Savollarga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassisi Hikmatulloh Toshtemirov javob berdi
– Qishlogʻimizda “qora qozon” degan odat bor. Biror kishi azador boʻlsa, unga hamqishloqlar yordam tarzida pul beradi. Bir hisobda bu xayrli urfdek. Biroq oʻsha pulni oʻrni kelganda qaytarish lozim, xuddi toʻyonadek.
Yana bir muhim masala – xudoyi qilish, yaʼni azadorlar uch kun ichida xalqqa osh yoki shoʻrva qilib tarqatishi kerak. Bunga kimningdir qurbi yetadi, kimning esa yoʻq. Biroq azali xonadon buni qilishga majbur. Shu toʻgʻrimi?
– Xalq orasida vafot etgan kishining yaqinlariga yordam tarzida pul berish urfga kirgan va oʻsha mablag‘ qarz boʻlsa, uning hukmi qarz oldi-berdisi singari boʻladi. Chunki shariatimizda “Al-maʼrufu kal-mashrut” (yaʼni odamlar orasida maʼlum va mashhur ishlar shart qilingan ishlardek boʻladi) degan qoida bor. Demak, musibat egasi bu qarzni olishi yoki olmasligi oʻz ixtiyorida. Agar olsa, uni imkon boʻlishi bilan uzishi kerak. Qarzni uzmasa, egasi kechmaguncha uning zimmasida qolib ketadi, qiyomatda savoblari bilan ado qilib beradi. Lekin musibat egasiga xolis yordam qilib, ehson maʼnosida pul berilgan boʻlsa, qarz boʻlmaydi va qaytarilmaydi.
Alloh taolo insonni baʼzi musibatlar bilan sinab, sabr qilgan bandaga ulkan ajrlar beradi. Bunday oilaga taʼziya bildirish, dalda berish orqali maʼnaviy yordam qilish, dafn marosimlarida ishtirok etish, qarz sifatida emas, balki begʻaraz, har kim imkoni yetgancha moddiy yordam koʻrsatishi kabi amallar savobli hisoblanadi.
Abdulloh ibn Jaʼfar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Jaʼfarning oʻlimi xabari kelganda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam “Jaʼfarning ahliga taom qilib beringlar. Ularni mashgʻul qiladigan narsa kelib qoldi” dedi” (Imom Termiziy rivoyati).
Demak, qarindosh va qoʻni-qoʻshnilar boshiga musibat tushgan xonadonga uch kungacha taom chiqarib turishi, kambagʻal oila boʻlsa ularga moddiy yordam berishi sunnatga mos ish. Musibat yetgan kishilar imkoni boʻlsa uch kundan soʻng kun tayin qilmasdan taom tarqatishi, ehson dasturxonini yozib, savobini mayitga bagʻishlashi joiz amal. Ammo bu ishlar omma uchun majburiyatga aylanib qolmasligi, qilmasa xijolat boʻlib, oʻzlarini aybdor his etishi darajasiga yetmasligi kerak. Bu har kimning sharoiti va xohishiga qarab belgilanishi zarur. Shuningdek, mazkur ehsonlar mayitning meros molidan merosxoʻrlarning roziligisiz amalga oshirilishi ham oʻzganing haqqiga eʼtiborsizlik sanaladi.
Shunday ekan, haqiqiy musulmon har bir ishni sharʼiy mezonlarga koʻra bajarishi, ayniqsa vafot etib ketgan yaqinlari uchun savob ulashish maqsadida qilayotgan amallarida toʻgʻri yoʻlni tutishi, savob qilaman deb zimmasida oʻzgalar haqqi qolib ketmasligini taʼminlashi zarur.
– “Salam bay” degani qanday bay? Shu haqda maʼlumot bersangiz...
– Shariatimizda xaridor pulni avvaldan berib qoʻyib, sotuvchi mahsulotni keyin yetkazib berishi – “salam” savdosi deyiladi. Aslida bu savdo hali mavjud boʻlmagan narsani sotish boʻlsa-da, uning joiz ekaniga Qurʼon, sunnat va ijmodan dalillar bor.
