Afsonalardagi uchar gilamlar uchoq koʻrinishida, gʻor ogʻzida aytiladigan sehrli soʻzlar kod shaklida hayotimizga koʻchdi. Mavjur barcha soha va yoʻnalishlar oʻziga xos inqiloblarni boshidan kechirdi. Faqat inson xilqatidagi aniq hamda mavhum oʻrin va ehtiyojlar avvalgidek.
Adabiyot ham katta yangiliklarni qabul qildi. Ammo mohiyatiga sinchiklab nazar solsak, barcha ...izmlarning ildizi folklorga borib tutashadi. Xalq ogʻzaki ijodining jonli eltuvchilari baxshilardir. Baxshilar azaldan soʻz sohiblari, tuygʻu zargarlari boʻlgan. Dostonlar qatida vatanparvarlik, doʻstlik, sadoqat, mardlik xislatlarini odamlarga yuqtirishda zamonlar osha koʻprik boʻlib xizmat qilib keladi. Bu ilohiy iqtidor egalaridan biri Oʻzbekiston xalq baxshisi Shodmon baxshi Xoʻjamberdiyev bilan oyina.uz muxbiri suhbat uyushtirdi.
– Yoʻlovchi safarga otlanar ekan, uning moʻljal olgan manzili qayer boʻlishi yoʻlga kuzatayotgan yaqinlari va yoʻldoshlariga bogʻliq. Manzilni toʻgʻri olgan ekansizki, bugun nomi chiqqan baxshisiz. Baxshi boʻlganda ham ijodkor, boyir baxshisiz. Yoʻlning boshi haqida eslasak. Baxshichilikka qiziqish qachon paydo boʻlgan, kim qoʻlingizga ilk marta doʻmbira tutqazgan?
– Bizning yoshlik vaqtlarimizda qishloqlarimizda har bir uyda bittadan doʻmbira boʻlgich edi. Oʻtiradigan katta uyning manglayida doʻmbira ilinib turgich edi. Bobolar suhbat, gurung qiladigan boʻlsa, doʻmbirada bir-bir kuy chalishgich edi-da, gurung qilgich edi. Mening otam ham, bobom ham doʻmbira chalgan. Otalarimiz “Doʻmbira yerda tursa uvol boʻladi”, deb oʻgit bergich edi. Shuning uchun biz bolalikdan doʻmbirani qandaydir bir sirli xilqat degan tushuncha bilan katta boʻlganmiz.
Mening qiziqishim shu otamlarning, bobomlarning gurungidan bir-ikki naʼma oʻrganib boshlangan boʻlsa kerak-da. Eslasam, 1974-yillar 1-sinfga borgan boʻlsam, shundan bir-ikki yil oldin qishlogʻimizga Oʻzbekiston xalq baxshisi Xoʻshboq baxshi Mardonaqulov keldi. Bir amakimizning uyida “Suluvxon” dostonini aytdi. Endi, boraman, deb qoʻymagan boʻlsam kerak, enam rahmatli iyartib bordi. Otamlar doston tinglab oʻtirgan ekan, shu uyga kiritib yubordi. Tomning burchagida toʻrkab turib “Suluvxon” dostonini eshitdim. Dostonni baxshi shunchalik maroq bilan kuylagan edi, men xuddi Gʻirotning beliga minganday, uchib ketayotganday besaranjom tingladim. Shundan baxshichilikka qiziqish boshlandi.
Oʻtiradigan xonamizda mixda osigʻlik turadigan doʻmbiraga boʻyimiz yetadigan boʻlib qolgandan keyin sal jurʼat paydo boʻlib, u yer-bu yeriga teginadigan, torlarini chertib koʻradigan boʻldik. Otalarimizdan, bobolarimizdan oʻrgangan naʼmalarni chiqarishga harakat qilardik. Otam katta chobagʻon edi. U paytlarda uloqqa borilgan joyda qoʻshxona tashlanardi: chobagʻonlar navbatma-navbat doʻmbirada naʼma chalib, qiziq-qiziq termalar aytib tongni ottirishardi. Mening otam ham koʻpkariga taalluqli besh-oʻnta naʼmani yetkazib chertardi. Naʼma degan kuy. Keyin... otamning ukasi – Ergash baxshi elga tanilgan baxshi edi. U akamiz 14-15 yoshlarida vafot etgan, kasal boʻlganmi, koʻzikkanmi, nima boʻlgan boʻlsa erta oʻlib ketgan. Men baxshichilik sanʼati boʻyicha 4-avlodman. Bizning oilamiz sanʼatga qiziqardi. Enam rahmatli ham qiziqar edi. Akam ham rubob chalib, tor chalib qoʻshiq aytar edi. Keyin-keyin Qodir baxshi, Chori baxshi, Xoʻshboq baxshilarni tanidik.
