Tasavvur qiling, qandaydir oliy kuch sizga butun hayotingiz tafsilotlari bitilgan kitobni tutqazdi. U yerda birinchi muhabbatingiz, eng katta gʻalabangiz, shu bilan birga, eng yaqin insoningizni yoʻqotadigan kuningiz, otangizning soʻnggi nafasi va oʻzingizning oʻlimingiz sanasi aniq yozib qoʻyilgan. Agar sizda bu kitobdagi voqealarni oʻzgartirish, azoblarni va fojialarni oʻchirib tashlash imkoni boʻlsa, undan foydalanarmidingiz?

Insoniyatning butun fojiasi bitta oddiy fizika qonuniga qurilgan – vaqt faqat oldinga qarab harakatlanadi. Biz oʻz xotiralarimiz orqali faqat oʻtmishnigina koʻra olamiz, kelajak esa biz uchun abadiy qorongʻilik boʻlib qolaveradi. Aynan shu qorongʻilik tufayli bizda “erkin iroda” bor degan illuziya shakllangan, menimcha. Biroq Deni Vilnyovning “Tashrif” (Arrival) filmi bu ontologik poydevorni shafqatsizlarcha buzib tashlab, ekzistensial savolni oʻrtaga tashlaydi. Koʻpchilik uni oʻzga sayyoraliklar va kosmik kemalar haqidagi navbatdagi qimmat fantastika deb qabul qilishi mumkin. Aslida esa, bu zamonaviy kinematografiya tarixidagi eng chuqur, koinot sirlari haqida emas, balki inson qalbi, determinizm va qismat haqidagi noyob film.

Til qamoqxonasi yoxud chiziqli aqlning parchalanishi

Asarning eng kuchli qatlami tilshunoslikka borib taqaladi. Mashhur Sapir-Uorf faraziga koʻra, insonning qaysi tilda gapirishi uning butun olamni idrok etish usulini belgilab beradi. Biz insonlar chiziqli tilda gaplashamiz: soʻzlarimiz zanjirdek bir-biriga ulanib, ongimizni sabab-oqibat (kauzallik) qonuniyatiga qamab qoʻygan. Dastlab sabab boʻladi, keyin oqibat.

Filmda Yerga qoʻngan gʻalati oʻzga sayyoraliklar (geptapodlar) insoniyatga qandaydir halokatli qurol emas, balki koinotdagi eng kuchli qudratni – oʻz tillarini sovgʻa qiladi. Ularning tili biznikiga oʻxshab chiziqli ketma-ketlikka boʻysunmaydi, iyerogliflari aylana shaklida boʻlib, unda boshlanish va tugash nuqtasi yoʻq. Asosiy qahramon, tilshunos Luiza Benks bu tilni oʻrganishni boshlashi bilan uning miyasi asab toʻqimalari darajasida oʻzgarib ketadi. Uning ongi insoniy “vaqt oʻqi” qafasidan qutulib, vaqtni aylana shaklida, hamma voqealarni bir vaqtning oʻzida qabul qilishni boshlaydi. Luiza oʻz kelajagini endi bashorat qilmaydi, balki uni xuddi xotiralari kabi aniq koʻradi.

Xotira arxitekturasi va “Amor Fati”

Luiza kimga turmushga chiqishini, qizli boʻlishini, ammo bu baxt uzoq davom etmasligini, sevikli qizi Xanna oʻsmirlik davridayoq bedavo darddan vafot etishini hali farzandi dunyoga kelmasidanoq biladi.

Shu oʻrinda bir qiziq savol tugʻiladi: Luiza qizining oʻlimini oldindan bilar ekan, nega farzandni dunyoga keltirmaslik orqali bu fojianing oldinini olmadi? Koʻpchilik tomoshabinlar buni qahramonning muhabbati va jasorati deb qabul qiladi. Ammo asl fojia shundaki, uning tanlov huquqi allaqachon yoʻqolgan edi. Film ssenariysi olingan Ted Channing original hikoyasida (“Sening hayoting hikoyasi”) bu holat mukammal izohlanadi: “Men kelajakni bilganim uchun uni oʻzgartira olmayman degani emas. Men kelajakni bilganim uchun uni oʻzgartirishni xohlamayman”.

Nemis faylasufi Fridrix Nitsshe falsafasida bu tushuncha “Amor Fati” – qismatni sevish deb ataladi. Bu shunchaki “peshonaga yozilganiga koʻnish” yoki passiv qurbon boʻlish degani emas, balki oʻz hayotingizdagi har bir ogʻriqni, fojia va quvonchni hech qanday oʻzgartirishlarsiz, butun dahshati va goʻzalligi bilan qabul qilish, zaruratga shunchaki chidash emas, uni sevish demakdir. Luiza aynan shu buyuk qadamni tashlaydi.

Sahnadagi simfoniya va muhabbatning toʻlovi

Kelajak maʼlum boʻlsa, yashashdan nima maʼno qoladi? Mashhur pianinochi Betxovenning sonatasini chalishdan oldin barcha notalarni, kuydagi eng baland va past nuqtalarni, asar qanday yakun topishini yuz foiz biladi. Hech qanday syurpriz yoʻq. Ammo u baribir sahnaga chiqadi, asarning oxirini oʻzgartirish uchun emas, oʻsha notalardagi hisni qogʻozdan tortib olib, jarayonni oʻzidan oʻtkazish uchun chaladi. Luiza ham oʻz hayotiga xuddi shu nuqtayi nazardan qaray boshlaydi. Qizining tugʻilishi va uning oʻlimi – bu oʻzgartirish kerak boʻlgan ssenariy emas, balki chalinishi shart boʻlgan simfoniyadir.