Savollarga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi direktorining oʻrinbosari Gʻulomiddin Xolboyev javob berdi.

– Menga bir doʻstim pul berib, “Buni falonchiga berib qoʻy, senga omonat” dedi. Shu pulni oʻz ehtiyojim uchun sarfladim. Lekin doʻstim aytgan vaqtda uning pulini aytilgan odamga yetkazdim. Mening ishimda biror xato boʻlmadimi?

– Bismillahir rohmanir rohiym. Albatta, bu ishda xatolik bor. Yaʼni, sizga berilgan pul omonat, uni omonat egasining roziligisiz oʻz ehtiyojingizga sarflash xato va omonatga xiyonat boʻladi. Albatta, omonatni egasining roziligi bilan ishlatish mumkin. Agar egasining roziligisiz ishlatib yuborilgan boʻlsa, bu omonat hukmidan chiqib, toʻlab beriladigan haqqa aylanadi.

Bu haqida “Fatovoi Olamgiriy” kitobida bunday deyilgan:

“Bas, uning (omonatning) hukmi, berilgan kishining huzurida saqlanishi vojibdir. Va uning qoʻlida omonatga aylanadi. Hamda egasi talab qilgan vaqtda uning qaytarilishi shartdir. “Shumaniy”da ham shunday zikr qilingan. Omonat mol boshqaga omonatga, oriyaga (evazsiz vaqtincha berish), ijaraga va garovga berilmaydi. Agar omonatga olgan kishi shulardan birini qilsa, toʻlab beradi”.

– Menga bir ilmli kishi “Asr namozidan keyin kitob oʻqilmaydi” dedi. Shu toʻgʻrimi?

– Bu haqda shariatimizda qatʼiy bir qaytariq yoʻq. Shuning uchun “Asr namozidan keyin kim kitob oʻqisa gunohkor boʻldi, shariatga zid ish qildi” deyilmaydi. Ammo Ahmad ibn Hanbal rahimahulloh baʼzi kishilarga asrdan keyin kitob oʻqimaslikni va buning koʻzga zarari borligini aytgan. Jumladan, “Kashful xafo va muziylul ilbos” kitobida shunday keltiriladi:

“Imom Ahmad rahimahulloh baʼzi doʻstlariga asrdan keyin kitobga qaramaslikni va bu tavsiya tabiblarning koʻrsatmasi ekanligini aytdi”.

Lekin bu qaytariqni sharʼiy jihatdan emas, balki tibbiy jihatdan koʻzga zarari borligi bilan izohlagan.

Bugungi kunga kelib zamonaviy yoritish moslamalari koʻrish qobiliyatiga zarar qilmaydigan darajada yoritib bersa, kitob oʻqishga tibbiy tomondan ham monelik qolmaydi va bemalol asr namozidan keyin ham ilm hosil qilish mumkin boʻladi.

– Men koʻpqavatli uyda turaman. Qoʻshnimning “Wi-Fi” (Wireless Fidelity) kodini bilib olib, undan foydalanishim toʻgʻrimi? Lekin ruxsat soʻramaganman.

– Qandaydir yoʻl bilan “Wi-Fi” kodini bilib olib, ruxsatsiz ishlatishingiz toʻgʻri emas. Albatta ruxsat olib ishlating. Paygʻambarimiz Rasululloh sallollohu alayhi vasallam shunday degan:

“Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, magar oʻzi rozi boʻlib, koʻnglidan chiqarib bersagina halol boʻladi” (Imom Ahmad rivoyati).

– Maʼlumki, hozirgi kunda haydovchilar odamlarni manziliga eltish bilan birga baʼzi yuklarni ham tashiydi. Ularning urfida bu yuklar “pochta” deyiladi. Ular mazkur “pochta”larni manziliga eltib bergani uchun haq oladi. Ushbu haydovchilar mazkur yuklar uchun masʼul hisoblanadimi? Agar haydovchi “yukka oʻzim javob beraman” deb xizmat haqini koʻproq olsa-chi?

