Bugun oʻzbek seriallari haqida mavzu ochilsa, yoppasiga tanqidiy fikrlar oʻrtaga tashlanadi. Kimdir tanlangan mavzularga, kimdir badiiy saviyaga, yana kimdir aktyorlar ijrosiga eʼtiroz bildiradi. Lekin bu tanqidiy fikrlar sabab seriallar toʻxtab qolayotgani yoʻq, aksincha, yildan yilga koʻpayib borayapti. Demak, bizning gʻashimizni keltiradigan “mahsulot”larga talab bor. Serial bo‘yicha mulohazalar esa tarvaqaylab ketgan. Tahlil qilamiz desak, maqolaning oʻzi seriallardek mavsumlarga boʻlinib ketadi. Oyina.uz dastavval seriallarga asos boʻlayotgan mavzularga eʼtibor qaratishni lozim topdi.
Boy va qashshoq toʻqnashuvi
Oʻzbek film va seriallarida aynan boy-kambagʻal oʻrtasidagi munosabatlar mavzusi birinchilardan boʻlib tomoshabinlar meʼdasiga tekkan. Qachonlardir bu mavzu trendda boʻlgan, bugun ham onda-sonda koʻzimiz tushadi. Shu sababdan, chetlab oʻtolmadik. Aslida bu munosabat bizga hind filmlaridan yuqqan deyish mumkin. Sababi, uzoq yillar davomida Hindiston mediasida kambagʻal va boylarning toʻqnashuvi – favqulodda kambagʻal odamlarning gʻalabasi effektiv sujet hisoblangan. “Taʼsirchan” oʻzbek ijodkorlari bu sujetni bizning film va seriallarga ham koʻchirib oʻtishdi. Va oʻz vaqtida ular xalqimiz tomonidan ham iliq qarshi olingandi.
Yo befarzand, yo faqat qiz tugʻiladi
Oila qadriyat sanalgan millatimiz uchun farzand eng qimmatli neʼmatdir. Shu bois farzandsizlik yoki oilada oʻgʻil farzandning boʻlmasligi oila tinchini buzilishiga sabab boʻlgan. Bu holat serial va filmlarda aks etishini tabiiy qabul qilish mumkin. Lekin bu mavzuda ham baʼzan chegaradan oshganmiz. Natijada kanallarda efirga uzatiluvchi ushbu egizak va tinimsiz takrorlanuvchi sujet tomoshabinni bezdirib qoʻydi. Qarabsizki, mavzu trend peshtaxtasidan tushgan.
Azaliy kurashchilar – qaynona va kelin
Drama nazariyasida bir kuchli voqea ikkinchi kuchli voqeani siqib chiqaradi, degan gap bor. Bu qoida mavzu tushunchasiga ham xos ekan. Chunki, oʻzbek seriallaridagi qaynona-kelin mavzusi boy va qashshoq mavzusini siqib chiqardi. Soʻnggi yillarda aynan bu ikki figura oʻrtasidagi ziddiyatlar mavzusi oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq. Toʻgʻri, avval ham qaynona-kelin munosabatlariga asoslangan filmlar boʻlgan. Lekin yillar oʻtib meʼyor unutildi va tomoshabin talablariga mos ravishda “qaynona-kelin” mediamahsulotlarini ishlab chiqaruvchi “zavod” paydo boʻldi. Har qancha tanqid qilinmasin, bu mavzu eng “xaridorgir” boʻlib qolaverdi. Masalan, YouTube platformasiga “Qadrsiz oʻqituvchi” va “Qadrsiz qaynona” degan ikki xil material joylansa, tomoshabinlarning katta oqimi qaysi tamonda boʻlishini taxmin qilish qiyin emas. Ayni damda odamlarimizning maishiy turmush tarzi, xususan, qaynonasi yoki kelini bilan munosabatlari real hayotda ham muhim hisoblanadi, shu sababdan, bu mavzu serial va filmlarimizga mustahkam oʻrnashib olgan.
Xiyonat qilmaydigan kimdir qoldimi?
