Avval xabar berilganidek, bugun butun respublika boʻylab “Biz bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida “Maʼnaviyat marafoni” oʻtkazildi. Marafon hududlardagi masʼul rahbarlardan tortib, tashkilot va korxona jamoalari, adabiyot va sanʼat namoyondalari, keng jamoatchilik hamda yoshlarni qamrab oldi.
Toshkent viloyatidagi muzeylar, maʼnaviyat maskanlari, taʼlim muassasalari va soʻlim manzaralar marafon tadbirlari manziliga aylandi. Jumladan, Oqqoʻrgʻon tumanida “Kitob – bilim bulogʻi” mavzusida maʼrifat soati, “Oʻzbekiston Vatanim manim” mavzusida rasmlar tanlovi, “Mehrjon bayrami” hamda ekskursiyalar uyushtirildi. “Mehrjon bayrami” oʻz-oʻzidan mavsum kayfiyatini hamda hududning dehqonchilikka ixtisoslashgan oʻziga xosligini ifodalaydi.

Navoiy viloyatida “Maʼnaviyat marafoni” Alisher Navoiy istirohat bogʻida boshlanib, viloyatning 11 ta tuman va shahrida davom etdi. “Milliy qadriyatlar” loyihasi doirasida maqom va folklor qoʻshiqlari, amaliy sanʼat namunalari, xalq oʻyinlari, milliy liboslar koʻrgazmalari, “Kitob – mening eng yaqin doʻstim” loyihasi doirasida taqdimotlar, “Ajdodlar mardona ruhi senga yor!”, “Oʻzbekiston – mening Vatanim!” “Onamdayin mehribon Vatan!” loyihalari doirasida oʻquvchilar oʻrtasida ijodiy ishlar, sheʼr va qoʻshiqlar ijrosi boʻyicha bellashuv, rasmlar tanlovi, kasb-hunar maktablari oʻquvchilari, toʻgarak qatnashchilari, korxona-tashkilotlarning yosh xodimlari oʻrtasida “Eng yaxshi ixtiro va kashfiyot”, “Eng yaxshi ijodiy ish” mavzularida koʻrgazmalar tashkil etildi.

Andijon viloyatida ham marafon doirasida oʻnlab loyihalar amalga oshirildi. Marhamat, Xoʻjaobod, Shahrixon, Andijon, Izboskan, Qoʻrgʻontepa kabi tumanlarda oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar keng targʻib etildi. Ayniqsa, Marhamat tumanida Yunusjon ota dorboz sulolasining chiqishlari tadbirlarning oʻziga xosligini belgilab berdi.

Fargʻona viloyatida ham xalqona va intellektual tadbirlarga asoslangan marafon koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtdi. Bu hududdagi yodda qolarli va muhim voqea Fargʻona tumanida ochilgan Maʼnaviyat va maʼrifat maskani boʻldi. Bu yerda kutubxona, ijodkorlar xonasi, maqom, raqs va hunarmandchilik toʻgaraklari foydalanuvchilarga xizmat qilishni boshladi.

Namangan viloyatida marafon markazi Namangan shahridagi uch favvora xiyoboni boʻldi. Yuqori saviyada va katta qizgʻinlik bilan tashkil etilgan tadbirlarda viloyatning yuqori mansabli shaxslari va keng jamoatchilik ishtirok etdi. “Baxtli bolalik”, “Kitob – bilim bulogʻi”, “Mahorat darsi”, “Kasb-hunar olimpiadasi”, “Kasbim – faxrim”, “Yashil kelajak”, futbol boʻyicha “Maʼnaviyat va maʼrifat markazi kubogi”, “Inson qadri”, “Yetakchi ekspress”, “Sport – tinchlik elchisi” kabi aksiya va tanlovlar, kitob yarmarkalari, badiiy-adabiy kechalar, sport musobaqalari hamda konsert dasturlari oʻtkazildi.

Xorazm viloyatida ham marafon katta qizgʻinlik bilan kutib olindi. Urganch shahridagi Jaloliddin Manguberdi maydonida start olgan marafon butun viloyat boʻylab davom etdi. 20 dan ortiq loyihalar doirasida 200 dan ortiq maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy tadbirlar, sport musobaqalari oʻtkazildi. Yakuniy qism viloyat musiqali drama teatrida boʻlib oʻtdi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasini qamrab olgan marafon koʻplab yoshlar, davlat va jamoatchilik vakillari uchun chinakam bayramga aylandi. Jumladan, Ellikqalʼa tumanida “Salomni unutish – oʻzlikni unutish”, “Oʻzbekiston umumiy uyimiz” mavzularida davra suhbatlari, mahorat darslari, ijodiy uchrashuvlar, ekskursiyalar va koʻngilochar konsert dasturlari tashkil etildi.