– Bu ijaraga tegishli masala boʻlib, savoldagi haydovchilar shariatda “ajiri mushtarak” deyiladi. Yaʼni, odatda yollanma ishchilar ikki turga boʻlinadi: “ajiri xos”, yaʼni maxsus bir kishi yoki aniq bir muassasa uchun ishlaydigan xodimlar va “ajiri mushtarak”, yaʼni umumiy ishchilar boʻlib, ular bir kishi yoki aniq bir tashkilotga emas, balki barcha uchun xizmat qiladigan taksi haydovchilari, tikuvchilar va imorat ustalari kabi yollanma ishchilardir. Ajiri xos yukka masʼul boʻlmaydi. Chunki yuk uning qoʻlida omonat boʻlib, omonatga uning aybisiz talofat yetsa, toʻlab berishi vojib emas. Ammo uning aybi yoki beparvoligi tufayli zarar yetsa, albatta uni toʻlab beradi.

Bu borada “Fathu bobil inoya” kitobida bunday deyilgan:

“Ajiri xos barchaning ijmoʻsi bilan qoʻlida halok boʻlgan yoki odatiy ishi sababli talofat yetgan narsaga zomin boʻlmaydi”.

Imom Abu Hanifa rahimahulloh ajiri mushtarakda ham hukm xuddi shunday deb aytgan. Ammo Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad rahimahumalloh “ajiri mushtarak zomin boʻladi, yaʼni qoʻlidagi yukka zarar yoki talofat yetsa, toʻlab berishi lozim boʻladi” deb aytganlar. Lekin gʻolib keluvchi umumiy ofat bundan mustasnodir. Yaʼni haydovchi yukni olib ketayotgan paytda unga bogʻliq boʻlmagan tabiiy ofat yoki uning aybisiz avtohalokat, yongʻin, suvga gʻarq boʻlish kabilar tufayli u olib ketayotgan yukka zarar yetsa, albatta ikki imomga koʻra ham haydovchi zomin boʻlmaydi.

– Men plastik kartamga bir kishidan 5 million soʻm qarz oldim. Oʻtkazilgan 5 million soʻm ustiga toʻlov tashkiloti (ilova) oʻzining 0,5 foiz haqini qoʻshib hisoblab, u insondan 5 million 25 ming soʻm yechib oldi. Endi men qarzni qaytarish paytida 5 million soʻm ustidagi 25 ming soʻmni ham qoʻshib, 5 million 25 ming soʻm qilib qaytaramanmi yoki 5 million soʻmning oʻzinimi?

– Qarz muomalasida qarzni yetkazib berish xarajatlari qarz oluvchining zimmasiga tushadi. Bu borada “al-Bahrur-roiq” kitobida shunday zikr qilingan: “Qarzni berishning xarajatlari qarz oluvchining zimmasiga lozim boʻladi” (Savdo-sotiq bobi).

Shunga koʻra plastik orqali oʻtkazilgan qarz uchun olingan 0,5 foiz kabi xarajatlarni qarz oluvchi toʻlab beradi. Bu xuddi naqd pulni qarzga olish uchun qarzdor yoʻlkira sarflab, kelib olib ketishi kabidir.

– Ikki kishi bir mashinani sherik boʻlib sotib olsa, keyin biri ikkinchisiga oʻz ulushini boʻlib toʻlashga sotishi mumkin deb eshitdim, shu toʻgʻrimi?

– Toʻgʻri. Ikki kishi bitta mashinani oʻrtaga pul tashlab sotib olgan boʻlsa, soʻng sheriklardan biri oʻzining hissasini sotmoqchi boʻlsa, xohlasa naqd savdo bilan, xohlasa nasiya savdo bilan, xohlasa oʻz sherigiga, xohlasa begona odamga sotishi mumkin. Faqat boʻlib toʻlash orqali nasiya savdo qilinganda qiymat va muddat aniq boʻlishi shart. Bu haqda fuqaholarimiz shunday deydi:

“Sheriklardan biri oʻz ulushini xohlasa oʻz sherigiga, xohlasa sherigining iznisiz boshqa kishiga sotishi ham mumkin” (“Durarul hukkam”).

Damin JUMAQUL tayyorladi

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2024-yil 2-son.