Qoʻlingizga kim ilk bor doʻmbira tutqazgan dedingiz. Biror odamning qoʻlimga “ma” deb doʻmbira ushlatganini eslashim qiyin, lekin bu quv yogʻochning oldidan indamay oʻtib ketolmaganman. Bunday oʻylab qaraydigan boʻlsam, meni uyimizdagi, qishlogʻimizdagi muhit, har oqshomlik baxshiyona gurunglar shu olamga olib kirgan ekan.
– Termizda birinchi Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali boʻlib oʻtgandan keyin nimalar oʻzgardi? Eʼtibor qaratilgan tomonda oʻzgarishlar boʻlishi tabiiy. Yaratilgan shart-sharoit, yoshlarning qiziqishi haqida aytib oʻtsangiz.
– Baxshilarning Prezidentimizga mehri juda zoʻr. Chunki bu inson koʻhna baxshichilik sanʼatining bitib borayotgan koʻzini ochdi. Bir vaqtlar ustoz Chori baxshi hazil qilib terma aytar edi: “Baxshilarning soyuzi yoʻq”, deb. Mana, hozircha “soyuz”imiz boʻlmasa ham boshimizni biriktirib turadigan markazlarimiz bor. Vohada katta baxshimi, mayda baxshimi, endi chiqayotgan oʻsmirmi – hamma bir-birini taniydi.
Endi birinchi baxshichilik festivaliga keladigan boʻlsak, koʻp ellarning sanʼati bilan tanishdik, yaxshi hamkor doʻstlar orttirdik, maqtansak, faxrlansak arziydigan festival boʻldi. Ustozimiz Qodir baxshi aytgich edi: “Noʻnoq baxshi boʻlsa ham berilib tinglanglar, bir yaxshi narsa oʻrganasizlar”. Hamma sanʼatda ham yangi avlodning dunyoga kelishi bogʻlovchi — koʻprik avlodning yutuqlariga bogʻliq. Agar baxshichilik shunchaki toʻy yoki davra sanʼati boʻlib qolaverganda, ixlosmandlari unchalik koʻpaymagan boʻlardi. Hozir baxshilarning ham, baxshichilikning ham obroʻsi baland. Tumanlardagi musiqa va sanʼat maktablarida baxshichilik sinflari bor. Qiziqqan bolalarga borib dars beramiz. Mening ham ertaga bemalol katta davralarga chiqa oladigan shogirdlarim bor. Samariddin degan shogirdim Toshkentga baxshichik fakultetiga oʻqishga kirdi. Abdumurod degan bir shogirdim undan ilhomlanib, belini besh joyidan boylab, oʻqishga tayyorgarlik koʻrib yotibdi. Elbek baxshi, Odil baxshi degan yosh shogirdlar ham bor, Xudo xohlasa bir kun kelib elning oldiga chiqadi.
– Ustoz-shogirdlik anʼanalari baxshichilikda boshqacharoq. Shogird maʼlum muddat ustozining soyasiga aylanishi shart. Sanʼatingizdan ustoz borasida omadi chopgan shogirdsiz. Ustozlaringizning sizga koʻrsatgan gʻamxoʻrligini shogirdlaringizga oshirib koʻrsatolyapsizmi?
