Insoniyat taraqqiyoti undagi adolat tizimi rivoji bilan birga kechgan. Har bir jamiyat tenglik va adolatni taʼminlashga harakat qilar ekan, odil sudlov va uni amalga oshiruvchi insonlarga katta ehtiyoj sezgan. Ular odamlar orasidagi turli bahslarni hal qilishi, adolat tantanasiga hissa qoʻshishi lozim edi.

Asta-sekin davlatchilik instituti rivojlanishi bilan sud tizimi ham takomillashib borgan. Oʻzbekiston tarixida ham sud tizimi evolyutsiyasi bir necha bosqichni bosib oʻtgandi. Turk xoqonligining “biylar sudi”dan boshlangan tizim hozirda Oʻzbekiston Sudyalar oliy kengashi koʻrinishida davom etmoqda.

“Biylar sudi”

Buyuk Turk xoqonligi juda ulkan hududlarni egallagan, koʻplab xalqlarni birlashtirgan imperiya edi. Uning tarkibidagi aholini boshqarish, ular oʻrtasida kelishmovchiliklarga yoʻl qoʻymaslik, saltanat mustahkamligini oshirishda sud tizimi nihoyatda muhim oʻrin tutardi.

Turk xoqonligida sudlov ishlarini olib boruvchi insonlar “yorgʻu” deb atalgan. Yorgʻular odil sudlovni amalga oshirishda umumiy qonunlar toʻplami hisoblangan “Toʻra”ga tayangan.

Oʻz navbatida “Toʻra”dagi qoidalar xalq odatlari, qurultoy qarorlari va xoqon buyruqlaridan tashkil topgan. Ulug‘ xoqon mamlakatning Oliy sudyasi vazifasini bajargan hamda davlat darajasidagi sud ishlarini koʻrib chiqqan. Ayni paytda, u amaldorlari maslahati asosida yorgʻularni ham tayinlagan.

Sud jarayoni. XIX asr, Turkiston

Yorgʻular oʻrta va quyi darajadagi, mamlakat hayotiga taʼsir koʻrsatuvchi sud jarayonlari bilan shugʻullangan. Shuningdek, Turk xoqonligining koʻchmanchi qabilalarida “biylar sudi” ham faoliyat yuritgan.

Ushbu sud institutlarining deyarli bari milliy odatlar va anʼanalarga asoslanib, faoliyat olib borgan.

Shariat sudlari va anʼanaviy sudlar

IX asrda Turonda hukmronlikni qoʻlga olgan Qoraxoniylar davlatining sud-huquq tizimi nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyo sud tizimining muhim bosqichlaridan biri sanaladi.

Ushbu saltanat sud-huquq tizimi Islom huquqi (fiqh), mahalliy turkiy anʼanalar va davlat boshqaruviga xos siyosiy tamoyillar asosida shakllangan. Sud ishlari asosan qozilar tomonidan olib borilgan va shariat asosida ish yuritilgan. Shuningdek, amaldorlar, beklar va xonlar tomonidan qabul qilingan qarorlar ham huquqiy tizimning muhim qismi boʻlib xizmat qilgan.

Qoraxoniylar davrida noiblar orqali ham adolat taʼminlangan. Yaʼni, oddiy aholi qozi ustidan noibga shikoyat qilishi mumkin edi. Noiblar joylarda Oliy sudya, yaʼni sultonning vakili sifatida sud qarorlari chiqargan.

Qozilar, noiblar va beklar kabi odil sudlovni amalga oshirish vakolatiga ega boʻlgan amaldorlar shaxsan hukmdor tomonidan tayinlangan.

Ushbu sulola zamonida eski turkiy anʼanalar va islom huquqi asosida yer mulkdorligi, meros huquqi hamda tijorat masalalariga oid qonunlar ishlab chiqilgan.