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi: “Guvohlik beramanki, maʼlum muddatga zimmaga olingan salaf (yaʼni, salam savdosi)ni Alloh taolo halol qilgan va ruxsat bergan. Alloh taolo shunday deydi: “Ey iymon keltirganlar! Bir-biringizdan biror muddatga qarz olib, qarz bersangiz, uni yozib qoʻyingiz” (Baqara surasining 282-oyatidan, Imom Hokim rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam Madinaga kelganida odamlar mevalar uchun bir, ikki yilga pul olardi. U zot alayhissalom “Kim xurmo uchun qarz olsa, maʼlum idish (oʻsha paytlarda mahsulotlar idishlarda ham oʻlchangan), maʼlum ogʻirlikka va maʼlum vaqtga olsin” dedi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Islom ummati salam savdosining joizligiga yakdil fikrga kelgan. Chunki savdoning bu turiga zarurat bor.
Salam savdosining rioya qilinishi kerak boʻlgan bir nechta sharti mavjud. Umumiy shart – mahsulotning miqdori va sifati maʼlum boʻlishi kerak. Masalan, kilo, idish yoki metrda oʻlchanadigan yoki sanaladigan mahsulotlar. Hayvonlar, ularning aʼzolari, terisi va qimmatbaho gavharlarda salam savdosi boʻlmaydi.
Salam bitimini tuzish uchun mahsulotning quyidagi jihatlari maʼlum boʻlishi lozim:
1) turi (masalan, bugʻdoy);
2) navi (lalmi yoki obi);
3) sifati (yaxshi, oʻrtacha yoki yomon);
4) miqdori (kilo, metr, dona yoki hajmi);
5) vaqti (salamning eng kam muddati – bir oy);
6) toʻlanadigan pulning miqdori (bitim oʻz kuchida qolishi uchun mahsulot sotmoqchi boʻlgan odam pulni oldindan olishi kerak);
7) mahsulotni tashish xarajatli boʻlsa, mahsulotni qayerga yetkazib berish joyi maʼlum boʻlishi kerak (“Fathu bobil inoya”, “al-Muxtor”).
Demak, yuqoridagi shartlarga toʻgʻri keladigan mahsulotlarga avvaldan pul berib qoʻyish joiz. Lekin salam savdosida belgilangan vaqt kelgach, mahsulotning narxi kelishilgan narxdan arzon yoki qimmat boʻlishi eʼtiborga olinmaydi.
Baʼzilar “Menga bir tonna kartoshka urug‘ bersangiz, kuzda hosilni yigʻishtirib olganimda toʻrt yo besh tonna qilib qaytaraman” deydi.
Bu savdo sharʼan durust emas. Chunki bir turdagi molni bir-biriga ayirboshlashda kam yoki koʻp qilib boʻlmaydi. Demak, bir tonna kartoshka urugʻlik olsa, shu miqdorda qaytariladi.
Bir jinsli molni ayirboshlashda nasiya qilish ham durust emas. Shuning uchun biror narsaning urugʻligiga muhtoj boʻlsa, ayirboshlash yoʻli bilan emas, naqd pul olib savdo molini nasiya qilish mumkin. Uning koʻrinishi quyidagicha boʻladi. “Hozir menga falon soʻm bersangiz, kuzda sizga toʻrt tonna falon navli, yaxshi sifatli kartoshkani falon joyga yetkazib beraman” deydi. Kuzda kartoshkaning narxi qancha boʻlishidan qatʼi nazar kelishuvga muvofiq miqdorda beradi. Shu holatda kuzda toʻrt tonna kartoshkaning pulini olish mumkin emas. Qolaversa, kartoshka oʻrniga sabzi, piyozga oʻxshash boshqa mahsulotni olib boʻlmaydi. Aks holda ribo boʻladi.
– Naqdga 10 soʻmga sotiladigan buyumni kreditga oʻxshatib 12 oyda boʻlib toʻlash sharti bilan 12 soʻm deb baholab, oyiga bir soʻmdan toʻlov shart qilib qoʻyilmoqda. Agar oyiga shart bajarilmasa, buyumni qaytarib oladi. Shu nasiya savdosi toʻgʻrimi? 12 oyga baylashib shu muddat ichida qurbi yetgancha toʻlab borishi nasiya savdosi deyilmaydimi?
