Yoshlikda odam nimalarni orzu qilmaydi. Litseyda saboqdosh bir doʻstimiz har ikki gapining birida qiziqchi boʻlaman deya latifanamo gaplar toʻqib yurardi. Kunda, kunora yangisidan topib, aytib berishdan sira charchamasdi. Indallosini aytganda, uning latifalari latifaga emas, koʻproq maynavozchilikka oʻxshardi. Na qiliqlarining, na soʻzlarining maza-matrasi bor edi. Avvaliga doʻstimizning koʻngliga qaragan boʻlib, oʻzimizni kulgan qilib koʻrsatardik. Bora-bora, oldi-qochdi, tayinsiz, qoʻshtirnoq ichidagi latifalar hammaning baʼdiga urdi. Bu haqda oʻziga aytishga botinolmasdik, andisha qilardik. Har tugul, insonning yuzi issiq, buning ustiga saboqdosh. Chidashga majburmiz.
Kunduzning tuni, oqshomning tongi, har qanday yaxshi-yomonning yakuni bor. Adashmasam, yangi yil bayrami arafasida shahar markazidagi bir yemakxonada ziyofat uyushtirdik. Qiziqchi doʻstimiz ham shu yerda. Oʻsha zamonlar urf boʻlgan qoʻshiqlar tinmay jaranglab turibdi. Dasturxon toʻkin, oʻyin-kulgi avjida, barchaning kayfiyati chog‘. Hamma masrur, ziyofat qizigandan qizib borardi. Dabdurustdan davra suv quyganday jimjit boʻlib qoldi. Hamma yarq etib sahnaga qaradi. Sochini silliq taragan, ola-bula ustibosh kiygan, kapalaknusxa boʻyinbog‘ taqqan qiziqchi doʻstimiz tirjaygancha mikrofon ushlab turibdi. Boʻlajak bachkanalikni oldindan sezganday hamma xavotir bilan sahnaga qarab qoldi.
Doʻstimiz avval barchani bayram bilan qutladi. Ezgu tilaklar bildirdi. Har bir inson kulib yashashi kerakligi, kulgi odam immunitetini oshirishi, asabini tinchlantirishi, eng muhimi, umrini uzaytirishi haqida ham ancha vaqt quloqqa tepdi. Soʻng odatini kanda qilmay, yangi latifa boshladi. Eski hammom, eski tos. Yana oʻsha lattachaynar gaplar. Yetmaganiga, gaplari orasida uyat-uyat joylari ham bor. Keyin davrada gʻala-gʻovur boshlanib ketdi. Hamma qadah soʻzi aytish, bir-biriga omad tilash bilan andarmon boʻlib qoldi. Qiziqchi doʻstimizga birov quloq solmaydi. Goʻyo u oʻziga oʻzi latifa aytayotganday. Vaqt ham toʻxtab qolganday. Sira oʻtmaydi. Lagʻmonday choʻzilgan latifa nihoyat tugadi. Biroq qarsaklar chalinmadi. Hech kim kulmadi.
– Sizlar meni koʻrolmaysizlar, – dedi doʻstimiz davraga kelib qoʻshilgach. – Hammangizning ichingiz qora. Koʻnglim uchun ham kulmadingiz!
Hazil-huzil bilan chaqchaqlashib oʻtirgan saboqdoshlar jim boʻlib qoldik. Hammaning nigohi yerga qadalgan, bir soʻz aytishga til ojiz.
– Oʻzingiz ham kulgili qilib ayting-da, – shaddodgina bir saboqdosh qiz har doimgiday gapni choʻrt kesdi. – Latifangizning qayeriga kulishimiz kerak edi? Kuladigan joyi yoʻg‘-u.
– Hali shunaqami? – qiziqchi doʻstimiz stolga musht tushirib, tashqariga chiqib ketdi. – Baringning tiling bir! Hammangga koʻrsatib qoʻyaman!
