Yaqinda “Rossiya” kanalida A.S.Pushkinning “Yevgeniy Onegin” poemasining yangi kinotalqini taqdimotini koʻrib qoldim (“Mosfilm” mahsuloti 2024). Rejissyor Sarik Andreasyan, ssenariy muallifi Aleksey Graviskiy. Koʻrdim-u, betobligimga qaramay, qoʻlimga qalam olib, miyamga oʻqday sanchilayotgan fikrlarni oq qogʻozga koʻchirib qoʻyishga kirishdim. Avvallari ham ushbu asar nafaqat rus, hatto chet el kino ekranlariga koʻchib, sirli rus qalbini goʻzal chehralarda akslantirib dunyoni maftun etib kelgan, jumladan meni ham. Biroq bu gal!..
Rejissyorning yangicha, oʻziga xos talqini, yaxshigina operator ishi, manzaralar – xech biri Pushkin satrlaridagi goʻzal, ilohiy tuygʻularni ifodalay olmagan. Qaysidir shoirning, qaysidir asari bilan yoqimsiz aktyorlar ijrosida tanishtiruv boʻlgan.
Asar qahramonlarini gavdalantirgan aktyorlar qiyofasi avvallari biz sevib koʻrgan aktyorlar suratidan butunlay farq qiladi. Qani u dilbar chehralar?! Xullas, loʻnda qilib aytganda, bugungi rus jangari kishisining sovuq, xudbin, shafqatsiz, xunuk ruhiy borligʻi yuzaga qalqib chiqib, kishini “nega?”, “qachon?”, “sabab?” degan ogʻriqli savollarga tortadi. Va men shu savollarga javob topgandayman!
Poʻrtana!!! Yer shariga toʻfondek yopirilib, insoniyatni qiyomat qoyimga yaqinlashtirib qoʻygan 1917-yil rus proletar revolyusiyasi!
Asrlar davomida turli xalqlar tomonidan yaralgan eng ezgu orzular, yaxshilik va adolattalab eng oliy niyatlarni shaytonlar oʻz tiliga koʻchirib olib, ayyuhannos solgan, oxir oqibat jumlai jahonni oʻz orqasidan ergashtirib, dunyoni jar yoqasiga olib kelib qoʻygan ulug‘ Rus ishchi va dehqonlar inqilobi! Koʻrinishidan gʻoyat goʻzal, mohiyatan yovuz bu gʻoya (butun dunyodagi boylar yoʻq boʻlsin, kambagʻallar yashasin!) dastlab hammani maftun etib, saraton toʻqimalaridek butun dunyoga tarqala boshladi. Lekin kasallikning oxir oqibatini sezib qolgan Gʻarb yoyilib kelayotgan saraton ildizlarini qirqib tashladi. Afsus, biz uning taʼsiri doirasida qoldik va hali beri undan qutulolmasak kerak. Shunday qilib, 1917-yil Rus inqilobi birinchi boʻlib oʻz xalqiga mislsiz jafolar keltirdi. Avvalambor millatni millat qilib turgan, xoh u rus boʻlsin, yo isroillig-u yo boshqird boʻlsin, fan va madaniyat oydinlarini beomon yoʻq qildi. Soʻng barobarida uning hukmi ostiga aldov bilan qoʻshilib qolgan oʻlkalarda ham qirgʻinbarot boʻldi. Yashash tarzi “Yolgʻon” boʻlgan tuzumga fikrlovchi insonlar kerak emas. Ularning oʻrniga bilimsiz, tarbiyasiz, koʻpchiligi piyanista, kallakesar oʻgʻrilar (albatta ular orasida ertaklardagi “xalq baxti uchun kurashgan qahramonlar” kabi ajoyib shiorlar uchun jonini tikkan vijdonli, halol insonlar ham koʻp boʻlgan) yangi davlat peshtaxtalarini egallab ola boshladilar. Inqilob rahnamolari esa oʻqimishli, bilimli shaytonlar edi. Ular bu toifa xalqning eng nozik tomonlarini yaxshi bilardilar. Kommunizm gʻoyasining otaxonlaridan K.Marks “proletariatning boʻyniga solingan kishanidan boshqa yoʻqotadigan hech vaqosi yoʻq” degan gapini rus inqilobchilari juda yaxshi tushunib olgandilar. Shu kabi daholardan biri V.Lenin kambagʻal ishchi-dehqonlarga qarata “endi bu yogʻiga sizlar xoʻjayinsizlar, davlatni sut sogʻuvchi ham boshqara oladi” deb vaʼda berib qoʻygan edi. Qora xalq inqilob otalaridan bu kabi vaʼdalarni eshitgach boʻyniga yana qayta kishan tushmasligi uchun jon-jahdi bilan qizil tuzum tomonidan berilgan barcha koʻrsatmalarni oʻylab oʻtirmasdan soʻzsiz ado etardilar.
