Tasviriy sanʼatda koʻz ilgʻamas, biroq his etiladigan ramzlar mavjud. Shulardan biri – gullar. Avvaliga u fonni toʻldiruvchi bezakdek koʻrinadi: bir chetda gʻunchalab turgan yoki poyasidan uzilgan bir gul. Ammo diqqat bilan qarasangiz, u oddiy tasvir emas, balki mazmunga toʻla ramz, soʻzlayotgan obraz timsolida namoyon boʻladi.
Gullar – sanʼatdagi eng goʻzal, lekin eng kam gapiruvchi obrazlardan biri. Rassomlar ularning rangini, shaklini, holatini va atrofidagi tafsilotlarni sinchiklab tanlaydi. Maʼlum bir holatda soʻligan atirgul, boshqa sahnada esa oq lilya (piyozgul yoki zambak) – bu tasodifiy chizmalar emas, balki har biri oʻziga xos ikonografik tilga ega. Sanʼat asarlarida tasvirlangan gullarni shunchaki “bezak” deb qarash: ularning asl nutqini eshitmaslikdir. Gul – sukunat hikoyasidir – hech nima demaydi, ammo hammasini bildirib turadi. Maqolamiz shu haqda.
Tasviriy sanʼatda atirgul obraziga sevgi, goʻzallik va shahvoniy istaklarni ifodalash uchun murojaat etiladi. Shuningdek, atirgul ranglariga qarab, maʼnosi ham oʻzgarib boradi. Yuqoridagi belgilar qizil atirgulga xos boʻlsa, oq atirgul – sadoqatni, pushtisi – samimiylikni, sarigʻi esa rashkni ifodalaydi.
Nilufar guli tasavvurimizda koʻzlarini yumib, chordona qurib oʻtirgan Buddani eslatadi. Bu bejizga emas, albatta. Chunki nilufar guli azal-azaldan tasviriy sanʼatda xotirjamlik, ruhiy uygʻonish, maʼnaviy barkamollik ramzini ifodalaydi.
Barcha zamonlar uchun oʻzida ilohiy sirlarni yashirgan liliya bokiralik, begunohlik, onalik ramzini ifodalashi bilan Bibi Maryam obraziga bogʻlanadi. Bokira Maryam aks etgan aksariyat tasvirlarga eʼtibor bersangiz, suratning bir chetida, yo Jabroil farishta qoʻlida, yo Maryam qoʻlida Liliya gulini koʻrishingiz mumkin. Bunday tasvirlarda liliya Maryamning bokiraligini, ona boʻlish arafasida ekanini anglatib turadi.
Gulsafsar tasviriga odatda kam duch kelganmiz. Shekspirning mashhur tragediyalaridan biri boʻlmish “Hamlet” qahramoni, “Ofeliyaning oʻlimi” nomli barcha suratlarda goʻzal Ofeliya jasadi atrofida suzib yurgan gulsafsarlar yoshlik, muhabbat, umr yoki gʻam-gʻussa oʻtkinchiligini aytmoqchi boʻlgandek tasavvur uygʻotadi goʻyo.