Ochigʻi, bu voqeani unutib yuborgan ekanman. Shu kunlarda internetda oʻzidan “soʻz ustasi” yasab olgan ayrim qiziqchi va jamoalarning chiqishlariga koʻzim tushib, saboqdosh doʻstim xayolga keldi. “Dizayn”, “Million”, “Bravo”, “Kosmos”, “Aristokratlar” singari jamoalarning talaygina tomoshalari bachkanalik, didsizlik va hayosizlikda doʻstim aytib yurgan hangomalardan yomonroq boʻlsa bordirki, aslo pesh emas. Ularning tomoshabinni kuldirish uchun oʻylab topgan qiliqlarini koʻrib, odamning bir rahmi kelsa, bir sahnaning qadriga ichi kuyadi.
Keling, yaxshisi, jamoalarning chiqishlaridan olingan baʼzi lavhalarni qoʻldan kelgancha tahlil qilib koʻramiz.
Birinchi lavha
“Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyida “Dizayn” jamoasining konserti endigina boshlangan. Sahnaga jamoa aʼzolari asta-asta chiqib kelayapti. Avvaliga zamonaviy musiqa sadosida uzun boʻyli, toʻq pushti rang kostyum kiygan yigit chiqib, muxlislar bilan salom-alik qilib oldi.
– Assalomu alaykum, xush kelibsizlar! Charchab qolmadiylami? Yaxshi keldiylami? Sovu, yomgʻirlarda qiynalib qolmadiylami? Dikoratsiya qalay? Dahshatmi? Zalni issuligi-chi? Kastyum-shim qalay? Zoʻrmi? Chunki bu yilgi konsertni oʻzlari olib boradilar. Anuv uchtasigayam aytdim. Boʻldi, endi bachkanalikni yigʻishtiramiz, kotta boʻldik dedim. Chiroyli chiqamiz muxlislarni oldida dedim. Bitta chiroyli qarsak chalib bersaylar, bitta-bitta chiqadi.
Birdan “Dachalar bor, dachalar” degan alahsirashga oʻxshash bir qoʻshiq yangradi. Sahnaga turli hayvonlar obrazidagi kiyim kiygan besh-olti kishi chiqib keldi. Ular bogʻchada bolalarga tomosha koʻrsatayotganday u yoqdan-bu yoqqa sakrab-sakrab oʻynar edi.
– Oʻchir-ov, oʻchir, – sahnaga birinchi boʻlib chiqqan haligi yigit sanʼat saroyi dijeyiga buyurdi. – Dilshod akamni chiqarlaring-ov. Nima bu? Hammayoq hayvonat bogʻi-yu.
– Sahnadaman, hov, sahnadaman, – ayiqpolvon boʻlib chiqqan kishi zaldagi tomoshabinlarga qarab ikki qoʻlini koʻtardi.
– Dilshod aka, seryozniy chiqamiz dedik-ku! Nima ahvol bu?
– Bularning ichida eng seryozniysi shu kiyim ekan-ku!
– Ayuvni kiyib olibsiz-ku, hoʻkizday odam.
– Xoʻkiz dema manga. Boʻyningni koʻp choʻzma. Kallangni uzib olaman hozir.
Toʻq pushti kostyum kiygan haligi yigit jahd bilan ayiqpolvonning bosh kiyimini sugʻurib oldi. Dilshod aka emas, ayiqpolvonning ichida bir yosh bola bor ekan.
– Bolaga ozor berma. Nima qivossan san? – Dilshod aka degani aslida oʻrislarning “Qizaloq va maymoq” multfilmi qahramoni Mashaning qiyofasida yashiringan ekan. – Ha, qalay? Dahshatu!
– Aka, kalla joyidami? – sahnaga birinchi chiqqan yigit qoʻli bilan boshini koʻrsatdi.
– Yoʻq, qoʻlimda, – dedi Dilshod aka tirjayib.
