Bugungi kunda mamlakatimizda “Yoshlar – Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari!” shiori ostida “Yangi Oʻzbekiston – Uchinchi Renessans” gʻoyasining roʻyobga chiqarilishini taʼminlash yuzasidan tizimli chora-tadbirlar belgilanib, ular muntazam ravishda ijroga qaratilmoqda. Bunda tashkilotchilik qobiliyati shakllangan yoshlar faollik koʻrsatishmoqda. Qoraqalpogʻistonlik Goʻzal Ibroyimova shunday yoshlardan biridir.

“Yoshlikda olingan bilim – toshga oʻyilgan naqsh kabidir: hech qachon oʻchib ketmaydi” deya taʼkidlashgan ajdodlar. Chindan ham, ilm shu qadar qudratli kuchdirki, u qancha sarflangani bilan kamayib qolmaydi. Bilʼaks, yanada mustahkamlanib, toʻlishib  sayqal topaveradi. Goʻzal Ibroyimova ilm yoʻlini tutib, bilganlarini oʻquvchilarga oʻrgatishdan charchamaydi. U 2022-yil 15-16-may kunlari Toshkentda oʻtkazilgan “Ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha eng faol targʻibotchi” respublika tanlovida faxrli ikkinchi oʻrinni egalladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Nukus tumanida joylashgan 19-umumiy oʻrta taʼlim maktabida ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimida faoliyat yuritayotgan Goʻzal Ibroyimova 1991-yilda Chimboy tumanida tugʻilgan. 2011-2015-yillarda Nukus davlat pedagogika institutida tahsil olgan. Oʻsha paytlardayoq ijodkorlik layoqatini namoyish etib, “Prezident asarlari bilimdoni”, “Eng yuksak maʼnaviyatli avlod” respublika tanlovlarida faxrli 1-oʻringa loyiq topilgan. “Kamolot-2011”, Ibroyim Yusupov nomidagi davlat stipendiyalari sovrindori boʻlgan. Ijodiy ishlari, targʻibot-tashviqot tadbirlaridagi faolligi hamda bilim doirasi kengligi inobatga olingan holda, u 2015-yili Qoraqalpogʻiston davlat universiteti magistratura bosqichiga imtihonsiz qabul qilingan.

Universitetni tugatgan yosh oʻqituvchi dastlab Kegeyli tumanidagi oʻrta maktabda  qoraqalpoq tili va adabiyoti fanidan dars berdi. 2009-yilda “Oydin yoʻl”, 2013-yilda esa “Umr fasllari” nomli sheʼriy toʻplamlarini eʼlon qildi. Bundan tashqari, dolzarb mavzulardagi 30 dan ortiq publisistik maqolalari va 35 ga yaqin sheʼrlari vaqtli matbuotda yoritilgan.

“Har bir ijodiy ishim nashrdan chiqqanida ich-ichimdan quvonaman, buni soʻz bilan taʼriflash qiyin. Ayniqsa, maktabda ijodkor yoshlar bilan ishlaganimda va ularning ijodiy mashqlari respublika nashrlarida eʼlon qilinishiga ozmi-koʻpmi hissamni qoʻsha olganimda ularning umidli yuz-koʻzlaridagi  quvonchlarini koʻrib,  ishimdan qoniqish hosil qilaman,” – deydi Goʻzal Ibroyimova samimiyat bilan.

Maqolamiz qahramoni joriy yil mart oyida “Koʻrishaylik, Boʻzatov” nomi bilan oʻzining uchinchi kitobini nashr ettirdi. Yigirmadan ortiq ilmiy ishlari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan Goʻzal Ibroyimova qoraqalpoq adabiyoti haqidagi ilmiy ishi bilan Gretsiyada oʻtkazilgan tanlovda oliy sertifikat bilan taqdirlangan. Hozirda u Qoraqalpogʻiston davlat universitetida doktorantura bosqichida “Maktabda 5-9 sinf oʻquvchilari uchun qoraqalpoq poeziyasi metodikasini oʻrgatish” mavzuidagi ilmiy ish ustida izlanish olib bormoqda.

Hayotda hech narsa abadiy emas, inchunin, sevimli buyumlarimiz eskirib, qiymatini yoʻqotadi. Istasak-istamasak, bolalik zavq-shavqi bir kuni xotiraga aylanadi-qoladi; avvaliga qadrdon maktabimizni, soʻngra dorilfununniyam tark etamiz. Demak, faqatgina oʻrgangan bilim va hunarlarimiz bizga bir umrga sodiq hamroh boʻlib qoladi.

“Baʼzida ota-onam, yaqinlarim kuyinchaklik bilan: “Sen charchamaysanmi? Hamma tanlovlarda qatnashishing shart emas-ku, faqat asosiylariga qatnash, yetadi” deb aytishadi. Men esa sira erinmay turli  tanlovlarda qatnashaverardim, hattoki, ketma-ket 6 yil davomida Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga ham qatnashib, respublika bosqichigacha borganman. Balki bugungi yutuqlarga erishishimga shunday tinimsiz saʼy-harakatlarim sababchi boʻlgandir”, deydi Goʻzal Ibroyimova  oʻz muvaffaqiyatlari sababi xususida mulohaza yuritar ekan.

Goʻzal bir gapni koʻp takrorlaydi: “Hozir oʻrganayotgan har bir narsamiz albatta, kelajakda oʻzining katta sabogʻini beradi!”. Bu uning shiori, taʼbir joiz boʻlsa, hayotining dastur-ul amali. Shu boisdan  u qaysi  ishga qoʻl urmasin,  ishlari barorli, faolligi esa shundoqqina koʻzga tashlanib turadi. Undan ibrat olishga oshiqing, izlanuvchan yoshlar!

Behruz XURRAM,

OʻzDJTU talabasi