Bundan 33 yil muqaddam qoʻlga kiritgan tarixiy gʻalabamiz bizdan har daqiqa ogoh boʻlishimiz, siyosiy hushyorlikni esdan chiqarmaslikni talab etadi. Chunki xalqimiz hurlikning oʻtgan qisqa davrida ozodlik va erkning naqadar totli ekanini anglab yetdi. Biz endi oʻzining mustahkam zaminiga, oʻz soʻzi, mustaqil tashqi siyosatiga, jahon ayvonida erkin, barcha bilan teng gaplasha oladigan kuchli davlatga aylandik.
Bugun yurtimiz mustaqilligiga muayyan darajada xavf solib turgan ayrim kuchlar borki, biz oʻz siyosatimizda ana shu omillarga alohida eʼtibor bermasligimiz mumkin emas. Nazarimda, bunday xavflar juda koʻp boʻlsa-da, ularni umumlashtirib, ikki katta guruhga boʻlish mumkin.
Birinchidan, turli gʻoyaviy-mafkuraviy tahdidlar tobora kuchayib borayotgan, qator davlatlarning oʻz milliy manfaatlarini amalga oshirish maqsadida barcha vositalardan foydalanishi avj olayotgan hozirgi globallashuv sharoitida oʻzga yurtlarni oʻz taʼsiriga kiritish amaliyoti hali ham avj olib bormoqda. Nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun dunyoda oʻz soʻziga, mustaqil tashqi siyosatiga ega boʻlgan Oʻzbekistonga nisbatan turli gʻayriinsoniy harakatlar qilishga moyil davlatlar hali borligini esdan chiqarmaslik kerak.
Ikkinchidan, Yangi Oʻzbekiston sharoitida kechayotgan tub islohotlar mazmun-mohiyatini toʻliq anglamayotgan yoki anglashni istamayotgan ayrim vatandoshlarimiz borligini yoddan chiqarish aslo mumkin emas. Kechagi kunning kayfiyatida yurgan, yaqin oʻtmishda yurtimizda sodir boʻlgan siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, gʻoyaviy-mafkuraviy voqea-hodisalardan toʻgʻri xulosalar chiqara olmayotgan baʼzi kishilarning mustabid tuzumni sogʻinish holatlari mavjudligi ham, nazarimizda, Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga muayyan darajada xalaqit qiladi.
Shuning uchun biz muqaddas bayramimiz arafasida tariximiz, ayniqsa, yaqin oʻtmishimizning ayrim jirkanch sahifalaridan xalqimizni xabardor qilishimiz zarur. Zero, tarixni unutmoq, aslida, oʻzlikni unutish, oʻz tarixiy, maʼnaviy zaminidan judo boʻlishdan boshqa narsa emas. Darhaqiqat, inson ruhiyati, dunyoqarashi, maʼnaviy olamida uning kelajak sari rivojlanishi uchun mustahkam poydevor yaratmas ekanmiz, bu hol, shubhasiz, har qanday jamiyatning maʼnaviy-mafkuraviy asoslarini yemiraveradi.
Keling, shu oʻrinda ulug‘ va aziz istiqlol bayramimiz arafasida xalqimizning yaqin oʻtmishdagi ahvoli, mustaqillik va erk uchun kurashlari tarixiga qisqacha nazar tashlaylik.
Sobiq sovet davri adabiyotlarida Oʻrta Osiyoning Rossiyaga oʻz ixtiyori bilan qoʻshilgani haqidagi aqidalar ustuvorlik qilgan. Emishki, xalqimiz XIX asrning ikkinchi yarmi, XX asrning boshlarida oʻzining ogʻir iqtisodiy-ijtimoiy ahvolini yaxshilash, mahalliy boy-amaldorlar zoʻravonligidan qutulish uchun mustamlakachilarni xursandchilik bilan, tuz-non tutib kutib olgan.
Bunday qarash mustabid tuzum siyosatidagi zoʻravonliklar, xalqimizga yetkazilgan zarar-zahmatlar hajmini atayin kamaytirish uchun toʻqib chiqilgan siyosiy nayranglardan boshqa narsa emasdi.
Xoʻsh, aslida, qanday boʻlgan edi? Oʻz qadr-qimmatini bilgan xalqimiz ozodlik, hurlik qimmatini ham juda yaxshi tushunib yetgan. Shuning uchun har qanday dushmanga qarshi tinimsiz qarshilik koʻrsatgan, oʻz shaʼni-sharafini koʻz qorachigʻidek himoya qilishni millat or-nomusi deb bilgan. Oʻzbekiston tarixini mustaqillik uchun kurashlar tarixi deyishga toʻliq haqqimiz bor.