Endi asosiy maqsadga oʻtsam. Shunday qilib, adabiyot va kino qahramonlari oneginlar oʻrniga soʻkongʻich traktoristlar, tatyanalar oʻrniga erkakcha kiyinib olgan qoʻpol, baqiroq suvoqchi ayollar ekranlarni toʻldirib bordilar. Lekin eng asosiy gʻoya – “rus xarakteri”, “rus tili”, “rus qalbi”, “rus dunyosi” kabi shovinistik gʻoyalar maʼnan qashshoqlashib borayotgan xalq shuuriga tinmay singdirib borilaverdi.
Nihoyat, qashshoq oilada tugʻilib aroqxoʻr otaning soʻkishi, baxtsiz onaning qargʻishini eshitib oʻsgan “Zolushka”ning baxti chopib malikaga aylangan. Unda dunyoga taʼrifi ketgan Tatyanalar ruxsorini koʻra olasizmi?
Men “На самом деле”, “Пусть говорят”, “ДНК” koʻrsatuvlarini koʻrib ajablanardim. Aql-u zakovati emas, qosh-u koʻz suzishi bilan boy er ovlab kechagina nochorlikdan qutilgan bekach endi oʻz qavmidan chiqqan bechora xizmatkorlarini xoʻrlab, soʻkib, hatto doʻpposlab urishlarini koʻrib hayron qolardim. Koʻpgina ayollar tamagirlik maqsadida farzandini “biznesmen boy”ga tirkab qoʻyishdan toymasdilar. Qanchadan qancha bolaning otasi kimligini aniqlash uchun necha yil qator koʻrsatuvlar qilindi. Shundan keyin Rossiyadagi koʻp ayollar farzandlari kimdan ekanligini bilmas ekan-da, degan xayolga borasan. Eng ajablanarlisi, pul uchun, manfaat uchun el-u yurtga sharmanda boʻlishdan ham toymasdilar. Dunyoga “buyuk rus qalbi” tashrif qogʻozini tarqatgan bu millat shu qadar past ketadimi?! Bu kabi koʻrsatuvlar ijodkorlarining maqsadi nima? SSSR davrida rus adabiyoti, rus musiqasi, rus baleti, rus goʻzali haqidagi yarim chin, yarim yolgʻon afsonalar dunyoni maftun eta olgan edi. Oʻz-oʻziga mahliyolik shu darajaga yetgan ediki, rus xalqi oʻzini hamma jabhada, hatto aroq ichishda, soʻkishda, behayolikda ham eng zoʻr deb bilar va “men dunyodagi bor yoʻqchilig-u qiyinchilikka bardoshli xalqman” deb chekiga tushgan ayanchli ahvoli bilan ham magʻrurlanar edi.
Dunyoni esankiratib qoʻygan – yaqinda yuz bergan fojiadan soʻng bu kabi koʻrsatuvlar nima maqsadda tayyorlanganini anglab qoldim. Bu kabi chirkin koʻrsatuvlar boʻxronidan maqsad xalqning es-hushini egallab olib, ularni maʼnan, axloqan, aqlan tanazzulga uchratib, fikrsizlik botqogʻiga choʻktirish boʻlgan ekan. Va ular oʻz maqsadlariga yetibdilar.
Ushbu voqea oqibatida oʻzini tinchliksevar, adolatparvar, qalbi qorday oppoq xalq deb dunyoga jar solib kelgan millatning juda koʻpchiligi zulmga qarshi turish u yoqda tursin, hatto rahm-shavqat, achinish kabi oddiy insoniy tuygʻulardan ham mosuvo ekanlari ayon boʻlib qoldi. Pul uchun hatto oʻz farzandini urushga joʻnatib, evaziga oʻgʻli tobuti bilan mukofot tarzida berilgan oq yengil mashinada xursand, koʻkrak kerib yurgan onaga qarab tavba deysan.
Xulosa: Chehra qalb oynasi ekanligi haqiqat ekan. Keyingi 20–30 yil ichida rus kinosida shaxsan meni avvallari maftun etib kelgan chehralarni uchratolmadim. Soʻzlashuvdagi ravon, shoirona, ehtirosli ohanglarni eshitolmadim.
Ha, ming afsus, ruhiyotdagi marazlik tashqariga – chehralarga sizib chiqib, oʻz suratini beayov chizib qoʻyar ekan.
Dilorom KARIMOVA,
Oʻzbekiston xalq artisti