“Orzularim bilan qolaman!”
Qadimgi yunon tarixchisi Plutarxning “Iskandar Maqdunli” asarida buyuk jahongir hayotidan shunday bir misol keltiriladi.
Jang-u jadal bilan hind tuprogʻiga yetgan olamgir ilk marta hayratda qoldi. U oʻz lashkari bilan boshkenti-yu atrofdagi qishlog‘-u ovuli oʻta qashshoq boʻlgan bir oʻlkaga duch kelgan edi. Oddiy aholi nari tursin, hatto hokim ham Iskandarning oddiy oʻnboshi askaricha boylikka ega emas ekan. Boshqa joylardagidan farqli oʻlaroq, bu yurt jangsiz taslim boʻladi. Hokim Iskandarni bir kunlik yoʻlga chiqib, izzat-ikrom bilan qarshi oladi. Atrof-javonibdagi kishilarning bunday qashshoq hayotini koʻrgan jahongir lashkarlari bilan yarim dunyoni zabt etib orttirilgan boylikning oʻziga tegishli qismi – yetti arava oltin-kumushni aholiga hadya qilib yuboradi.
Ne ajabki, hamyoni boʻm-boʻsh podshoh! Bu holdan hayron boʻlgan uning yaqin aʼyoni, doʻsti, ikki bor Iskandarni oʻlimdan saqlab qolgan Klit shohga yuzlanib deydi:
– Sen qanday shoh boʻldingki, bir zarra oltinsizsan? Haraming va oʻzingni oʻylamading. Endi xizmatkorlaring seni tark etadi. Kim bilan qolasan?
Iskandarning Iskandarligini anglatuvchi buyuk javobni tinglang!
Filip shohning oʻgʻli deydi:
– Orzularim bilan qolaman!
Jarayon oqimidamiz!
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgan pallada mamlakatning 19-20 million aholisi bor edi. Hozir 35 milliondan oshdi. Orada 30 yil vaqt oʻtdi. Toshkentga borib koʻrmagan odamlarimiz ummon ortiga ham yoʻl tortmoqda. Rossiya, Qozogʻiston, Turkiyaga borish, ishlash, pul topib kelish esa soʻz ustasi Hojiboy atganidek, “oʻzimizning Xitoy qishloq”qa borishdek joʻn gap boʻlib qoldi.
Rus shaharlarida oʻzbeklarning mavzelari paydo boʻldi. Buning ijobiy yo salbiy jihatlariga baho bermoq payida emasman. Bu – dunyoni qamrab olgan jarayon. Bu – odamzotning ijtimoiy tornado sabab paydo qilgan girdobi. Bu – muzlik davrida jonivorlarning buyuk koʻchishiga oʻxshagan hodisalar tizimi. Biz Yevropaga, Amerikaga, Osiyoning yirik megapolislariga talpinayapmiz. Turkiya, Yaponiya, Janubiy Koreyaga, Arabiston shaharlariga intilayapmiz. Ular esa oʻz navbatida oʻzga manzillarga koʻz tikmoqdalar. Nega?
Javob bunday: odamzot hashamga mukkasidan ketdi. Odamzot bodilashdi, betoqat va qanoatsiz boʻlib qoldi. Qizishmay gapni eshiting, azizim. Biz muhtoj yo qashshoq emasmiz. Biz bir kunlik taomi boʻlsa, shukur qilib, ertaning iqbolini Allohga tavakkal qilgan sarzamin diyor, bobolari xudoni tanigan millat edik-ku! Bugun esa aytar ogʻizga shunday boʻlib qoldik. Biz boyiyapmiz, lekin xasis boʻlib boyiyapmiz. Qoʻy soʻysak, nochor qoʻshnini unutib boyni dasturxonga chorlaymiz. Rizqni Tangri taolo ulashishini unutayapmiz. U zotga munofiqlik bilan hamd aytsak ham xayolimiz hamrohimizning choʻntagidagi tilloning shiqir-shiqirida turadi. Shu bois XXI asr kishilarini taqdir sarson qilib qoʻydi. Bu jarayonni hech bir davlat yo xalqaro tashkilot tartibga sololmaydi. Dunyo qorishib ketdi. Xalqlar aralashuvi haddi aʼlosiga chiqdi. Oyga ketishga pul yigʻayapmiz. Koʻhna qitʼa, anchagina oʻziga toʻq, madaniy Yevropada ham migrantlar masalasi, AQShga koʻchib ketayotgan qitʼa aholisining qismati muammo darajasiga yetilib keldi.
Biroq gap boshqa narsa haqida. Yaʼni, qoʻrqmay yashash xususida. Qoʻrqmay yashash deganda Afgʻonistondagi kabi hayotini asrab qolish uchun oʻzga joylardan boshpana izlashni nazarda tutmayapman. Oddiy, jimjimalarsiz, ularga intilmasdan, nafs qutqusidan ozod boʻlib yashashni aytmoqchiman. Iskandar aytganidek, orzu bilan ham yashash mumkinligini aytmoqchiman.