– Oʻrovi keldi, shogirdlik kezlarimni bir maydon eslasam. Bolalik davrimiz boshqacha oʻtgan. Ustozni otaday ulugʻlaydigan odamlarning orasida kattarganmiz. Ustoz Qodir baxshi, ustoz Xoʻshboq baxshi, ustoz Chori baxshilardan saboq olganman. Qodir baxshining uyida oʻn yillab yurdim. Bunday odamlar har qanday oʻsmirni ham orqasidan iyartib yurmaydi. Katta ustozlar juda sinchi boʻladi, bitta naʼma chaldirib koʻrib, bahoni ichida berib qoʻyadi: boʻladigan bola boʻlsa toʻylarga, chaqiriqlarga ergashtirib yuradi; boʻlmaydigan boʻlsa, “bolam, yana picha vaqt elning ichida yuring, salgina pishing”, deydi. Biz, shogirdlari hech qachon “palon narsa qanday boʻladi, pismadoni qanday chalinadi” deb ustozning vaqtini olmasdik. Toʻylarga, chaqiriqlarga olib borardi. Biz u kishining gʻilofli doʻmbirasini koʻtarib yurganmiz. Doston aytiladigan kechalarda yonida oʻtirib, qaynoq suv uzatib turganmiz. Suvning harorati qancha boʻlishi kerak, qachon ichilishi kerak, kabi mayda-chuydalarni oʻz sezgimiz bilan bilib olardik. U davrlarda tong otguncha doston aytilardi. Ustoz har zamonda, charchagan vaqtlarida andak dam oladigan boʻlsa, mana, bizning bolamiz ham bitta aytib bersinqani, xaloyiq, deb bizga dostonning osonroq joylaridan bir navbat bergich edi. Toʻydan keyin ustozning uyiga qaytardik: ayoli bizga ham alohida oʻrin solib qoʻygan boʻlardi. Uyida xuddi farzandiday yashaganmiz. Yo ayolining, yo oʻzining muomalasida bir qiymaslik degan narsani payqamaganmiz. Keyin Xoʻshboq baxshidan ham xuddi shunday tartibda saboq oldik. Shotoʻra baxshi, Boyqul baxshi degan nomdor ustozlardan ham oʻz vaqtida koʻp narsa oʻrgandik. Bizga hech qachon ustozimiz “baxshi ana unday boʻlishi kerak, badihagoʻy mana bunday boʻladi” deb til bilan aytmagan. Lekin ustozning soyasiday boʻlib ergashib yurib bildikki, baxshi degani ham shoir, ham ijrochi, ham bastakor boʻlishi kerak. Bunday olganda baxshi aktyor, ham qiziqchi ekan. Dostonning qiziq joylariga kelganda tinglovchilarni sharaqlatib kuldirib ketishi kerak, qaygʻuli joylariga kelganda odamlarni yigʻlatib aytishi kerak. Taʼriflayotgan qahramonining ichiga kirishi kerak. Biz ustozlardan shu narsalarni oʻrgandik. Aytayotgan paytimizda, har bir soʻzimizga eʼtibor berardi. Termaning qofiyasini kelishtiraman deb har qanday gapni qoʻshib ketaverma, degich edi. Shuytib-shuytib, oz-ozdan oʻrganib keldik. “Dostonlarni behurmat qilma, odamlarning mehrini, hurmatini qadrla”, deb oʻrgatgichidi. Keyin esa oʻzimizdan kelib chiqib sal sayqallashtirgan boʻlamiz. Yana bir chiroyli anʼana bor: biz “pishib yetilganimiz”dan soʻng elning oʻrtasiga chiqish uchun ustoz duo beradi.
Men bir marta Qodir baxshi ustozning ruxsatisiz Tojikistonning bir joyiga toʻyga borib edim. Mendan keyin bir hafta oʻtib u kishining oʻzi ham sho‘ qishloqqa borganida, odamlar men haqimda yaxshi gaplarni gapirib qolishibdi. Shundan keyin ustoz uyimizga keldi. Otamlar, ogʻaynilar yigʻildi. Qoʻy soʻyildi. Elning oldida ustoz menga: “Shotoʻraday baxshi boʻlgin, Shodmon-a, Sheʼrlar aytib yaxshi boʻlgin, Shodmon-a. Har davrada joʻshib aytgin qoʻshiqni, Yomonlarga qarshi boʻlgin Shodmon-a. Erka degan oʻtgan ekan Alimday, Erkalanib usta boʻlgin, Shodmon-a. Bitta oʻzing joʻshib aytgin har yerda, Koʻpayishib yuzta boʻlgin, Shodmon-a”, deb duo bergan edi. Endi menga duo berayotganda shunday degan: Birinchidan, dogovorni qattiq, katta qilmaysan, kelishtirib narx aytasan, elning oʻzi ham beradi, degan. Keyin, nohaqlik qilmaysan. Masalan, bu yoqda bir suvchining toʻyiga boraman deb vaʼda berib qoʻyib, ertaga kalxozning raisimi, kattaroq odamning toʻyiga ketib qolmaysan. Uchinchidan, beadab, yomon yoʻllarga yurmaysan. Yolgʻon gapni aytmaysan, dostonlarni behurmat etmaysan. Bir xil odamlar, Alpomishning shamollab turgan joyini ayting, deydi-ku, ahmoq odam ham koʻp-da. Alpomishning unday qilib turgan joyidan ayting, Goʻroʻgʻlining bunday qilib turgan joyidan ayting, desa, baxshi vaysab qolsa, nomaʼqul. Ana shu qiliqlarni qilmaysan, deb ustoz bizga duo bergan. Mahovat boʻlsa ham aytayin, Qodir baxshi duo bergan yakka shogirdi menman.
