Soʻnggi yillarda sayohat madaniyati va ish modeli keskin oʻzgardi. Aksariyat professional mutaxassislar doimiy ofisga borib ishlash oʻrniga masofadan turib ishlashni afzal koʻrmoqda. Bu jarayon, ayniqsa, pandemiyadan soʻng kuchayib, “digital nomad” deb ataluvchi yangi ijtimoiy qatlamni shakllantirdi. Ular uchun sayohat turmush tarzi, internet esa yangi ofisdir.

Bugungi kunda bu qatlam jahon miqyosida 35-40 million kishini tashkil etadi. Ularning oʻrtacha daromadlari esa yiliga 50 mingdan 250 ming AQSh dollarigacha yetadi. Ular odatda texnologiya, dizayn, marketing, muhandislik va boshqa bilimga asoslangan sohalarda faoliyat yuritadi. Raqamli koʻchmanchilar faqat turist emas – ular yashaydigan mamlakatiga xizmat xarajatlari, ijara, oziq-ovqat, transport va boshqa sohalar orqali bevosita iqtisodiy taʼsir koʻrsatadi.

Raqamli koʻchmanchilar ildizi qayerdan boshlangan?

Digital nomad gʻoyasi ilk bor 1980-yillarda paydo boʻlgan. IBM kabi texnologik gigantlar oʻsha davrdayoq masofadan ishlash imkoniyatini oʻrgana boshlagan, bu esa xodimlarni ofisdan ozod etish fikrini tugʻdirgan edi.

1997-yilda yapon texnologi Tsugio Makimoto va britaniyalik jurnalist Devid Manners tomonidan yozilgan “Digital Nomad” nomli kitob esa ushbu gʻoyani keng jamoatchilikka tanitdi. Kitob raqamli nomadlikning kelajagini oldindan koʻra bilgan, ammo bir jihatni eʼtibordan chetda qoldirgan: jamiyat va madaniyat bu oʻzgarishni darrov qabul qilishga tayyor emas edi.

Avvaliga raqamli koʻchmanchilik Janubi-Sharqiy Osiyo kabi hududlarda ildiz ota boshladi. Bu yerda immigratsiya siyosati ancha yumshoq boʻlib, mustaqil ishlaydigan mutaxassislar uchun qulay sharoitlar yaratilgandi. Aynan shu pandemiyagacha boʻlgan davr raqamli nomadlar uchun “oltin davr” sifatida eʼtirof etiladi. О‘sha paytda tartibga soluvchi organlar bu harakatga deyarli eʼtibor qaratmas, vizalar va immigratsiya masalalari oson hal etilardi.

Ammo COVID-19 pandemiyasi barchasini tubdan oʻzgartirdi. Dunyo boʻylab kompaniyalar majburiy karantinlar bilan yuzma-yuz kelib, masofaviy ishlashni zudlik bilan joriy etishga majbur boʻldi. Shunday qilib, ilgari nisbatan chekka qatlam boʻlgan raqamli nomadlar harakati asosiy tendensiyalardan biriga aylandi.

Bu harakat tobora kengayib bormoqda: 2024-yil holatiga koʻra, AQShda raqamli koʻchmanchilar soni 18,1 million kishiga yetgan – bu ilgari kuzatilgan koʻrsatkichlardan sezilarli darajada koʻp. Bu haqda MBO Partners tomonidan eʼlon qilingan “2024 State of Independence in America Report” hisobotida qayd etilgan.


FlexJobs tomonidan 2021-yilda oʻtkazilgan soʻrovda ishtirok etganlarning 97 foizi masofadan ishlash imkoniyatini xohlashi, 61 foizi esa pandemiyadan keyin ham doimiy masofaviy ishlash tarafdori ekanini bildirgan.

Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, raqamli nomadlar odatda 25–44 yoshdagi, oliy maʼlumotli va mustaqil ish olib boradigan mutaxassislar boʻladi. Ular koʻpincha frilanser yoki shaxsiy biznes egalari sifatida faoliyat yuritadi.

Shu tariqa, global mehnat bozori tubdan oʻzgarmoqda. Endi kompaniyalar oʻz tuzilmalariga geografik jihatdan harakatda boʻlgan, doimiy ofis talab qilmaydigan ishchilarni qanday qoʻshishni oʻrganishga majbur boʻlmoqda.

Raqamli koʻchmanchilarning iqtisodiyotga taʼsiri

Raqamli koʻchmanchilar qisqa muddatli mehmonlar emas – ular ketgan joyida iqtisodiy ekotizimga real va barqaror foyda olib keladi. Ularning oyiga oʻrtacha sarf qiladigan mablagʻi 1,800 dollardan 3,000 dollargacha deb baholanadi. Bu esa ularni koʻplab davlatlar uchun turizm va xizmatlar sektorida yuqori daromad manbaiga aylantiradi.

Dunyo boʻylab raqamli koʻchmanchilar global miqyosda yiliga 787 milliard AQSh dollari miqdorida iqtisodiy qiymat yaratmoqda. Agar bu harakat mustaqil davlat sifatida mavjud boʻlsa, aholisi jihatidan dunyoda 41-oʻrinda turardi.

Bali (Indoneziya) 2022-yil oxiridan boshlab raqamli koʻchmanchilar uchun moʻljallangan vizalar orqali sezilarli darajada yangi demografik qatlamni jalb qila oldi. Shu kungacha taxminan 47 mingga yaqin raqamli nomad orolga koʻchib oʻtgan. Bu esa Bali iqtisodiyoti uchun yangi doimiy daromad manbasiga aylangan.