Istilochilar qanday yoʻllar bilan boʻlmasin, yurtimizning boy iqtisodiy imkoniyatlaridan oʻz maqsadlari yoʻlida foydalanishga harakat qildi. Qishloq va shaharlarimiz talandi, iqtisodiyotimizga katta zarar yetkazildi, xalqning ahvoli esa yildan yilga ogʻirlasha boshladi. Birgina 1916-yilda Turkiston general-gubernatorligidan Rossiya frontiga 654 ming 388 tonna paxta, 38 ming kvadrat metr chidamli jun gilam, 49 ming 744 tonna goʻsht, 70 ming bosh qoramol, 12 ming 797 bosh tuya va 2,4 million oltin rubl joʻnatildi.
Bunday talonchilik xalqimizning ogʻir iqtisodiy ahvolini yanada qiyinlashtirdi. Natijada oʻzbek xalqi qoʻliga tushgan qurollar – miltiq, ketmon, oʻroq, barcha vositalar bilan oʻz yurtidan mustamlakachilarni quvib chiqarishga bel bogʻladi. Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, birgina 1899–1917 yillar mobaynida Turkiston general-gubernatorligida hukmron bosqinchilarga qarshi 4922 marotaba qurolli hujum uyushtirildi.
Biroq oʻlkamizning oʻsha paytdagi ogʻir ahvoli, yurtimizning jahon taraqqiyotidan jiddiy ortda qolgani tufayli bu qarshilik harakatlari koʻpincha magʻlubiyat bilan tugagan, qoʻzgʻolonchilar esa shafqatsizlarcha jazolangan. Shu oʻrinda avstriyalik harbiy asir, ofitser Fris Uilfort 1916-yilgi Jizzax shahridagi qoʻzgʻolonni bostirish chogʻida mustamlakachilarning gʻayriinsoniy munosabatini quyidagicha tasvirlagan: “1916-yil 2-avgust, koʻhna Jizzax xarobalar uyumi, qoʻl ostidagi hamma narsa yondirildi. Biz oʻzimiz (harbiy asirlar) har tomondan jasadlar va oʻlgan otlarni koʻmishimiz kerak edi. Vazifamiz barcha jasadlar bilan xoh ot, xoh odam boʻlishidan qatʼi nazar, chuqurni toʻldirish edi. Jasadlar soni koʻp boʻlsa, ularni maydonga yigʻib, ostidan oʻt qoʻyishadi. Quyosh jaziramasida jasadlarning badboʻy hidi havoni buzadi. Afsuski, jasadlar orasida tiriklarning dahshatli qichqiriqlari ham bor: rus askarlarining kuchli zarbalari tufayli ular darhol boshqalar bilan dafn etiladi. Bu dahshatli qoʻl mehnati evaziga askarlarimiz boshliqdan moʻl-koʻl oziq-ovqat, hatto talon-taroj qilingan koʻrpa-toʻshak, choy, tamaki, quritilgan mevalar kabi barcha turdagi narsalarni olishga muvaffaq boʻladi”.
Oʻzbekistonning mustaqillik uchun kurashlari tarixida 1918-yili Qoʻqonda boʻlib oʻtgan vahshiyliklar alohida oʻrin tutadi. Mustabid tuzum davri adabiyotlarida “Qoʻqon muxtoriyati” deb atalgan voqealar, aslida, Turkiston muxtoriyati edi. Oʻsha davr siyosatdonlari bu voqeaning siyosiy-mafkuraviy ahamiyatini sunʼiy ravishda kamaytirish maqsadida uni “Qoʻqon muxtoriyati” deb atadi.
Turkiston muxtoriyati milliy tariximizning oʻziga xos bosqichidir. 1917-yil noyabr oyida tashkil topgan davlatchiligimizning ushbu shakli uzoq yashamadi. 1918-yilning 18-fevralidan 19-fevraliga oʻtar kechasi qizil qoʻshinlar Qoʻqon shahriga uch tarafdan hujum boshladi. Bu hujumlardan maqsad yosh milliy davlatning “koʻzini ochib qoʻyish” edi. Birgina ana shu kunlarning oʻzida Qoʻqonda 10 ming begunoh odam oʻldirildi.