Shundan keyin oradan 20 yillar oʻtib, bir toʻyda oʻtirgan vaqtimiz Xoʻshboq baxshi ham termani toʻxtatib, meni chaqirib: “Ke, bolam, menam senga bir duo berayin”, deb duo berdi. Bu sanʼatda amal qilib kelinadigan tartiblardan, siz aytganday anʼanalardan biri shuki, ustozning duosini olmay turib, elning oʻrtasiga chiqa olmaymiz.
Shogirdlarimga baholi qudrat nimadir berib, ustozlarim oldidagi qarzlarimni uzishga harakat qilyapman. Hozir bir nima deyolmayman, oʻn-oʻn besh yillardan soʻng mehnatimning samarasini koʻraberasizlar, xudo nasib...
– Uloq chopganda talabgor qancha koʻp boʻlsa, chavandoz “hayt”ining zavqi shuncha yuqori boʻladi. Shu jarayon ichidasiz, bugun eng zoʻr baxshi kim, sizdan keyin?
– Oʻzi elning oʻrtasiga doʻmbira koʻtarib chiqqan odamning ichida oʻti boʻladi. Lekin ularning hammasini ham Qodir baxshi qarichiga toʻgʻri keladigan baxshi deyolmaymiz. Masalan, Qodir baxshining farzandlari Qahhor baxshi Rahimov, Abdumurod Rahimov, Bahrom Rahimov, keyin Baxshiqul baxshi, Abdunazar baxshi Poyonov, ijodi eng gullab-yashnab turgan Safar baxshi, Oʻrol baxshilar bor. Baxshilar orasida “palonchi zoʻr, pistonchi kamzoʻr” degan baho yoʻq. Baxshining sanʼatini el baholaydi. Har bir baxshining oʻz muxlislari bor. Shuning uchun elimizning ming yillik hikmatlarini, dostonlarini yuragida bir gʻaznaday olib yurgan hamma baxshini men zoʻr deyman. Mayli, xato qilsin. Oʻrgansin. Bir kun katta oqimga qaytadi. Qaytmasa ham Xudo xayrini bersin.
– Oʻgʻlingiz Sherali ham vohada yetishib kelayotgan umidli baxshilardan. Oʻgʻlingizga nega oʻzingiz ustozlik qilmagansiz, boshqa baxshiga shogird tushirgansiz?
– Endi bu bunday. Masalan, Sherali baxshi enadan tugʻilgandan keyin, beshikda yotgan vaqtlarida doʻmbira kuyini, qoʻshiqni allani eshitganday eshitib katta boʻlgan. U mening oʻgʻlim. Mendan botinib soʻrayolmaydigan joylari boʻlishi mumkin. Ota-bolalik pardasi boʻladi-da baribir. Keyin ham, Abdunazar Poyonovning togʻa tomonligi ham bor. Mening ustozim Qodir baxshi aytishi boʻyicha, qanday baxshi qoʻshiq aytsa eshitish kerak, har bir aytimda bir buyuk soʻz bor, shunda tinglayotgan baxshiga ham bir buyuk soʻz kelib qoladi. Endi men oʻzimcha oʻgʻlim Sherali baxshini Abdunazar baxshining, Qahhor baxshining, Abdumurod baxshining shogirdi, mening shogirdim ham deb hisoblayman-da.
