4–5-oktyabr kunlari Rossiya Federatsiyasida navbatdagi “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” boʻlib oʻtdi.

Mazkur tadbirlarning Rossiyada uchinchi marotaba tashkil etilgani Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarning izchil rivojlanib borayotganidan dalolat beradi.

Tadbir doirasida Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Rossiyada tahsil olayotgan oʻzbekistonlik yoshlar hamda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Botirjon Asadov ham ishtirok etdi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston va Rossiya madaniyat vazirlari Ozodbek Nazarbekov va Olga Lyubimova tomonidan Madaniyat masalalari boʻyicha kichik qoʻmitaning oltinchi yigʻilishi bayonnomasi imzolandi.

Madaniyat kunlarining muhim tadbirlaridan biri Moskva shahridagi Davlat Kreml saroyida Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlangan “Yangi Oʻzbekiston shuʼlasi” tantanali konserti boʻldi.

Konsert dasturida Oʻzbekistonning boy musiqiy merosi, milliy sanʼati va zamonaviy ijodiy salohiyati namoyish etildi. Unda Oʻzbekiston milliy simfonik orkestri, Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli, Mukarrama Toʻrgʻunboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli, Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti talabalari hamda taniqli sanʼatkorlar ishtirok etdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston madaniyati va sanʼatiga bagʻishlangan fotokoʻrgazma tashkil etildi.