Turkiyada 37 yoshli oʻzbek ayolining oʻz vatandoshlari tomonidan shafqatsizlarcha oʻldirilishi fitratida insoniylik chirimagan aksariyat kishini dahshatga soldi. Ziyolilar, jamoatchilik faollari turli platformalar orqali azaldan tarbiya, axloq, maʼnaviyat, oila, qadriyat degan tushunchalar arimaydigan jamiyatdan yovvoyi nusxalar oʻsib-ulgʻayib, koʻpayib borayotganidan tashvish-xavotir bildirdi. Durdonaga, aslida, yetti yot begona turk ayollari, uning ori, shaʼni uchun koʻchalarni toʻldirdi. Umuman, qanday qilib odam zoti shunday vaxshiylikka borishi mumkin?
Koʻpchilik shu hayratda oʻziga savol berayotganda, boshqa bir xunuk, gʻayriinsoniy, gʻayrihuquqiy tendensiya ham koʻzga tashlanib qoldi: ayni xabar ostidagi izohlarda ayrimlar (koʻpchilik deyishga qoʻlim bormadi) jinoyat yoki jinoyatchilarni emas, oʻldirilgan zaifani qoralayapti!? “Oʻzidan oʻtgandir”, “Men ham shu ishni qilardim”, “Jamiyatni bundaylardan tozalash kerak” va hokazo mazmundagi fikrlar, shunchaki, dahshat.
Savol tugʻiladi. Xoʻsh, jon olishni, qotillikni oqlab-suvaydigan jamiyatning kir parchalari qayerdan chiqyapti, jinoyat yoki jinoyatchidan jirkanmay, qurbondan hazar qiladigan tafakkur qayerdan paydo boʻldi?
Javobni vijdonimdan, hayotiy tajribamdan, media-kuzatuvlarimdan, yashirmayman, sunʼiy intellektdan ham qidirdim. Topganlarimdan oʻzim uyaldim, hayratga tushdim, ogʻrindim, qoʻrqdim. Xulosalarim shunday boʻldi:
Ishonchsizlik. Odamlarda sud-huquq tizimiga ishonch, yumshoq qilib aytganda, katta emas. (Davlatimiz rahbarining kechagi yigʻilishi ham fikrimizni tasdiqlaydi). Shundan boʻlsa kerak, ayrimlarda oʻzboshimchalik bilan sud qilish — samosud bu norma va toʻgʻri yoʻl, degan qarash singib borayotgandek. Tarmoqlarda u bilan bogʻliq keyslar koʻpaygan, biz fikr yetakchilari, deb ataydigan baʼzilar ogʻzidan “sud ishlamasa, oʻzim samosud qilaman” degan qoʻlansa chiqishlarni ham eshitdik.
Mehrsizlik. Kundalik hayot tashvishlaridan ortib tarbiya uchun vaqt ajratish katta bir jasorat boʻlib qoldi hozir. Xorgʻinlik, ishdagi qoʻydi-chiqdi, bozordagi gʻala-gʻovur hovuri — farzandlarga mehr ulashish, ular bilan suhbatlashish, ularni eshitish, yoʻl koʻrsatish bilan emas, kimningdir “tarixi”ni titkilash, “rils” aylantirish bilan chiqarilyapti. Taʼbir joiz boʻlsa, qahrni — mehrsizlik tarbiyalayapti.
Media. Bu haqda katta ilmiy tadqiqot qilish mumkin. Birgina, juda qimmat praym-vaqtlarda qoʻyilayotgan seriallarni olaylik. Xulosa-hikmat — zino, fahsh, tiyiqsizlik mavzulari fonida taqdim etilyapti, kishini fikrlashga undaydigan, maʼrifat, ilm, diyonat yoki tarixni ulugʻlaydigan hech vaqo koʻrinmaydi. Odamlar “pochchasiga koʻz qisgan qayinsingillar” koʻpayib ketyapti, degan roʻyoga ishonib qolayapti. Nafratning bir uchi shundan, ehtimol.
Psixopat tafakkuri. Singapurda oʻtkazilgan tadqiqot natijalari, ijtimoiy tarmoqlardagi bahs-munozaralarda odatda intellekti past, narsist yoki ruhiyati buzuq odamlar oʻzlarini agressiv tutishi, shu orqali boshqalar eʼtiborini tortishga intilishi, oʻzini ustun koʻrsatish mumkin boʻlgan virtual muhitni juda sevishini koʻrsatgan. Tushunarlidir.
“Adolatli dunyoga ishonish” fenomeni. Insonlar ong ostida “dunyo adolatli, yaxshi odamlarga yaxshilik keladi, yomonlarga esa — yomonlik” degan ishonch yashaydi. Deylik, agar jinoyatchi mutlaqo aybsiz, yaxshi odamni oʻldirgan boʻlsa, demak, bu holat har kimning, jumladan, oʻsha izoh yozayotgan odamning ham boshiga tushishi mumkin. Qoʻrqadi. Undan qochish uchun miya qurbonning aybini qidira boshlaydi. “U oʻzi yomon boʻlgan, shuning uchun oʻldirilgan” degan xulosa insonga soxta xavfsizlik hissini beradi: “Men “yaxshi” boʻlganim uchun menga hech kim tegmaydi".
Anonimlik va “Olomon effekti”. Ekran ortida oʻtirgan odam oʻzini javobgarlikdan holi his qiladi. Jamiyatda ochiq ayta olmagan eng tuban, hayvoniy instinktlarini internetda hayiqmay, baralla yozadi. Bittasi boshlasa, boshqasi ergashadi.
Yana, zoʻravonlik, gʻayriinsoniylikni oqlab-koʻklab berayotganlar, odatda oʻzining it-ichini kemirayotgan yovvoyi nafs yoki gunohlardan azob chekadigan odamlar boʻladi. Yaʼni, inson oʻzidagi “qorongʻilik”ni koʻrishdan qoʻrqadi va uni boshqalarda qidiradi. Ayolni “yengiltaklik”da ayblab, unga tosh otayotgan, achinmayotgan nusxa, aslida oʻzidagi hayvoniy hirsni qurbonga “yuklayotgan” boʻladi.
Xullas, yana boshqa oʻnlab sabablar boʻlishi mumkin va yuqoridagilar mening (ayrimlari sunʼiy intellektning) shaxsiy mulohazalarim. Hind kinosida Munnaboy oʻta yovuz, razil, axloqsiz kimsalarni ham “sehrli quchoq” bilan davolaydi.
Bolalarimizni koʻproq bagʻrimizga bosaylik.
Dilshod NURILLOH