– Kop-kotta odam. A, bu topib olgan kiyimingizni qarang! Seryozniy chiqamiz dedigu.
– Mambetdagilar mazza qilib kulaman deb kelgan. Nima, yoqmadimi chiqish? – Dilshod aka sanʼat saroyiga kelganlarga yuzlandi.
Zaldagilar qiy-chuv, baqir-chaqir qilib yubordi.
Konsert debochasidan olti-yetti daqiqani atay soʻzma-soʻz keltirishni maʼqul koʻrdik. Aftidan, bu yigitlarning ogʻzidan chiqqan gapini quloqlari eshitmayotir. Bachkanalik, didsizlik, saviyasizlik yetmaganiday, oʻzbek adabiy tiliga qilingan hurmatsizlikka koʻz yumib boʻlmaydi. Har jumlada adabiy til buziladi. Yetmaganiga orasida ruschalari ham bor. Afsuski, oxirgi vaqtlarda bunday holat faqat konsert va tomoshalardagina emas, har xil telekanal va ijtimoiy tarmoqlarda bot-bot uchramoqda. Har kim bilganicha sayrab yotibdi. Oʻzbek tilini asrab-avaylash, rivojlantirish aksariyat kimsalarning xayoliga ham kelgani yoʻq. Aslida taniqli shaxslar, sanʼatkor va ijodkorlar oʻz ijodida adabiy til meʼyorlariga amal qilib, bu borada boshqa soha odamlariga namuna boʻlishi lozim.
Shevadagi soʻz va iboralarga hech qanday eʼtiroz boʻlishi mumkin emas. Qaytanga shevalar oʻzbek tilining boyligi. Ulardan oʻz oʻrnida va vaqtida foydalanishning hech bir zarari yoʻq. Lekin ommaviy chiqishlar, xususan, kino, konsert va qoʻshiqlarda adabiy til meʼyorlariga rioya etish sanʼatkorlarning burchi.
– Bir gal qishloqqa borgan edim, – degan edi adabiyotshunos olim Uzoq Joʻraqulov bir gurungda. – Yoshlarimizni tanimay qoldim. Oʻzlaricha allambalo shevada soʻzlashishni odat qilibdi. Ota-bobomiz soʻylashgan tildan asar ham qolmabdi. Hayron boʻldim: ular bu soʻzlarni qayerdan oʻzlashtirib olayapti? Katta shaharlarga borib oʻrgangan desak, axir qishloqdosh yigitchalar orasida hali uyoqlarga qadam bosmaganlari bisyor. Oxiri oʻylab-oʻylab, yoshlar sheva va jargonlarni kino, qoʻshiq va turli konsertlardan olayapti degan xulosaga keldim. Aytish mumkinki, soʻnggi vaqtlarda yaratilayotgan video va audio shaklidagi barcha “ijod mahsullari”da turli sheva-yu jargonlardan hech bir istisnosiz foydalanilmoqda. Bu holatga panja ortidan qarab turishning oxiri xayrli emas. Yana “Dizayn” jamoasi konsertiga qaytsak.
– Hov, baqir-taqir qimalaring! Mam betda seryozniy, oʻzining uriveniga ega boʻlgan man kevomman.
Kimdir sahna ortidan gapirdi. Soʻngra sanʼat saroyi uzra qoʻshiq yangradi: “Somalaykum, somsalar, eh, eh, somsalar”.
Zalda tomoshabinlar jonlanib qoldi: qarsaklar, qiy-chuv, hushtakbozlik. Peshonasiga roʻmolcha tangʻib olgan, egniga askarlarnikiga oʻxshash nimcha kiygan oʻrta yoshli yigit sahnaga chiqib keldi. Yonida elga ena boʻlguday ikki suluv. U qoʻlini koʻksiga qoʻyib, muxlislarga salom berdi. Sanʼat saroyi balkonida oʻtirganlarga ham salom yoʻlladi. Yana chapaklar, hushtaklar va qiy-chuv!
