Sanoqli kunlardan soʻng yangi oʻquv yili boshlanadi. Oʻquvchisi bor hamma xonadonga allaqachon oʻzgacha kayfiyat kirib kelgan. Tan olib aytganda, taraddudning eng muhim va zavqli jarayoni bu – maktab bozori. Ayniqsa, bolalikda avgust xaridlarining gashti ham, sarguzashti ham oʻziga xos boʻladi. Oyina.uz bu safar jamoatchilikning faol vakillariga yangi savol bilan yuzlandi. Siz uchun maktab bozori xotiralarini ulashamiz.
Sharofiddin Toʻlaganov,
jurnalist:

Mening bolaligim Qozogʻiston Respublikasida oʻtgan. U vaqtlari 1-may – Mehnatkashlar bayrami boʻlardi va biz bu bayramda yangi kiyim-bosh kiyardik. Odatda 1-sentabrga ham oʻsha kiyimlarni kiyib borardik. Asosan Toshkentga kelib kiyinib ketardik. Hozirgi gumbazli Chorsu bozori va “Tim” orasida “Tohir va Zuhro” bolalar dunyosi doʻkoni boʻlardi. Esimni taniganimdan shu doʻkondan kiyim-bosh olib berishgan.
1970-80 yillar... Koʻp qatori men ham bolalikda pul ishlab topishga qiziqqanman. Yozgi taʼtil davrida kolxoz bogʻiga tushib olma terardik. Lekin bu mehnat majburiy boʻlmagan. Kim xohlasa borar, xohlamasa bormasdi. Yerga tushgan olmaning bir yashigiga 20 tiyin toʻlashsa, daraxtning ustidan tersak 1 soʻm berishardi. Bir kunda 15-20 soʻm ishlardik (1 soʻmni taxminan 1 dollar deb hisoblaversak, xato boʻlmaydi). 6-7-sinflarda yozgi taʼtil vaqtida olma terganim, 8-9-sinflarda esa sinfdoshlar bilan gʻalla toʻplanadigan xirmonga chiqib pul ishlaganim esimda. Xirmonda bir oy ishlab 100-150 soʻmgacha topardik.
Toʻplagan pullarimni maktab bozori uchun sarflaganman. Bizning vaqtda oʻquv qurollari bir xil: 2 tiyinli oddiy daftar, 20 tiyinli umumiy daftar boʻlardi. Umumiy daftar deyarli ishlatilmasdi. Ruchka 35 tiyin turardi. Bir yili rahmatli adam Qozogʻiston shimolida bir oy gʻalla oʻrimida ishlab, qimmatbaho ruchka olib kelgandilar. Shuni ishlatib yurdim. Ammo oʻqituvchilardan kimdir “bu odobli bolaning ishi emas”ligini aytib dakki berganidan soʻng yana 35 tiyinli ruchkaga oʻtganman. Maktabdagi oʻquvchilar nashrlari – gazeta va jurnallarga obuna pulini ham ota-onamizdan olmasdan oʻzimiz toʻlardik.
Mohira Sultonova,
Oʻzbekiston sotsial turizm assotsiatsiyasi rahbari, kashtachi dizayner, bloger:
2.jpg)
Bolalikda maktab bozorini asosan ota-onamiz qilib berishgan. Hamma bolalar qatori bu jarayon men uchun ham juda qiziq va maroqli edi. Keyinchalik oʻzim uchun pul topishga harakat qilganman. 8-sinfdaligimda tikuv mashinasida kashta tikish toʻgaragiga qatnaganman. Oʻsha vaqtlari atlas koʻylaklarning yoqasiga zar iplarda kashta tikish moda boʻlgandi. Qoʻni-qoʻshnilar koʻylagiga kashta buyurtma qilib, arzimagan pul berishardi. Oʻsha pullarni yigʻib, 9-sinf maktab bozori uchun sarflaganim esimda. 10-sinfga oʻtganimda taʼtil vaqti mahallamizdagi bolalar bogʻchasida enaga boʻlib ishlaganman. Oyligimdan menga va ukalarimga maktab formasi, kitob-daftarlar olib berishgan.
Oʻzim ona boʻlganimdan soʻng maktab bozori desa, yuragim bezillardi. Chunki avvallari maktab bozori uchun Chorsu va “Ippodrom” bozorlariga borardik: tiqilinch, tirbandlik, mashina qo‘yishga joy yoʻq… Keyinchalik maktab bozorini 1-sentabrdan keyin oʻzimizning Yunusoboddagi Universamdan qiladigan boʻldik. Odam kam, tinch, narx-navoyam ancha tashlardi.
Dilshod Odilov,
mehmonxonalar boʻyicha mutaxassis:
2.jpg)
Bolaligimda rahmatli dadam bilan tegirmonda ishlardik. Un chiqarardik. Tushgan daromadning bir qismi maktab bozori uchun sarflanardi. Oʻsha vaqtlari maktab formasi bir necha yil kiyish uchun atay kattaroq oʻlchamda olinardi. Masalan, 5-sinfda olgan shimimni 7-sinfgacha kiyganman.