Yuqorida hind filmlari taʼsirida boy-qashshoq tabaqalarining toʻqnashuvi avjiga chiqqanini aytgandik. Bu yagona taʼsir emas. Turk seriallari oʻzbek mediabozorini yana bir mavzu bilan boyitib berdi: xiyonat va oiladagi nosogʻlom munosabatlar. Toʻgʻri, bu tushunchalar oʻzbek oilalariga yangilik emas. Lekin avvallari bunday mavzularni uzluksiz efirga olib chiqish katastrofa hisoblangan. Oxirgi yillarda esa hijolatni yumaloq yostiq qilib yubordik: agar navbatdagi serialda xiyonat voqealari yoʻq boʻlsa demak, reyting yoʻq. Ha, mana gap orasida asosiy aybdor ham chiqa qoldi. Reyting! Allaqachon tadbirkorlikka aylanib ulgurgan xususiy telekanallarda reyting xuddi kompasga oʻxshaydi: u boshlagan yoʻnalish tomon odimlanadi. Yoppasiga tomoshabinlar koʻrmaymiz deb boykot eʼlon qila olmaydi, kerak boʻlsa yashirib koʻradi, kerak boʻlsa, qargʻab koʻradi.
Xullas, er-xotin oʻrtasidagi ziddiyatli munosabatlar, xiyonat, ikkinchi turmush kabi mavzular bugunning navbatdagi trendiga aylanishga ulgurdi. “Topilma”lardan odamning aqli shoshadi: oilali xodim rahbari bilan ishqiy munosabatga kirishadi, opa-singil er talashadi, qaynota keliniga koʻz olaytiradi, kelin qaynisiga koʻz suzadi va hokazo… Vaziyat shu darajaga yetdiki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Unga koʻra, ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin boʻlib yashashni targʻib qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi. Soʻnggi yillarda qoʻshxotinlikning yashirin targʻibotiga oʻz hissasini qoʻshayotgan seriallar, jumladan, koʻngilochar mediamateriallar shundan soʻng kamayar deganlar chuchvarani xom sanashdi. Koʻryapmizki, bu qaror seriallardagi xiyonat, qoʻshxotinlik mavzusining “obro‘”siga zigʻirchalik taʼsir oʻtkazgani yoʻq.
“Issiq-sovuq” – oʻzbekcha konflikt
Dramatizmning mazasi “konflikt” bilan. Personajlar manfaat toʻqnashuvlarida har qanday tubanlikka yuz tutishi mumkin. Bu tabiiy… A, bizning oʻzbekcha konfliktimizda esa “issiq-sovuq” bilan kurashish anchayin samarali sujetga aylangan. Folbin esa “superqahramon”. Klassik dramaturgiyada hatto eng salbiy obrazning ham oʻz haqiqati boʻladi, har qanday tragik asarda ham tafakkuri yuksak personajlar bilan yuzlashish mumkin. Bugungi “tragik” seriallarimiz esa fitnachilar va “issiq-sovuqchilar” bilan toʻlib-toshganki, ijobiy personajlar ular oldida ojiz va magʻlub. Bu real hayotga hamisha ham mos kelmasa-da, yaxshilik va yaxshi insonlarning tafakkuri asosiy oʻringa olib chiqilgani maʼqul, bizningcha.
“Issiq-sovuq” yoki sehr orqali inson taqdiriga daxl qilish esa xuddi yuqoridagi qoʻshxotinlik kabi mavzu targʻibotiga xizmat qiladi. Xavfli trenddan qancha tez qutulsak, shuncha yaxshi.

Seriallarimizda uchraydigan yuqoridagi kabi virusli mavzularni uzoq davom ettirish mumkin. Ammo, yaxshisi, toʻxtab, fikr qilishga urinamiz. Bu “trend”lardan butunlay voz kechib boʻlmaydi, lekin birlamchi “plan“ga qo‘yish ham xato. Chunki ularning taʼsirida tiklanishi qiyin boʻlgan uch yoʻqotish yuzaga keladi.
Birinchidan, koʻp sonli tomoshabinlar saviyasini tushiryapmiz;
Ikkinchidan, ziyoli tomoshabinlar ishonchini yoʻqotyapmiz;
Uchinchidan, millatimizning obroʻsini yerga uryapmiz.