Qoʻqon ogʻir janglar ogʻushida qoldi. Koʻchalar, dahalar qoʻldan qoʻlga oʻtib turar, yuzlab, minglab tinch aholining yostigʻi qurir edi. Istilochilar 12 ta toʻpdan tinmay oʻq uzdi. Shahar qonga toʻldi, yurtimiz bunday xunrezliklarni koʻrmagan edi. Biz yuqorida nomini eslagan Fris Uilfort yozadi: “Qoʻqon yoʻnalishidan vokzalga 25 vagon bir-birining ustiga tiqilib qolgan qizil askarlar toʻla poezd kelib qoldi. Dala artilleriyasi, gaubitsa va pulemyotlar ochiq vagonlarda mohirlik bilan kamuflyaj qilindi. Vagonlardan biri askarlar va ularning oʻljalariga toʻla edi. Boshqa vagonlarda otlar, qoramollar va bolalar yigʻilib turardi. Ikki yoʻlovchi vagonda tish-tirnogʻigacha qurollangan qizil askarlar, ularning boshida Osipov bor edi”.
Aslida, nima boʻlgan edi? Istilochilar Qoʻqon shahrini chaqmoqdek urgani, shahardagi sartlar orasida dahshatli qirgʻinlar, eski shaharni vayron qilib, oʻt qoʻygani, musulmon hukumati birdan yoʻq qilingani haqidagi xabar butun hududga tarqaldi. Katta oʻlja, Qoʻqon bankining butun oltin zaxirasi qizil askarlar qoʻliga oʻtdi.
Oʻsha hodisalar guvohlarining yozishicha, Qoʻqon “olov dengizi”ga aylandi. Talonchilik va oʻgʻirlik avj oldi. Eski shahar hududidagi barcha korxonalar, doʻkonlar, banklar va uylar talon-taroj qilindi. Dastlab bozor yoqib yuborildi. Soʻngra butun eski shahar hududi yondi. 21-fevraldan yongʻin 15–20 kilometr masofadan koʻrina boshladi. Yongʻin taxminan 15 kun davom etdi. Shaharda yongʻinni oʻchirishga odam qolmadi. Jasadlar hidi shaharni tutib ketgandi, deb yozadi “Bosmachilar. Turkiston milliy kurashi tarixi” kitobida doktor Boymirza Hayit.
Ana shu voqealardan soʻng Turkiston oʻlkasida uzoq davom etgan va shoʻrolar davrida “bosmachilik” deb atalgan, aslida esa milliy-ozodlik harakati boshlandi. Bu harakatning maqsadi yurtni mustamlakachilardan ozod etish, milliy davlatchilik asoslarini tiklashdan iborat edi.
1918-yilning mart-may oylarida Ergash qoʻrboshi qoʻshinlari Bachqirdagi asosiy qarorgohlaridan turib, Qoʻqon atrofidagi qizil qoʻshinlarga qarshi 50 dan ortiq hujum uyushtirdi. 1918-yilda Ergashning 16 mingdan 18 minggacha jangchisi bor edi. Bu davrda Fargʻona vodiysida ozodlik uchun kurash ommaviy harakatga aylangandi. Bir qancha qoʻrboshilar turli hududlarda qizil armiya askarlariga qarshi harakatlar olib bordi: Ergash (taxminan 18 ming odam), Madaminbek (5 ming, ayrim maʼlumotlarga koʻra – 28 ming), Shermuhammadbek (taxminan 5 ming), Xolxoʻja (taxminan 3 ming), Parpi (taxminan 3600), Muhiddinbek (taxminan 4500), Omon Pahlavon (2500 dan ortiq), Nurmuhammadbek (taxminan 3900), Jonibek (taxminan 5700) kabi yuzlab vatanparvarlar mamlakat va millat mustaqilligi, or-nomusi uchun qoʻllariga qurol olib jang qildi.
Mustabid tuzum yurtimiz taqdirida va xalqimiz hayotida oʻta mashʼum asoratlar qoldirdi. Shu oʻrinda vatandoshimiz Boymirza Hayit qalamiga mansub boʻlgan quyidagi maʼlumotlarni berishni lozim topdik: “1917–1923-yillarda faqat Fargʻona vodiysining oʻzida 1 milliondan ortiq odam ochlikdan oʻlgan. Shuningdek, 1918–1924-yillarda 500 ming kishi qizil askarlar tomonidan qirib tashlangan, 1915-yili Fargʻona mintaqasida 2,2 million kishi yashagan boʻlsa, 1924-yil oxiriga kelib, 500 ming kishi qolgan, yaʼni 10 yil ichida 1 million 700 ming kishi halok boʻlgan. Shahobiddin Yassaviy esa 1920–1935-yillarda Turkistonda taxminan 2 milliondan ortiq kishi noilojlikdan xorijga ketgan deb hisoblaydi”.