1996-1997-yillar… Men litseyga oʻqishga kirdim. Ota-onam menga birinchi marotaba kastyum-shim olib berishgan. Kastyumning yoqasida uchta tillarang zanjiri bor edi. Litseydagilar meni koʻrib, “Generalning nevarasi”, deb mish-mish qilishgan. Oʻqishga kirgan yilim amakim qimmat tufli sovgʻa qilganini ham eslayman. Oʻzlari koʻp pul topmasalar-da, shunday sovgʻani ilinganlaridan xursand boʻlganman.
Bugun bolalarimni ham mehnatga oʻrgatishga harakat qilaman. Maktab yoshidagi oʻgʻlim taʼtil vaqtida mehmonxonada “stajor” boʻlib ishladi. 800 000 soʻm oylik berishibdi. Maktab bozoring uchun sarfla, deb aytdik.
Laylo Ismoilova,
xorijiy tillar boʻyicha mutaxassis, dotsent:
4.jpg)
Maktab bozorini butun yoz boʻyi kutardim. Asosan otam olib berardilar. Oʻquv qurollarida bugungidek tanlov yoʻq edi. Hatto oʻzim daftar yasagan vaqtlarim boʻlgan. Keyinchalik muqovasiga mashhurlarning rasmi tushirilgan umumiy daftarlarga qiziqqanman… Yana eslaganim, darsliklarni topish qiyin boʻlardi. Masalan, matematika kitobini qoʻshni oʻquvchi bilan alishib ishlatganimizni eslayman.
Qiziq voqea boʻlgan. Bolaligimda bir qarindoshimiz Germaniyadan menga chizgʻich olib kelganlar. Chizgʻichning ichida suvi bor edi va ajabtovur oʻyini boʻlardi. Butun sinfdagi oʻquvchilar “Bitta ishlatib koʻraylik”, deb soʻrab yurishardi. Xullas, shu chizgʻich meni maktab yulduziga aylantirgan.
Oʻylab qarasam, bolalikda oʻquv qurollariga rosa qiziqqan ekanman. Tushlik pullaridan orttirib, nimalardir sotib olardim. Bir necha marotaba paxta terimiga chiqqanman. Undan tushgan pulni ham maktab qurollariga sarflaganman.
Yaqinda farzandlarimga maktab bozori qildim. Beixtiyor solishtirdim: bugun tanlov juda keng, bugun vaziyatlar va bolalar boshqacha.
Akrom Shohnazarov,
senarist, kinorejissor, “Yoshlik” kinostudiyasi rahbari:
.jpg)
Bolaligimizda “DND” oʻyini ommalashgan edi. Oʻylab qarasam, yaxshigina tadbirkor boʻlgan ekanman. Tuxum, yongʻoq, shisha idishlar evaziga mahallamiz bolalariga “DND” oʻynatar edim. Yigʻilgan “tovar”ni yaxshigina summaga pullardim. Oʻsha mablag‘ hisobidan maktabga forma va kerakli oʻquv qurollarini olganman.
Maktabda penal va har xil ruchkalar trendda boʻlgan. Men ham doim eng yaxshilarini sotib olishga harakat qilganman.
Kuz mavsumida yongʻoq terishga chiqardik va ishlab topgan pulimizga qishki kiyimlar olardik. U vaqtlari akalarimiz va amakilarimizning eski kiyimlarini kiyish oddiy hol boʻlgan.
Javlon Jovliyev,
yozuvchi:
.jpg)
Bizda maktab bozoriga alohida marosim sifatida qarashadi. Shaxsan oʻzim ham shu kunni, yangi maktab formalarini hayajon bilan kutganman. Opalarim bir-birinikini kiyishgan, lekin oilada bitta oʻgʻil boʻlganim uchun menga har yili yangi forma olinardi.
Butun yoz hamma oilada ham maktab bozori uchun mehnat qilingan. Qoʻy-mol boqadigan baʼzi oilalar esa buning uchun birorta jonliqni sotishgan…
Biroz ulgʻayganimdan soʻng koʻp qatori men ham oʻzim uchun pul topishni boshlaganman. Toʻrt kishi daryo boʻyiga chiqib, qum va shagʻal yigʻib sotardik. Bu juda ogʻir mehnat edi, lekin yaxshi pul toʻlanardi. Bir moshin uchun 25 000 soʻm berishardi. Bu katta pul edi, toʻrt kishi boʻlishvolardik. Topganimni yigʻib, maktab bozori uchun sarflardim.
Hozir oʻylab qarasam, aslida har yili yangi forma olish shart emas ekan… Katta xarajatdan foyda yoʻq. Nazarimda, bolalar maktabga yangi kiyimlar bilan emas, yangi orzular va yangi maqsadlar bilan borishi kerak.
Mana shu intervyulardan keyin oʻrtaga muhim bir savol tashlash mumkin: dabdabali maktab bozori, yangidan-yangi formalar va rang barang oʻquv qurollariga alohida qadriyat sifatida qarash toʻgʻrimikan? Balki, taʼlim sifati va bilim olish ishtiyoqini asosiy oʻringa chiqarish kerakdir… Aniqki, sizda ham bu borada fikr va mulohazalar bor. Xohlasangiz, biz bilan boʻlishing!
Sirojiddin RUSTAMOV,
Oyina.uz