Orzuga qorin toʻyadimi deguvchi odam koʻp, ammo hayot qorin va uch qavatli uydan yoki ertaga nonni qaerdan topsam ekan degan qoʻrquvdan koʻra teran va maʼnoliroq ekanini tushunib yetmoq kerak.
Olti yildan beri bir uyni tugal bitirolmay, oʻn besh yildan beri xorijda yurgan, onasi vafot qilganda janozaga yetib kelolmagan, ammo oʻgʻlini uylantirganda oʻsha toʻliq bitmagan uyning kelin tushadigan xonasini pardozlash uchun bir “Lasetti”ning pulini tikkan, uyining hajmi 25x18 qadam boʻlgan bir kishini taniyman. U toʻy yo maʼraka qilsa eng katta mehmoni mahalla raisi yoki Toshkentdan borib qolsam – men boʻlaman. Oʻn besh yildan beri xorijda, qoʻli gul usta, oshpaz, sartarosh, yaxshi inson, ammo oʻn daqiqa odamga oʻxshab gaplashib oʻtirolmaysiz. Tashvishi boshidan oshib-toshib yotibdi. Uyining tomiga 420 ta shifer ketibdi, kelin tushgan xonada toʻrt xil almashib yonadigan chiroqlar, xorazm gilamlari... Hammom, oshxona tomoni hali xom gʻisht holida turibdi, qumsuvoq qilish kerak, pardoz-andoz, buyogʻi qiz ham uzatadigan yoshga yetib kulibgina turibdi. Qoʻllari qadoq bu qizginani parvardigor piyoz paykalning ichida oʻt yulib yitib ketsin deb yaratmagandir!?
Dodlab yuborgim keladi. Odamlarimizning feʼlidagi nafs qoʻrquvining vahshatidan yuragim ogʻriydi. Bechora hamqishlogʻimning qulogʻiga mening bironta gapim kirmaydi. Unga pul kerak, koʻp pul... “Vasvasagen!”.
Yurtning har burjiga turli sabab bilan borib-kelib turaman. Hamma qishloq va shaharlarda ham ahvol bir xil – odamlarning kallasiga shunday bir vahima in qurib olgan. Toʻgʻri, ajoyib uylar, yaxshi mashinalar, qulay yashash tarzi... hammasi kerak. Urush yillaridan keyingi xarob hayotni men ham istamayman. Lekin bu oʻrinda juda katta, aslida eng katta xazinani boy berayapmiz. Bu – yoshlar! Qush uyasida koʻrganini qiladi. Uyda ham, maktabda ham, koʻcha-koʻyda ham bolalar havas qilayotgan narsalar faqat moddiyat boʻlib qolmasligi kerak, ogʻalar!
– Rossiyada ikki aka-uka uch yil ishlab kelib, “Malibu” oldi. Qoyil!
– Farmon akaning uyiga kollejimizdan ham koʻp pul ketgan. Qayerdan topdi buncha pulni?
– Ie, oʻtgan yili uch oʻgʻli oyiga 1000 dollardan pul yubordi Koreyadan...
– Oʻgʻlim, bu yil piyozga yaxshi qaranglar, biz ham uyni yangilaylik. Bobong zamonidagi uyda qopketdik.
– Oʻgʻlim, shu Shahnozaning koʻnglini top, senga tegishga roziligini ol. Qaynotang tumanni ushlab turgan odam boʻladi. Pichogʻing quyruq ustida deyaver keyin...
Bolalik, oʻsmirlik, yigitlik, or-gʻurur oʻgʻirlanayapti. Sevgi suvga oqayapti, tuygʻular andarmon holida hisoblashilmay botin boʻlib ketmoqda. “Xorijda hojatxona kovlasang ham mayli, katta pul topsang boʻldi – boshqasi bekor!”.
Men orzulayotgan ozod, qoʻrqmay yashaydigan odamlar qanday boʻlsa edi?!
Qanoatli, gʻururli, Haqni tanigan, pulsizlik aslo gʻamgin qilolmaydigan odamlardir ular! Yoʻqchilik ham, sinovlar ham Haqni tanimagan kimsani gʻussaga koʻmadi. Buning ustiga bunday odam hech qachon katta boylikdan ham halovat topolmaydi.
Haqni tanigan odam doim shodmondir.
Shu asnoda ustoz Shukur Xolmirzayevning “Oʻzbek xarakteri” hikoyasi esga tushadi. Naqadar bardoshli, qanoatli, kengfeʼl oʻzbeklar. Menimcha, unday oʻzbeklar oʻsha hikoyada saqlanib qoldi-yov. Millatning tarix muzeyiga eksponat boʻldikmi hali?! Shunday tob tashlab qolayaptimi bu ulus?!
Sezayapman, aziz jurnalxon, ichingiz savolga toʻla. Ushbu soʻroqlarni taxminan tinglab ham turibman.