Boymirza Hayitning hisoblashicha, Oʻrta Osiyoda 1917–1934-yillarda olib borilgan milliy-ozodlik harakatida turli millat vakillaridan 2 millionga yaqin odam jon fido qilgan. 1930–1939-yillarda kamida 1 million 700 ming kishi “bosmachi”larga qoʻshilgan, ularga yordam bergan yoki ular haqida maʼlumot bermaganlikda ayblanib, Sibirga va boshqa joylarga surgun qilingan. Hammasi boʻlib 5 million 600 ming kishi qurbon boʻlgan. Bu hisobga chor Rossiyasi bosqiniga qarshi Oʻrta Osiyo xalqlari 1853–1917-yillarda olib borgan milliy ozodlik kurashi davomidagi koʻpdan koʻp qurbonlar kirmaydi. Agar ularni ham jamlab, 130 yil davomida qurbon boʻlgan kishilar hisoblansa, chindan ham Yer yuzidagi milliy-ozodlik kurashlari tarixida Oʻrta Osiyodagi kabi koʻp qurbonlar berilmagani maʼlum boʻladi.
Mustaqillik, uning ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-mafkuraviy ahamiyati haqida gap ketar ekan, hech shubhasiz, uning qadr-qimmatini mustabid tuzum sharoitida milliy madaniyatimizga qarshi qaratilgan rasmiy siyosat mohiyatini anglamasdan tushunish mumkin emas.
Toʻgʻri, bu davrda xalq ommasiga jahondagi ilgʻor sanʼat, adabiyot, fan yutuqlaridan bahramand boʻlish imkoniyatlari yaratildi, maktab, oliy taʼlim muassasalari, teatr, kutubxona va boshqa koʻplab keng tarmoqli madaniyat oʻchoqlari ochildi. Shuningdek, jahon miqyosida muayyan mavqega ega boʻlgan koʻplab oʻzbek sanʼatkorlari yetishib chiqdi.
Biroq sovet madaniyati deb nomlangan bunday madaniyatdan koʻzlangan asosiy maqsad sovet tuzumi “afzalliklari”ni koʻrsatish, milliy madaniyatlar, jumladan, oʻzbek xalqining madaniyat va sanʼat bobida qoloqligini isbotlash, pirovard natijada ming yillar mobaynida mutafakkir-allomalarimiz tomonidan yaratilgan boy madaniy-ilmiy merosni inkor qilishdan iborat edi. 1917-yildan keyingi davr maʼnaviy buzilish, “yangi kommunistik maʼnaviy-madaniy qadriyatlarni” koʻzlab ishlash davri boʻldi. Bu hol, eng avvalo, maʼnaviy-maʼrifiy sohaga siyosiy-mafkuraviy tus berishda oʻz aksini topdi. Sanʼatning butun qudrati, sanʼatkorlarning isteʼdodi sotsializm gʻalabasi va uning kelajagi uchun xizmat qilishi lozim edi.
Mustabid tuzum davri madaniyatining oʻziga xos jihatlari shundan iborat ediki, unga binoan har bir milliy madaniyatning rivojlanishi partiya koʻrsatmalari asosida boʻlishi, bunda sinfiylik, gʻoyaviylik asosiy tamoyillar hisoblanishi shart etib belgilandi. Sotsialistik madaniyat oʻz tabiati va mazmuniga koʻra totalitar xususiyatga ega boʻlib, unda asosiy eʼtibor hukmron partiya va sovet davlati manfaatlarini himoya qilishga qaratildi.
Oʻsha davrlarda qabul qilingan barcha qarorlar, partiyaviy koʻrsatmalardan koʻzlangan maqsad esa oʻzbek madaniyati, sanʼatini “gʻoyasizlik”, “millatchilik”, “gʻarbparastlik”, “xalq manfaatlariga qarshi formal faoliyat”, “hayotiy haqiqatni buzib koʻrsatish”da ayblash, aybdorlarni esa jazolashdan iborat edi. Masalan, birgina 1951-yil avgustda respublika matbuotida madaniyat sohasidagi mafkuraviy jarayonlarga bagʻishlangan turkum maqolalarda Turob Toʻla, Mirtemir, Sobir Abdulla, Oybek, Habibiy, Hodi Zarif, Homil Yoqubov, Izzat Sulton kabi adib, olimlar sotsialistik realizm tamoyiliga nomunosib faoliyat koʻrsatgani keskin tanqid qilindi.