– Savdo moliga naqdga falon soʻm, nasiyaga falon soʻm deb ikki xil narx belgilash mumkin. Uni oyma-oy toʻlashga yoki oxirida birdaniga toʻlashga kelishish ham mumkin. Nasiya savdoda muddat va narx aniq boʻlishi lozim.
“Oyiga shart bajarilmasa, buyum qaytarib olinadi” kabi shartlar qoʻyish mumkin emas. Chunki savdo bunday shartlarni taqozo qilmaydi. Agar shunday shart qoʻyiladigan boʻlsa, savdoni buzib qaytadan toʻgʻrilash kerak. Buning ustiga, nasiya savdosida ham bitim tuzilishi bilan mol xaridorning mulkiga oʻtadi va u sotuvchidan molning narxiga qarzdor boʻladi. Kelishilgan mablagʻni vaqtida toʻlay olmasa ham sotuvchi xaridordan sotgan narsasini qaytarib (tortib) ololmaydi. Lekin ikki tomonning roziligi bilan savdoni bekor qilish mumkin.
Shariatimizda tuzilgan savdoni buzish iqola deyiladi. Bu ish ikki tomonning roziligi bilan boʻladi hamda sotilgan mahsulot sotuvchiga, toʻlangan pul xaridorga qaytadi: “Iqola birinchi (berilgan) mablag‘ miqdori bilan toʻgʻri boʻladi” (“Fathu bobil inoya” kitobidan). Yaʼni, ikki tomon necha pulga kelishgan boʻlsa, ana shu pul miqdorida bekor boʻladi. Sotuvchi bundan ortiq yoki kam olishi mumkin emas.
Yuqoridagi gaplar xaridor mahsulotga hech qanday ayb yetkazmasdan qaytarib kelgan holatga tegishli.
Agar xaridor mahsulotni savdogar nazdida narxni tushiradigan ayb bilan qaytarib kelsa, yetkazilgan ayb miqdori xolis savdogarlarga baholatiladi. Agar savdogarlar “Ayb yetishi tufayli bu mashinaning narxi falon soʻm pastlagan” deb baholab bersa, sotuvchi iqola paytida oʻsha miqdorni ushlab qoladi va qolgan pulni qaytaradi.
Pulni vaqtida toʻlamagani sababli, darhol aqdni buzmasdan, ilojini qilib biroz muhlat berish ham tavsiya qilingan. Chunki Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda bunday deyilgan: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam “Kim nochorga muhlat bersa yoki undan bir qismini kechib yuborsa, Qiyomat kuni, uning soyasidan oʻzga soya boʻlmagan kunda Alloh taolo uni Arshining soyasi bilan soyalantiradi” dedi” (Imom Termiziy rivoyati). Agar muhlat bersa ham, muddat tugasa ham qarzini toʻlay olmasa, mazkur narsani tortib olmasdan, balki egasi bilan kelishgan holda sotib, qarzini undirib olsa boʻladi.
“12 oyga baylashib shu muddat ichida qurbi yetgancha toʻlab borishi nasiya savdosi deyilmaydimi?”. Bu nasiya savdoning bir turi – taqsit savdosi. Unda savdo moli naqd berilib, uning pulini berish kechiktiriladi.
Taqsit savdosi salam savdosining aksidir. Yaʼni, salam savdosida pul naqd berilib mol nasiya qilinadi. Taqsit savdosida belgilangan pulning barchasini yoki bir qismini nasiya qilish mumkin. Koʻpincha belgilangan mablag‘ bir necha qismga yoki bir necha bosqichga boʻlib ado etiladi. Agar belgilangan mablag‘ kelishilgan muddatning oxirida birdaniga ado etilsa, bu nasiya savdo boʻladi. Nasiya savdosida ham savdo bitimi tuzilishi bilan mol xaridorning mulkiga oʻtadi va u sotuvchidan molning narxiga qarzdor boʻladi.
Damin JUMAQUL tayyorladi.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2024-yil 4-son.
“Qaltis savollarga nozik javoblar” suhbati
Foto: Abdumannon Muhammad