– Dunyoni bir tomondan texnika ishgʻol etib boryapti, bir tomondan koʻngil(aldar)ochar mashgʻulotlar koʻpayib ketdi. Bu sanʼat – baxshichilik sanʼati qachongacha davom etadi deb oʻylaysiz?
– Hozirgi yoshlarning bosimi “iyaha-aha, iyaha-aha” deb, yengil-yelpi qilib aytayapti. Bunday toshi yengil, tuturuqsiz narsalar baxshichilikka toʻgʻri kelmaydi. Bir-ikki baxshilarga, bunday qilma, bu qoʻshiqni bunday aytma, degan vaqtimda, zamon tezlashayapti, siz nimani bilasiz, siznikiday eskicha qilib aytamizmi, degan. Biz oʻzimizning qadriyatimizni, ota-bobomizdan qolgan meros sanʼatni buzib tashlab bermasligimiz kerak-ku kelajak avlodga. Sherobodda baxshichilik maktabi jonli tarzda qolgan. Sherobod baxshichilik sanʼatining oʻchogʻi deb faxrlansak boʻladi. Endi buni biz buzmasligimiz kerak-da. Masalan, vodiyda lali bilan qoʻshiq aytadi-ku, nimaga laliga ionika qoʻshmaydi yoki gitara qoʻshmaydi. Qoʻshsa boʻladimi shunga? Yoʻq! Baxshichilikda joʻr qilib aytasan deganlari ham boʻlyapti. 5 ta, 10 ta kishi boʻlib, joʻr qilib aytasan, deyapti. Lekin bizga u toʻgʻri kelmaydi. Baxshi yakkaxon ijrochi. Nima boʻlgan taqdirda ham anʼanani, qadriyatni buzmasligimiz kerak. Ota-bobomizdan qolgan meros, sanʼatni bus-butunligicha kelajak avlodga berishimiz kerak.
Yoshlar orasida dostonlarni toʻliq biladiganlari ham kamayib ketyapti. Ustozim Xoʻshboq baxshi Tojikistonga borib oʻn bir kun doston aytgan. Bir kolxozning raisi qishlogʻidagi toʻy qiladiganlarga navbati bilan toʻy kunini belgilatib, ustozimni xizmatga chaqirgan. Birinchi kun birovinikida, ikkinchi kun boshqasinikida – oʻn bir kun doston aytgan.
Baxshichilik sanʼati qachongacha davom etadi?.. Bu savol meni ham koʻp oʻylantiradi. Odamda koʻngil bor ekan, bu sanʼat davom etaveradi. Faqat, biz bu omonatga xiyonat qilmay, asliday kelajakka uzatishimiz kerak. Qoʻrqaman, oʻtgan baxshilar bizdan ogʻrinmayaptimikan. Yoshimiz ustoz yoshida-da, buning ham masʼuliyati bor. Termizda baxshichilik maktabi ochilganda Abdunazar baxshi bilan hech qanday oylik yo boshqa tamasiz bir yil qatnab dars berdik. Agar, universitetlar, oliygohlarga ham borib dars oʻtish kerak boʻlsa, jonimiz bilan dars oʻtib beramiz. Faqat, baxshichilik sanʼati buzilmay avlodlarga yetsa boʻldi.
– Baxshining eng katta baxti va baxtsizligi nimalar?
– Baxshining baxti... Alimardon Toʻrayevning kinosini koʻpchilik koʻrgan. Boshida Alimardon Toʻrayevni xalq qanday qabul qilgich, qarsak, olqishlar bilan davrada kutib olgich edi. Bir vaqti keldi-da, xato ishlarni qildi, oxirida el sahnadan haydab yubordi.
Xudo obro‘ bersin, bizning qoʻshigʻimizni bitta boʻlsa ham odamlar eshitsa, sahnadan, davradan haydamasa, shu bizning baxtimiz. Haydagan kuni oʻlgan kunimiz. Baxshilarning bir-biriga gʻirromlik qilmasligi, yolgʻon aytmasligi, vaʼdasiga vafo qilishi, mardligi baxshichilikning oltin qoidasi!
Nargiza ODINAYEVA
suhbatlashdi