– Qalay, somsalar yoqvottimi? – sahnaga chiqib kelgan yigit ikki qoʻlini yoniga yoydi.
Zalda baqir-chaqir avjiga chiqdi. Ayol-u erkak miriqib kulardi. Kamina esa bu holga hayron edim. Axir bu kuladigan emas, oddiy gaplar-ku.
– Vaalaykum assalom, – konsertni boshlab bergan toʻq pushti kostyumli kishi gapga aralashdi. – Somsalardan soʻrang, “Drujba” yoqvottimi?
– Qaysi biridan soʻriy? – oxiri boʻlib sahnaga koʻrinish bergan yigit bir oʻngiga, bir soʻliga ishora qildi. – Qavoqli, tovuqli bor!
– Soʻrama, nima ahvol bu?
– Zoʻrgʻa topib kevomman oʻzi.
– Ja, qattan qidirding, zoʻrgʻa topib?
– Qidirganini nima qilasan? – gapga aralashgan Dilshod aka qizlarga suqlanib, ulardan biriga xuddi yeb qoʻygudek boʻlib qaradi. – Zato, topib kelibdi-ku! Qoʻy yogʻli, qoʻy goʻshtliligini topib kepti-ku!
Konsertning shu joyini qayta-qayta koʻrdim. Toʻgʻrisi, zalni toʻldirib oʻtirgan odamlar nega xandon otib kulganiga tushunmadim. Somsa – milliy taom. Qoʻy goʻshtidan ham, mol goʻshtidan ham tayyorlanadi. Qovoqli, tovuqli, hatto kartoshkalilari ham bor! Bu gapga nega kulishim kerak?
Ammo gap tagida boshqa maʼni bor ekan. Somsaning koʻchma maʼnosini eshitmagan ekanman. Soʻrab-surishtirsam, Andijon taraflarda suyuqoyoq ayolni somsa deyishar ekan. Yo tavba! Bu ne koʻrgulik?! Oʻzbek sanʼati sahnalari qanday mavzular, qanday kishilar qoʻlida qoldi?! Deylik, oʻgʻil yo qizingiz internetda shu konsertni koʻrib, somsalar nima deb soʻrasa, qanday javob berasiz? Shu gaplarga kulib oʻtirgan xotin-qizlarimiz nomus qilmaydimi? Xuddi boshqa mavzu qurib ketganday shuni sahnaga olib chiqqan, oʻzini sanʼatkor sanaydigan yigitlar onasi, xotini va bolalari oldida uyalmaydimi? Ular shu haqda hech oʻylab koʻrganmikan?
Ikkinchi lavha
Sahnada zamonaviy lampalar har tarafdan nur taratib turibdi. Olis-olisdan Dubay shahrining osmonoʻpar binolari koʻzga tashlanadi. Sal beriroqda qator palma daraxtlari shamolda ohista tebranadi. Zaldan tomoshabinlar qiyqirigʻi keladi. “Endi qachon uylonamiz” degan ashula eshitiladi. Shu mahal bugungi kunda urfga kirgan ustibosh kiygan, qoʻlida aso tutgan uchta chol sahnaga qiliqsib oʻynagan holda chiqib keladi.
– Boʻldi, boʻldi! – deydi egnida oq kostyum-shim, boshida milliy doʻppi boʻlgan chol qiyofasidagi bir yigit.
– Hoy, akang kuchaydi, akang! – deydi boshida askarlarning kaskasi, bir tutam qora soqoli boʻlgan boshqa biri. – Akang uje Dubayda! Qizlar bilan kayf qilayapti. He-he-he...
– Hoy, kechki Dubaydi qara! Kampiringni uyiday katta ekan.