Oʻtgan asrning 50-yillari boshlariga kelib, Oʻzbekiston madaniy hayotida yana katta qatagʻon siyosati boshlandi. Ayniqsa, bu jarayon 1951-1952-yillarda kuchaydi. “Sovet tuzumiga dushmanlik” faoliyati uchun Shukrullo, M.Shayxzoda, M.Osim, S.Ahmad, M.Ismoiliy, Shuhrat, H.Sulaymon va boshqa yozuvchi, shoir, olimlar uzoq muddatli qamoq jazosiga tortildi. 1952-yil fevral oyida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi plenumida adiblik ishi shaxsiy ish emas, balki partiya va davlat ishi ekani, har bir shoir, yozuvchining asari darajasi uning kommunistik gʻoyalarga qay darajada mosligi bilan belgilanishi lozimligi qayd etildi. Ushbu davrda “Alpomish” dostoni ham gʻoyasizlikda ayblandi, u oddiy xalq manfaatlariga zid deb baholandi. Keyinchalik ming yillar davomida xalqimiz milliy-madaniy merosiga aylanib boʻlgan Navroʻz bayrami ham eskilik sarqiti, xalqni toʻgʻri yoʻldan chalgʻituvchi tadbir sifatida tanqid qilindi va uning nomi “Navbahor” deb oʻzgartirildi.
Fikrimizcha, milliy davlat mustaqilligining tom maʼnodagi ijtimoiy ahamiyatini toʻgʻri tushunish, bugungi kunning shukronasini qilish uchun ham ushbu yaqin tarixni oʻrganish lozim. Qolaversa, haqiqat nisbatda bilinadi. Bugun ayrim vatandoshlarimizning mustabid tuzumni qoʻmsashi bilan bogʻliq salbiy holatlar mazkur masalaga eʼtibor berishimizni talab qilmoqda.
Yuqorida bayon etilgan masalalarga ahamiyat bersak, yaqin tariximizda yoʻl qoʻyilgan xatolarimizni eʼtirof qilsak, shubhasiz, mustaqillik yillarida, ayniqsa, keyingi yetti-sakkiz yil ichida qoʻlga kiritgan yutuqlarimiz salmogʻi yanada ravshanroq koʻrinadi.
Keling, yaxshisi, shularning ayrimlari xususida toʻxtalib oʻtaylik.
Birinchidan, biz bugun mamlakatimizda yashovchi barcha xalqlar va millatlarning qadr-qimmati, haq-huquqlari, ayniqsa, rivojlanish huquqini hurmat qilish, imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish gʻoyasi real haqiqatga aylanganini koʻrishimiz mumkin.
Bularning bari ushbu maqsadlarga tinch, adolatli, har qanday ijtimoiy toʻsiqlardan xoli, inklyuziv va ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etish, hokimiyat organlarining barcha boʻgʻinlarida samarali boshqaruv, oshkoralik va shaffoflik tamoyillarini joriy qilish orqali erishish imkoniyatlari va tizimini shakllantirmoqda. Keyingi yillardagi eng katta yutuqlarimizdan biri jamiyatda “inson – jamiyat – davlat” tamoyilining hayotga joriy etilishi boʻldi, deyish mumkin. Bu fikrlarning hayotdagi ifodasini esa qonunchiligimizda inson huquqlari kafolatlariga oid normalar soni 3,5 barobar oshirilganida, 40 dan ortiq yangi konstitutsiyaviy huquq muhrlanib qoʻyilganida koʻrish mumkin.
Ikkinchidan, mamlakatning salohiyati, millat ravnaqi iqtisodiyotning barcha jabhalaridagi taraqqiyot darajasiga, zamonaviy davlat esa innovatsion iqtisodiyot va yangi texnologiyalarga asoslangan industriyaga bogʻliq. Ana shu haqiqatni eʼtiborga olgan holda bugun bilimlar va innovatsion iqtisodiyotni mustahkamlash, ilgʻor texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirish Yangi Oʻzbekiston milliy qiyofasida alohida oʻringa ega boʻlmoqda. Davlatimiz rahbari oʻz faoliyatining ilk kunlaridanoq keng koʻlamli ilmiy-texnik kooperatsiya va yangi texnologiyalarni, ilm-fan va texnika yutuqlarini iqtisodiyotga joriy etmasdan turib, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy oʻsishga erishish mumkin emasligini bot-bot taʼkidladi.