Xoʻp, aynan trendga chiqib olgan (yoki chiqarib qoʻyilgan) mavzularni savaladik. Ana endi masalaning muhim jihatlariga eʼtibor qarataylik.
Hamma davrda ham badiiy ijod maʼlum maqsad uchun xizmat qilgan. Tasviriy sanʼat, adabiyot, kino, teatr… Oʻylab koʻraylik, bugungi kundagi film va seriallar qanday maqsad uchun xizmat qilmoqda? Kimningdir choʻntagini qappaytirish yoki bir necha million sodda xalqni chalgʻitish uchunmi!? Aslida o‘zbek kinomaydonida qanday mavzularga zarurat bor?
Maqsad aniqlanganda mavzular roʻyxati yuzaga keladi. Deylik, bugungi kino va seriallar orqali millat obroʻsini oshirish, xalq tafakkurini yuksaltirish va oʻziga xos sanʼat maktablariga asos solish bizning maqsadimiz boʻlsa, mavzular borasida jiddiy bosh qotirish kerak.
Millatimiz bilan maqtansa boʻladimi?
Millat obroʻsini oshirishdan oldin fazilatlarimizni aniqlab olish kerak. Masalan, yaponlar filmlarida madaniyati bilan, hindlar esa qadriyatlari bilan maqtanadi. Biz-chi? Ajdodlarimiz, milliy anʼanalarimiz (davom ettiring)… Seriallarda hindlardan yoki turklardan koʻchirilgan epizodlar bilan maqtana olmaymiz yoki jamiyatimizdagi eng maishiy munosabatlarni boʻrttirish bilan millat obroʻsini koʻtara olmaymiz.
Aslida serialchilikda mutlaqo qashshoq emasmiz: “Shaytanat”, “Charxpalak”, “Qirq togʻoraning qirq nogʻorasi” kabi nomlar bizni uyaltirib qo‘ymaydi. Masalan, “Mehmonjonlardan aylanay” seriali ham millat xarakteri haqidagi ajoyib mediamahsulot. Unda bir oilaning mehmondoʻstligi, qoʻli ochiqligi va oliyjanobligi hikoya qilingan. Lekin oxirgi vaqtlarda millatimiz qadr-qimmatini yuqoriga olib chiquvchi seriallarni koʻrayotganimiz yoʻq. Qanday xulosa qilishga ham hayronmiz: yo millatimiz bilan maqtanib boʻlmaydi yo milliy seriallarimiz bilan.
Baxtsizlikdan baxt sari
Tomoshabin ruhiyati va tafakkuridagi boʻshliqlarni toʻldirish uchun ham seriallardan foydalanish mumkin. Odamlar hayoti davomida yo hamdardga, yo ustozga, yo turtkiga, yo tanqidchiga ehtiyoj sezadi. Bugun psixologik yoki shaxsiy rivojlanishga yoʻnaltirilgan kurslarga ommaning oqib borayotgani ana shu boʻshliqlar bilan bogʻliq. Tasavvur qiling, agar kuchli motivatsion yoki psixologik serial ishlab chiqarilsa, qanchadan-qancha yoʻlini yoʻqotgan tomoshabinlarga naf keltirish mumkin. Arastu ham oʻz “Poetika”sida aytgan: shaxslar “yo baxtsizlikdan baxt sari” yoki “baxtdan baxtsizlik sari” harakatlanadilar. Baxtga erishish yoʻli agar seriallarda aks etsa, bu janrning ijtimoiy obroʻsi ancha koʻtarilardi. Birgina “Saroy javohiri” serialini eslang. Undagi bosh qahramon Tangem qanchadan qancha sinovlarni yengib oʻz maqsadiga – baxtiga erishadi. Serialda aytilganidek, u ajriqqa oʻxshaydi. Qancha yulib tashlanmasin, irodasi, qatʼiyati, aqli va insoniyligi bilan qayta oʻsib chiqaveradi.
Nazarimizda, bugungi oʻzbek serialchilari bunday maqsadga yaqinlashayotgani yoʻq.