Shu mahal oriq, oʻrta boʻyli, qirraburun, shopmoʻylovli boshqa bir chol qiyofasidagi yigit zaldagilarga havodan boʻsa yoʻlladi.
– Hov, Petka garang, – deydi oq kostyumli boboy. – Qizlarga koʻp anqayaverma. Bilasan-a, qulogʻing yaxshi ishlamaydi.
Petka boboy zaldagilarga hozir deganday koʻrsatkich barmogʻini yuqoriga koʻtarib ishora qiladi:
– Hoy, meni faqat qulogʻim ishlamaydi! Xoʻbmi?
Uchovlon bir-biriga shoxada ham, kurakda ham turmaydigan soʻzlar bilan obdon hazil-huzul qildi.
– Toji, – dedi kaskali boboy bir muddatdan soʻng. – Qizlaringni chaqir! Bir koʻraylik.
– Hozir, – Toji boboy choʻntagidan telefon oldi. – Qoʻngʻiroq qilay-chi, yomonlari keladi-da oʻziyam! Hozir, mana... Ey, antenna chiqmayapti-ku!
– Qani? – Petka boboy gapga aralashdi. – A, bu kompaniyaning oʻzimizda antennasi yoʻq-ku, Dubayda chiqarmidi?
– Ha, boʻldi, – dedi Toji boboy. – Dubayning sim kartasidan chiqamiz. Alo-o-o, kelayapsizlarmi?
– Alo-o-o, biz keldik, – ayolning ovozi eshitildi.
Sahnada birovi sariq sochli, birovi ochiq-sochiqroq kiyingan ikkita qiz koʻrinish berdi. Zalda qiy-chuv, hushtakbozlik boshlandi.
– Mana, biz uchta cholning oldida turibmiz, – dedi telefonda gaplashayotgan sariq sochli qiz.
– Oʻsha uchta cholning birovi menman-da, jonidan, – dedi Toji boboy qizning yoniga kelib.
Toji cholni koʻrgan qiz baqirib yubordi...
Bu orada chollar qizlar bilan salom-alik qildi. Mayda-chuyda hazil gap otdi. Soʻngra gapni asosiy maqsadiga burdi.
– Hey, lomatsa qilma-da. Xoʻp deyishing uchun qancha soʻraysan? Ikki pochka koʻkat yetadimi? – Toji boboy qizlarning biridan soʻradi.
– Yetadi, – qiz dugonasi bilan pichirlashib olgach, rozi boʻldi. Pulni choʻzing deganday qoʻlini cholning burni tagigacha koʻtardi.
– Mana, oʻzimizning bogʻdan ikki pochka ukrop! He-he-he...
– Ota, hazilni ham yomon qilarkansiz-a. Biz haqiqiy pulni soʻradik.
– Ha, undan ham bor, – Toji boboy choʻntagiga qoʻl suqdi. – Qatda edi-ya?
Shu mahal bir tanga yerga tushib dumalab ketdi.
– Ey, tanga tushib ketdi-da, – Toji boboy qizlarning biriga gapirdi. – Shuni olib berolmaysanmi? Bel jijja ketgan.
Qiz egilib noz-u karashma ila yerdan tangani oldi. Uning orqasida turgan chollar yiqilib tushmaslik uchun bir-biriga suyanib qoldi goʻyo. Soʻngra chollardan biri bir siqim tangani yerga sochib yubordi...
Bu lavha “Aristokratlar” jamoasining “Otaxonlar Dubayda” degan hazil-shousi edi. Biz andisha qilsak-da, gapimiz asosli boʻlishi uchun bu lavhani atay soʻzma-soʻz keltirdik. Har bir gapda fahsh va zinoga undovchi yoki shu illatlarni targʻib qilishga moyillikni sezish mumkin. Ayniqsa millatimizga yot boʻlgan bunday mavzularga otaxonlar obrazi tanlanishi achinarli. Chunki azal-azaldan Sharq xalqlarida, xususan, oʻzbeklarda bobolar donishmandlik, halollik ramzi boʻlib kelgan. Ular qizi yoki nabirasi tengi qizlarga gap otish tugul, koʻzining qiri tushishini or bilgan. “Aristokratlar” jamoasi bu borada oʻz oldiga qanday maqsad qoʻygani esa qorongʻi.
