼrifat jonkuyari, zukko siyosatshunos olim sifatida ham taniydi. Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi hamda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligida masʼul lavozimlarda faoliyat yuritib, mamlakatimizda rahbar kadrlarni tayyorlashga hissa qoʻshgansiz. Shuningdek, “Liderlar kitobi”ning muallifisiz.
Internet va matbuotda bot-bot soʻkongʻich hokimlar, mushtumzoʻr rahbarlar bilan bogʻliq noxush xabarlar tarqaladi. Xalq va davlat ishonch bildirgan amaldorlarning xurmacha qiliqlari qonunga ham, axloqqa ham toʻgʻri kelmasligi kundek ravshan. Bizni qiziqtirgan jihat boʻlak: oʻsha mansabdorlar Yangi Oʻzbekistonning boshqaruv falsafasini hali ham tushunib yetmagani sababi nimada? Xato qaysi nuqtada: tayyorlovdami yo tayinlovda? Forobiy bobomiz orzu qilgan fozil yetakchilarni tarbiyalash uchun, sizningcha, yana nimalarga eʼtibor qaratmoq lozim?
– Davlatimizning yangilanayotgan boshqaruv falsafasida “Inson qadri uchun” tamoyili alohida oʻrin tutadi. Bunga koʻra, davlat boshqaruvi faqat maʼmuriy emas, balki jamiyat manfaatlariga xizmat qiluvchi adolatli mexanizmdir.
Yurtboshimiz ilgari surgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan gʻoya hammada katta umid va ishonch uygʻotdi. Davlatning vazifasi nazorat emas, balki imkoniyat yaratishda namoyon boʻla boshladi. Ochiqlik, jamoatchilik bilan muloqot yoʻliga oʻtildi. Qonun ustuvorligi, sud mustaqilligini taʼminlab, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish birlamchi vazifaga aylandi. Xalq ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qilish maqsadida davlat xizmatlari raqamlashtirildi. Shu tariqa siyosiy islohotlar jarayonida davlat va jamiyat munosabatlariga doir yangi madaniyat shakllanmoqda.
Islohotlar davlat xizmatchilarining xatti-harakatlari orqali hayotga koʻchadi, xalq yuragiga yetib boradi – ularni shu maʼnoda hokimiyat va xalq oʻrtasida koʻprik deyish mumkin. Besh barmoq barobar emas, qonun va halollik sarhadlarini buzayotgan, fidoyilik oʻrniga boqibegʻamlikni odat qilgan, tili botir-u qoʻli yugurik mansabdorlar ham uchramoqda. Afsuski, ular xalqning davlatga boʻlgan ishonchiga putur yetkazayotir.
Baʼzan nomzodlar egallayotgan lavozimiga kasbiy jihatdan tayyor-u, boshqaruv madaniyatidan bexabar boʻladi. Yangi davr talablarini anglab yetmaganlar eskichasiga ish yuritadi. Bu – tafakkur oʻzgarishi bilan bogʻliq. Ong-u tafakkuri oʻzgarmagan davlat xizmatchisi Yangi Oʻzbekistonning boshqaruv falsafasini anglay olmaydi. Eskicha qarashlarni Yer sayyorasining tortishish kuchiga oʻxshataman. Koinotga parvoz qilayotgan raketa kurrayi arzdan uzilishi uchun katta tezlik, ulkan quvvat kerak boʻladi. Eskicha fikrlashdan xalos boʻlish uchun ham kuchli iroda kerak.
“Tafakkur”da chop etilgan bir fiqrangizda “Xijolatdan qizara bilgan banda naqadar gʻolib!” deb yozgan edingiz. Davlat xizmati uchun ham shunday gʻoliblar kerak. Ular halol-pok, fidokorona mehnat qiladi, shaxsiy manfaat ortidan quvmaydi, mansab-martabani boyish vositasiga aylantirmaydi, oʻzini xalq xizmatidagi oddiy inson deb biladi. Mabodo xatoga yoʻl qoʻysa, xijolatdan yuzi lovullab ketadi... Yaqinda ijtimoiy tarmoqda bir video koʻrdim: Yaponiya iqtisodiy xavfsizlik vaziri hukumat yigʻilishiga besh daqiqa kechikib kelgani bois jamoatchilikdan kechirim soʻradi. Holbuki, uning kechikishiga yoʻldagi baxtsiz hodisa va tirbandlik sabab boʻlgan ekan. Kunchiqar oʻlkada mansabdorlarning uzr soʻrashi koʻp kuzatiladi. Amaldorning oʻz nojoʻya harakatidan uyalishi xatolarni takrorlamaslik yoʻlidagi ilk qadam, nazarimda.
Bugun davlat xizmatida halollik, xalqparvarlik, birdamlik, fidoyilikni qadriyat darajasiga koʻtarish, buning uchun shaxs tarbiyasiga alohida ahamiyat qaratish zarur. Davlat xizmatchilari milliy oʻzlikni anglash, tarix, ona tilimiz va madaniyatimizga hurmat jihatdan ham tayyorgarlikdan oʻtishi kerak. Bu borada Maʼnaviyat va maʼrifat markazi amaliy harakatni boshladi; har juma kuni “Siyosiy maʼrifat soati”da vazirlik va davlat idoralari xodimlariga boshqaruv sanʼatidan saboq berilmoqda. Joriy yilda “Oʻzlik” darsini ham yoʻlga qoʻymoqchimiz. Zamonaviy formatdagi maʼruza va muloqotlar yangi boshqaruv falsafasini anglashda koʻmakchi boʻladi degan umiddamiz.
Davlat xizmatini takomillashtirish yoʻlidagi chora-tadbirlar davomli, izchil boʻlmogʻi shart. Chunki islohotlarning natijasi birinchi navbatda shu jabhaga bogʻliq. Siz suhbatimizni Abdulla Oripovning misrasi bilan boshlagan edingiz, men ham xotimada ulug‘ shoirimizning “Vatanni sevmoqlik – imtihondir bu” degan satrini eslagim keldi. Zotan, davlat xizmatchisining faoliyati ham ona yurtga muhabbatni isbotlash yoʻlidagi imtihondir. Bu sinovdan yorug‘ yuz bilan oʻtganlar qanchalar saodatli!..
Erkin SOBIR suhbatlashdi.
“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 1-son.
“Qiblanamomiz mili raso boʻlsin” suhbati