Surxondaryo viloyatida ham marafon doirasidagi tadbirlar qizgʻin tus oldi. Shoʻrchi tumanida “Onamdayin mehribon Vatan” mavzusida rasmlar tanlovi, Bandixon tumanida “Zakovat” intellektual oʻyini, Termiz shahrida “Sport – doʻst, sport – hamroh” shiori ostida shaxmat va stol tennisi musobaqasi, Sherobod va Oltinsoy tumanlarida “Bu kitobni har bir inson oʻqishi kerak” loyihasi asosida taqdimot va koʻrgazmalar, Denov tumanida “Odob – adabiyotning asosisidir” loyihasi doirasida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi.

Qashqadaryo viloyatida ham marafon tadbirlari faol oʻtdi. Koson tumanidagi oʻquvchilar “Oʻzbekiston – mening Vatanim” mavzusida insholar yozgan boʻlsa, Dehqonobod tumani yoshlari bilimlarini turli viktorinalarda sinab koʻrdilar. Muborak tumanida yangi kitoblar taqdimoti, Shahrisabzda hunarmandchilik koʻrgazmalari, Gʻuzor tumanida rassomlar tanlovi, Qarshi shahrida sport musobaqalari oʻtkazildi.

Jizzax viloyati maʼnaviyat va maʼrifat boʻlinmalari joylarda qator loyihalar va yoshlarbop tadbirlarga boshchilik qildi. Masalan, Mirzachoʻl tumanidagi asosiy tadbirlar Qozoq drama teatrida boʻlib oʻtgani ahamiyatli. Boisi, bu marafon zamirida millatlar aro doʻstlik gʻoyasiga ham eʼtibor qaratilgan.

Sirdaryo viloyati ham boshqa hududlardan qolishgani yoʻq. Xususan, “Kitob – mening eng yaqin doʻstim”, “Assalomu alaykum”, “Odamdayin mehribon Vatan”, “Yosh ijodkor”, “Targʻibotchining bir kuni” loyihalari doirasida qator tadbirlar ishtirokchilarda ajoyib taassuriot qoldirdi. Yangiyer shahrida “Zakovat” intellektual oʻyini yuqori saviyada tashkil etildi.

Buxoro viloyatidagi eng yorqin manzara 5000 qadam yurish marafoni boʻldi. Buxoro davlat universitetidagi 100 dan ortiq sport ixlosmandlarini birlashtirgan marafonda professor-oʻqituvchilar, davlat va jamoatchilik faollari qatnashdilar. Buxoroning har bir tumanida “Men odobning oʻgʻliman”, “Fazilatli avlod”, “Hayo – qiz bolaning ziynati”, “Or-nomus – yigitning koʻrki”, “Odamiylik mulki”, “Alpomishlar oʻtgan bu diyor!”, “Vatanim bayrogʻini baland koʻtaraman” kabi oʻndan ortiq yirik loyihalar doirasida tadbirlar oʻtkazildi.

Samarqand viloyati. Markaziy harbiy okrug Maʼnaviyat-maʼrifat markazida start olgan marafonda viloyat hokimligi vakillari, olimlar, shoir va yozuvchilar, madaniyat xodimlari, harbiylar va yoshlar faol ishtirok etdi. Marafon doirasida turli maʼnaviy-maʼrifiy loyihalar hamda konsert dasturlari qizgʻin oʻtdi.

Toshkent shahridagi “Maʼnaviyat marafoni” esa Adiblar xiyobonidan start olgan edi. Kun davomida poytaxtning turli manzillarida marafon tadbirlari oʻtkazildi. Xususan, Oʻzbekiston Milliy universiteti hovlisida shoir va yozuvchilar, yosh ijodkorlar ishtirokida gulxan atrofi mushoirasi boʻlib oʻtdi.
Keyingi navbatda “Yashil kelajak” loyihasi doirasida taniqli olimlar, shoir va yozuvchilar, ziyolilar tomonidan koʻchatlar ekildi.
Nihoyat marafonga musiqiy konsert dasturi bilan yakun yasaldi. Konsertda el ardogʻidagi sanʼatkorlar va maʼnaviyat faollari ishtirok etdilar. Shuningdek, bir guruh yurtdoshlarimiz “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandilar.

Butun respublika boʻylab “Biz bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida oʻtkazilgan “Maʼnaviyat marafoni” minglab yurtdoshlarimizda unutilmas taassurot qoldirgani, yuraklarda vatanparvarlik tuygʻusini joʻsh urdirgani shubhasiz.
Sirojiddin RUSTAMOV,
Oyina.uz