Raqobat qoʻmitasi kredit toʻlovlari boʻyicha hisob-kitob mexanizmini isteʼmolchilar foydasiga qayta koʻrib chiqish yuzasidan Markaziy bankka taklif yubordi. Bu haqda Qoʻmitaning telegram kanalida maʼlum qilindi.
Unga koʻra, Raqobat qoʻmitasiga kelib tushgan murojaatlarda ayrim banklarda kredit boʻyicha oylik toʻlovdan ortiqcha toʻlangan mablagʻlar asosiy qarzni kamaytirishga yoʻnaltirilmasdan, tranzit hisobvaraqlarda saqlanib qolmoqda. Buning oqibatida asosiy qarz kamaymay, unga foiz hisoblanishi davom etayotgani qayd etilgan.
Misol tariqasida "Oʻzsanoatqurilishbank" va "Hamkorbank"ning kredit shartnomalarida ortiqcha toʻlovni asosiy qarzga yoʻnaltirish majburiyati aniq belgilangani aytiladi. Biroq amalda ushbu talab bajarilmayotgani, ortiqcha mablagʻlar tranzit hisobvaraqda qolib, asosiy qarzga foiz hisoblanishi, bank mobil ilovalarida kredit toʻlovlari bilan bogʻliq jarayonlarni boshqarish imkoniyatlari yetarli emasligi maʼlum qilingan.
Ortiqcha toʻlangan mablagʻning asosiy qarzga yoʻnaltirilmasligi va unga foiz hisoblanishining davom etishi "Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida"gi Qonun talablariga zid hisoblanadi.
Shuningdek, bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan munosabatlarga oid Nizomga koʻra, oylik toʻlovdan ortiq kelib tushgan mablagʻ, agar shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, asosiy qarzni soʻndirishga yoʻnaltirilishi va kredit summasi qayta hisoblanishi lozim, bank dasturiy taʼminotidagi nosozliklar esa isteʼmolchi majburiyatlarining ortishiga olib kelmasligi kerak.
Shunga koʻra, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va intizomli kredit toʻlovchilarni ragʻbatlantirish maqsadida:
- Joriy amaliyot va xorijiy tajriba asosida bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan munosabatlarga oid Nizomning ortiqcha toʻlovlarni asosiy qarzga yoʻnaltirish tartibini belgilovchi 37-bandi talablarini isteʼmolchilar manfaatlaridan kelib chiqib qayta koʻrib chiqish;- kredit hisob-kitoblari, jumladan, muddatidan oldin toʻlash shartlarini bevosita qonun darajasida, xususan, "Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida"gi Qonun bilan tartibga solish kabilar Qoʻmita tomonidan Markaziy bankka taklif qilingan.