Global tendensiyalarga asoslanadigan hisob-kitoblarga koʻra, bu nomadlarning umumiy yillik iqtisodiy taʼsir koʻlami bu kabi davlatlar uchun yuz millionlab dollarga yetmoqda. Bu sarf-harajatlar asosan uy-joy ijarasi, ovqatlanish, transport va sogʻliqni saqlash xizmatlariga toʻgʻri keladi.

Xulosa qilib aytganda, raqamli koʻchmanchilar birgina turizm emas, balki barqaror xizmat koʻrsatish, yashash va texnologik isteʼmol bozoriga taʼsir qiluvchi kuchli iqtisodiy faktor sifatida qaralmoqda.

Vizalar va yengilliklar: Raqobat kuchaymoqda

Ushbu guruhning iqtisodiy salohiyatini anglagan koʻplab davlatlar ular uchun maxsus migratsiya strategiyalarini ishlab chiqmoqda. Bugungi kunda 50 dan ortiq davlat raqamli koʻchmanchilar uchun maxsus vizalar ishlab chiqqan. Bu global migratsiya sohasida yangi raqobat maydonini yaratdi.

Estoniya 2020-yilda dunyoda birinchi boʻlib raqamli koʻchmanchilar uchun maxsus vizani taqdim etdi. Bu viza bir yil muddatgacha Estoniyada ishlash va yashash huquqini beradi. Shu bilan birga, Estoniya fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga "e-Residency" dasturi orqali masofadan kompaniya ochish va yuritish imkonini yaratdi.

Portugaliya esa "D8" vizasi orqali oyiga taxminan 3,280 yevro daromadga ega shaxslarga 5 yilgacha yashash va ishlash huquqini beradi. Viza nafaqat ishlash, balki doimiy yashash huquqi va kelajakda fuqarolik olish imkoniyatini ham ochadi.

Gruziya "Remotely from Georgia" dasturini joriy etgan boʻlib, u orqali 95 dan ortiq davlat fuqarolari 360 kungacha vizasiz kirib, ishlashi mumkin. Bu Gruziya uchun nafaqat turizm, balki innovatsion iqtisodiyot rivojida muhim rol oʻynaydi.

Indoneziya (Bali) oʻzining mashhur "Second Home Visa" dasturi orqali raqamli koʻchmanchilarga 10 yilgacha yashash huquqini beruvchi maxsus viza taklif qilmoqda. Bu dastur orqali Bali uzoq muddatli masofaviy ishchilarni jalb qilishda muvaffaqiyat qozondi.

Meksika esa 6 oydan 4 yilgacha boʻlgan vaqt davomida ishlash imkonini beruvchi "Temporary Resident Visa" dasturini yoʻlga qoʻygan. Bu viza raqamli mutaxassislarga barqarorlik va huquqiy himoya taqdim etadi.

Koʻchmanchi nima izlaydi?

Raqamli koʻchmanchilar oʻz vaqtini va mablagʻini qayerda sarflash borasida juda ehtiyotkor qaror qabul qiladi. Ular tanlayotgan mamlakatlar bir nechta asosiy mezonlarga javob berishi kerak:

●    Internet tezligi: Ish faoliyati internetga toʻliq bogʻliq boʻlgani uchun, yuqori tezlikdagi, ishonchli va barqaror internet tarmogʻi birinchi darajadagi talabdir.

●    Kovorking va umumiy ofis infratuzilmasi: Kafe, ish markazlari va ochiq makonlarda samarali ishlash imkoniyati.

●    Hayot sifati: Arzon, lekin xavfsiz va qulay yashash muhiti. Koʻchmanchilar uzoq muddatli yashashni rejalashtirganligi sababli, sogʻliqni saqlash, ovqatlanish, iqlim va ijtimoiy barqarorlik muhim oʻrinda turadi.

●    Ijtimoiy tarmoq va jamoalar mavjudligi: Masalan, Bali, Chiang Mai yoki Medellín kabi shaharlarda allaqachon shakllangan raqamli koʻchmanchilar jamoalari mavjud boʻlib, ular yangi keluvchilar uchun hamkorlik va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash muhiti yaratadi.

●    Madaniy xilma-xillik va ochiqlik: Koʻchmanchilar odatda global madaniyatga ochiq, ilgʻor jamiyatlarni afzal koʻrishadi.

Xulosa

Raqamli koʻchmanchilar zamonaviy dunyoning yangi mehmonlari emas, yangi iqtisodiy toʻlqindir. Ular kelgan joyida turizm, xizmat koʻrsatish, infratuzilma va texnologik rivojlanishni jadallashtiradi. Koʻplab davlatlar bu imkoniyatni toʻgʻri anglab, migratsiya siyosatini moslashtirmoqda. Vizalar, soliq yengilliklari va qulay yashash sharoitlari orqali ular bu global toʻlqinni jalb etishga harakat qilmoqda. Bu esa raqamli turizm yoki masofaviy ishchilar uchun yaratilgan ekotizim nafaqat zamonaviy tendensiya, balki davlatlar oʻrtasidagi yangi raqobat maydoni ekanini anglatadi.

Oyina.uz,

Navroʻza Boʻriyeva