Innovatsion rivojlanishni jadallashtirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida yangi ishlanmalar va zamonaviy texnologiyalarni keng tatbiq etish, inson kapitali hamda ilm-fan sohalarini rivojlantirish maqsadida 2019-yildan Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasi bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Shuningdek, 2030-yilgacha taʼlim, ilm-fan va qishloq xoʻjaligini rivojlantirishni nazarda tutadigan dasturiy loyihalar hamda “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi hayotga tatbiq etilmoqda.
Uchinchidan, agar 2016-yilgacha ham davlatni boshqarish, iqtisodiyotga rahbarlik qilish borasida davlat monopoliyasi va boshqaruvning maʼmuriy usullari saqlanib qolgan boʻlsa, bugungi kunga kelib, bu borada jiddiy sifat oʻzgarishlari va oldinga siljishlar yuz berdi. Davlat monopoliyasiga asta-sekinlik bilan chek qoʻyilishi, iqtisodiyot sohasida sogʻlom raqobat muhiti yuzaga kelishi, ijro hokimiyati tizimi isloh etilishi, maʼmuriy-byurokratik toʻsiqlar olib tashlanishi mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasini oʻzgartirib yubordi.
Hozir davlat monopoliyasida boʻlgan elektr generatsiyasi, issiqlik taʼminoti, kimyo, aviatsiya, taʼlim kabi sohalarga xususiy sektor jadal kirib kelmoqda. Xususiylashtirish dasturi doirasida davlat ulushi mavjud korxonalar soni 6 barobar yoki hozirgi 2,3 mingtadan 360 taga kamaydi. 17 turdagi davlat monopoliyasi bekor qilinib, ularga ham xususiy sektor faol jalb qilindi.
Toʻrtinchidan, Yangi Oʻzbekistonda inson, uning haq-huquqlari va baxt-saodati davlat siyosati, barcha davlat organlari, butun jamiyatning eng ustuvor va muqaddas maqsadiga aylangan. Buni ayrim raqamlar ham tasdiqlab turibdi. Masalan, 2023-yili davlat byudjetida 130 trillion soʻm, yaʼni barcha xarajatlarning salkam 50 foizi ijtimoiy sohaga ajratilgan. 2017-yilda kam taʼminlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan boʻlsa, hozirgi kunda 2 milliondan ortiq oilaga moddiy koʻmak berilyapti. Ajratilgan mablag‘ esa 7 barobar koʻpaydi.
Xalqimizga qulay hayot sharoitini taʼminlash uchun 300 ga yaqin davlat xizmati toʻliq raqamlashtirildi va aholiga 50 milliondan ortiq xizmat koʻrsatildi.
Beshinchidan, bugun yurtimiz katta qurilish maydoniga aylandi. Bunday hajmdagi qurilish ishlari mamlakatimiz poytaxtida 1966-yilgi zilziladan keyin boʻlmagan edi. Natijada soʻnggi 6 yilda respublika boʻyicha 300 mingta yoki avvalgi yillardagiga qaraganda 10 barobar koʻp uy-joy qurildi. Odamlarni sifatli uy-joy bilan taʼminlash maqsadida “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini barpo etish amaliyoti joriy etilmoqda. Birgina 2023-yilda 38 ta shunday massiv tashkil topdi.
Bunday misollarni yuzlab, minglab keltirish mumkin. Yurtimizdagi barcha bunyodkorlik ishlari, tub islohotlardan koʻzlangan maqsad esa xalqimizning tobora ortib borayotgan moddiy va maʼnaviy ehtiyojlarini qondirish, odamlarimizga sifatli hayot uchun qulay sharoitlar yaratishdan iboratdir. Ayni paytda mamlakatimizning xalqaro nufuzi yildan yilga ortib bormoqda, Yangi Oʻzbekistonni oʻzining yaqin hamkori, ishonchli sherigi sifatida koʻrishni istaydigan davlatlar, xalqaro tashkilotlar soni yanada koʻpaymoqda. Aslida, mustaqillikning real koʻrinishi ham shundan iborat.
Abduxalil MAVRULOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2024-yil 30-avgust, 175-son.