– Nima, oʻzbekning uyida hammom boʻlmasligi kerakmi? Odamga oʻxshab mashina minmasinmi?
– Oʻzbek uch qavatli uy qursa, nima ayb?
– Katta pul topsa nimasi yomon?
Javobim bitta:
– Oʻzbek hashamdan oldin gʻururini tiklasin! Yillab yiqqanini 500 kishilik toʻyda sovurmasin! Bir xonali uyning pardozi uchun ketadigan pulga mashina berayotgan bir paytda poyezdga osilib Rossiyaga bormay, mashina olsin! Oilasini mindirib, Imom Buxoriyga ziyoratga kelib ketsin! Hayotning zavqini tuysin! Oʻzbek jonigayam achinsin axir!
Hozir ustadan koʻpi yoʻq! Qoʻshni bilan ogʻizbirlikda hasharlashib, moʻjaz hammom tiklasin! Ishni tugatgach, loy supaga chiqib olib kelin suzib kelgan oshni yesin! Oʻtgan-ketgandan gurungni ursin! Mayli, biror toʻrt-besh qoʻl shaxmat ham oʻynasin. Birining uyidan ikkinchisi peshonasi terlab, loʻmbillab chiqsin!
Oʻzbek “Ertaga nima qilamiz, bir qop bugʻdoy qopti, oʻgʻlim? Toshkentga borib bir oy ishlab kel, maktab ham bir gap boʻlar” demasin!
Aksincha, “Bolam, oʻqishga zoʻr ber! Tejabroq ishlatsak, bugʻdoy oʻrimga yetamiz. Oyqashqa sigirimiz ham hademay tugʻadi – sut-qatiq moʻl boʻladi. Sen oʻqi! Katta odam boʻl! Elga nafing koʻp boʻlsin!” desin!
“Shuncha yiqqan boyligim – dangʻillama uyim, mashinalar – hammasi seniki! Otangning davrida qandingni ur!” demasin!
Buning oʻrniga yangi oʻzbek puldori “Sharoitni qildim! Endi sizdan talab – oʻqish va hunar oʻrganish! Dunyoga chiqadigan odam boʻlish! Kunlik hisob berasiz bizga!” desin!
“Ha, bu vatan masalasi” desin! Deyolsin!
Oʻzbek haqqini tanisin. Huquqini bilsin! Haq boʻla turib ham merovlanib, yelkasini qisib turmasin! Mahalla raisi bekorga mahalla raisi emas yoki hokim baribir hokim-da deb xushomadga yuz burmasin! Oʻzini tanisin! Umummanfaati degan muqaddas tushunchani kir oyoq bilan toptamasin! Mustaqillik voqeasiga shubha bilan qaramasin! Bobolari uy emas, davlat qurgan xalq farzandi ekanini unutmasin!
Bir-birimizni sogʻinaylik...
Men oʻqishga kirgan 1999-yilda oʻnta talaba shartnoma asosida oʻqishga kirdi. Shularning oltitasi oʻqimadi, oʻqishni tashlab ketdi. Qiyin edi, pul yoʻq edi. Non anchagina totli edi. Hozir oltita talabaning pulini superkontraktga toʻlayotgan ota ham zamondan noliydi.
“Zamondan nolimang! Zamonning egasi menman!” degan parvardigor! Biz oʻtgan yigirma yilda “pul boʻlsa – changalda shoʻrva, pulsiz hech narsa bitmaydi” degan aqidani miyasiga singdirgan avlodni jamiyatga chiqarib yubordik. Bu – fojia! “Pul boʻlmasa oʻqishga kirib boʻlmaydi. Pul boʻlmasa ishga joylasholmaysan. Pul boʻlmasa birov qizini bermaydi!”. Shu fikrlar bilan ulgʻaygan avlod bugun ota boʻldi, ona boʻldi. Va gangib qoldi. Koʻzi och boʻlib katta boʻldi ular. Endi esa kimoʻzar boshlandi. Gaplashadigan odam qolmayapti.
Axir hashar bilan uylar bitar, toʻyona bilan toʻylar oʻtar, bir qozon osh hammaga yetar edi-ku?
Qani oʻsha oʻzbek? Men oʻsha oʻzbekni, erkin, ozod, kengfeʼl, har qanday holatda millati shaʼni uchun kurasha oladigan, yengilsayam bosh egmaydigan oʻzbekni sogʻindim.
Xulosa
Bolalarni, oʻsmirlarni qoʻrqitmaylik! Bu sarzamin diyorda, ikki daryo oraligʻida qanchalar ocharchilik, qahatchilik boʻlsa ham odamlarga mehr-oqibat tayanch va quvvat boʻlgan. Temur bobo bekorga Samarqand shahriga Doniyol alayhissalomning jasadini keltirib koʻmmagan! Xalqni Ollohning paygʻambari yer ostidan turib ham duo etib turadi.
Biz endi gʻururi boʻyidan baland avlodlarni tarbiya qilaylik!
Shodmonqul SALOM
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2022-yil 2-son.