Otasi yoki bobosi tengi kishilar oldida qizlarning turli qiliq qilib qilpanglashini koʻrib uyalib ketasiz. Axir bu holatni minglab yosh qizlar tomosha qilayotgan boʻlishi mumkin. Bu bemaʼnilik ularga qanday taʼsir koʻrsatadi, nimani oʻrgatadi, nimada ibrat boʻladi? Qizlar oilaning ori, nomusi hisoblangan, hayosi va ibosi bilan aziz boʻlgan. Lekin soʻnggi vaqtlarda mashhurlik, soxta obro‘ yoʻlida turli shou va konsertlarda chiqib, oʻziga yarashmagan xatti-harakat qilayotgan baʼzi qizlarimizning koʻzga tashlanayotgani qaygʻuli hol.
Oxiri
Hozir zamonaviy oʻzbek qiziqchiligi haqida qisman taassurot beradigan ikki lavhaning matnli bayoni ila tanishdik. Hali bu xamir uchidan patir, xolos. Yana bunga oʻxshash oʻnlab jamoalar borki, ularning ham ijodi negizini beldan pastga qaratilgan mavzular, oʻzbek millatiga begona boʻlgan qarash va gʻoyalar qamrab oladi. Xususan, “Million”, “Bravo”, “Kosmos” kabi jamoalarning chiqishlarida ham bu holatga bot-bot duch kelish mumkin. Odamlarni kuldiraman deya oʻylab topilgan baʼzi chiqishlarni gapirish tugul eshitishga odamning yuzi chidamaydi.
Afsuski, odamlarimiz bunday andishasizlikka koʻnikib borayotir. Aslida yigʻlashimiz kerak boʻlgan sahnalarga sanʼat saroylarini toʻldirib oʻtirgan kishilar miriqib kulmoqda. Ular orasida xotin-qizlar, yoshi bir joyga borib qolgan keksalarning borligi ortiqcha. Bu oʻrinda barcha aybni tomoshabinlar boʻyniga agʻdarib qoʻyish ham insofdan boʻlmasa kerak. Odamlarni didsizlik, saviyasizlik girdobi sari aynan shunday bachkana tomoshalar tortmoqda. Bu haqida oʻylab koʻrish va xulosa chiqarishning esa allaqachon fursati yetib boʻldi.
Darvoqe, oʻsha kezlari litseydagi saboqdosh doʻstimizni qiziqchilik qilishdan qaytarib toʻgʻri qilgan ekanmiz. Yoʻqsa, u hozir bir jamoa tuzib, boʻlar-boʻlmas gaplari bilan odamlarning qulogʻiga lagʻmon osib yurarmidi? Qaytanga hozirgi ishi yaxshi. Koʻp yillardan beri fermerlik qiladi. Yiliga falon tonna bugʻdoy, piston tonna paxta yetishtiradi. Sut-qatiq yetkazib bermoqda. Xullas, baʼzi qiziqchilardan koʻra xalqimizga koʻproq foydasi tegmoqda.
Eskartish:
Biz bu gaplarimiz bilan hamma qiziqchilarni shunday deyish fikridan yiroqmiz. Yurtga qiziqchilar kerak. Har bir soʻzi chaqmoqday, har bir harakati yoshlarga ibrat boʻladigan, har tomoshasida el dardi yotadigan Hojiboy Tojiboyevday saviyasi baland, fikri teran qiziqchilar juda kerak.
Azim ROʻZIYEV
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2024-yil 4-son.
“Qiziqchilikmi yo buziqchilik?..” maqolasi