Yaxshi asar yaratish siri
Mahoratli dramaturg Sharof Boshbekovga yaxshi asar yaratish siri haqida savol beriladi. U oʻylanmasdan aytadiki, agar jamiyatda ijtimoiy muammo mavjud boʻlsa, demak, yaxshi asar yaratish mumkin. Biz jamiyatimizda muammolar yoʻq deb ayta olmaymiz, lekin afsuski, yaxshi asarlar yoʻq deyolamiz. Seriallar uchun navbatdagi motiv ijtimoiy muammolardir. Toʻgʻri, koʻplab zamonaviy seriallarimiz ijtimoiylikdan uzoq emas. Lekin ularda asosiy toshni baribir maishiylik bosib ketadi. Vaholangki, serial orqali butun jamiyatni oyoqqa turgʻazish yoki koʻzini ochib qoʻyish mumkin. Masalan, yaqinda Sarvar Karimovning “Hokim buva” nomli mini-seriali eʼlon qilindi. Koʻplab ijtimoiy masalalarga koʻzgu tutilgan va effekti ham shunga yarasha. Ammo serial tor doirada, yaʼni pulli platformada namoyish etilgani uchun ko‘pchilik tomoshabinlar koʻrishga ulgurmagan boʻlishi mumkin.
Sohaviy mavzudagi seriallar
Oʻzbek seriallarida sohaviy mavzularni kuchaytirish ham dolzarb masala. Tan olish kerak, shifokorlar, harbiylar, IIB sohasi, mehmonxona haqida seriallar ishlab chiqarilgan. Lekin bu “mahsulotlar” katta ehtimol bilan jahon bozorida arzongarov “tovar”ga aylanadi, xolos. Serial orqali bir sohaga nisbatan hurmatni va bir millat mutaxassislariga nisbatan eʼtirofni ifodalash mumkin. Yana oʻsha oʻzimiz bilgan “Muhabbat va ehtiros” (“Mehmonxona ishchisi”) serialini eslaylik. Koreys xalqi serial orqali butun mehmonxona tizimi va millat madaniyatini yuksak darajada targʻib eta olgan. Aniq maʼlumotlarga koʻra, serial oʻzbek tilida namoyish etilganidan soʻng, yuzlab ota-onalar farzandlarini mehmonxona mutaxassislarini tayyorlaydigan taʼlim muassasasi sifatida Turizm kollejiga yetaklab olib borishgan. Mana bu natija! Serialda mehmonxona boshqaruvi, mijozlarga xizmat koʻrsatish, restoran faoliyati, taomnoma tuzish, sohaviy real vaziyatlar sujetni tashkil etgan. Oʻrinli tarzda oʻsha muhabbat yoki maishiy munosabatlar ham singdirilgan. Aynan koreyslarning “Garvarddagi sevgi tarixi” (“Sevishganlar”) seriali esa xalqaro taʼlim jarayonlariga jalb etilgan koreys yoshlari hayotini juda taʼsirli tarzda ochib bera olgan. Bizda esa taʼlim bilan bogʻliq seriallar tugul, filmlarning oʻzi barmoq bilan sanoqli.

Xalqimizda “burnidan narini koʻra olmaydi” degan gap bor, goʻyoki biz ham serialchilikda toʻrt devor va toʻshak mavzularidan narini koʻra olmayapmiz. Jahli chiqqan baʼzi yurtdoshlarimiz tinmay bir savolni oʻrtaga tashlashadi: “Televideniyedagilar qaysi saviya bilan shunday seriallarni efirga beradi?” – Javobi oddiy, ularda saviya yetarli darajada, shunchaki, mijozlar – tomoshabinlarga moslashiladi. Muhimi xaridorlarda talab yuqori – kam pulga sifatsiz mahsulot ishlab chiqariladi. Bu tendensiyani butunlay oʻzgartirib yuboradigan mavsum qachon va kimlarning taʼsiri bilan kirib keladi – bu bizga qorongʻu.
Hozircha ijodkorlar va tomoshabinlar uchun dolzarb mavzuga “oyina” tutishga harakat qildik. Xulosa qilish har kimning oʻzida. Biz esa maqolaning keyingi qismida eʼtiborni seriallardagi janrlarga qaratmoqchimiz.
Sirojiddin RUSTAMOV,
Oyina.uz